O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent



Yüklə 1,13 Mb.
səhifə99/180
tarix25.11.2023
ölçüsü1,13 Mb.
#134832
1   ...   95   96   97   98   99   100   101   102   ...   180
O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva ma-fayllar.org

Takrorlash uchun savollar
1. Mantiq ilmiy bilishning globallashuvi sharoitida qanday metodologik vazifalarni hal etishi zarur?
2. Nima uchun ilmiy bilish jarayonida formal mantiq metodlaridan foydalanish bilan cheklanib qolmaslik kerak?
3. Fan bilish taraqqiyotining empirik bosqichida qanday mantiqiy usullardan ko‘proq foydalanadi?
4. Mantiq nuqtai nazaridan nazariy bilish qanday xususiyatlarga ega?
5. Ilmiy metodning mantiqiy sharoit bilan taqozo etilishini qanday tushunasiz?
6. Haqiqatni izlashni ilmiy bilishning universal usuli deyish qay darajada o‘rinli?
7. Dialektikani ilmiy bilishning umummantiqiy metodi deb aytish mumkinmi?
8. Dialektikani mantiq tarzida qanday tasavvur qilasiz?
12-bob. Tafakkurning dialektik metodining shakllanishi va rivojlanishi

Dialektika umumiy aloqadorlik va taraqqiyotni aks ettiruvchi usullar, prinsiplar, g‘oyalardan tashkil topgan bo‘lib, ular ilmiy va falsafiy bilimlar rivoji jarayonida vujudga kelgan, mazmunan boyib, o‘zaro aloqalari mustahkamlanib borgan. Xususan, “Avesto”da doimiy o‘zgarish, harakatda bo‘lgan olamning yaxlit manzarasini uning tabiatiga xos qarama-qarshi kuchlar – Axuramazda va Axrimon faoliyatlari to‘qnashuvi asosida yaratishga urinishni ko‘ramiz. Qarama-qarshi kuchlarning borliqdagi o‘zgarishlar asosi ekanligi va, ayni paytda, uning yaxlitligi, birligi omili ekanligi qadimgi Misr va Bobil mifologiyasi, old falsafasida ham asoslanadi. U, masalan, Gilgamesh haqidagi afsonada hayot va o‘limning qarama-qarshi qo‘yilishi, shu asosda inson hayotining mazmuni, uning olamda tutgan o‘rnini aniqlashga urinishda ham o‘z ifodasini topgan.


Qadimgi Hind falsafasida olamning yaxlitligi uning asosida yotuvchi to‘rtta element – suv, havo, yer, olov aloqalari orqali ifoda qilinganini lokayata ta’limotida uchratamiz. Hayotning to‘xtovsiz o‘zgarishlardan iborat ekanligi, uning asosida hayot azob-uqubatlaridan qutulishga, Nirvanaga, ya’ni jonning erkin, ozod bo‘lishga erishishi uchun intilishi, yetishi buddizmning asosiy g‘oyasi hisoblanadi.
Qadimgi Xitoy falsafasida esa olamni dialektik tarzda tushuntirshni Yan va In kuchlarining qarama-qarshi turishi, barcha narsalarda ularning ifodalanishi misolida ko‘rishimiz mumkin. Daosizmda esa, olamdagi turli-tuman hodisalarning daoga–qonuniyatga bo‘ysunishi, shu asosda ularning harakatda bo‘lishi va o‘zaro aloqalarga kirishishi bayon qilinadi.
Demak, Qadimgi Sharq falsafasida qarama-qarshi kuchlarning muayyan birlik doirasida (yaxlit olam yoki bir butun holidagi predmetning qarama-qarshi qutblar sifatida mavjudligi asosida) kurashda bo‘lishining borliqdagi barcha o‘zgarishlar, harakat va rivojlanishining asosi ekanligi to‘g‘risidagi fikr stixiyali tarzda shakllanganining guvohi bo‘lamiz. Bu dialektikaning asosini tashkil etvuchi ziddiyat prinsipining shakllanishi yo‘lida qo‘yilgan ilk qadam deb baholanishi mumkin.
