273
qiziqishlarning ko‘pligini va kamligini, ularning barqaror, kuchli
yoki kam bo‘lishini farq qila bilish zarur. Qiziqishlarning jadalligida
katta individual tafovutlar mavjud. Ko‘p kasalliklarda irodaning
pasayishi hulq-atvorning va qiziqishlarning o‘zgarishi bilan kechadi.
Turli xil kasalliklarda qiziqishlarning jadalligi va soni, odatda,
turlicha bo‘ladi. Ko‘pincha, bemorlarning ishtaxasi yo‘qoladi,
odatdagi mashg‘ulotlarga, o‘qishga qiziqmay qo‘yadilar. Ba’zi bir
ruhiy xastaliklarda qiziqishlarga va harakat
qilishga qobiliyatning
patologik zaiflashuvi yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Chunonchi,
depressiyada va shizofreniyaning ayrim turlarida bemorlar deyarli
hech narsaga qiziqmay qo‘yadilar. Ular hech narsa qilgisi kelmaydi,
hech narsa qiziqaydi. Bunday bemorlar uzoq vaqt, goho oylab va-
yillab kam harakatchan va faoliyat ko‘rsatmay, ko‘proq vaqtini
o‘rinda yotib o‘tkazishadi. Ovqatga qiziqishning yo‘qligi,uzoq vaqt
ovqatdan bosh tortishda ifodalanadi. Boshqa kasalliklarda, ayniqsa
maniakal sindromda qiziqishlarning keskin
oshishi va beqarorligi
xos bo‘ladi. Chunonchi, akrixindan zaharlangan maniakal sindromga
chalingan bemor ayol bir vaqtning o‘zida tibbiyot institutiga o‘qishga
kirmoqchi, atirgullarning yangi navlarini o‘stirmoqchi va ulardan uyda
atir ishlab chiqarmoqchi, yerga tegib, kamida oltita bola tug‘moqchi,
kattakon roman yozmoqchi, opera teatrida ashula aytmoqchi, chet
tilini o‘rganmoqchi va rangli fotosuratga olishni o‘zlashtirmoqchi
bo‘lgan. Aslida esa u bittasining ham uddasidan chiqa olmagan.
Ma’lumki, har bir iroda harakatiga muayyan maqsad qaratilgan
bo‘lib ,unga ana shu harakat natijasida erishilishi lozim. Shuni
ta’kidlash kerakki, odam psixologiyasini tushunish uchun faqatgina
harakat maqsadlari emas, balki harakat sabablari ham ahamiyatli
bo‘ladi. Sabab va maqsadlar bir-biriga hamma vaqt ham to‘g‘ri
kelavermaydi. Masalan, uchta ishchi ishlab chiqarish rejasini ortig‘i
bilan bajarib kelmoqda. Ularning maqsadi biror bir buyumni imkoni
boricha ko‘proq ishlab chiqarish bo‘lsada, sabablari har xildir. Birida –
ijtimoiy sabab, ikkinchisi ko‘proq pul ishlab televizor sotib olmoqchi,
uchunchisi esa ishga shunchaki ermak uchun kelib ketadi.
Harakatlar sabablarini tahlil etish sog‘lom va bemor odamlar
psixologiyasini tushunish uchun kerak bo‘ladi. Chunonchi, ovqatdan
274
bosh tortishga turli xil omillar sababchi bo‘ladi: ishtahaning yo‘qligi,
ozishga
harakat qilish, kasalxonaga borishdan bosh tortish va h.k.
Oddiy iroda harakatlarida intilishdan keyin bevosita ijro etishga
o‘tiladi. Birmuncha murakkab iroda harakatlarida esa intilish bevosita
harakat qilishga o‘tmaydi. Balki murakkab iroda harakatlarida muhim
o‘rin tutadigan muhokama etish va sabablar kurashi paydo bo‘ladi.
Bu bosqich shundan iboratki, biz mazkur harakatni bajarish kerakmi-
yo‘qmi, degan o‘y-fikrlarni taroziga solib ko‘ramiz. Sabablar kurashi
muayyan qaror qabul qilish bilan tugallanadi. Ushbu bosqichda
iroda jarayonining ikkita kamchiligiga duch kelishga to‘g‘ri keladi.
Muhokama etish bosqichi yetarlicha rivojlanmagan yoki u hatto
bo‘lmaydigan odamlar bor. Bu esa o‘ylamay, yengil harakat qilishga
olib keladi, chunki intilish yoki impuls birdan harakat qilishga
aylanadi. Impulsiv harakatlar ba’zi bir ruhiy kasalliklarga, ayniqsa
psixopatiyalarga xos bo‘ladi. Ma’lum sharoitlarda, bu harakatlardan
soppa-sog‘ odamlar, ayniqsa xolerik mijozli kishilar ham istinso
bo‘lmaydi.
Bordiyu, sabablarning kurash bosqichi juda cho‘zilib ketsa (bu
harakatni tanlashning ikkilanish qiyinchiligida namoyon bo‘ladi), bu
ruhiyot buzilganidan darak beradi. Bunday ikkilanish psixoastenik
shaxslarga xos bo‘ladi. Umuman qaror
qabul qilingach uni ijro
etish kerak. Goho u yoki bu reja tuziladi, biroq hammasi ham ijro
etilavermaydi. Ijro etish – iroda jarayonining eng qiyin bo‘lagidir.
