1.2 Ayniyning tojik milliy ijodiy saylanmasi
XX asr oʻzbek va tojik adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878 yilning 15 aprelida Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanidagi Soktare qishlogʻida dunyoga kelgan. Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan Sadriddin 1890 yilda Buxoroga kelib Mir Arab, Badalbek, Olimxon, Hoji Zohid, Koʻkaldosh madrasalarida tahsil oladi. yangi usul maktablarida muallimlik qiladi.
Buxorolik ulkan maʼrifatparvar Ahmad Donish hamda koʻplab maʼrifatparvarlar asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Madrasa tahsili tugagach, Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun oʻquv qoʻllanmalar, xalqni ilm-maʼrifatga chaqiruvchi sheʼr va hikoyalardan iborat “Tahsib us-siyobon” – “Yoshlar tarbiyasi” (1909) darsligini tuzadi. “Yosh buxoroliklar” harakatida faol qatnashadi.
Sadriddin Ayniy zullisonayn ijodkor boʻlib oktyabr toʻntarishidan keyin oʻzbek va tojik tillarida daʼvatkor sheʼrlar, marshlar yaratadi, ularni “Inqilob uchqunlari” (1923) toʻplamida nashr etadi.
Yozuvchi “Buxoro jallodlari” (1922) qissasida amir amaldorlarining dahshatli jabr-zulmini, gunohsiz kishilarning qatl etilishlari, “Odina” (1927) qissasida esa mehnatkash xalqning ogʻir qismati va fojiali hayotini jonli tasvirlab berdi.
S. Ayniyning dastlabki “Doxunda” romani 1929–1930 yillarda yaratilgan. Unda maʼrifatga intilgan yosh yigitning hayot yoʻli umumlashtirilgan. Keyingi “Qullar” romani 1934 yilda Toshkentda oʻzbek tilida, 1935 yilda esa Dushanbeda tojik tilida nashr qilindi.
“Sudxoʻrning oʻlimi” (1937) qissasining bosh qahramoni Qori Ishkamba jahon adabiyotidagi Plyushkin va Gobsek kabi mumtoz obrazlar bilan bir qatorda turadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida S. Ayniy “Marshi intiqom”, “Muqanna qoʻzgʻoloni”, “Temur Malik” kabi vatanparvarlik ruhidagi ilmiy va badiiy asarlarini yaratdi. U xalq ijodidan, folklor asarlaridan keng foydalangan holda “Yetti boshli dev” asarini yozdi. Yigirmanchi yillarda eʼlon qilingan qator hajviy asarlari, “Yana bu qaysi goʻrdan chiqdi”, “Puling halol boʻlsa, toʻy qil” (1924), “Mashrab bobo”, “Ye, toʻnim” (1925), “Bilganim yoʻq”, “Kengash” (1926) kabi oʻzbekcha feletonlari, hajviy sheʼr va maqolalari, ayniqsa, “Sudxoʻrning oʻlimi” (1939) hajviy qissasi yozuvchining mohir satirik ham ekanligini koʻrsatadi.
S. Ayniyning Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda yaratgan asarlari orasida toʻrt jildlik “Esdaliklar”i (1949–1954) alohida ajralib turadi. “Esdaliklar”, “Sudxoʻrning oʻlimi” qissalari, shuningdek, “Doxunda” va “Qullar” romanlari bolgar, nemis, polyak, venger, xitoy, fransuz, rumin, hind, chex va boshqa tillarga tarjima qilingan. S. Ayniy zukko olim, tarixchi va adabiyotshunos sifatida oʻzbek va tojik adabiyoti tarixi borasida salmoqli ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning Oʻrta Osiyolik buyuk shoir, olim va mutafakkirlar – Rudakiy, Saʼdiy, Ibn Sino, Vasfiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. Ana shunday salmoqli tadqiqotlari uchun unga filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan.
Adib Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining faxriy aʼzosi, Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi. Bir necha yillar Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat dorilfununining professori, Tojikiston Fanlar akademiyasi tashkil topgan kundan boshlab uning prezidenti sifatida xizmat qilgan.