Mazkur prinsipning mohiyatini tushunib yetishga bo‘lgan dastlabki urinishlarning qadimgi yunon mantiqiy ta’limotlarida kuzatilishi ham diqqatga sazovordir. Borliqning uni tashkil etuvchi predmet va hodisalar birligida va harakatida olib o‘rganilishi qadimgi yunon falsafasining muhim xususiyati ekanligi uning kosmotsentrizmida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Uning mohiyati shundaki, olamning yaxlitligi undagi turli-tuman predmetlarni yagona asosga keltirish, ya’ni substansiya asosida tushuntirish yo‘li bilan ko‘rsatiladi. Bunda olam, ya’ni Kosmosning yaxlit ontologik-kosmologik modelini yaratish bosh maqsad qilib qo‘yiladi. Mazkur vazifani hal etishning dialektik tabiati umumiylik (substansial asos) va yakkalik, alohidalik (yakka predmet va hodisalar) o‘rtasidagi aloqani aniqlashni maqsad qilib qo‘yilganida namoyon bo‘ladi.
Falsafa tarixidan ma’lumki, qadimgi yunon faylasuflari substansiya, ya’ni boshlang‘ich asos sifatida turli hodisalarni ko‘rsatganlar. Masalan Fales suvni, Anaksimen havoni, Anaksimandr apeyronni, Geraklit olvni, Levkip, Demokrit, Epikurlar atomni, Platon g‘oya’ni, Aristotel material va shaklni olam substansial asosi deb hisoblaganlar. Ular uchun umumiy bo‘lgan narsa borliqning yaxlitligini uning umumiy asosi orqali tushuntirish, ko‘plik va yakkalik dialektikasini ko‘rsatishga urunishdan iborat.
Borliqni anglash, tushuntirishga dialektik tarzda yondashish namunasini ko‘rsatib bergan mutafakkirlardan biri Geraklitdir. U olamni umumiy qonuniyat logos boshqaradi, borliq, undagi predmet va hodisalar qonuniy tarzda alangalanadigan va qonuniy ravishda o‘chadigan olovdan iborat degan g‘oya’ni ilgari surgan.
Bilish, tafakkurning dialektik tabiatga egaligini asoslashda sofistlarning o‘rni alohidadir. Ularning xizmati fikrni arumentlash usullarini tadqiq etishdadir. Sokrat esa sofistlar boshlagan ishni davom ettirib, bilmaslikdan bilishga borish yo‘lini, haqiqatni o‘rnatish usullarini yaratdi. Uning “O‘z-o‘zingni bil”, “Men hech narsani bilmasligimni bilaman” kabi aforizm shaklidagi tezislari bilish, muhokama yurutishning dialektik tabiatini tushuntirishga qaratilgandir. Sokratning mayevtika metodi esa dialektik metodning ibtidosi deb olib qaralishi va baholanishi zarur. Bu metodga muvofiq, haqiqat bilish predmeti to‘g‘risidagi barcha muqobil fikrlarni, shu jumladan, qarama-qarshi, o‘zaro zid bo‘lgan fikrlarni to‘plash, qiyoslash va umumlashtirish asosida o‘rnatiladi. Haqiqatga erishishning dialektik yo‘li murakkabligi alohida ta’kidlanadi. Haqiqatning yaratilishi chaqaloqning dunyoga kelishi bilan qiyoslanishi (mayevtika so‘zi o‘zbek tilida doya, ya’ni tug‘ilayotgan chaqaloqni qabul qiluvchi ma’nosiga ega) ham bejiz emas.
Qadimgi yunon faylasufi Platon dialektikani bilish metodi sifatida maxsus tadqiq etgan. Uning fikricha, dialektikaning mohiyatini o‘zaro bir-birini istisno etuvchi (qarama-qarshi va zid) fikrlar, g‘oyalar, tushunchalarni o‘rganish, sintezlash, umumlashtirish asosida haqiqatga erishish tashkil etadi. O‘z mulohazalarining mantiqiy kuchi va ahamiyatini Platon aynanlik va tafovut, harakat va sokinlik kabi kategoriyalar munosabatini ko‘rsatish orqali, asarlarini esa dialoglar tarzida bitish yo‘li bilan namoyish qiladi. Mutafakkirning umumiy g‘oya, juz’iy g‘oya, predmet sxemasi orqali borliqning yaratilishi va tuzilishi, harakatini tushuntirishga bo‘lgan urinishi ham olamning dialektik tabiatga egaligi, uning vujudga kelishi, mavjudligi va taraqqiyoti umumiy qonunlarga (g‘oyalarga) bo‘ysunishini asoslashga yo‘naltirilgan.
