334-bob Ta’riz va Tavriya (so‘zning asl ma’nosini yashirib qochirim ila so‘zlashish) to‘g‘risida Bilingki, bu bob eng muhim boblardandir. Chunki uni ishlatuvchilar ko‘p bo‘lib, balosi
ham ommaviylashib ketgan. Biz uning haqiqatiga ahamiyat bermoqligimiz va uning
ustida to‘xtab, taammul qilib, unga amal qilmog‘imiz lozimdir. Yolg‘onning ashaddiy
haromlari haqida va unda tilni erkin ko‘yib yuborishning xatarli ekanini gapirib o‘tdik. Bu
bob ana shulardan omonda qolishlikka bo‘lgan yo‘ldir.
Bilginki, ta’riz va tavriyalarning ma’nosi bir xil. U gapirayotganingda zohiriy lafzda bo‘lib,
ma’noda esa boshqa narsani iroda etishingdir. Aslida esa u zohirining xilofidir. Bu
shamg‘alat qilish va hiyladan bir ko‘rinishdir.
Ulamolar: «Agar ana shuni ishlatishga shar’iy manfaat kuchli kelsa yoki juda zarurat
ehtiyoj bo‘lib undan boshqa narsada ro‘yobga chiqmasa, zarari yo‘q. Agar bulardan
birortasi bo‘lmasa, uni ishlatish makruhdir, harom emasdir. Faqat botil narsani qo‘lga
kiritish yoki haqni yo‘q qilishga bo‘lsa, ana o‘shanda haromdir», dedilar.
Bu haqda man qilib aytilgan asarlar quyidagilar:
988/1. Sufyon ibn Asaddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Birodaringga bir gapni aytsang, u senga ishonsa-da, sen unga yolg‘on gapirsang, ana
o‘shaning xiyonati kattadir», dedilar. Abu Dovud zaif isnod bilan rivoyat qilganlar, lekin
o‘zlari zaif, demadilar. Yuqorida aytganimizdek o‘zlari zaif demasalar, demak u hasan
hadisdir.
Ibn Siyrin aytadilar: «Kalom so‘zamol kishining yolg‘on gapirishidan ham kengroq
narsadir. Muboh bo‘lgan ta’riz (qochirim) gap imom Naxa’iyning (r.a.) so‘zlariga binoan
quyidagichadir: bir kishi haqida biror narsa aytsang, u o‘sha kishiga yetib borsa, «Ana
shu aytgan narsamni Alloh bilguvchidir», deb aytsang, inkor ma’nosida tushunadi.
Sening maqsading - «Aytgan narsamni Alloh bilguvchidir», xolos. Ug‘lingga «Senga
shirinlik sotib olib beraman», dema! Balki «Agar senga shirinlik sotib olib bersam,
qanday qaraysan?» degin». Agar imom Naxa’iyni biror kishi axtarib kelsa, xizmatkor
qizga « uni masjiddan axtaring», degin deb tayinlardilar.
Boshqalar: «Otam ozgina vaqt oldinroq chiqib ketganlar, deb aytsin», deyishdi.