Sadriddin Ayniy 1954 yilning 15 iyulida Dushanbe shahrida vafot etdi. Vafotidan keyin Oʻzbekiston va Tojikistondagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, koʻchalar, maktablar, kutubxonalar, sanʼat va madaniyat muassasalariga Sadriddin Ayniy nomi berildi. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochildi. Vatan va xalq oldidagi unutilmas xizmatlari inobatga olinib, 2001 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Oʻrta Osiyoning oʻtmishi, madaniyati, oʻzbek va tojik xalqlari adabiyotining tarixi, bu qardosh xalqlarning klassik shoirlari, tazkiranavislari, adiblari va maʼrifatparvar olimlari toʻgʻrisida tadqiqot ishi olib borgan va olib borayotgan har bir ilm ixlosmandi sharqshunos va adabiyotshunos olim, Buxoro tarixining mohir bilimdoni Sadriddin Ayniyning (1878-1954) “Namunai adabiyoti tojik” (“Tojik adabiyotidan namunalar”) asariga murojaat etadi. Uning yirik ilmiy-adabiy tadqiqoti “Tojik adabiyotidan namunalar” asari uch qismdan iborat boʻlib, 1926 yilda Moskvada arab imlosida tojik tilida nashr etilgan [1]. Asar ikkinchi marta 2007 yilda fors tilida Eronda [2] va uchinchi bor 2010 yilda Dushanbeda kirill yozuvida tojik tilida, Ayniy “Kulliyot” (Asarlar toʻplami)ning 16 jildi sifatida chop etildi
Bu antologiyada X asrdan boshlab to 1925 yilgacha Oʻrta Osiyoda yashab ijod etgan 228ta shoir, yozuvchi, olim, tazkiranavis allomaning hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar keltiriladi. Jami 228ta shoirni qamrab oluvchi bu tazkirada yuzdan ortiq “Buxoriy” taxallusi bilan ijod qilgan buxorolik ijodkorlar oʻrin olgan. Shuni ham aytish joizki, adabiyotshunos olim oʻz asariga 50dan ortiq oʻzbek olimi, shoiri, tarixchisi va tazkiranavisini ham kiritgan. Ayniyning shaxsi va faoliyatiga xos muhim fazilatlaridan biri, bu uning ikki tilda, yaʼni oʻzbek va tojik tilida barakali ijod etganidir.
“Tojik adabiyotidan namunalar” asaridagi biografik maʼlumotlar ixcham va xarakterlidir. Ayniy shoirlar toʻgʻrisida berilgan maʼlumotlarda u adibning ijod bobidagi iqtidoriga, shaxsiyatiga, axloq-odobiga alohida eʼtibor beradi. Adabiyotshunos olim Buxoroda yashab ijod etgan, oʻz nomini abadiyatga muhrlagan, zamonasining oʻqimishli, ziyoli kishilari toʻgʻrisidagi qimmatli maʼlumotlarni berib oʻtgan. Adibning asarlari, uning sharqshunoslik, tarix va adabiyotshunoslik masalalariga doir “Tojik adabiyotidan namunalar” asari boy faktik materiallarni chuqur ilmiy tahlil etishga qaratilgan. Tadqiqotchi qaysi ijodkor haqida ilmiy tekshirish ishiga kirishmasin, birinchi navbatda bu ijodkor yashagan davrning tarixiga toʻxtaladi. U ijodkorning shaxsi bilan aloqador barcha tarixiy, adabiy manbalar, xalq ogʻzaki ijodidagi afsona va rivoyatlarni ham sinchiklab oʻrganadi. U ijodkorning asarlarida uchraydigan ayrim avtobiografik va tarixiy maʼlumotlarga diqqatni jalb etib, ularni ham tadqiqot doirasiga tortadi. Bunday keng va batafsil tadqiq usuli har bir ilmiy xulosaning mantiqiy asosini taʼminlaydi.
