1.Bob .O`zbek tili va tarixida kiyim-kechak nomlari.
1.1.Alisher Navoiy asarlarida kiyim-kechak nomlari.
Hech qanday xalq o‘z taraqqiyoti yo‘lida boshqa xalqlar bilan madaniy, iqtisodiy, boshqa tomondan aloqa qilmasdan, ayrim holda xo‘jalik yuritishi mumkin bo‘lmaganidek, biror-bir xalqning tili, xususan, lug‘at boyligi ajralgan holda rivoj topishii mumkin emas. Xuddi shunday o‘zbek tili ham o‘z tarixiy taraqqiyoti davomida bir qancha tillar bilan munosabatga kirishgan, ulardan so‘z olgan, so‘z bergan. Shu tariqa leksik qatlamda turli tillardan o‘zlashgan so‘zlar paydo bo‘lgan. Kiyim-kechak nomlari ham faqat o‘z qatlamga tegishli bo‘lmay, ularning orasida ham turli tillarga oid o‘zlashmalar uchraydi. Alisher Navoiy asarlarida uchragan nomlar ham bundan mustasno emas, albatta.
Tadqiqot jarayonida ilmiy bilishning mantiqiylik, tarixiylik, izchillik va obyektivlik usullaridan keng foydalanildi. Alisher Navoiy asarlarida o‘zlashgan kiyim-kechak leksemalari xususiyatlari haqida fikrlar tahlil qilindi .
Alisher Navoiy asarlarida turkiy nomlar bilan birgalikda boshqa tillardan, xususan arab, fors-tojik tilidan o‘zlashgan kiyim nomlari ham uchraydi. Alisher Navoiy asarlaridagi o‘zlashgan kiyim nomlarini quyidagicha guruhlash mumkin:
Arab tilidan o‘zlashgan kiyim-kechak nomlari.
Fors tilidan o‘zlashgan kiyim-kechak nomlari.
Biz birinchi guruh o‘zlashmalar haqida so‘z yuritamiz.
O‘zbek tilidagi kiyim-kechaklar borasida maxsus tadqiqot ishi olib borgan
M.Asomiddinova arab tilidan o‘zlashgan kiyim-kechak nomlarini o‘zbek tilida tutgan mavqeiga ko‘ra ikki qismga ajratadi:
eski o‘zbek tiliga xos, hozirda faqat sahna kiyimiga aylangan, tarixiy
voqelikni yoritgan badiiy, tarixiy, yozma adabiyotlarda uchraydigan nomlar: abo, qabo, qina’, dalq, jubba, xil’at, dekla / dokla / deklay / daklay, rido, xirqa, aloqa, amoma, burqa va boshqalar.
eski o‘zbek tilida uchrovchi va hozirgi o‘zbek tilida keng qo‘llaniluvchi nomlar: jubba, astar, mamug‘ / mamuq, libos, lozim/lozima, baxmal/maxmal, sadaf, hoshiya kabilar1. Muallifning fikriga asosan qo‘shilgan holda, bu o‘rindagi ba’zi chalkashliklarni ham qayd etishimiz lozim. Jubba har ikki qismda ko‘rsatilgan. Bu kiyim nomi birinchi qismga xos. Xil’at qayd etilganidek birinchi qismga emas, hozirgi o‘zbek tilida xalat shaklida keng qo‘llanishi bois ikkinchi qismga mansub. Birinchi qismda qayd etilgan dekla / dokla / deklay / daklay, ikkinchi qismga kiritilgan mamug‘/mamuq esa arab tilidan o‘zlashgan kiyim nomlari emas. Bular turkiy-o‘zbekcha ekanligi ko‘rinib turibdi.
Arabchadan o‘zlashgan kiyim-kechak nomlari qatorida yana amoma, taylason, toqiya, kuloh singari so‘zlarni ko‘rsatish mumkin.
Bugungi kunda tilimizda faol qo‘llanadigan va barcha uchun tushunarli libos so‘zi arabchadan o‘zlashgan bo‘lib, umuman kiyim ma’nosini bildiradi: Sanamlar jilvagar mehri samovash, Ayog‘din-bosh libosi kahrabovash.
Ya’ni, samo quyoshidek jilvagar sanamlar boshdan-oyoq qahraborang libos kiyib olganlar.
Alisher Navoiy asarlarida libos, kiyim-bosh so‘zlarining ma’nodoshi sifatida kisvat so‘zi ham ishlatilgan:
Bir qo‘y terisin chiqordi filhol, Majnung‘a dediki: «Egninga sol. Qo‘ydek bu terini xil’at ayla,
Boshdin ayog‘ingg‘a kisvat ayla2.
Lihof so‘zi ham arabcha bo‘lib, bir necha xil ma’noga ega:
Kiyim. 2. Yopinchiq. 3. Ko‘rpa. Alisher Navoiy asarlarida esa asosan, kiyim ma’nosida keladi: gul gun lihof - qizil kiyim. Masalan:
Sabuhiy vaqti gul ochilg‘onin naylayki, ul yopmish
Og‘zini g‘uncha yanglig‘ chirmabon gulgun lihofinda. (V. V.)
Xil’at Alisher Navoiy asarlarida bir qadar ko‘p tilga olingan kiyim nomidir. Arabchadan o‘zlashgan bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi “Alisher Navoiy asarlari lug‘ati”da shunday ko‘rsatilgan: 1. Hashamatli kiyim; sarpo, umuman, kiyim; zarbaft xil’at – kimxob to‘n.
Darhaqiqat, shoir dostonlarida, she’riyatida xil’at asosan shohlar, zodogonlar, boy-badavlat kishilar kiyimi sifatida ko‘zga tashlanadi. Shohlik xil’ati qading bila jo‘b,
Dostları ilə paylaş: |