1. Mif, totem, fetish, anim tushunchalari, “sav” atamasi haqida. Mif qadimgi odamning borliq haqidagi ibtidoiy tasavvurlari majmui bo‘lib, koinotning yaratilishi, inson, o‘simliklar va hayvonot dunyosining vujudga kelishi, samoviy jismlarning paydo bo‘lishi, tabiiy hodisalarning sabablari va mohiyati, afsonaviy qahramonlar, ma’budlar va ilohlar to‘g‘risidagi e’tiqodiy qarashlarni o‘z ichiga olgan. O‘zini jonli tabiatning ajralmas bir qismi sifatida anglagan insonning o‘z atrofidagi moddiy mavjudlikning paydo bo‘lishi, yashash tarzi, ibtido va intihosini mifologik timsollar ramzlar orqali ifodalagan
Dunyo, insoniyat, odamning paydo bo‘lishi haqidagi qadimgi sodda hikoyalar ilmda “mif” deb ataladi. Mif (yunoncha mythos – so‘z, afsona, rivoyat) so‘zi lug‘atda “Qadimgi kishilarning borliq olam haqidagi ibtidoiy tasavvurlari majmui bo‘lib, koinotning yaratilishi, inson, o‘simliklar va hayvonot dunyosining vujudga kelishi, samoviy jismlarning paydo bo‘lishi, tabiiy hodisalarning sabablari va mohiyati, afsonaviy qahramonlar, ma’budalar va ilohlar to‘g‘risidagi e’tiqodiy qarashlarni o‘z ichiga oladi”5, - deb izohlangan. “Mifologiya” miflarni o‘rganuvchi fandir.
Mifologik tasavvurlar ibtidoiy udum va marosimlarda ritual o‘yinlar sifatida namoish qilingan. Mifologik tasavvurlar marosimlar, xalq san'atining barcha turlar va folklorda o‘ziga xos ravishda davom etgan.
Mif tushunchasi tarkibini totemizm, fetishizm, animizm so‘zlari tashkil etadi. “Totemizm” so‘zi lug‘at va qomusiy kitoblarda qayd etilishicha, “uning urug‘i”dan olingan ekan. Shimoliy Amerikada yashovchi qabilalardan biri kishilar bilan hayvon va o‘simliklarning muayyan turlari o‘rtasida qon-qarindoshlik bor deb hisoblaganlar. U hayvonlar ov qilinmagan, o‘ldirilmagan, go‘shti yeyilmagan. O‘simliklar esa e'zozlangan. Bu odat dunyodagi hamma xalqlarning e'tiqodida ham bor bo‘lib, bugungi kungacha saqlanib kelmoqda.
“Fetishizm” so‘zi lug‘at va qomusiy kitoblarda portugalcha “feitico”, fransuzcha “fetiche” – sehrli narsa ma’nosini ifodalashi qayd qilingan. Uning asosini qadimgi zamon odamlarining jonsiz narsa-predmetlarda ilohiy fazilat bor deb tushunishlari tashkil etadi. Ma’lumki, inson hayoti davomida o‘zi bilmagani holda quyosh, oy, yulduzlar, tog‘, suv kabi narsalar bilan ham munosabatda yashaydi. Ayniqsa, quyosh, suv inson taqdirida muhim ahamiyat kasb etadi. Qadim zamonlarda yashagan ajdodlarimiz o‘zlaricha pichoq, non, o‘choq, tandir, do‘ppi, kitob, supra, ayniqsa, o‘q, yoy kabi narsalarni ham muqaddas hisoblaganlar.