3-BOB. RAQAMLI LOGISTIKADA TRANSPORT MASALALARI
Transport logistikasida yuk tushunchasi. Yuk tashish obyektlariga kon qazilmalari va mahsulotga qayta ishlov berish sanoatlari, qurilish va savdo tashkilotlari, boshqa har xil ishlab chiqarish hamda uy joy ro‘zg‘orlari kiradi. Yuk deyilganda tashish uchun qabul qilingandan to uni egasiga topshirilgungacha bo‘lgan buyumlar tushuniladi. Yuklar ayni buyum (tovar) va taralardan iborat bo‘lishi mumkin. Tashilgan yuklarning o‘lchami faqatgina tonna o‘lchamida bo‘ladi. Boshqa o‘lchamlar-litr, dona, kub metr kabilar-tonna o‘lchamiga o‘tkazilishi shart. Ko‘pchilik yuklar tarasiz tashiladi va ularni tarasiz tashish deyiladi.
Yuk (tovar)ning sof og‘irligi netto, tara bilan birgalikdagi og‘irligi brutto, taraning o‘z og‘irligi - tara og‘irligi tushunchalari bilan yuritiladi.
Tashishni tashkil etishda yuklar tonnalarda o‘lchanuvchi brutto og‘irligi bilan hisoblab boriladi.
Ko‘pchilik yuklar atrof muhit ta‘siriga moyildirlar. Ba‘zi yuklar havoning namligi ta‘sirida korroziya (zanglash)ga moyildirlar; boshqalariga - tez buzuluvchi oziq-ovqat buyumlariga yuqori darajali harorat, sabzavot va ho‘l meva hamda boshqa ba‘zi bir yuklarga esa sovuq havo ta‘sir etadi.
Turlariga ko‘ra: sanoat, qishloq xo‘jalik, qurilish, savdo va kommunal xo‘jalik yuklari bo‘lishlari mumkin
Dostları ilə paylaş: |