Hammaga ma’lumki, to‘g‘ri va oqilona qarorlar ko‘pincha osongina
qabul qilinadi, ammo ularni ado etish mushkul bo‘ladi. Iroda kuchi
asosan ana shu yakunlovchi bosqich (ado etish)ga qarab baholanadi.
Ba’zi hollarda qarorni bajarish uchun ozgina iroda kuchi ko‘rsatilsa,
bas, boshqa hollarda esa uni uzoq va izchillik bilan ko‘rsatish talab
qilinadi. Shuni hisobga olmoq kerakki, iroda kuchi birorta ishni ado
etishdagina emas, balki xohishni to‘xtatishda, ularni rad etishda
namoyon bo‘ladi, shunda u birorta ahloqiy-etik fikr-mulohazalarga
qarab kerak bo‘lib qoladi.
Shunchaki qaraganda, odam irodasi juda erkin va hech narsadan
chegaralanmagandek bo‘lib tuyuladi. Oddiygina kuzatuvlar go‘yo
buni tasdiqlaydi ham. Masalan, odam xohlasa o‘tiradi, xohlasa turadi
275
va hokazo. Agar odam ancha vaqt suv ichmay yursa, agar uning
vujudi ana shu suyuqlikni juda qo‘msasa,
u albatta chanqaydi va
albatta suv ichgisi keladi. Shunday qilib, uning “mutloq erkin irodasi”
cheklangan bo‘lib chiqadi va qandaydir shart-sharoitlarga bog‘liq
bo‘ladi. Irodani tanlash imkoni borligini inkor etuvchi nazariyalar
ham mavjud bo‘lgan. Ular fikricha har qanday hodisa, shu jumladan
odamlarning xohishlari ham muayyan sabablarga aloqador bo‘ladi,
shu bois shart-sharoitlar mavjud bo‘lgandagina odam biror harakatni
ado etadi. Tanlash erkinligini his etish esa faqat illuziyadir. Mutloq
erkin irodani tan olish va umuman irodani inkor etish mumkin emas.
Birinchisi dunyoni anglamaslikka olib keladi. Odam irodasi hech
qaday qonuniyatlarga bo‘ysunmas ekan, jamiyatning taraqqiy etishi
haqidagi fanni yaratish mumkin emas. Mexanistik determinizm ham
ancha zararli. U xususan, taqdirga ishonishga, fatalizmga olib keladi.
Haqiqatan ham, bordiyu odamning barcha hatti-harakatlari oldindan
ma’lum bo‘lsa va uni hech o‘zgartirib bo‘lmasa, birorta ishni ado
etishning, maqsadga erishishda urinib ko‘rishning keragi bo‘lmay
qolardi.
Iroda erkinligi bunda inkor etilmaydi. U qaror qilish, oqilona tanlay
bilish va o‘z xatti-harakatlarini ongli ravishda boshqarish, ularning
oqibatlarini oldindan bilish imkoniyati borligidan iborat.
Shunday
qilib, odam biror narsani yoki faoliyatni tanlashda, uning zaruriyatini
anglagan holda eng zarur bo‘lgan qarorlardan birini qabul qiladi.
Odamning irodasi mehnat faoliyatida, o‘rganish va o‘rgatish
jarayonida, turmush mashaqqatlariga duch kelishida va ularni yengib
o‘tishida bilinadi va mustahkamlanadi. Bolalikdan to‘g‘ri tarbiya
berish katta ahamiyat kasb etadi. Bola erka qilib tarbiyalansa, uning
barcha istaku-xohishlari so‘zsiz bajarib borilaversa, u hech narsaga
intilmasdan o‘sadi, katta bo‘lganida qiyinchiliklarga bardosh bera
olmaydi. Bu esa irodaning taraqqiy etishiga g‘oyat salbiy ta’sir
ko‘rsatadi. Bunday bolalarning irodasi mo‘rt bo‘ladi, uzoq vaqt davom
etadigan ishlarga qodir bo‘lmay qoladi. Ular mustaqil bo‘la olmaydi,
hayotning yangi sharoitlariga ko‘nika olmaydi, qiyinchiliklarni yenga
olmaydi. Bunday tarbiya o‘ta erka tarbiya deb ataladi. Bolalar o‘z
holiga qoldirilganda, ota-onalar ularning tarbiyasiga befarq qarashsa
276
bunday tarbiya noxush oqibatlarga olib keladi. Bunda hulq-atvor
ham buzilib ketadi. Dadillik, tirishqoqlik, qat’iylik, tashabbuskorlik,
intizomlilik, vazminlik va o‘zini tuta bilishlik odamning ijobiy
fazilatlariga mansubdir. Ikkilanish, lohaslik, lanjlik, tashabbussizlik,
jur’atsizlik, shuningdek qaysarlik, hamma narsaga salbiy munosabatda
bo‘lishlik (negativizm) irodaning salbiy xususiyatlariga taalluqlidir.
Ayni paytda shuni nazarda tutish kerakki, odatda, odamlardagi ihlos
qo‘yish darajasi individual tarzda juda hilma-xil bo‘ladi. Irodani
tarbiyalashda qiyinchiliklarni yenga bilish ahamiyatlidir. Odam oldiga
hal qilinishi borgan sari qiyinlashib boradigan vazifalar qo‘yilishi
odatda insonni chiniqtiradi va foydali hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: