Inglizcha munozara (debatlar). Munozaraning bu shaklida muhokama qilinayotgan muammo echimiga etkaziladi. Debatlarni tashkil qilishda turli usullarni qo’llash mumkin. Bu o’qituvchining fantaziyasi, qo’ygan maqsadi, mahoratiga bog’liq. Bu munozaralarga talabalar puxta tayyorlanib, berilishi mumkin bo’lgan savollar va ularni javoblarini o’ylab kelishlari zarur. Har bir talaba darsda debat olib boruvchi sifatida qatnashmagan taqdirda, savol bilan murojaat qiluvchi yoki hakam sifatida qatnashadi. Buni hech kim yodidan chiqarmasligi, demak darsga alohida tayyorgarlik ko’rishi lozim.
Umuman olganda, munozara talabalarni darsga faol qatnashishlarini ta’minlab, o’z fikrlarini himoya qilishga o’rgatadi.
4§. Uslublarning asosiy afzalliklari va kamchiliklari
Dars o’tishning tadqiqot va munozara metodida qo’yilgan masalani hal qilish uchun talabalarning o’zlari qatnashishlari tufayli puxta bilim olishlariga imkoniyat yaratiladi. Ular ilmiy izlanishga o’rganishadi. Talabalar qo’yilgan masalani muhokamasi jarayonida o’z fikrlarini mustaqil ravishda o’rtoqlashishga, boshqalarning bildirgan fikrlarini mushohada qilishga o’rganishadi.
Ma’lumotlarni, dalillarni tahlil qilish jarayonida talabalar qiziqqonlik qilmay, ob’ektiv tarzda masalani echishga o’rganadilar. Raqamlarga ko’rko’rona yondashmaslikni, ular zamirida iqtisodiy hodisa, qonunlar yashiringanini ko’rishga o’rganadilar. Bilishning nisbiy ekanligi, dalillar o’zgarishi va yangi ma’lumotlar olinishi xulosani ham o’zgarishga olib kelishini tushunishga yordam beradi.
Talabalar turli axborotlar va mantiqiy mushohada orqali o’z taxminlari, o’rtoqlari bildirgan fikrlarni to’g’ri yoki noto’g’ri ekanligini aniqlashadi. Ma’lumotlar asosida tendentsiyalar, qonuniyatlar amal qilishini aniqlashga harakat qilishadi. Ilgari surilgan ilmiy taxmin(gipoteza) bilan chiqarilgan xulosani taqqoslab, yagona qarorga kelishadi. Qo’yilgan masalani tadqiqot metodi asosida muhokama qilish, yuzaki qabul qilingan qarorlarga ishonchsizlik bilan qarashni tarbiyalaydi. Talaba masalani chuqur o’rganish uchun zarur adabiyotlar, axborotlar bilan uzluksiz ishlash zarurligini tushunadi. Buni yuqori darajada fikr yuritish zarurligi ham talab qiladi. Shuning uchun ham bu uslub talabalarni puxta bilim olishlarini ta’minlaydi. Ular o’rganayotgan predmetlarining mazmunini tushunibgina qolmay, axborot to’plash va uni tahlil qilishni ham o’rganadilar.
Darsni o’tkazishda o’qituvchi o’rganiladigan mavzu bo’yicha tayyorgarlik ko’rishni axborot, ma’lumot, dalillarni to’plashni talabalarga avvaldan topshirishi mumkin. Yoki o’qituvchining o’zi zarur dalilma’lumotlar asosida talabalar oldiga muammo qo’yib, uni birgalikda echishi mumkin. Bunda amaliy o’yin, turli iqtisodiy modellarni ifodalovchi grafik, jadvallardan va boshqa uslublardan foydalanish orqali tadqiqot o’tkazish uni qiziqarli tarzda bo’lishiga olib keladi hamda barcha talabalarni faol qatnashishiga erishiladi. Bu usulda butun guruh birgalikda iqtisodiyotni, qolaversa dunyoni yaxshiroq tushunishga intiluvchi izlanuvchilarga aylanishadi.