Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə206/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   202   203   204   205   206   207   208   209   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Hindiston yarim oroli. Hindiston yarim oroli Janubiy Osiyonining Himolay tog’lari va Hind-Gang pastekisligi o’lkalariga nisbatan o’zining qadimiyligi bilan farq qiladigan tabiiy geografik o’lkadir. U Osiyoning janubiy qismida joylashgan bo’lib, shimolda Hind-Gang pastekisligi bilan chegaralangan. Yarim orolning g’arbiy qirg’og’i Arabiston dengizi, sharqiy qirg’og’i Bengal qo’ltig’i suvlari bilan yuvilib turadi. O’lka hududi shimoldan janub tomon torayib kelib uchburchak shaklni hosil qiladi. Maydoni 2 mln. km2 atrofida. Qirg’oqlari ko’p joylarda tekis, kam parchalangan.
Hindiston yarim orolining poydevori eng qadimgi kristall jinsli Hindiston platformasidan tarkib topgan. Uning yuzasi ayrim joylarda yoshroq kontinental va vulkanik jinslar bilan qoplangan. Ko’pchilik joylarda qristall jinslar yer yuzasiga chiqib, peneplenlashgan platolar hosil qilgan. Daryo vodiylari platolarni kesib parchalab, tik yonbag’irli qismlarga ajratgan. Yarim orolning shimoli-g’arbiy qismi mezozoyning oxiri va kaynozoyning boshida otilib chiqqan bazalt lavalari bilan
qoplangan. Bu lavalardan keng maydonlarni egallab yotgan yassi platolar hosil bo’lgan. Sharqidagi qadimiy tektonik cho’kmalar laguna va kontinental yotqiziqlar bilan to’lgan. Normada daryo vodiysi cho’kmasi Hindiston yarim orolini shimoliy va janubiy qismlarga - Markaziy Hindiston va Dekan yassi tog’ligiga ajratib turadi. Markaziy Hindistonning g’arbiy chekkasida Katxiyavar yarim orolidan Dehli tomon submeridional ravishda Aravalli tizmasi cho’zilgan. Uning eng baland nuqtasi 1722 m. Undan sharqda o’rtacha balandligi 500 m atrofida bo’lgan va qadimiy kristall jinslardan tarkib topgan Malva platosi joylashgan. Ba’zi joylarda platoning yuzasi lavalar bilan qoplangan. Platoning shimoliy chekkasi Hindiston yarim orolining shimoliy chegarasi bo’lib xizmat qiladi. Bu hududda eng so’nggi tog’ hosil bo’lish jarayoni mezozoyda bo’lib o’tgan. Malva platosining janubiy ko’tarilgan qismida Vindxya (881 m) va Kaymur past tog’lari cho’zilgan. Normada vodiysi tektonik cho’kmasidan janubda maksimal balandligi 1325 m bo’lgay
Saptura tog’i joylashgan.
Hindiston yarim orolining janubiy katta qismi Dekan yassi tog’ligi bilan band. Uning o’rtacha balandligi 800 m atrofida bo’lib, zaminini Hindiston platformasi tashkil etadi. Yassi tog’likning sharqiy va janubiy qismlarida qadimiy kristall jinslar yer yuzasiga chiqib qolgan. Uning g’arbida dengiz qirg’og’i bo’ylab katta masofaga cho’zilgan G’arbiy Gat tog’lari va sharqida Sharqiy Gat tog’lari joylashgan. G’arbiy Gat tog’lari Arabiston dengizi qirg’og’i bo’ylab 1800 km masofaga cho’zilgan, daryo vodiylari, kanonsimon daralar bilan kesilgan. G’arbiy yonbag’ri zinapoya bo’lib sohil tomon tik tushgan. Uning o’rtacha balandligi 1300 m, baland nuqtalari Dodabetta cho’qqisida 2633 m, Mulaynagiri tog’ida 1923 m va Kalauba tog’ida 1646 m. G’arbda sohil bo’ylab cho’zilgan kambar, qumoq va lagunali dengizbo’yi pastekisligi Malabar qirg’og’i deb ataladi. Dekan yassi tog’ligining sharqiy ko’tarilgan qismi Sharqiy Gat tog’lari deb ataladi. Bu tog’lar G’arbiy Gatga nisbatan ancha past, daryo vodiylari bilan kuchli parchalangan va bir necha massivlarga bo’lingan. O’rtacha balandligi 1000 m dan oshmaydi, eng baland joyi Devodi- Munda tog’ida 1680 m. Sharqiy Gat tog’ etaklariga tutashgan dengizbo’yi pastekisliklari Koromandel qirg’og’i deb ataladi.
Yassi tog’likning janubiy qismida G’arbiy va Sharqiy Gat tog’lari bir-biri bilan tutashib, Nilgiri tog’ massivini hosil qiladi. Massivning eng baland nuqtasi Dodabetta tog’ida 1633 m ga teng. Undan janubda Palni tog’lari joylashgan, Uning okean sathidan 2698 m qad ko’tarib turgan Anaymudi cho’qqisi Hindiston yarim orolining eng baland nuqtasi hisoblanadi. Dekan yassi tog’ligining ichki hududlari rel’efi uchun bazaltli yassi platolar, tekislangan gryadalar xarakterli. Ularni chuqur daryo vodiylari kesib o’tgan. Sharqiy va janubiy hududlarda peneplenlashgan kristall jinsli yuzalar rel’efi u yer bu yerda ko’tarilib turgan balandliklar, kryajlar bilan murakkablashgan. O’lka hududida xilma-xil foydali qazilmalar mavjud. Uning shimoli-sharqiy qismidagi Damodar daryo vodiysida toshko’mir, Chxota-Nagpur platosida temir va marganes rudalari, boksit, slyuda konlari joylashgan. G’arbiy Gat tog’laridan temir rudasi, boksit, monatsit qumi qazib olinadi. Dekan yassi tog’ligining janubidagi Maysura platosi oltin koni bilan mashhur. Yarim orolda olmos, neft, grafit va boshqa konlar ham bor.
