www.ziyouz.com kutubxonasi
79
— Sen-chi?
— Menam sog‘indim. Yana sog‘insam yig‘layman.
— Yig‘lama, o‘g‘il bola yig‘lamaydi.
Kun bo‘yi onasining izidan qolmagan Samariddin endi Jahongirga bog‘landi-qoldi.
Oynisa bir-ikki chaqirsa ham o‘zini eshitmaganga soldi. Shunda Oynisa najot kutib
Grigorichga qaradi:
— Bunaqa o‘rganib qolsa, keyin nima qilaman?
Chol «menam shuni o‘ylayapman», deganday soqolini silab o‘tirdi.
— Balki ketmas... Menga ichini ochgani yo‘q, lekin nazarimda, qaerda yashash uning
uchun baribirga o‘xshaydi. Qishlog‘iga qaytsa, surgun qilinishi tayin. Shu yerda
qolavergani durustmasmi? Sen, Olenka, u bilan bir gaplashib ko‘r.
Bu gapni eshitib, Oynisa bir seskanib tushdi.
— Yo‘q, yo‘q, — dedi u shoshib. — Ketganlari ma’qul. Erkak odam o‘zini xor qilib
qo‘ymaydi.
— E, kizimka, kizimka, odamlar baxtning orqasidan quvib yurishadi. Sen esa,
og‘zingni ochib o‘tiribsan.
Oynisa cholga javob qaytarmadi. «Baxt faqat shu erkakning qolish yo qolmasligida
emas, ikki bebaxtning bir-biriga suyanishi bilan olam guliston bo‘lib qolmaydi. Men
bevaman. Uning boshi ochiqqa o‘xshaydi. Peshonamdagi bu kulfatlar ozmi menga, yana
bir gunohga ro‘para bo‘lsam, nima qilaman? O‘g‘lim ota mehridan bebahra o‘ssa-o‘ssin,
men otasining arvohini chirqiratmasam bas», degani bilan chol tushunarmidi?
Bolaning tobora bog‘lanib borayotganini Jahongir his qilardi, o‘zi ketgach, uning
ichikib qolishini ham bilardi. Shu sababli daladan qaytishi bilan opasining uyiga kirib
ketardi. Bola quchoqlab olganida ham me’yordan ortiq erkalashdan o‘zini tiyardi. Oradan
bir hafta o‘tgach, Jahongir yo‘lga otlandi. Uning bir ko‘ngli shu yerda qolish edi. Opasi,
jiyanlri, pochchasining uyi, izlarini tashlab ketgisi yo‘q edi. Ammo bir ko‘ngli ota yurtida:
balki akasi, xotini qaytishgandir, balki katta jiyani darbadarlikda yura-yura qishlog‘iga
yetgandir?
Qaytadigan kuni Jahongir opasining nimchasini Oynisaga uzatdi. Ammo u olishdan
bosh tortdi.
— Sizda omonat tursin, balki jiyanim shu yerga qaytar. Balki o‘zim xabar olgani
kelarman, — dedi Jahongir. Oynisa biroz mulohaza qilib turgach, nimchani oldi.
Jahongir shaharga qaytgach, mudarris — Nizom qorovulning holidan xabar olib,
qishlog‘iga shoshildi. Nazarida jiyani qishloqqa qaytib, Sotti — Sotvoldining qahriga duch
keladiganday edi.
Qirqbelga oqshom oralaganda yetib keldi. To‘g‘ri Daminnikiga borib, jiyanini
surishtirdi. Keyin boshidan o‘tganlarni so‘zlab berdi. Tunni shu yerda o‘tkazib, saharda
qabristonga bordi.
Atrof sokin. Borliq quyoshning ko‘tarilishini kutib, titrab turardi. Jahongir tilovat qilib
bo‘lgach, ko‘rgan-kechirganlarini xayolan so‘zlab berdi. Nazarida uning alamli hikoyasini
barcha marhumlar jim tinglashardi.
«Zab vaqtida o‘lgan ekanmizmi, a?» derdi biri.
«Vaqtida o‘lish ham Ollohning karami», deydi boshqasi.
«Shu kulfatlarni bizning boshimizga solmagani uchun shukr», deydi uchinchisi.
«Farzandlarimizning g‘amini ko‘rsatmaganing uchun shukr, deydi to‘rtinchisi. — Lekin
jigargo‘shalarimizni bizdan keyin kulfatlarga duchor qil, demagan edik-ku?..»
«Bolamning boshiga ofat yog‘dirguncha, meni do‘zaxda kuydirsang bo‘lmasmidi?!»
Jahongir tanidi bu nidoni, u — onasining ovozi.