2.Pedagogik konfliktlarning tuzilishi
Munosabatlarning muayyan tizimida konflikt bu doimo birorta resursning etishmovchiligidir : bitta direktor lavozimiga ikkita o’rinbosarning da’vogarligi, do’konda tanqis mahsulot olish uchun navbatda turganlar o’rtasida bo’ladigan janjal. Resurslar tanqisligini kompensatsiya qilish ko’pincha yuzaga kelgan muammoni birdaniga hal qilishi mumkin. Kishilar kundalik hayotlarida to’qnash keladigan ko’p sonli muammolarni shu tariqa yo’q qilishga erishishi mumkin emas. Oddiy, tipik konfliktlar ob’ektlarini ajratish eng umumiy xarakterdagi muammolar darajasini aniqlashga imkon beradi. Masalan, kundalik turmushimizga xos bo’lgan transport va navbatda turishda bo’ladigan konfliktlar davlat miqyosidagi transport qatnovi va tovar ta’minoti tanqisligi bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’liqdir.
Ba’zan konfliktlar aniq ob’ektga ega bo’lmasligi mumkin, ya’ni ob’ekti bor konfliktlar bilan birga ob’ektsiz konfliktlar bo’lishi mumkin, bunda sub’ektlarning birorta narsa ustidan nazorat qilishi o’zaro maksad-intilishlari istisno qilinadi. Masalan: ko’p qavatli uylarda yonma-yon yashovchi qo’shni xonadonlarning birida uy egasi ilmiy asarni yozish bilan band bo’lganda, qo’shnisi pianinoda mashq qila boshlaydi. Birinchi qo’shni ikkinchisiga murojaat qiladi va shu tariqa konflikt yuzaga keladi. Bu konfliktda qo’shnilar birorta narsa ustidan nazorat o’rnatishga intilmaydilar, balki birinchisining samarali ishlashiga ikkinchisi halaqit beradi. YOki jinoiy ish yuritish amaliyotida shunday holatlar uchraydiki, tasodifiy o’tkinchi bezoriga tanbeh beradi, shunda konflikt avj olishi mumkin. Bunda konflikt bir sub’ekt tomonidan ikkinchisining axloqiy qarashlarini buzish orqasida ro’y beradi.
SHuday qilib, konfliktlar inson hayotining ajralmas tarkibiy qismi bo’lar ekan, konfliktlarni tan olmaslikning, ularning inobatga olmaslikning ilojisi yo’q. Faqat konfliktlarni boshqarish, ularni echimini topishga o’rganish darkor.
Konfliktlar echimini quydagi guruhlarga ajratish mumkin:
- tomonlarning ixtiyoriy kelishuviga ko’ra ziddiyatning echimiga kelishish va to’xtatilishi.
- konfliktning simmetrik echimining topilishi va to’xtatilishi (ikki taraf ham bir xilda yo yutib chiqadi, yo yutqizadi).
- konfliktning asimmetrik hal bo’lishi (ziddiyatdan faqat bir tomon yutib chiqadi).
- konfliktning bir katta nizoni keltirib chiqarishi;
- konfliktning asta «o’chib», «so’nish» va yo’qolib borishi.
YAshiringan formadagi konflikt tomonlarning qanday emotsional-psixologik xususiyatlarini o’zida to’plab borayotganligiga bog’liq.
Agar bu holatlar ijobiy sensorlarga tayansa konflikt echimini topish uchun sharoit mavjud bo’ladi, agar ular salbiy sensorlarni kuchaytirib yuborsa, demak, konfliktning keskinlashib borayotganligini anglatadi.
SHunday qilib,
- konflikt yuzaga kelishi tabiy hol hamda uning vujudga kelishidan qo’rqmaslik va dovdiramaslik lozim;
- konfliktning sub’ektiv va ob’ektiv kelib chiqish sabablarini muhokama qilish darkor;
- konflikt manfaatlarning to’qnashuvi hisoblanadi;
- konflikt echimini topish uchun tomonlarning ixtiyoriy sayi-harakatlari kerak;
- har qanday konfliktning o’z echimi bor, uni topish kerak;
- konflikt o’zidan-o’zi hal bo’ladigan jarayon emas, balki kattaroq nizolarga olib kelishi mumkin.
- konflikt echimida ziddiyatning echimi qarama-qarshi odamga emas muammoga qaratilishi lozim.
