5. Vazifadoshlik asosida ma’no ko’chishi - narsalarning bajaradigan vazifasi o’xshashligi jihatidan ma’no ko’chishidir: o’q – yoy o’qi; o’q – miltiq o’qi (bular shakl jihatidan emas, balki vazifasi jihatidan o’xshashdir).
Tildagi ayrim so’zlar shakliy jihatdan, ayrimlari ma’no jihatidan, bir xillari esa talaffuzi jihatidan o’xshash bo’ladi. Ayrim so’zlarning ma’nolari esa bir-biriga qarama-qarshi bo’ladi. Ana shu xususiyatlariga ko’ra so’zlar quyidagi guruhga bo’linadi:
1. Omonimlar – talaffuzi va yozilishi bir xil, ammo ma’nosi har xil bo’lgan so’zlardir: olma (meva) - olma (harakat), tut (daraxt) - tut (harakat).
Omonimlar bir xil so’z turkumiga ham, har xil so’z turkumlariga oid bo’lishi mumkin: ot– ism (ot turkumi) – ot (harakat) fe’l so’z turkumiga oid. Bu yerda ular har xil so’z turkumlariga oiddir. Bir turkum doirasidagi omonimlar qo’shimchalar qabul qilganda ham omonimligini saqlab qolaveradi.
Ko’p ma’noli so’z ma’nolari o’rtasidagi bog’lanish yo’qolishi natijasida omonimlar paydo bo’lishi mumkin: dam – nafas (o’z ma’no) dam – bosqon (ko’chma ma’no), dam - hordiq (ko’chma ma’no), ko’k – rang (o’z ma’no), ko’k – osmon (ko’chma ma’no)
Dostları ilə paylaş: |