3-bob. Ta’lim kreditini rasmiylashtirish va ajratish tartibi 15. Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning
to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi uchun ta’lim kreditlarini ajratish mazkur Nizomga
ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
33
16. Kredit oluvchi ta’lim kreditini olish uchun Moliya vazirligining rasmiy
veb-saytida e’lon qilingan tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ta’lim krediti olish to‘g‘risida ariza;
b) talaba va ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida
belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) va unga ilova
qilinadigan hisob varaqasi/faktura (mavjud bo‘lganda). Shartnoma (kontrakt)da
o‘qishni tamomlashning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori
ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim;
v) tijorat bankining kredit siyosatiga muvofiq ta’lim krediti qaytarilishining
ta’minoti bo‘yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan
oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik
talab etilmaydi;
g) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi
ma’lumotnoma (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar xotin-qizlari
uchun).
17. Kredit oluvchi ushbu Nizomning 16-bandida belgilangan hujjatlarni
tijorat bankiga taqdim etish bilan bir vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni shaxsan
ko‘rsatadi. Tijorat banki taqdim etilgan hujjatlardan zarur ko‘chirmalar va nusxalar
olishga haqlidir.
18. Tijorat banki kredit oluvchi tomonidan ta’lim krediti berishni so‘rab
taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni besh ish kuni mobaynida
ko‘rib chiqib, ta’lim krediti shartnomasini imzolaydi.
Kredit oluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar mazkur Nizom va tijorat
bankining kredit siyosati talablariga muvofiq bo‘lmagan holatlarda tijorat banki
tomonidan kredit berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi hamda ariza
beruvchiga kredit berishni rad etishning aniq sabablari ko‘rsatilgan holda javob xati
yuboriladi.
19. Ta’lim krediti shartnomasi kredit oluvchi tomonidan taqdim etilgan talaba
va ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqidagi shartnoma
(kontrakt)da ko‘rsatilgan bir yillik to‘lov summasiga teng miqdordagi summaga
tuziladi.
Bunda keyingi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqidagi
shartnomada belgilangan to‘lov miqdori va ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi arizadan
kelib chiqib kredit miqdori ta’lim krediti shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv
imzolash orqali oshirib boriladi.
20. Tijorat banklari tomonidan ta’lim kreditini ajratish kredit oluvchining
ssuda hisob varag‘idan uning shaxsiy yozma topshirig‘i asosida kredit oluvchi va
ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan
34
tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) yoki hisob varaqasi/fakturada
ko‘rsatib o‘tilgan hisob varag‘iga mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.