- konfliktni insonlar emas, balki vaziyatlar va manfaatlar vujudga keltiradi.
- konfliktni har doim yoshlar ma’lum bir ilmga tayanib hal etish kerak.
- konfliktni ijobiy xususiyatlari ko’ra olish kerak.
- yoshlar konfliktning salbiy yoki ijobiy xususiyatlari tenglikda ko’ra olishi lozim.
3.Pedagogik konfliktlarning rivojlanish darajasi va bosqichlari
Eng yangi davrga kelib konfliktlar nazariyasi yanada rivojlantirildi.
Konfliktlarni tadqiq qilishning nazariy jihatlarini ishlab chiqishda amerikalik sotsiolog Tolkott Parsons (1902-1979) tomonidan asoslantirilgan tashkilotning tuzilmaviy funktsional modeli muhim o’rin egallaydi. U jamiyatga insonlar o’rtasidagi munosabatlar tizimi, normalar va qadriyatlarga uni bog’lovchi bo’g’in deb qaragan. U quyidagi qoidalarga amal qilgan: a) har qanday ijtimoiy tizim nisbatan barqaror, doimiy va yaxshi tashkil etilgan tuzilmadan iborat ; b) bu tizimning har bir elementi muayyan funktsiyani bajarishi bilan tizim barqarorligini saqlashga o’z ulushini qo’shadi; v) bu ijtimoiy tuzilmaning amal qilishi zarur barqarorlik va hamkorlikni ta’minlovchi jamiyat a’zolarining qo’llab-quvvatlashiga asoslanadi.
Parsonsning fikricha, ijtimoiy harakatning me’yoriy komponenti quyidagi to’rtta darajada namoyon bo’ladi: organizm, shaxs, ijtimoiy tizim, madaniyat. Konfliktning bo’lishi ijtimoiylashuv jarayonining o’zida mavjud, bunda inson nafaqat ijtimoiy tizimning namoyon bo’lish usullariga, shuningdek, tegishli madaniyatning me’yorlari va qadriyatlariga ham jalb qilinadi. Ijtimoiylashuv jarayonida organizmning ichki fiziologik ehtiyojlari bilan insonning ijtimoiy munosabatlardagi ehtiyojlari o’rtasida shakllanadigan nomuvofiqlik, muayyan tanglik konfliktga aylanishi mumkin.
Bunda ijtimoiy tizimning ichki qarama-qarshiligini, va demak, konfliktlarni vujudga kelishining realligini tan olinishi juda muhim edi. Biroq , umuman olganda, Parsons tizim elementlari o’rtasidagi konfliktsiz , “uyg’un“ munosabatlar tarafdori bo’lgan. U konfliktni ijtimoiy anomaliya, o’ziga xos kasallik va uni engish zarur deb hisoblagan.
Ijtimoiy konflikt tabiatiga nisbatan Parsons tomonidan bildirilgan nuqtai nazar XX asrning 30-40-yillarida “kishilar munosabatlari “ maktabi vakillari tomonidan qo’llab-quvvatlangan. Ular ham sanoati rivojlangan mamlakatlar qurishi kerak bo’lgan jamiyatning tabiiy holati uyg’unlik va ijtimoiy konsensus holati bo’lishi lozim deb hisoblaganlar.
Bu maktabning yirik vakili, Garvard universiteti professori Elton Meyo (1880-1949) “hozirgi zamonning bosh muammosi“ bo’lgan “sanoatda tinchlik“ni o’rnatishga yordam qilish zarur deb ta’kidlagan. U konfliktni xavfli “ijtimoiy illat“ deb bilgan. Undan iloji boricha qochish kerak, “ijtimoiy muvozanat“ga va “hamkorlik holati“ga intilish kerak.
Turli mamlakatlar olimlari hech bir nuqsonsiz faoliyat ko’rsatadigan va boshqariladigan tashkilotlarda ham konfliktlar paydo bo’lishiga e’tibor qaratganlar. Bu holat barqaror konsensusni ta’minlashga qodir qandaydir ijtimoiy tizim modeli borligiga shubhalanishga olib keldi. SHu bilan birga konfliktlarga o’sib o’tuvchi ijtimoiy ziddiyatlarning tabiiy muqarrarligi va qonuniy xarakter kasb etishini hisobga olish zarurligini tushunish ham mustahkamlanib bordi. Natijada XX asrning 50-yillarida AQSH, Germaniya, Frantsiya va qator g’arb mamlakatlarida konfliktning hozirgi zamon kontseptsiyalari shakllandi va keng tarqaldi.
Hozirgi zamon tadqiqotchisi amerikalik Lyuis Kozer 1956 yilda nashr qilgan “Ijtimoiy konflikt funktsiyalari“ nomli kitobida konfliktli munosabatlarsiz ijtimoiy guruhlar mavjud bo’lmasligini hamda ijtimoiy tizimlarning amal qilishi va almashinishida konfliktlarning ijobiy amaliy ahamiyat kasb etishini to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatdi. Uning fikricha, butun jamiyatning barqarorligi unda mavjud konfliktli munosabatlarning miqdoriga va ular o’rtasidagi aloqalar tipiga bog’liq.
L.Kozerning ijobiy-funktsional konflikt nazariyasining mohiyati shundaki, konfliktlar jamiyat uchun begona, anomal hodisa emas ; ular ijtimoiy tizim ichki holatining, undagi alohida shaxslar va ijtimoiy guruhlar o’rtasidagi odatiy munosabatlarning elementi, mahsulidir. Uning fikricha, konfliktlar muhim funktsiyalarni bajaradilar, ular vaqti-vaqti bilan jamiyatdagi tarang vaziyatni yumshatish, alohida shaxslar va ijtimoiy guruhlar o’rtasidagi ziddiyatlar va kolliziyalarni hal etish usuli sifatida zarurdir.
Nemis sotsiologi Ralf Darendorf jamiyatning konfliktli modeli kontseptsiyasini ishlab chiqqan. Uning 1965 yilda chop etilgan “Sinfiy tuzilma va sinfiy konflikt“ asarida har bir jamiyat hukmronlikka, majburlash va bo’ysunishga asoslangan deb hisoblaydi. Qarama-qarshiliklar, konfliktlarning bo’lishiga sabab, faqat odamlarning ijtimoiy notenglikka mahkumligi emas, shu bilan birga hokimiyat, shon-shuhrat, avtoritet uchun bo’lgan kurash, boshqaruv munosabatlaridagi noteng mavqega ega bo’lishdir, bunda bir xil odamlar faqat buyruq berish huquqiga, boshqa odamlar bu buyruqlarni bajarishga va bo’ysunishga majburdirlar.
Darendorf konfliktlarni ijtimoiy hayotda bartaraf etib bo’lmaydigan va har qanday ierarxik tizimga xos xususiyat deb hisoblaydi. Biroq, odamlar konfliktlarni tartibga solish imkoniyatiga egadirlar. Buning uchun uchta shartning bo’lishi zarur: birinchidan, konfliktlashuvchilarning tafovutlanishini va qarama-qarshiligini tan olish ; ikkinchidan, taraflarning, shu jumladan, jamiyatning uyushganlik darajasi qanchalik yuqori bo’lsa, bitimga kelishish shuncha engil bo’ladi ; uchinchidan, konfliktda ishtirok etuvchi taraflar o’rtasidagi munosabatlarni saqlashga olib keluvchi muayyan qoidalarning o’zaro maqbulligi.
Konfliktlarning umumiy nazariyasi deb nomlangan kontseptsiyaga amerikalik sotsiolog va iqtisodchi Kennet Boulding asos solgan. U ham konfliktlar hamma erda uchrashi, odamlar o’ziga o’xshaganlarga nisbatan doimiy dushmanlik qilishga va kurash olib borishga intilishlarini ko’rsatib, zo’rlik ishlatish eskalatsiyasi inson tabiatida yotadi deb bilgan. SHu bilan birga konfliktlar umumiy xususiyatlar bilan paydo bo’ladi va rivojlanadi, yagona elementlar orqali namoyon bo’ladi deb ko’rsatgan hamda ularni ijtimoiy sharoitlardan ajratib bo’lmasligini , ularning oldini olish va engish mumkinligini ta’kidlagan. Boulding fikricha, konfliktlarni barham toptirishga qaratilgan “ijtimoiy terapiya“ asosini uchta narsa tashkil qiladi : yuzaga keluvchi qarama-qarshiliklar sababini tushunish ; ularni tugatishning kelishilgan usullarini oqilona tanlash ; insonlarning ma’naviy takomillashuvi .
