www.ziyouz.com kutubxonasi
108
— Bu to‘g‘ri, lekin ularning barchasi ham gazetachilarday katta imkoniyatga ega emas-da — mana
shu narsa buzadi, ha, shu narsa, — tushuntirdi Berns. — Pulga muhtojlikning emas, balki uning
o‘rnini bosadigan biron narsaga imkon tug‘dirish ham. Politsiyachilar ham ma’lum hokimiyatga egalar.
Ammo politsiyachilar — ular asosan o‘rtadan yuqori bo‘lmagan ma’lumotga ega yigitlar. Bizning
zamonda gazetalarda kollejni bitirgan odamlarni tez-tez ko‘rasan, ayrimlarida esa hatto ikkitadan
ilmiy darajasi bor. Politsiyachi arzimagan poraga ko‘nib qo‘ya qoladi va o‘g‘riday shu bilan gumdon
bo‘ladi, gazetadagi yigitlar-chi — dimog‘lariga xoda yetmaydi. Unga biron tozarog‘ini topib berishim
kerak. Uni faqat pulga har doim ham sotib olib bo‘lmaydi. Uning joniga kushanda bo‘ladigan uchta
vasvasa bor: pul, hokimiyat va kibr. Shulardan uning boshiga tezroq yetadigani — kibr. Agar bundoq
do‘ppini yerga qo‘yib o‘ylab ko‘rganda, gazetachi o‘zi nima? U haddan tashqari ko‘p filmlarni ko‘rgan,
haddan tashqari ko‘p voqealar haqidagi kitoblarni o‘qigan va dunyodagi eng jirkanch bir kasbga ishqi
tushib qolgan. Toki u shu kasbni jonidan ortiq sevarkan, u hech qachon yuqoriga tirmashib chiqa
olmaydi. U boshqa yigitlarni, hokimiyat, shon-shuhrat, boylikka erishgan o‘z tengqurlarini ko‘rdi. U
bo‘lsa haftasiga arzimagan bir necha dollar beradigan ishga mixlanib qolgan. Bu qanaqa ish o‘zi? U
birovlarning iflos ichki kiyimlarini titkilashiga, birovlarning tupugidan reportajlar pishirishiga to‘g‘ri
keladi. Unga arzimaydigan material kelib tushganda esa — u buni boplab chiqarolmaydi. Buni u o‘zi
biladi ham. Uning ustida turganlar, agar u bu materialni e’lon qilgudek bo‘lsa, o‘zini quritib
yuboradilar. Xullas, uning qiyofasi shu: achib-bijigan yoshlikdagi orzular, boy berilgan umidlar, uni
hasad yeb bitiradi, jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun tinmay kurash olib borish uning o‘ziga ziyon
keltiradi — agar u pulga sotiladigan gazetachiga aylanadigan bo‘lsa, buning nimasiga ajablanish
mumkin?
Jimlik cho‘kdi. Kalxeyn eshitilar-eshitilmas kulib qo‘ydi.
— Qayoqdagi gaplarni gapirasan-da, Mak, — dedi u, — sen aytgan narsani yer yuzidagi har
qanday odam haqida aytsa bo‘ladi.
Yigirma ikkinchi bob
Ko‘p o‘tmay yarim tundan keyin Konn bunday ko‘ngilxushliklar uchun keksalik qilishini bahona qilib
u yerdan ketdi, holbuki sheriklarining har biridan u unchalik katta emasdi.
— Buning ustiga, — dedi u o‘zining och ko‘zlari bilan hammaga bir-bir qarab, — men qancha kam
narsa bilsam, keyinchalik o‘zimni shuncha oz anglashimga to‘g‘ri keladi.
U ketgandan keyin taxminan soat bir yarimgacha Berns bilan Kalxeyn ichishda davom etishdi.
Nihoyat Palmer ham yana shotland viskisiga ruju qo‘ydi, chunki u o‘zini yolg‘iz his qila boshlagandi —
bu davrada nisbatan hushyor uning o‘zi qolgandi. Suhbat Olbanidagi turli qo‘mitalar va odamlar
haqida bordi, suhbat shunaqangi chalkash tus oldiki, bu yerda gap nima haqida ketayotganini faqat
qilni qirq yorgan odamgina anglay olardi. Oxirida tili zo‘rg‘a aylanayotgan Kalxeynning og‘zidan,
Palmerning fikricha, ularning bahslariga yakun yasovchi g‘oyatda jo‘yali bir gap otilib chiqdi:
— Bu ishni bank doirasidan chiqarib olamiz-da, ringga haydab kiramiz, Berns bilan Jim u yerda bir-
birini bo‘rsiqning bolasiday do‘pposlasin. Bu orada qari taka ularning qonun loyihasini ishtonining
ichiga yashirib olsin.
— Faqat Xem esining borida etagini yopsa yaxshi bo‘lardi, — dedi Berns.
Tungi soat ikkida boshqa muammolarni unutishdi, ularni anglash Palmerga uncha qiyin bo‘lmadi.
— Eshitishimcha, — dedi Berns so‘zlarni yamlab-yamlab, — “Merrey Xill” Garrining uyi va yana
uning ikkita fermasiga bay pulini ushlab turganmish. — U asta Palmerga burildi. — To‘g‘rimi gapim?
— Agar gap men nazarda tutgan Garri haqida ketayotgan bo‘lsa, — dudmalroq qilib javob berdi
Palmer, — bu haqda hech qanday tasavvurga ega emasman. Bilganim shuki, unga tumandagi yirik
tijorat banki huquq maslahatchisi sifatida uning xizmatlaridan foydalanadi.