10-MAVZU.MANTIQILMININGPREDMETI,ASOSIYQONUNLARI. TUSHUNCHA TAFAKKUR SHAKLI SIFATIDA
qismni hosil qiladi. Ta’riflash bilishda quyidagi asosiy vazifalarni hal qilishda yordam beradi: 1) tushunchada aks etuvchi predmetning muhim belgilarini ko‘rsatadi; 2) tushunchani ifoda qiluvchi so‘zning (terminning) ma’nosini ochib beradi; 3) termin hosil qilishga imkon beradi. YUqoridagi vazifalardan qaysi birining hal qilinishiga qarab nominal va real ta’riflar farq qilinadi.
Nominal ta’riflar yordamida predmetni tasvirlovchi murakkab ifodalar yangi termin bilan almashtiriladi hamda uning ma’nosi aniqlanadi. Masalan, «Mantiq grekcha
«logos» so‘zidan olingan bo‘lib, tushuncha, fikr, so‘z, qonuniyat kabi ma’nolarga ega», desak, mantiq tushunchasiga nominal ta’rif bergan bo‘lamiz. «Til belgilarini o‘rganuvchi fan semiotikadir», degan ta’rif ham nominal ta’rifga misoldir.
Real ta’rifda predmetning muhim belgisi aniqlanadi. Masalan, «Atom – moddaning yadro va elektronlardan tashkil topgan zarrachasi», degan ta’rif real ta’rifdir.
Real ta’rif aniq va noaniq ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Aniq real ta’rif predmetlarning muhim belgilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatib beradi. Noaniq real ta’rifda esa tushunchaning mazmuni yordamchi vositalar orqali ochib beriladi. Masalan, o‘qigan parchamizda notanish terminlar uchrab qolganda, uning ma’nosini lug‘atdan foydalanmasdan, boshqa so‘zlarning ma’nosiga qarab aniqlashimiz mumkin.
Aniq real ta’rifning ikkita asosiy turi mavjud: 1) yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash; 2) genetik ta’rif.
YAqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash real ta’rifning eng ko‘p ishlatiladigan turi bo‘lib, u ikkita bosqichdan tashkil topadi. Birinchi bosqichda aniqlanuvchi tushunchaning yaqin jinsi topiladi. SHu tariqa uning mazmuni qisman ochib beriladi. Ikkinchi bosqichda aniqlanuvchi tushunchaning shu jinsga kiruvchi boshqa tur tushunchalardan farqi aniqlanadi, ya’ni uning tur belgisi ko‘rsatiladi. SHu tariqa mazkur tushuncha mazmunining qolgan qismi ochib beriladi. Masalan, bizning oldimizda «metafora» tushunchasining mazmunini aniqlash vazifasi turibdi, deylik. Bunda, avval aniqlanuvchi tushunchaning yaqin jinsi topiladi: u «so‘z» tushunchasidir. «Metafora so‘zdir» deyish bilan «so‘z» tushunchasi mazmunida fikr qilinadigan muhim belgilarning metaforaga ham tegishli ekanligini ko‘rsatamiz, ya’ni «metafora» tushunchasi mazmunini tashkil etuvchi umumiy belgilarni aniqlaymiz. Ko‘chirma ma’noda ishlatilishi esa, metafora sifatida ishlatilayotgan so‘zning tur belgisi, ya’ni individual belgisi hisoblanadi. Bu tur belgini yaqin jinsga qo‘shib «Metafora ko‘chirma ma’noda ishlatiladigan so‘zdir», degan to‘la ta’rif hosil qilamiz. SHu tariqa eng qisqa yo‘l bilan, ya’ni yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish bilan tushunchaning mazmunini aniqlaymiz.
Genetik ta’rifda aniqlanuvchi tushunchaning mazmuni u ifodalagan predmetning kelib chiqishini ko‘rsatish orqali ochib beriladi. Masalan, «Oksid metallarning kislorod bilan reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘lgan kimyoviy birikmadir», degan ta’rif genetik ta’rifga misoldir. Bu ta’rifning mantiqiy tarkibi yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash bilan bir xildir.