Konfliktning hozirgi zamon kontseptsiyalarida kishilarning har qanday harakatlari, shu jumladan, konfliktli harakatlari ham ijtimoiy mohiyat kasb etishi, ularning u yoki bu darajada ijtimoiy muhit bilan bog’liqligi haqida fikr mavjud. Konfliktni, uning sababini, namoyon bo’lish sohasi va shaklini, tartibga solish usulini faqatgina jamiyat, ayniqsa, inson tabiatini, ijtimoiy munosabatlar mohiyatini va insonlarning o’zaro munosabatlarga kirishish qonuniyatlarini chuqur anglash asosida tushunish mumkin.
“Inson“ mezoni, inson mohiyati, uning jamiyatda tutgan o’rni va ijtimoiy tayinlanishi haqidagi masalalar hozirda ham konfliktlarni tushunishda belgilovchi muhim asosdir.
Hozirgi zamon konflikt tadqiqotlarida ikkita asosiy yo’nalish uzil-kesil shakllangan. Birinchi yo’nalish Farbiy Evropada( Frantsiya, Gollandiya, Italiya, Ispaniya) keng tarqalgan bo’lib, u konfliktlarni o’rganish bilan shug’ullanuvchi institutlar faoliyati bilan bog’liq. Ikkinchi yo’nalish AQSHda keng tarqalgan bo’lib, tinchlik muammolarini tadqiq etuvchi institutlar faoliyati bilan bog’liq. Bu institutlarning maqsadlari bir-biriga juda o’xshash, biroq ularga turli metodologik yondoshuvlar asosida erishiladi. Bir xil tadqiqotlarda g’alabaga erishish yo’llari haqida fikrlar birlamchi ahamiyatga ega, ya’ni: “Tinchlikni xohlasang, urushni o’rgan“. Tinchlikni tadqiq qiluvchi institutlar xodimlari tinchlik va kelishuv muammolariga birinchi darajali ahamiyat beradilar. Konfliktlar va ularni hal qilish yo’llariga bo’lgan umumiy qiziqishning ortishi shu darajaga etdiki, siyosiy fanlar Xalqaro assotsiatsiyasining Butun jahon kongressi (Seul,1997) mazkur masalaga bag’ishlandi.
Sobiq Sovet Ittifoqida ijtimoiy konflikt muammolari uzoq yillar davomida ijtimoiy fanlar uchun yopiq mavzu bo’lib keldi. Garchi turli darajadagi konfliktlarning muayyan turlarini huquqiy fanlar an’anaviy tarzda o’rgangan bo’lsalar-da ( xalqaro huquq - davlatlar o’rtasidagi konfliktlarni, fuqarolik huquqi – mulkiy nizolarni, jinoyat huquqi – jinoiy vaziyatlarni o’rgangan), pedagogik konfliktologiya fan sifatida umuman rivojlanmagan.
Hozirda dunyo mamlakatlarida va MDH davlatlarida konfliktning umumtan olingan nazariyasi uzil-kesil ishlab chiqilmagan, konfliktologiyaning ahamiyati va o’rnini tavsiflovchi metodologik yondoshuvlarda jiddiy tafovutlar mavjud.
Konfliktli vaziyatlarni hal etishda kuch ishlatishga bo’lgan yondoshuvning inkor etilishi. Har qanday fan muayyan metodga, ya’ni o’rganadigan hodisalar va jarayonlarni bilishning usuli (yoki usullari yig’indisi)ga ega. Pedagogik konfliktologiya fan sifatida jadal shakllanish bosqichida. SHu bois unga tayyor, mukammal haqiqatlar va bilimlar majmui sifatida qarash mumkin emas. Unda hali davlat-huquqiy amaliyotning ko’p qiyin muammolarini hal qilishga yo’naltirilgan metodlar va yo’llarning keng tizimi uzil-kesil qaror topmagan.
Konfliktologiya psixologiya, huquq nazariyasi, huquq sotsiologiyasi tamoyillari asosida olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarning kompleks yo’nalishi bo’lganligi sababli bu fanlarda mavjud bo’lgan ilmiy bilishning metodologik tamoyillari va usullaridan foydalanadi. O’z navbatida uning o’zi bu fanlarni o’z tadqiqotlarining natijalari va metodologik yutuqlari bilan boyitadi.
Metodologiya demokratik jamiyat uchun eng maqbul bo’lgan hamkorlik strategiyasini, konfliktlarni kelishish orqali hal etish, konsensusga erishish yo’llarini nazarda tutadi. SHu nuqtai nazardan kelib chiqib, pedagogik konfliktologiyaning muhim metodologik tamoyili - konfliktli vaziyatlarni hal qilishda kuch ishlatishni inkor etish ekanligini ta’kidlash o’ta muhimdir.
