– 137 –
O‘zing rahm etmasang g‘arib holima,
Borsa kelmas yo‘lga ketib boraman.
Bir vaqtida arz so‘ragan xon edim,
O‘zimni bir nonga sotib boraman.
Xudoyo, go‘daklar senga omonat,
Qo‘sh bolamni yetim etib boraman.
Armon bilan yig‘lab qoldi ortimda,
Sanam yorimni unutib boraman.
Demak, Ergash shoir o‘z dostonlaridagi g‘azallarida,
birinchidan, klassik adabiyotimizdagi o‘ziga ma’qul tushgan
ayrim g‘azallarning uslubini (vazn, qofiya, radif va tasviriy
vositalarini) saqlagan holda yangi she’r yaratsa, ikkinchidan,
uning janr imkoniyatlaridan foydalanib, ham mazmun, ham
uslub jihatidan mustaqil g‘azallar ijod qilgan.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li o‘z dostonlarida qahramonlar
tilidan muxammas ko‘rinishidagi chiroyli she’rlarni ham
beradi. «Yakka Ahmad», «Kuntug‘mish», «Alibek bilan
Bolibek» va boshqa dostonlardagi qator she’riy
parchalar
bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
«Alibek bilan Bolibek» dostonining Shahrizar malikasi
Badiuljamolning Alibekka oshiqligi va unga yetishishini
tasvirlovchi ikkinchi qismi o‘zining syujeti jihatidan yozma
adabiyotga (Majlisiyning «Sayful muluk» asariga) borib
taqaladi. Bunda shoir yozma adabiy manbadan foydalanish
bilan birga, klassik she’riy formalarda ham bir
qancha
parchalar to‘qigan:
Devlarim, parvoz etib taxti samoni axtaring,
Hamd aytib, tinmasdan ushbu muddaoni axtaring,
Topmayin qo‘ymang bu kun, dasht-u daloni axtaring,
Avvali Makka, Madina, Karbaloni axtaring...