«O‘g‘uznoma» dostoni qadimgi turkiy adabiyotning, xususan, kitobiy eposning bir namunasi bo‘lib, turkiy xalqlarning mushtarak merosidir. Bu doston «O‘g‘uz xoqon haqida doston» degan nom bilan ham yuritiladi. «O‘g‘uznoma» dostoni eski uyg‘ur-turk yozuvida ko‘chirib qoldirilgan va hozirda Parij milliy kutubxonasida saqlanadi.
Dostonni o‘rganishni 1815 yili nemis olimi Dits boshlab berdi. U asarni nemis tiliga tarjima qilib, chop ettirdi. Dostonni o‘rganishda va turli tillarga tarjima qilishda olmon olimi V.V.Radlov, turk olimi Rizo Nur, fransuz olimi V.Bang, rus olimi A.M.SHcherbak, X. Ko‘rug‘li, o‘zbek olimi N. Rahmonov, qozoq olimi Q. O‘miraliev va boshqalarning xizmatlari katta. “O‘g‘uznoma” dostoni bo‘yicha ish olib borgan olimlarning aksariyati bu obrazning tarixiga e’tibor qaratadilar. O‘g‘uz xoqon timsoli ostida tarixiy shaxs yotadi, degan olimlarning fikrlari ham bir xil emas: N.YA.Bichurin - xun hukmdori Mode bilan, V.V.Radlov va Rizo Nur - Buqaxon bilan, I.Markvart, D. Sinor - CHingizxon bilan bog‘laydilar. “O‘g‘uznoma” dastlab og‘zaki aytilgan, XU asrda eski uyg‘ur-turk yozuvida bitilib qoldirilgan va xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lgani uchun, uni ma’lum bir tarixiy shaxsga bog‘lash to‘g‘ri emas.
“O‘g‘uznoma”da mifologiya. “O‘g‘uznoma” dostonining asosini shomonlik mifologiyasi bilan bog‘liq motivlar, obrazlar tashkil qiladi. Zotan, mifologiya sinkretik xususiyatga ega bo‘lib, “ibtidoiy insonning ham ilmiy, ham diniy va ayni paytda, ham badiiy qarashlarni mujassamlashtiradi. Dostonda O‘g‘uzxonning tug‘ilishi shunday tasvirlanadi: “SHunday bo‘lsin dedilar. Uning qiyofasi shundaydir (SHu joyda buqa yoki yirtqichning surati berilgan). SHundan so‘ng sevindilar. Kunlardan bir kun Oy xoqonning ko‘zi yorib bolaladi, o‘g‘il tug‘di”. Mazkur parchadan ko‘rinib turibdiki, O‘g‘uzning tug‘ilishida va uni dunyoga keltirgan Oy xoqonda mifologik mazmun mujassamlashgan. Oy xoqon timsolida akkad va shumerlar tangrilarining onasi Ishtarni ko‘rish mumkin. Bu tangri timsolida onalik urug‘idan otalik urug‘iga o‘tish davri aks etganligini ta’kidlash lozim. Qadimgi turkiylar tasavvuriga ko‘ra, Quyosh – erkaklik ibtidosi, Oy – ayollik ibtidosidir. YOqut tilida “Oy (Ay)” so‘zi yaratmoq, borliqqa keltirmoq ma’nolarini bildiradi. SHunga muvofiq, Oy hoqonni “yaratuvchi” sifatida talqin qilish mumkin.
Dostondagi diqqatga sazovor yana bir mifologik motiv O‘g‘uzning o‘rmonda bahaybat yirtqich bilan kurashuvidir. Bu kurash motivining ildizi Markaziy Osiyodagi qavmlar epik ijodidagi ezgu va yovuz ruhlar o‘rtasidagi kurashga borib taqaladi. Jumladan, “Avesto”dagi yovuzlik timsoli bo‘lgan Axriman bilan ezgulik timsoli Xurmuzdning kurashi bunga misol bo‘la oladi. Zardushtiylikdagi ayni shu aqida moniylikda ham bor. “O‘g‘uznoma”dagi O‘g‘uzning yirtqich bilan kurashi ertaklardagi kurash motivini yodga soladi. O‘g‘uz yirtqichni qo‘lga tushirish uchun birinchi kuni, bug‘uni, ikkinchi kuni ayiqni daraxtga bog‘lab ketadi. Uchinchi kuni esa O‘g‘uz o‘zi yolg‘iz daraxt tagiga borib o‘tiradi va yirtqichni engadi. Er yuziga yovuzlik urug‘ini sochgan yovuz timsol – ana shu yirtqich, O‘g‘uz esa ezgulik timsolidir.
O‘g‘uzning tug‘ilishidan yirtqichni o‘ldirgunga qadar bo‘lgan lavha mifologik syujet asosiga qurilgan bo‘lib, bu birinchi qatlamni hosil qiladi. “Avesto”dagi ezgu va yovuz ruhlar o‘rtasidagi kurash g‘oyasi va ezgulikning g‘alabasini ham, zardushtiylikning ta’sirini ham, ertaklar sxemasini ham ana shu birinchi qatlamda uchratish mumkin.
Ikkinchi qatlam epos xususiyatlariga xos syujetlardan tashkil topgan. O‘g‘uz xonning uylanishi bilan bog‘liq voqealar shundan dalolat beradi. “Kunlardan bir kun O‘g‘uz xoqon bir erda Tangriga yolvorayotgan edi. Qorong‘u tushganda, ko‘kdan bir ko‘k nur tushdi. Quyoshdan yorug‘, oydan yorqinroq edi. O‘g‘uz xoqon u tomonga yurdi. Ko‘rsaki, o‘sha yorug‘likning orasida bir qiz bor edi.