Tadqiqot metodlari.Chizmachilik o'qitish metodikasida umumilmiy va maxsus tadqiqot metodlariga ilmiy va metodik adabiyotlar tahlili, ilg'or tajribalarni о'rganish va umumlashtirish, kuzatish, so'rovnomalar o'tkazish, suhbat, modellashtirish, tizimli-tarkibiy tahlil, tajriba sinov о'qishlari va h.lar kiradi.
Adabiyotlar va pedagogik tajribalarni о'rganish, tahlil qilish umumlashtirishlar umumiy holda nazariy metodlarga kiradi.
Adabiyotlar ustida ishlash, o'rganish zarur bo'lgan asarlar ro'yxati (bibliografiya)ni tuzishdan boshlanadi (kitoblar, jurnallar, to'plamlardagi maqolalar, referativ obzorlari va h.).
Kuzatish- pedagogik jarayonga aralashmasdan uzoq muddatda tahlil qilishga asoslangan. Kuzatish to'g'ridan-to'g'ri (bevosita darsda), yoki sirtdan (grafik ishlar, maktab hujjatlari bilan tanishish) bo'lishi mumkin. Kuzatish reja asosida olib borilishi kerak.
Suhbat - o'quvchilar yoki o'qituvchilar bilan o'tkazilishi mumkin. O'quvchilar bilan ular fikrlash yo'nalishini aniqlash maqsadida suhbat o'tkaziladi. Suhbat natijalari bayonnoma, stenografiya yoki magnitafon yozuvlari ko'rinishida batafsil yozib olinib keyin tahlil qilinadi.
So'rovnomalar o'tkazish (anketa so'rovi) - qo'yilgan maqsadlarga mos ravishda tadqiqotchi o'quvchilar yozma javob berishi kerak bo'lgan savollarni tuzib chiqadi. Savollar javob beruvchilar uchun aniq va tushunarli bo'lishi kerak.
Tajriba sinov - nazorat va hisoblashlarni aniq o'tkazish imkoniyatlari ta'minlangan sharoitda, ahamiyatsiz va noto'g’ri ta'sirlarsiz pedagogik jarayonni kuzatishga imkon beruvchi murakkab va zarur metodlarning biri.
Tajriba sinov tabiiy va laboratoriya sharoitlarida o'tkazilishi mumkin. Uning o'tkazilish muddatlariga ko'ra tajriba- sinov o'qitish yoki tajriba- sinov darslari bo'lishi mumkin.
Tajriba - sinov natijalarini umumlashtirishning keng tarqalgan turidan biri natijalarni taqqoslash usulidir.
Chizmachilik o'qitish metodikasida umumilmiy tadqiqot bilan birgalikda maxsus tadqiqotlar ham o'tkaziladi. Ularning qo'llanilishi grafik ishlarni bajarish, bajaruvchining qo'l harakatlarini aniqlash, zaruriyat va tasvirlashda oson hamda yengil ko'nikmalarni shakllantirish bilan belgilanadi.
Maxsus metodlarga siklografiya — harakat kinematikasini qayd qilish; tenzometriya va pezometriya — zo'riqishlar kattaligini qayd qilish; okulografiya ko'z harakatlarini qayd qilish; xronometrik - vaqtni qayd qilish; multiplikatsiyalash - grafik tasvirlarni bajarish ketma-ketligini qayd qilish kabilar kiradi.
Tadqiqot natijalari ma'ruza, maqola, kurs va malakaviy bitiruv ishlari, tavsiyanomalar, o'quv qo'llanmalari, diafilm, jadval va b. ko'rinishlarda bajarilishi mumkin.
Chizmachilik fanining o'ziga xos xususiyati, uni o'zlashtirish jarayonida real buyumlarning xossalari, ularning aloqalari va o'zaro munosabatlarini ham o'rganib borilishidadir. Buning natijasida har qanday tasvirning elementar tarkibiy qismlari - yassi, geometrik obrazlardan iborat bo'lgan to'gri chiziq, egri chiziq va siniq chiziqlar hamda ularning oddiy kombinatsiyalari (burchak, geometrik shakl, lekalo va sirkul egri chiziqlari) haqida xulosalar chiqariladi. Oxir-oqibatda o'quvchilar oddiy mantiqiy fikrlash orqali insonni o'rab turgan hamma narsalar geometrik jismlar kombinatsiyasidan, nuqta va chiziq esa har qanday tasvirning tashkil qiluvchisi ekan degan xulosaga keladilar.