Insoniyatning tarixiy o’tmishi zo’rlikning oqibatda behuda ekanligini tushunishga, maqbul va muqobil qarorlarni izlab topishga undaydi.
Asosiy yondoshuvlar. Fan metodologiyasi. Ilmiy metodologiyaga falsafiy dunyoqarash bilan belgilanuvchi tadqiqotning muayyan bosh tamoyillari, mantiqiy usullari va maxsus metodlarini qo’llash sifatida qarash mumkin.
Pedagogik konfliktologiyaning metodologik asosi etarli darajada murakkabdir. U umumlashganlik darajasi va bilish vazifalariga qarab turlicha usullarni o’z ichiga oladi, ya’ni:
-
barcha aniq fanlarda va ilmiy bilishning turli bosqichlarida qo’llaniladigan umumiy falsafiy metodlar ;
-
muayyan huquqiy hodisalar va jarayonlarni bilishda foydalaniladigan maxsus yoki xususiy metodlar: statistik, aniq-sotsiologik, qiyosiy-huquqiy, psixologik, matematik metodlar.
Falsafiy ta’limotga ko’ra, hissiy va nazariy yondoshuvlar ilmiy bilishning asosiy yondoshuvlari, ilmiy bilishning ikki bosh shakllaridir. Hissiy va nazariy yondoshuvlarning farqlanishi negizida ilmiy bilish, pedagogik sohada esa huquq va davlat hodisalarini, shuningdek konfliktli jarayonlarni ajratib o’rganish yotadi. Birinchi yo’nalish bevosita ob’ektga yo’naltiriladi, kuzatuv va eksperiment ma’lumotlariga tayanadi, ikkinchisi konfliktologiyani o’rganish va tushunish jarayonini rivojlantirish hamda takomillashtirish bilan bog’liq va ob’ektiv borliqni har tomonlama va mukammal bilishni o’z maqsadi deb biladi. Ikkala yondoshuv o’zaro aloqador va biri ikkinchisini taqozo etadi. Hissiy yondoshuv kuzatuv va eksperiment natijasida yangi ma’lumotlarni aniqlashga qaratiladi, nazariy tadqiqotning rivojlanishiga turtki bo’ladi, uning oldiga yangi vazifalarni qo’yadi. Nazariy yondoshuv fanning nazariy mazmunini boyitadi va rivojlantiradi, yangi istiqbollarni belgilaydi, faktlarni izohlaydi, hissiy tadqiqotlarni umumlashtiradi va yo’naltiradi.
Mantiqiy va tarixiy metodlar fanning mavhumlikdan aniqlikka o’tishi bilan bog’liq. Ular nazariyaning mazmunini tashkil etuvchi tushunchalar, ta’riflar, kategoriyalarni ishlab chiqishning tartibi va ketma-ketligini belgilaydi.
Konfliktlarni o’rganishda qaysi metod yoki yondoshuv qo’llanilmasin, ular ijtimoiy-huquqiy hodisalarning rivojlanish dialektikasini e’tiborga olishi kerak.
Fan kategoriyalari. Dialektika qonunlari huquqiy tadqiqotlarda muhim ahamiyat kasb etuvchi bilishning mantiqiy vositalari bilan uzviy aloqada bo’ladilar. Masalan, analiz yordamida yaxlit huquqiy tizim alohida tarkibiy qismlarga bo’linadi (huquq normalari, huquqbuzarlik, pedagogik faktlar va h.) , ularning har biri mustaqil o’rganiladi, so’ng barcha qismlar sintez yordamida o’ziga xos jihatlari bilan umumlashtiriladi.
Dialektikaning asosiy kategoriyalari - umumiy belgilar va aloqadorlikni aks ettiruvchi tushunchalardir, ya’ni bu belgilar va aloqadorlik ijtimoiy hayot hodisalari va predmetlariga hech bir istisnosiz taalluqli bo’ladi, demak, pedagogik konfliktlarga ham xos xususiyatlardir.
Serbiyalik olim R.Lukichning ta’kidlashicha, “Huquqqa xos maxsus metodlarni qo’llash uchun zarur bilimlarga ega bo’lmagan “sof“ dialektikdan yaxshi yurist chiqmaydi. SHuningdek, faqat maxsus, sof professional metodlar doirasida qolib huquqqa eng umumiy, dialektik metod nuqtai nazaridan yondoshmaslik ham yaxshi yurist uchun xos bo’lmagan xususiyat hisoblanadi“.
Asosiy falsafiy kategoriyalar bo’lib, yakka va umumiy, sabab va oqibat, zaruriyat va tasodif, mazmun va shakl, mohiyat va hodisa, imkoniyat va borliq kabi juft kategoriyalar kiradi. Masalan, sabab va oqibat kategoriyalarini o’rganish shuni ko’rsatadiki, “ijtimoiy munosabatlar - huquq normalari“ nisbatida ijtimoiy munosabatlar - sabab, huquq normalari - oqibat sifatida namoyon bo’ladi. Huquqni qo’llash jarayonida insonning haqiqiy faktik xulq-atvori pedagogik normani qo’llash uchun sabab (asos) bo’ladi. Huquq normasi va unda nazarda tutilgan pedagogik oqibatlar xulq-atvorga nisbatan oqibat hisoblanadi.
Metodlar. Pedagogik konfliktologiya ilmiy bilishning maxsus va xususiy metodlaridan foydalanadi.
Pedagogik bilimning bir tarmog’i sifatida pedagogik konfliktologiya tafakkurning mavhum faoliyati natijalari aks etgan huquq mohiyati, mazmuni va shakllari, bir butun huquqiy tizimni va qonunchilikni takomillashtirish, huquq ijod etishning umumiy ilmiy tushunchalarisiz, huquq tadbiq etish, uni sharhlash, huquqiy munosabatlar, qonuniylik va huquqiy tartibot, huquqiy xulq-atvor va pedagogik javobgarlik, shuningdek, demokratiya, jamiyatning siyosiy tashkiloti, davlat, uning mohiyati, mazmuni va shakllari, mexanizmi va funktsiyalari, huquq ijod etish va huquq qo’llash faoliyati kabi kategoriyalarsiz rivojlanishi mumkin emas.
Fanning umumiy kategoriyalari xususiy metodlarni inkor etmay, balki taqozo etadi.
Mantiqiy metod huquqni mantiqiy o’rganish, izohlash vositalari va usullarini o’z ichiga oladi, tafakkur shakllariga va dialektika, mantiq qonunlariga asoslanadi.
Mantiq qonunlarining har biri (ayniyat, qarama-qarshilik, uchinchisini istisno etish, etarli asoslantirish va h.) huquq xususiyatlarini ifodalash orqali huquqda o’zini to’la namoyon etadi. Barcha asosiy huquqiy va tartibga solish jarayonlari ( eng avvalo, huquq ijod etish va huquqni qo’llash) tushunchalar, xulosalarni tahlil etish qoidalari - tafakkur shakllari bilan qat’iy mos holda amalga oshiriladi.
Huquqdagi konfliktli holatlarni o’rganishda va tushunishda mantiq vositalaridan foydalanish qonunchilikni shakllantirishda ziddiyatlarga yo’l qo’ymaslikka, mantiqan ziddiyatli bo’lmagan va shu bilan huquqning eng samarali tizimini bunyod etishga, pedagogik normalarni to’g’ri va o’rinli qo’llashga imkon beradi.
Qiyosiy metod pedagogik tushunchalar, hodisalar va jarayonlarni taqqoslashni hamda ulardagi o’xshash yoki farqlanuvchi jihatlarni aniqlashni taqozo etadi. Taqqoslash natijasida yaxlit huquqiy tizimning yoki alohida huquqiy institutlar va normalarning, ularning uyg’unlik va muvofiqlik sifat holati aniqlanadi.
Sotsiologik(aniq-sotsiologik) metod pedagogik konfliktlarning turli xillarini, qabul qilinadigan qarorlarning qanday natija berishligini, shuningdek, huquqiy tartibga solish yoki huquqiy muhofazaning ishonchliligi va o’z vaqtida bo’lishini o’rganishda samarali foyda berishi mumkin. Bunday metod ko’pgina an’anaviy muammolarga ijtimoiy amaliyot talablarini e’tiborga olgan holda chuqur yondoshib qolmay, balki shu bilan bir qatorda yangi muammolarni ham keltirib chiqaradi. Gap shundaki, bozor munosabatlariga o’tish jarayonida faqat davlat va huquqning xususiyatlari va rivojlanish tendentsiyalarini, umumiy qoidalarini, tamoyillarini aniqlash etarli emas. Bunda bu omillar real munosabatlarda qanday amal qilishi mumkin, davlat-huquqiy tizimning butun holida va tizim doirasida uni tashkil etuvchi elementlarning har birini samarali amal qilishini ta’minlash qanday yo’llar bilan erishiladi kabi masalalar echimini topish kerak.
Konflikt muammmosini o’rganishdagi ilmiy yondoshuv havola etilayotgan tavsiyalarning huquqiy sohadagi qarorlarning ijtimoiy ahamiyati va oqibatlarini to’la baholay olishga imkon beruvchi barcha - ijobiy yoki salbiy bo’lishi mumkin ijtimoiy omillarni atroflicha o’rganish va hisobga olish asosida ishlab chiqilishini talab etadi.
Bu hollarda huquqiy material mavhum kategoriyalar darajasida emas, balki aniq faktlar asosida qaraladi. Huquqni o’rganishdagi sotsiologik metod statistik ma’lumotlar va turli xil hujjatlarni tahlil etish, ijtimoiy-huquqiy eksperiment, aholi o’rtasida so’rovnoma o’tkazish, ma’lumotlarni qayta ishlashning matematik va statistik metodlarini o’z ichiga oladi.
Qonunchilikni rivojlantirish, huquqni qo’llash, jinoyatchilik bilan kurashish faoliyatini yaxshilash faqat kundalik huquqiy hayotning ishonchli faktlariga tayangan holda olib borilsagina asoslantirilgan va haqiqiy bo’ladi.
Huquqiy sohada sotsiologik metodning qo’llanilishi pedagogik fan tarkibida nisbatan mustaqil tarmoq bo’lgan huquq sotsiologiyasini shakllanishiga olib keldi.
Sotsiologik maktab namoyondalarining fikricha, davlat huquqni ijod etmaydi, balki jamiyatning o’zida vujudga keladigan va rivojlanadigan huquqni “kashf etadi“, xolos. Bunday yondoshuv jamiyatda ro’y beruvchi haqiqiy jarayonlarni o’rganishga e’tiborni yo’naltiradi.
Huquq sotsiologiyasi huquqiy hodisalarni o’rganishning bir qator metodlaridan foydalanadi, masalan, qonun chiqarish faoliyati va jarayoni (“qonunchilik sotsiologiyasi“), sudyalar korpusi va karerasining sotsiologik jihatlarini, aholi alohida guruhining huquqqa va huquq institutlariga bo’lgan munosabatlarini o’rganish. Bunda pedagogik konfliktologiya uchun kam ahamiyatli bo’lmagan huquqiy ma’lumotlar, shuningdek, huquq sohasida aniq tadqiqotlarni olib borishning metodologik tajribasi to’planadi.
Tadqiqot predmetining murakkablashuvi va kengayib borishi, amaliyot qo’yayotgan yangi talablar borgan sari tadqiqotning ishonchli va qat’iy metodlari bo’lgan matematik, matematik-statistik, modellashtirish kabi metodlarini qo’llashni taqozo etadi. Mantiqiy matematik va statistik metodlar har qanday, shu jumladan, huquq tizimlarida muayyan statistik qonuniyatlarning, miqdoriy ko’rsatkichlarning mavjudligi bilan bog’liqdir. Matematik metod huquqiy hodisalar va jarayonlarni nazariy (mantiqiy) va tarixiy tadqiq qilishning yuqori darajasini taqozo qiladi.
SHunday qilib, muayyan aniq metodni tanlash, undan samarali foydalanish tadqiqot predmeti va vazifalari bilan uzviy bog’liqdir. Eng ko’proq tizimli metod huquqni, qonunni, uning jamiyat bilan konfliktlashuvini kompleks jarayon sifatida o’rganishga imkon beradi. Tadqiqot predmetiga nisbatan mavhum tanlangan metod bilimning ortishiga olib kelmaydi, biroq tadqiqot metodi to’g’ri tanlansa va undan oqilona foydalanilsa, u tadqiqotning bilish faoliyatiga sezilarli xizmat qiladi, uning ilmiy va amaliy samaradorligini oshiradi, to’plangan faktik ma’lumotlarni baholash va tizimlashtirishga, kelajak istiqbolni belgilashga yordam qiladi.
Dostları ilə paylaş: |