Antik falsafadan keyin dialektika Yangi davr falsafasida, ayniqsa, XIII–XIX asr nemis falsafasida jiddiy tadqiqot obyekti bo‘ldi. Xususan, Gegel yangi davr falsafasi va, ayniqsa, Kant ilgari surgan taraqqiyot g‘oyasi va yangi, oliy sintetik vazifalarni hal etish bilan bog‘liq, kategoriyalarni tadqiq etadigan, umumiylik va zaruriyatni ifoda etishga da’vo qiladigan, kategoriyalar sistemasini qurish bilan mashg‘ul bo‘ladigan mantiqni yaratish g‘oyasini qabul qilib, uni dialektika (haqiqiy falsafa) tarzida – “borliqni tushunchalarda aks ettiradigan tafakkurni”27 o‘rganuvchi talimot sifatida, ya’ni dialektik mantiq tarzida asoslashga urindi. Lekin, u,ayni paytda, obyektiv idealizm pozitsiyasidan turib, borliq va tafakkurni aynanlashtirgani holda, olamni ontologiyalashgan tafakkurga olib kelib taqadi, falsafani esa mantiq doirasi bilan chegaraladi.
Shunga qaramasdan, Gegel dialektikaning kategorial bilimlarni tadqiq etish metodi sifatidagi qudratini namoyon qilishga muvaffaq bo‘ldi. "Dialektika, deb yozadi u, - fikrning quloch yoyishining ruhiy manbai, fan mazmuniga umumiy aloqadorlik va zaruriyatni bag‘ishlaydigan yakka-yu yagona prinsip"28. Gegel dialektikasi, avvalambor, uning kategoriyalarning kelib chiqishi va rivojlanishini o‘rganishga tarixiy yondashganida namoyon bo‘ladi.
Gegelning katta muvaffaqiyotlaridan biri uning taraqqiyot g‘oyasini kategorial bilimlarni sistemali tarzda qurish va bayon qilishga tatbiq etganligidadir. Nazariy bilimni falsafiy bilim bilan tenglashtirib hamda uni haqiqat maqomiga ega deb hisoblar ekan, Gegel haqiqatni ilmiy sistema tarzida tasavvur qiladi. “Sistemasiz falsafiy mushohada qilish, - deb yozadi mutafakkir, - ilmiylikni o‘zida namoyon qila olmaydi... Har qanday mazmun muayyan yaxlitlikning bir tomoni, lahzasi hisoblanadi, mazkur yaxlitliksiz u asossiz taxmin, subyektiv tarzdagi ishonchdan iborat bo‘ladi”.29 Haqiqat maqomiga ega bilim bo‘lishi uchun falsafa, Gegel fikricha, fan shaklida, ya’ni kategoriyalar sistemasi shaklida mavjud bo‘lishi zarur.
Shu bilan birga, aytish zarurki, Gegel tayangan boshlang‘ich asos-tafakkur va borliqning aynan bir xilligi prinsipining xatoligi unga tafakkurning, uning shakllarining xususan, kategoriyalarning asl tabiatini ochib berishga, dilektik metodning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga xalaqit berdi.
XVIII-XIX asrlar nemis falsafasida va, ayniqsa, Gegel sistemasida, dialektikaning va, umuman, falsafaning mantiq sifatida asoslanishi keyingi davrlarda turlicha baholandi va baholanib kelmoqda.
Xususan, K. Popper o‘zining «Dialektika nima?» maqolasida dialektika, unga Gegel bergan ma’noda, inson tafakkuri taraqqiyotini o‘rganuvchi nazariya bo‘lib, u taraqqiyotni triada: tezis - antitezis - sintez tarzida tushuntiradi, deb ta’kidlaydi. Dialektika, uning fikricha, ana shuning uchun ham «tasvirlovchi, empirik nazariya hisoblanadi. U mantiq bilan hech qanday yaqinlikda emas».30 Dialektika “sinab ko‘rish va xato qilish» usuli deb nomlanadigan umumnazariy bilish metodining xususiy (empirik) ko‘rinishi, xolos”.31
K.Popperning mazkur maqolasi bo‘yicha munozarada qatnashganlarning ba’zilari uning fikrini qo‘llab-quvvatlashdi. Xususan, V. N. Sadovskiy: «Dialektikaning metodologik funksiyasi empirik xarakterga ega va u dialektikaga mantiqiy tus bera olmaydi»,32 degan fikrni asoslashga urindi. V. A. Smirnov fikricha ham, «K. Popper dialektikaning mantiq sifatida mavjud bo‘lishini inkor etganda, haq».33
Bizningcha, dialektikani mantiq tarzida bu kabi qat’iy holda inkor etish noto‘g‘ri. Birinchidan, subyektiv dialektika, ya’ni bilish jarayoni dialektikasi mavjud bo‘lib, xohlaymizmi biz buni yoki yo‘qmi, u tafakkur strukturasi va taraqqiyotida gavdalanadi va, demak, uning mantiq bilan a’loqada bo‘lishi zaruriydir. Ikkinchidan, dialektika falsafiy fikr taraqqiyoti jarayonida aynan mantiqiy tafakkur sohasida turli xil fikrlarni (asosan, qarama-qarshi fikrlarni) qiyoslash, «solishtirish orqali haqiqatni aniqlash metodi sifatida shakllangan. Mana shu nuqtai nazardan yondashsak, munozarada qatnashgan V. S. Shviryovning fikrini haqiqatga yaqin deb hisoblash mumkin. Uning ta’kidlashicha, «dialektikaga ratsional yondashish uning ahamiyatini haddan tashqari bo‘rttirib yuborishdan ham, haddan tashqari pasaytirib yuborishdan ham holi bo‘lishi zarur»34, «falsafadagi dialektik an’analar bilan hisoblashmaslik xato bo‘ladi».35
Dialektikaning mantiq sifatidagi maqomi masalasi mantiq, shu jumladanб dialektik mantiq bo‘yicha boshqa bir munozarada ham ko‘tarildi. V. I. Svinsovning «Dialektik mantiq mavjudmi?» degan maqolasida isbotlangan tezisga: «Dialektik mantiq hech qachon mantiq bo‘lgan emas va bo‘la olmaydi ham»,36 degan fikriga T. I. Oyzermanning bildirgan e’tirozlari diqqatga sazovordir. Uning fikricha, «Kategoriyalarga xos bo‘lgan eng umumiylik va zaruriylikni o‘rganish formal mantiq doirasidan chetga chiqadigan vazifa. Gegel falsafasiga xos obyektiv idealizmga qanday munosabatda bo‘lishimizdan qat’i nazar, u yaratgan mantiq dialektikadan iborat».37
Haqiqatan ham, bilish jarayoni mantig‘ini formal mantiqning to‘g‘ri tafakkur qonunlari qamrab ololmaydi. Formal mantiqni fikrni shakl jihatidan to‘g‘ri qurishga erishish qonun-qoidalari qiziqtiradi, xolos. To‘g‘ri fikrlash esa, chin fikr hosil qilish shartlaridan faqat biri hisoblanadi. Chin fikr, haqiqat bilimning predmetga tobora yaqinlashib kelishi va muvofiq bo‘lishi jarayonidan, ya’ni bilish taraqqiyoti davomida erishiladigan natijadan iborat. Buni esa taraqqiyot to‘g‘risidagi ta’limot - dialektikada o‘rganish mumkin. Bunga bo‘lgan ehtiyoj hozirgi zamon ilmiy bilishida yaxshi anglashilib turadi. Uni hatto ilmiy bilish taraqqiyotining pozitivistik kopsepsiyasida ham, xususan, Shuppe, Karnap ta’limotlarida kuzatsa bo‘ladi.
Dialektik mantiq yoki bilish, fikrlash metodi sifatida olingan dialektika, so‘zsiz mavjud. Uni taraqqiyot jarayonini ilmiy tadqiq etish metodologiyasi, xususan, kategoriyalarning taraqqiyotini va aloqalarini o‘rganuvchi mantiq ilmi sohasi deb hisoblash zarur.
Demak, nemis klassik falsafasida va, ayniqsa, Gegel ta’limotida asoslangan bilish jarayoni dialektikasining ahamiyatini bugungi kun ilmiy bilish mantig‘ida ko‘rishimiz mumkin.

Yüklə 1,13 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   95   96   97   98   99   100   101   102   ...   180




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin