Mazmuni: Bu mast ko‘zli (seviklim) Qora xoli va qizil yuzi bilan (meni asir qildi). Yanoqlaridan shirinlik tomib, meni asir qildi-yu, Lekin keyinidan (tutqich bermay), mendan qochib ketdi. Misralardagi so‘zlarni tushunish qiyin ekanini hisobga olmasak, qo‘shiqdagi his-tuyg‘u kechagina yaxshi ko‘rgan qizi qochib ketgan shoirtabiat yigitning ko‘ngil izhoridan farq qilmaydi.
Biz qo‘shiq deb atayotgan janr adabiyotlarda ko‘rsatilishicha, «shlok», «takshut», «ir» (yir), «kug» kabi atamalar bilan qadimdan atalib kelgan. Mahmud Koshg‘ariy esa bunday asarlarni «qoshug‘» - qo‘shiq, qasida, she’r tarzida beradi. So‘zning ma’nosini sharhlashdagi to‘rtlikda «malikaga mendan maqtov yetkaz»75 mazmunidagi misra borki, izohdagi qasida atamasini qo‘llash ham o‘zini oqlaydi.
Xalq qo‘shiqlari og‘zaki ijodimizdagi lirika jinsiga mansub janrdir. Bu janrning boshqa turdagi asarlardan farq qiluvchi bosh xususiyati unda ijodkorning his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalari, ruhiy holatini ifodalashdan iborat.
Xalq og‘zaki ijodidagi lirik tur hisoblangan qo‘shiq quyidagi janr xususiyatlariga ega:
Qo‘shiqlarda inson kechinmalari, qalb izhorlari aks etadi. Shuning uchun ular lirik jinsga mansub janr deb hisoblanadi.
Qo‘shiq shaklan she’riy ko‘rinishda bo‘ladi. O‘zbek xalq qo‘shiqlari, asosan, barmoq vaznda, ba’zan aruzda yaratiladi.
Ko‘pincha, xalq qo‘shiqlari to‘rt misradan iboratdir. Go‘zal ruhiy holatni ifodalash xususiyatiga ega. Ayni paytda bir necha bandlardan iborat muayyan mavzuni yorituvchi qo‘shiqlar ham bor. Ba'zan 6, 8 misrali namunalar ham uchraydi. 4 misralilari
a b a b; a a b b; v v g g; a a a b; a a a a tarzda qofiyalanadi.
Qo‘shiqning kuyi bo‘ladi. Biror asbob jo‘rligida aytiladi. Aksari xalq qo‘shiqlari ijrosida asbob jo‘rligi shart emas. Ijrochi xonish usulida qo‘shiq aytishi mumkin.