www.ziyouz.com kutubxonasi
82
Ovqat mahali chol-kampir bir-biri bilan ko‘z urishtirib olishdi. Jahongir buni sezdi.
Ammo ularning maqsadini anglamadi. Bir mahal cholning o‘zi yorildi:
— Jenya, bir taklifimiz bor. Sasha senga juda o‘rganib qoldi. Hatto otasini ham
unutganga o‘xshaydi. Men bilan ishi yo‘q, sening qaytishingni poylaydi. Birga bo‘lib qo‘ya
qolganlaring durustmidi?
Bu gapni eshitib Oynisa turib ketdi. «Voy sho‘rim», deb narigi xonaga qarab yurdi.
— Olya, o‘tir, — dedi chol buyruq ohangida.
Oynisa qaytib, omonatgina o‘tirib, boshini egib oldi.
— Jenya, sen erkaksan, gapir.
Jahongir oxir-oqibat shunay gap chiqishini bilardi. Xushro‘ygina, chaqqongina bu
juvon har qanday erning qorong‘i yuragiga chiroq yoqishi mumkin edi. Jahongir ba’zan
bu haqda ham o‘ylardi. Ammo uni bir o‘y ushlab turardi: u boshiga yana ne kunlar
tushishini bilmas edi. Bu jamiyatning qora ro‘yxatiga tushib qolgan odamni aroq ichgani
kiruvchi militsioner istagan paytida qo‘liga kishan urib olib ketishi mumkin edi. Buning
uchun ortiqcha aytilgan bir so‘z yo yo‘qolgan bittagina cho‘chqa bolasi kifoya. Jahongir
bularni sezib, o‘zini hamisha qilko‘prik ustidagi omonat odamday his qilardi. Bugun shu
juvonga baxt beraman, deb uni ajdaho komiga itarib yuborishni istamas edi. Jahongir
hozir bu gaplarni chol-kampirga, eng muhimi Oynisaga aytib tushuntira olmas edi. Shu
sababli o‘ylab qo‘ygan boshqa fikrini o‘rtaga soldi:
— Grigorich, Oynisani dastlab ko‘rganimda singlim bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Siz
aytganday ish yuritishimiz mumkin emas, meni gunohga qo‘ymang. Oynisa menga
singil, bolalari jiyan. Samarxon meni tog‘a deydi, shunday deyaversin. Oynisa
ko‘nsalar... men aka bo‘lay... — Jahongir shunday deb dsturxondagi bir bo‘lak nonni
ikkiga bo‘lib, bir bo‘lagini Oynisaga uzatdi. Oynisa unga qaramagan holda nonni olib, bir
uchini sindirib og‘ziga soldi. Qolgan bo‘lagini bolasiga uzatdi.
— Non yemayman, — dedi Samariddin o‘jarlik bilan.
— Yemasang tog‘ang xafa bo‘ladilar, — dedi Oynisa.
Bola «shundaymi?» deganday Jahongirga qaradi. Jahongir jilmayib qo‘yib, o‘zining
ulushini olgach, Samariddin ham nonni og‘ziga solib, apil-tapil chaynay ketdi.
— Bu ishing ham ma’qul, — dedi chol. Kampir esa «attang», deganday bosh chayqab
qo‘ydi.
Ular shu zaylda aka-singil tutinishgani bilan o‘zaro kam gaplashishardi. Ayniqsa,
yolg‘iz qolishdan qo‘rqishardi. Qasam ichishgan bo‘lsa-da, harholda orada shayton bor...
Bu o‘lkalarga bir umr hokimman, deb qalingina qor tashlagan qish bahorning taftiga
dosh berolmay chekindi. Shunchaki chekinmadi, balki hali yana qaytaman, kuningni
ko‘rsataman, degan dag‘dag‘a bo‘ronlari bilan ketdi. Chindan ham oradan oylar o‘tib
qaytdi. To‘s-to‘polon bilan emas, ayyorlik ishlatib kirib keldi: tunda hamma yoqni oppoq
qor bilan egallab oldi...
Jahongir o‘rmon etagida shu zaylda yana uchta qishni ko‘rdi.