O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva ma-fayllar.org
Tushunchaning mazmuni va hajmi Tushuncha o‘zining mazmuni va hajmiga ega. Tushunchaning mazmunini unda fikr qilinayotgan predmetning muhim belgilari to‘g‘risidagi axborot tashkil etadi. Masalan, “fan” tushunchasining mazmunini fanning muhim belgilari, ya’ni uning amaliyot bilan aloqada ekanligi, predmetlarning birorta sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, prinsiplar shaklidagi obyektiv chin (haqiqiy) bilimlar tizimidan iborat bo‘lishi, dunyoqarashning shakllanishida ishtirok qilishi va shu kabilar tashkil qiladi.
Tushunchaning hajmi esa, unda fikr qilinayotgan predmetlar yig‘indisini aks ettiradi. Masalan, yuqorida misol qilib keltirilgan «fan» tushunchasining hajmi mavjud barcha fanlarni: matematika, fizika, mantiq va hokazolarni o‘zida qamrab oladi.
Mantiqda ba’zan tushuncha alohida mantiqiy shakl deb emas, mulohazaning tarkibiy elementi sifatida olib qaraladi. Xususan, Koen va Nagellar ana shunday yo‘l tutishadi. Mulohaza (mulohaza) tarkibidagi tushunchalar terminlar deb atalgani uchun ana shu so‘zdan foydalanishadi. Terminni ikki xil jihatidan olib qarash mumkin: yo (faqat bitta a’zosi bo‘lgan) obyektlar sinfi, yo berilgan obyektlarga xos belgilar to‘plami deb aytiladi. Birinchi jihatida u denotatsiya yoki hajm, ikkinchi jihatida konnotatsiya yoki mazmun deb ataladi. Masalan, “faylasuf” terminining hajmini Fales, Sokrat, Platon va boshqalar tashkil etsa, mazmunini “donishmandlikni sevuvchi”, “aqlli” kabi belgilar hosil qiladi1.
Mazmun va hajm terminning turli jihatlari bo‘lgani uchun uzviy aloqadordir. Barcha so‘z va simvollar, sof ko‘rsatkich olmoshlaridan tashqari (ya’ni, biror narsaga bevosita ishora qiladigan harakat yoki “bu” kabi ko‘rsatkich olmoshi), cheklangan obyektlar to‘plamiga nisbatan ishonchli tarzda qo‘llash mumkin bo‘lgan belgilarni bildiradi. Barcha umumiy terminlar muayyan bir obyektga nisbatan qo‘llanilishi mumkin, bu hatto termin hajmiga kiritish uchun zarur bo‘lgan belgiga ega obyekt muayyan vaqt davomida mavjud bo‘lmasa ham amal qiladi. Termin mazmuni nima uchun uning berilgan obyektlar to‘plamiga nisbatan qo‘llanishini ko‘rsatadi. Termin qo‘llanilgan obyektlar to‘plami esa, uning hajmini tashkil etadi2. “Mazmun” atamasining bir qancha ma’nosi bo‘lib, ulani farqlash mantiqiy amallarni bajarishda qulayliklar yaratadi.
1. “Termin mazmuni”, deganda shu termindan foydalanayotgan kishi ongida aks etayotgan belgilar yig‘indisi tushuniladi. Masalan, kimdir uchun “bosqinchi” termini zo‘rlik va noqonuniy yo‘l bilan begona mulkni o‘zlashtirgan, jamiyat uchun xavfli bo‘lgan shaxs, shu bilan bir qatorda, boshqa kishi uchun u qiymati o‘n dollardan yuqori bo‘lgan o‘ziga tegishli emas mulkni o‘zlashtirgan, niyati buzuq bo‘lgani uchun jismonan xavfli individni bildiradi. Termin mazmunini bunday tushunish subyektiv mazmun deyiladi. Terminning subyektiv mazmuni uni ishlatayotgan kishiga bog‘liq ravishda o‘zgarib turishi mumkin va mantiqiy emas, psixologik ahamiyatga ega.
2. “Termin mazmuni” predmetning muhim belgilari yig‘indisini ifoda etishi mumkin. Bunda “muhim” so‘zi har qanday obyektni mazkur termin elementi deb hisoblash uchun zarur va yetarli asosni bildiradi. Bunday shart, odatda,1 barchaning roziligi yopdamida tanlanadi va shuning uchun ham konvensional mazmun yoki yakonnotatsiya deyiladi. Konvensional mazmun termin ta’rifini qayd etadi.
3. “Termin mazmuni” termin denotatsiyasiga kiruvchi obyektlarning, biz uni bilish-bilmasligimizdan qat’i nazar, barchasi uchun umumiy bo‘lgan belgilar yig‘indisini ifodalashi mumkin..U obyektiv yoki to‘liq mazmun deb ataladi. Masalan, “Evklid uchburchagi” – bu Uchta to‘g‘ri chiziq bilan chegaralangan tekis figuradir, obyektiv mazmunning bir qismi “uch burchakka ega, burchaklari yig‘indisi ikkita to‘g‘ri burchak yig‘indisiga teng tekis figura” va hokazolardan iborat.
Terminlar mazmuni va hajmi, o‘zaro aloqalarini Aristotelning sillogizm nazariyasini uning subyekt va predikatining o‘zaro aloqasiga bog‘liq mulohaza turlarini tahlil qilmasdan tushunib bo‘lmaydi. Bunday tahlil mantiqda predikabiliya nazariyasi deb nom olgan bo‘lib, u o‘z navbatida, fundamental metafizik ta’limotlar, ayniqsa, o‘zgarmas tabiiy turlar yoki tiplar to‘g‘risidagi ta’limot bilan uzviy bog‘liq.
Predikabiliyalar universaliylarning bir-biri bilan bog‘lanishi mumkin usullarga ishora qiladi. Konkret individ o‘zicha, Aristotelga ko‘ra, fanning o‘rganish predmeti bo‘la olmaydi. Individlar to‘g‘risidagi fan o‘zida tiplar yoki shakllarni mujassamlashtrgandagina mumkin bo‘ladi. Ana shuning uchun ham predikabiliyalarni tadqiq etganda Aristotel diqqat-e’tiborini terminlarning mazmun jihatiga qaratgan. Lekin predikabiliyalarni an’anadagidek termin hajmiga nisbatan ham talqin etish mumkin4.
Tushunchaning mazmuni va hajmi uzviy bog‘liq bo‘lib, u tushunchaning mazmuni va hajmi o‘rtasidagi teskari nisbat qonuni yordamida ifodalanadi. Bu qonunga muvofiq tushunchaning hajmi kengaytirilsa, mazmuni torayadi va aksincha, hajmi toraytirilsa, mazmuni kengayadi. Masalan, “fan” tushunchasining mazmuniga “mantiq”qa oid bo‘lish belgisini qo‘shish bilan hajm jihatidan undan torroq bo‘lgan “mantiq fani” tushunchasiga o‘tiladi.
“Fan” tushunchasining hajmini kengaytirish bilan mazmun jihatidan unga nisbatan torroq bo‘lgan “ijtimoiy ong shakli” tushunchasi hosil qilinadi. Bunda faqat fanga xos bo‘lib, boshqa ijtimoiy ong shakllarida, masalan, huquqiy ongda bo‘lmagan spetsifik belgilar tushuncha mazmunidan chiqarib tashlanadi.
Bu qonun tushunchalar bilan olib boriladigan qator mantiqiy amallar asosida yotadi.
Terminga qanoatlanarli mazmun berish (yoki ta’riflash) – murakkab vazifa, u inson zakovatining keyingi yutug‘i hisoblanadi17.