Hindiston yarim orolining iqlimi subekvatorial musson iqlim. Yozda ekvatorial dengiz havo massalari - nam mussonlar, qishda kontinental tropik havo massalari - quruq mussonlar hukmronlik qiladi. Havo massalarining almashinishi termik ekvatorning mavsumiy siljishiga bog’liq. Himolay tog’lari yarim orolni shimoldan kirib keladigan sovuq havo massalaridan to’sib turadi. Himolayning janubiy yon bag’iri ustida shakllanadigan shimoli-sharqiy passat yuqori haroratga ega. Shuning uchun yanvarning o’rtacha harorati o’lkaning shimolida +20°+21°S ni, janubida
+27°+29°S ni tashkil etadi. Eng issiq kunlar mart-may oylariga to’g’ri kelib, o’rtacha harorat +32°S ga yetadi. Markaziy hududlarda o’rtacha maksimal harorat
+40°S dan ham oshadi. Yarim orolga tushadigan atmosfera yog’inlarining 90% dan ko’prog’i yozgi musson mavsumiga to’g’ri keladi. O’lkaning g’arbiy qismida yillik yog’in miqdori 2500 mm dan oshadi. G’arbiy Gatning ayrim joylarida 6000-7000 mm ga yetadi. Sharqiy sohillarda g’arbga nisbatan yog’in kamroq bo’ladi. Bu yerda yiliga 1000 mm dan ko’proq, shimoli-sharqiy qismida 1200-1300 mm yog’in tushadi. Quruq iqlim ichki hududlar uchun xarakterli. Dekan yassi tog’ligining markaziy va shimoli-g’arbiy hududlariga 500 mm atrofida yog’in tushadi. Qurgoqchil davr o’lkaning janubida 3 oy, shimoliy qismida 6-7 oy davom etadi.
Hindiston yarim orolining ko’pchilik daryolari - Gadavari, Bxima, Krishna, Tungabxadra, Kaverilar G’arbiy Gat tog’laridan boshlanib sharqqa tomon oqadi va Bengal qo’ltig’iga quyiladi. Yirik daryolardan Narmada, Tapti va Maxi g’arbga tomon oqib Arabiston dengiziga quyiladi. Barcha daryolarning vodiylari tor va chuqur. Ularning gidrologik rejimi musson xarakterga ega. Daryolar musson yomg’irlaridan to’yinib yozda toshib oqadi, qishda esa juda kamayadi. Daryo suvlaridan qishloq xo’jalik ekin maydonlarini sug’orishda foydalaniladi.
Tuproqlarning geografik tarqalishi bevosita ona jinslar litologiyasi bilan bog’liq. Yassi tog’likning ichki hududlarida qizil rangli savanna tuproqlari, bazaltli lava qoplamlari ustida tropik qora tuproqlari-regurlar, dengiz sohillarida va del’talarda allyuvial tuproqlar keng tarqalgan. Regurlar vulkanik jinslar ustida shakllangan bo’lib, namlikni yaxshi saqlaydi. Shuning uchun paxta plantasiyalarining asosiy maydoni ana shu tuproqlarda barpo etilgan. Hindiston yarim orolining o’simlik qoplami antropogen omil ta’sirida kuchli o’zgargan. Dekan yassi tog’ligi uchun ko’proq savannalar va siyrak o’rmonlar xarakterli. Ko’p joylarda kesib yuborilgan o’rmonlar o’rnida ikkilamchi yoki antropogen savannalar vujudga kelgan. Savannalarda baland bo’yli o’tlar, soyabon shakldagi akasiyalar, sal daraxti, finik palmalari o’sadi. G’arbiy Gatning shamolga qaragan yonbag’irlarida palma, bambuk, kameliya, sandal daraxti, epifitlar va lianalar ko’pchilikni tashkil etadi. Nilgiri tog’ining yuqori mintaqasida mo’tadil mintaqaga xos o’simlik turlari - emanlar, kashtanlar ko’p uchraydi. Malabar qirg’og’i bo’ylab kokos palmazorlari cho’zilgan. Torpik o’rmonlarning katta maydoni o’zlashtirilib, ularning o’rnini kofe, choy va sholi plantasiyalari egallagan. Qishloq xo’jaligida shakarqamish, makkajo’xori, araxis, tariq ham yetishtiriladi.
Hindiston yarim orolining hayvonot olami nihoyatda xilma-xil. O’rmonlarda maymunlarning gibbon, langur, xanuman, makak kabi turlari, lemurlar keng tarqalgan. Savannalarda Hind bo’yvoli, gayal, banteng, yovvoyi echki, yovvoyi
qo’y, antilopa, bug’u, karkidon, yovvoyi ho’kiz-gaur va boshqalar yashaydi. Yirtqich hayvonlardan yo’lbars, sirtlon, qoplon, bo’ri, yovvoyi it, chiyabo’ri, mangusta, viverlar ko’p uchraydi. Sudralib yuruvchilardan zaharli ilonlar, ayniqsa kobralar ko’p tarqalgan. Qushlardan kakku, to’ti, kaptar, qarg’a, turna, oddiy tovus, bankiv xo’rozi va yirtqich qushlar ko’pchilikni tashkil etadi. Qalin o’rmonlarda hozir ham yovvoyi fillar uchraydi.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   202   203   204   205   206   207   208   209   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin