– 98 –
– 99 –
Qahramonlik dostonlarining boshqa guruh dostonlardan
alohida ajralib turadigan jihati unda xalqning alp haqidagi
turg‘un tasavvurlarini namoyon etuvchi alplik tizimining
badiiy aks etishida ham ko‘rinadi.
2. Alplik tizimi qahramonlik dostonlari uchun mezon.
Alplik tizimi – epik ijodda qahramonlik eposiga xos bo‘lgan
tasavvurlar birligining badiiy ifodasi. Faqat qahramonlik
eposiga xos, bu tur dostonlarning o‘zak mezonlaridan bo‘lmish
xalqning «alplik tizimi» bilan bog‘liq tasavvurlarining qat’iy
o‘lchamlari mavjud.
– avvalo, qahramonning tug‘ilmasdanoq homiy eranlar
nazarida turganligi – nazarkarda ekanligi (eposning qadimiy
shaklida alp to‘g‘ridan to‘g‘ri ilohlar farzandi, deb talqin
etiladi).
– baxtli yulduz oyida tug‘iluvchi, bo‘lajak qahramonning
paydo bo‘lishi haqida dushman yurt kohinlarining karomatlar
aytishi. Ularning bolani yo‘q qilishga urinishlari.
– qahramonning dushmanlarni dog‘da qoldirib ulg‘aya
borishi davomida «alplik dardi»ga yo‘liqishi. Masalan:
«Go‘ro‘g‘li»dostonida qahramon qabiladoshlariga «ozor»
yetkazadi. Lekin bu «ozor» shunchaki bezovta etish emas.
Odatda qahramon – alp xalqning quvvati mudrayotgan,
omma inert (sust) holatga tushgan bir davrda uni kuchga
endiruvchi o‘ziga xos «uyg‘otuvchi» sifatida paydo bo‘ladi.
Bu davrda sust avlod ichida passionar (bunyodkor) avlod
tug‘iladi. Alp passionar avlod vakiligina emas, darg‘asi –
yo‘lboshchisi hisoblanadi. Hamisha passionar(faol) avlod
inert(sust) ommaning «halovati»ni buzadi. Bu jarayonsiz etnos
quvvatga kirmaydi. Ya’ni, yangi sifat bosqichiga chiqmaydi.
«Alpomish»dagi «zakot» masalasining kun tartibiga chiqishi
va elning bu yangilikdan bezovta bo‘lib ko‘chishi, ana shu
ikki avlod o‘rtasidagi kurashning ifodasidir. Dostondagi
– 99 –
«zakot» motivi asosida «alplik dardi» badiiy kodlari turibdi.
Dostonning boshqa variantlarida bu motiv turlicha talqinlarda
keladi. Ammo mohiyat o‘zgarmaydi. Dostondagi «alplik
dardi»ni ifodalovchi voqealar tafsiloti, passionar avlodning
kuchga kirish davrida uni inert omma qabul qilolmasligini aks
ettiradi. Ba’zan inert(sust) ommaning soyasi alpning xatti-
harakatlariga ham ta’sir o‘tkazadi. Alp esa bu davrda yo‘l
qo‘ygan xatolari badalini ulg‘ayganda to‘laydi. Etnosning
savob-u gunohi alpning taqdirida, Alpning savob-u gunohi
etnosning taqdirida namoyon bo‘ladi. «Alplik dardi» nafaqat
alpning, balki «etnosning yangilanish bo‘sag‘asidagi «dardi»,
uyg‘onish, harakatga kelish «og‘riqlari» hamdir.
– «Alplik dardi»ning «tanlangan» (alp) va «tanlov»chi lar –
homiy eranlar o‘rtasida bevosita muloqotning boshlanganligini
bildirishi. Yanada aniq aytilsa, «alplik dardi» qahramonning
yerda tug‘ilib, ma’lum muddatga «yovvoyilashgan»
(etnosning ushbu davrdagi zamon va makon ta’siriga qisman
tobe turgan) ruh va tanini eranlar iqlimiga moslashtirish
muddatidagi qarshiliklari va uyg‘unlashuv jarayoni ekanligi.
– Eranlarning o‘z makonida qahramonning jismi va
ruhini ilohiy nur hamda sharob bilan toblab, emlab (bamisli
asov tulporni jilovlab) darddan xalos etishi. Unga alplik sir-u
sinoatlarini o‘rgatishlari. Qahramonning alp sifatida qayta
yaralishi. Alpning initsatsiya jarayonidan o‘tishi.
– Qahramonning alplik kuch-qudratiga, bilimiga, sehrli
xususiyatlariga, belgilariga ega bo‘lishi.
– Qahramonning eranlardan alplik qurol-aslahalarini
olishi.
– Qahramonning eranlardan alp sifatida bajaradigan
vazifasi – yerdagi missiyasi va taqdirini (ibtido va intiho)
bilishi. Ayni talablar Alpomishning Alpinbiy yoyiga ega
bo‘lishi, chiltonlar huzurida Barchin va Alpomish ruhining
uchrashuvi hamda boshqa tafsilotlarda aks etgan.
|