Sharqshunos olim Ayniy bu tazkirasiga tartib berishda oʻzbek, fors-tojik adabiyoti tarixida X-XIX asrlarda tuzilgan Xoja Hasan Nisoriyning “Muzakkir ul-ahbob”, Mutribiy Buxoriyning “Tazkirat ush-shuaro”, Qori Rahmatullo Vozehning “Tuhfatul ahbob”, Muhammad as-Saolibiyning “Yatimat ad-dahr”, Muhammad Avfiy Buxoriyning “Lubob ul-albob”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Fazliy Namangoniyning “Majmuai shoiron”, Afzal Maxdum Pirmastiy Buxoriyning “Afzal-ut-tazkor fikri zikr-ush-shuaro v-al-ashʼor”, Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning “Tazkirat-ush-shuaroi mutaqaddimin” tazkirasidan va boshqa yuzlab devonlar va tarixiy nodir kitoblardan ham foydalangan. Olim ularni sinchiklab oʻrgangan va tarixiy asarlarning yaxshi jihatlarini ijodiy rivojlantirgan. “Namunai adabiyoti tojik” nomli yaxlit barkamol bir asar ana shu ilmiy aziyat va mashaqqat zamirida tugʻilgan
Shubhasiz, antologiyaga kiritilgan 228ta shoir, yozuvchi va tarixchi-tazkiranavis haqida qisqacha, lekin mazmunli maʼlumot berish Ayniydan yuksak isteʼdod va ulkan ijodiy mehnat talab qilgan. Bu mehnat eng avvalo turli davrda yozilgan, yirtilib ketgan, oʻchgan va xira tortgan qoʻlyozmalarni, tarixni, adabiyot tazkiralarini, turli toʻplamlarni, xalq orasidagi har xil afsonalarni, rivoyatlarni, madaniy va tarixiy yodgorliklarni sinchiklab oʻrganish, shu oʻrganilgan tarixiy faktlarni tanqidiy tadqiq qilib, obyektiv baholash, shundan soʻnggina undan foydalanishdek murakkabliklar bilan izohlanadi.
“Tojik adabiyotidan namunalar” asarining birinchi qismida Abdulloh Jaʼfar Rudakiydan boshlab, Fitrat Zoʻrdoʻzi Samarqandiy, Sayido Nafasiylargacha boʻlgan davrdagi adiblar qamrab olinadi. Bu qismda tilga olingan Buxoriylar: Abulhasan Rudakiy Buxoriy, Shayx Abulabbos Fazl ibni Abbos Buxoriy, Mansur Ahmad Daqiqiy Buxoriy, Mirzo Abulhasan Ogʻoch Buxoriy, Maʼnavi Buxoriy, Amʼaqi Buxoriy, Kamoli Buxoriy, Hamid Buxoriy, Shamsuddin Kardari Buxoriy, Shayx Sayfuddin Boxarzi Buxoriy, Javhari Zargari Buxoriy, Nosir Buxoriy, Xoja Ismat Buxoriy, Burunduqi Buxoriy, Shamsuddin Ahmad Ohangari Buxoriy, Shahobuddin Ahmadi Buxoriy, Tohiri Buxoriy, Sayfi Buxoriy, Xayoli Buxoriy, Mushfiqi Marvi Buxoriy, Boqiy Darzi Buxoriy, Xoja Hasan Nisori Buxoriy, Marhumi Buxoriy, Mutribi Buxoriy, Arshii Buxoriy, Gulshani Buxoriy, Mavlai Sharifi Buxoriy, Qozi Lutfulloh Shokiri Buxoriy, Muhammadisʼhoq Shavkat Buxoriy, Imloi Buxoriydir.
Bu bobda jami 75 shoir va 5 shoiraning ijodiy faoliyatiga tegishli maʼlumotlar va ijodidan namunalar berilgan. Tilga olingan 80 shoir va shoiradan, bevosita Buxoroda kamol topgani 30dan ortiq boʻlsa, oʻsha vaqtda hayot boʻlgani 20ga yaqin boʻlgan.
Ayniyning mashhur taraqqiyparvar ulamo Sharifjon Maxdum Sadr Ziyo (1867-1932) haqida yozgan tarixiy maʼlumotlari ham muhim. Buxoroning soʻnggi amiri Said Olimxon 1917 yilda islohot farmonini eʼlon qilishi arafasida Sadr Ziyoni qozikalonlikka tayinlaydi. Sadr Ziyo amir farmonidan keyin Buxorodan badargʻa qilinib, Qarshiga qozi etib joʻnatiladi. 1918 yil mart oyida Kolesov voqealari munosabati sabab, Qarshida uning yaqin qarindoshlari qatl etiladi. U yetmish kunlik mahbuslikdan keyin Shahrisabzga qozilikka tayinlangan. Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning ulkan maʼnaviy xazinasi istiqlol davri odamlarini ham barkamol shaxs qilib shakllantirish yoʻlida beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Hozirgi ilm ixlosmandlariga oʻzidan juda katta boy madaniy va maʼnaviy meros qoldirgan Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning shaxsi haqida Ayniy oʻz kitobida shunday yozadi: “Qozi Muhammadsharif Sadr Ziyo Buxoriy domullo Abdushukur Oyatning oʻgʻli boʻlib, oʻz zamonasining ustod-mutafakkirlaridan edi. Maʼrifatparvar otasining soyasida kasbu-kamol topdi. Buxoro inqilobidan (1920) keyin Buxoroga qaytib shoʻro hukumatining xizmatiga kirdi. Sheʼr kam yozardi. Nazmda koʻzga koʻringan asari uning “Tazkirat ush-shuaro”sidir. Lekin boshqa asarlari ham koʻp, masalan, “Roʻznoma”, “Navodiri Ziyoiya”, “Tazkirat ul-hattotin” va boshqalar. U “Tazkirat ul-hattotin” kitobida oʻz davrining maʼlum va mashhur hattotlarining tarjimai holi va ijodiy faoliyati haqida maʼlumotlar beradi. Sadri Ziyo arab va fors tili grammatikasini, mumtoz adabiyotni, tarix fanini, xattotlik sanʼatini puxta egallagan edi”
Shuningdek, Ayniyning mangʻitlar sulolasi xonadonining vakillaridan boʻlgan, boylik, shon-shuhrat va toju taxtga qiziqmay oʻzining butun umrini ilm-maʼrifatga bagʻishlagan Muhammad Siddiqxon Hashmat Buxoriyga oid fikri ham ancha qiziqarlidir. Adib u haqida qoʻyidagicha yozadi: “Muhammad Siddiqxon Hashmat Buxoriy – birodari amir Abdulahadxon hukmronligi va jiyani Mir Olimxon (Amir Sayid Olimxon – F.T) davrida 35 yil (1303-1338) mahbuslikda edi. Shu davr mobaynida oʻzini ilmiy ijodga va kitobdorlikka bagʻishladi. Buxoroda Hashmatning xususiy kutubxonasidek biror mashhurroq kutubxona yoʻq edi. Hashmat Buxoriy forsiy, turkiy va arabiy tilda sheʼrlar bitar edi. Turli risolalar yozdi, tahrir etdi. Jumladan, “Nomai Xusravon” nomli tazkiraga taʼlif bergan edi. Hashmat, Buxoro inqilobidan keyin 1339 hijriyda 35 yillik mahbuslikdan ozod boʻlib, Buxoro Shoʻrolar Jumhuriyati hukumatida kutubxonachi boʻlib xizmat qilardi. Lekin, 1341 hijriyda, (1923) oʻzining ayrim avlodlari (amirzodalari) va amir xonadoni vakillari qatori Afgʻonistonga joʻnatildi”
Ayniy oʻzining “Tojik adabiyotidan namunalar” asarida Abdurauf Fitrat Buxoriy (1886-1938) toʻgʻrisida keltirgan maʼlumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, U Fitrat Buxoriyning “Munozara”, “Sayyohi hindi”, “Rahbari Najot”, “Oila”, “Sayha” va “Musulmononi Dor-ur-rohat” kabi asarlari haqida qisqacha, lekin muhim maʼlumotlarni quyidagicha keltirib oʻtadi: “”Rahbari najot” – bu risola turli masalalardan iborat boʻlib, aqliy va naqliy dalillardan bayon topgan, ijtimoiy va iqtisodiy hayotda rahnamo edi”.
Ayniy Fitratning asarlariga toʻxtalarkan, negadir yangi maktablar uchun yozgan “Mavludi sharif” va “Muxtasar islom tarixi” nomini keltirmaydi, buning boisi, bu asarlarning diniy ruhi sarlavhadayoq aks etgani boʻlsa kerak. “Musulmononi Dor-ur-rohat” asari Ismoilbek Gasprinskiyning “Dor-ur-rohat musulmonlari” nomli asarining forsiy tarjimasi edi
“S. Ayniy dastlabki asarlarida (to “Doxunda” romani yozilguncha), – deydi sharqshunos I.S.Braginskiy, – sosialistik realizm metodi prinsiplari bilan ham tanish emasdi. Ammo o‘sha asarlarida ham u partiya ko‘rsatmalarini alohida-alohida yo‘sinda badiiy asar shaklida ifodalab berishga harakat qilardi” . Vaholanki, Ayniy bungacha Buxoroning Mirarab, Olimjon, Badalbek, Hoji Zohid, Ko‘kaldosh kabi madrasalarida qariyb 23 yil tahsil olib, chuqur ilm egallagan, badiiy ijod sirlaridan yaxshi xabardor, Sharq mumtoz adabiyoti, Navoiy va Bedil ijodiyotiga chin muhib o‘laroq shakllangan edi. Shuning uchun uning keyinchalik qo‘lyozma va qadimiy manbalar asosida Rudakiy, Firdavsiy, Ibn Sino, Sa’diy va Bedilga doir tadqiqotlari dunyo adabiyotshunosligidagi yangilik sifatida e’tirof etilgandi. Ayniyning nasriy merosi siyosatdan xoli tarzda tadqiq va talqin etilsa, ildizlari xalq og‘zaki ijodiyoti va Ibn Sino, Sa’diy, Vosifiy, Ahmad Donish nasriga borib ulanishi o‘z-o‘zidan oydinlashadi. Ayniyshunoslikda bir qadar tadqiq etilgan bu mavzuni yangi nuqtai nazar bilan har jihatdan keng va chuqur o‘rganish zarurdir. Ana shunda yozuvchi Ayniyga shoir, olim, donishmand Ayniyning qanday ta’sir o‘tkazib, uning ilhomiga ilhom qo‘shish sir va omillari real manzara kasb etadi. Ustod Ayniy adabiy shaxsiyatiga tarix, ilm-fan, asriy va boqiy milliy haqiqatlar ko‘zgusidan qaralmasa, uning botiniy kuch-quvvatini mushohada etmoq imkonsizdir. Sa’diy Sheroziyga bag‘ishlangan risolasida u yozadi: “Eski Sharq tanqidchilari Sa’diyni “vuqu’go‘y” deydilar. Agar bu so‘zni xalqaro termin bilan ifoda qiladigan bo‘lsak, “realist” bo‘ladi.
Haqiqatan ham, Sa’diy realistdir. U o‘zining hikoyalaridagina emas, hatto lirik she’rlarida ham reallikdan – haqiqatdan uzoqlashmaydi. Sa’diyning o‘xshatish va istioralari hammasi tabiiy va mantiqiydir. Uning asarlaridan aqlga sig‘maydigan, o‘xshashi tiriklik olamida bo‘lmagan yoki bo‘lib o‘tmagan biror narsani topolmaysiz”. Badiiy ijoddagi xuddi shu yo‘nalish, yo‘l va tasvir usullari Ayniyga juda maqbul edi. Tafakkur, ma’rifat, xalq va vatan muhabbati munavvar aylagan Sharq realizmi Yevropa yozuvchilari tasavvurini harakatlantirgan realizmdan farqlanadi. Ilmiy-ma’rifiy nigoh bilan qaraladigan bu realizmning talab va xususiyatlarini imkon qadar aniq belgilamay turib, Ayniyning qalb olami va badiiy kashfiyotlariga eshik ochishdan to‘la umidvor bo‘lmaslik lozim.
Mashhur tojik shoiri Sherali Loyiq ustod Ayniy xotirasiga bag‘ishlangan she’rida:
Buzurgonro buzurgon zinda medorad,
Buzurgunro buzurgoni digar poyanda medorad,
ya’ni ulug‘larni ulug‘lar tiriltirgay, ulug‘larning umrini boshqa bir ulug‘lar bardavom aylagay, deydi. Haqiqatda ham shunday. Ammo buyuklarning umrini bardavom etuvchi buyuklar nihoyatda siyrak uchrasa-da, jahondagi daholar nazaridan ular chetda qolmaydi.
Dunyoga mashhur qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov bundan qariyb qirq yil muqaddam bosilgan “Ikki san’atkor” nomli maqolasida, “Men Muxtor Avezov bilan Sadriddin Ayniyni doimo hurmat qilishimni, ularni sevishimni kitobxonlar oldida e’tirof etmoqchiman. Ularning har ikkisi ham nodir hodisadir”, deb yozgan edi. Mana shundan buyon kechgan vaqt mobaynida dunyoda ko‘p o‘zgarishlar – ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy evrilishlar sodir bo‘ldi. O‘zining kuch-qudrati va imkoniyatlariga haddan tashqari ishongan muazzam bir imperiya – sho‘ro saltanati ham parchalanib ketdi. Adabiyot va san’at uchun bundan ortiq, bundan murosasizroq sinovni tasavvur qilish qiyin, albatta. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, Sadriddin Ayniy vaqt o‘tgan sayin ijodiyotining qadr-qimmati ortib, teranlik sirlari kengroq, chuqurroq kashf etiladigan daholardan. Olloh ungabir necha yaxshi olim, sermahsul yozuvchiga yetadigan iste’dod bergan. “Sudxo‘rning o‘limi”, “Esdaliklar” kitobi manaman degan ulug‘ bir iste’dodning shon-shuhratini jahonga taratish va muallifiga badiiy haykal o‘laroq boqiy yashash qudratiga ega, desa aslo xato bo‘lmaydi. Bunga aniq ishonmoq uchun esa ushbu ikki nodir kitobning jahonning qaysi xalqlari tillariga tarjima qilinganligini xayoldan o‘tkazish kifoya. Ayniyning hikoya va romanlari, tarixiy asarlari-chi? Ayniyning she’riyati, shoirlik qiyofasi va Sharq she’riyatiga qo‘shgan hissasi haqida biz nima bilamiz? Deyarli hech narsa. Chunki hatto o‘zbek ayniyshunoslari ham bu she’riyat bilan jiddiy qiziqishgani yo‘q.
Ayniyning ilmiy-ijodiy merosini adabiyot, tarix, pedagogika yoki adabiyotshunoslik nuqtai nazaridangina emas, balki tilshunoslik jabhasidan ham baholash lozim bo‘ladi. Tojikistonda nashr etilgan Ayniy kulliyotining 12-jildidan u tuzgan tojik adabiy tilining lug‘ati o‘rin olgan.
Chop etilish arafasida lug‘atni ko‘zdan kechirgan mashhur sharqshunos Ye.E.Bertels 1939 yilning bahorida Ayniyga yo‘llagan maktubida mana nima degan edi: “… Men sizning “Tojik adabiy tilining lug‘ati”ingizni, ya’ni yangi shoh asaringizning ayrim qismlarini o‘qib chiqdim. Bemalol aytishim mumkinki, Sizdan boshqa hech bir kishi bunday ishning uddasidan chiqa olmasdi…”
Ayniyning ulug‘ligi ham, tengsizligi ham ana shunda – u boshqa birovlar uddalay olishga aql bovar qilmaydigan ishlarni qoyillatib bajarishga qodir bilim va salohiyat sohibi edi. Ayniy ilm va ijod uchun tug‘ilganligini bilar, shuning uchun butun kuch-quvvati, mehnat qobiliyatini ilm-fan, adabiyot ravnaqiga bag‘ishlagandi.
Ayniy haqida so‘zlaganda, bir haqiqatni aslo unutmaslik va doimo inobatga olish lozim: Ayniy Buxoro farzandi. U Sharqning eng qadimiy, eng moʻtabar ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan Buxoroda, ya’ni sharif bir o‘lkada tug‘ilib, kamolga erishgan. Ayniyning bosh muhofizi, bosh murabbiysi va murshidi komili Buxorodir. Shuning uchun ham u jon ipi va vijdon amri ila Buxoroga bog‘langan. Ayniy yashagan davrlardagi Buxoroda ijtimoiy-madaniy hayotda turg‘unlik hukmronlik qilardi. Odamlar iqtisodiy yo‘qsillik, fikriy qoloqlik va ruhiy tushkunlikka mahkum etilgandi. Ilmsizlik, jaholat va mutelikdan tug‘ilgan fojialarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmasdi. Shafqatsiz hayotning kulfat va qiyinchiliklari, kundalik turmush mashaqqatlari bilan bolaligidayoq yuzma-yuz kelgan Ayniy ma’nan juda erta ulg‘aygandi. Uning irodasi g‘am-anduh, hasrat va armon, qashshoqlik va nochorlik panjasida toblangan, desa aslo xato bo‘lmaydi. Insof bilan aytganda, Ayniy bosib o‘tgan hayot yo‘li – matonat va qahramonlik yo‘li. U shunday qaltis va tahlikali holatlarni boshdan o‘tkazganki, Olloh inoyati va Buxoro madadisiz ulardan qutulish yoxud omon qolishga aql aslo bovar etmaydi. Ayniy bularning barchasini asarlarida, xususan, “Esdaliklar”ida aql va tabdir, ilm va irodaning kuch-quvvatiga ishongan har bir shaxsning qismatida uchrashi mumkin bo‘lgan hodisa o‘laroq tasvirlab beradi. Chunki Ayniy Buxoroning kulfat va musibatlari oldida o‘zining qayg‘u va musibatlari bir tomchi ham emasligini bilar, uni o‘lim ta’qib etgan chog‘larda ham aziz Buxorosining mehr va shafqatidan umid uzmas, shu boisdan ham tushkunlikka berilmasdi. Taniqli tojik adibi Jalol Ikromiy haqqoniy ta’kidlaganidek, “Ayniyning Buxoroga oshiqi beqaror yuragi uning uchun achinar, najot istardi. Ayniy Buxoroning dardu jafolariga qalban sherik, chinakam vatanparvari edi”. Ana shu oshiqlik hissi, vatanparvarlik burchi va hamdardlik holi donishmand Ayniyni oxirgi nafasgacha tark qilmagandi. Agar Sadriddin Ayniyning ko‘nglini Buxoro ishqi, Buxoro ilm-ma’rifatining nuri charog‘on etmaganida, agar u ham Ibn Sino, Ahmad Donish yoki Abdurauf Fitratlarga o‘xshab orif Buxoroning qondosh va jondosh muhibiga aylanmaganida, shak-shubhasizki, u mo‘rt bir adabiy shaxsiyat bilan o‘rtamiyonachilik chegarasidan bir odim ham nari o‘tolmasdi. Holbuki, Ayniy dunyo diqqat-e’tiborini Buxoro va buxoroliklar qismatiga qarata oldi. To‘g‘ri, Ayniy tasvirlaridagi Buxoro va buxoroliklar hayoti o‘quvchi dilini ko‘proq fojia va qayg‘uga oshno etadi, uni bir-biridan og‘ir, biri-biridan yoqimsiz voqea-hodisotlar bilan yuzlashtiradi. Haqiqat bilan uchrashganda odam qancha qiynalsa, muhokama-mulohazalarida nechog‘lik faollashib, ezgulik va insoniylik sharafiga qanchalik inonsa, Ayniy asarlarini o‘qiganda ham taxminan xuddi shu zaylda qiynalish, faollashish va ishonch hosil bo‘ladi.
Ayniyning uslubi sodda, lekin jonli, favqulodda samimiy va bezaksizdir. U hech bir asarida o‘zi ko‘rmagan, bilmagan yoki mohiyatiga yetmagan narsani kitobxonga ko‘rsatib, uni ishontirishga urinmagan. Uning uchun badiiy talqin boshdan-oxir tabiiy, haqqoniy – har qanaqa adabiy yasamalikdan yiroq talqin hisoblangan. Ayniyning ijodiy shaxsiyati – havas qilish va ibrat olishga arzirli shaxsiyat. Asardan-asarga unda haqiqat hissi o‘tkirlashib, donishmandlik zakovati teranlashgan. Bu ham tasodifiy emas, albatta. Bizda o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridan e’tiboran Sharq mumtoz adabiyotini o‘qib-o‘rganmasdan, bilmasdan ham badiiy ijod bilan mashg‘ul bo‘lish mumkin, degan bir qanoat paydo bo‘lgan, vaqt o‘tgan sayin esa u umumiy ko‘nikmaga aylanib qolgan. Ayniyning tajribalari bunday ko‘nikma adabiyot rivoji uchun mutlaqo zararli va Rumiy, Sa’diy, Hofiz, Navoiy, Bobur, Bedil kabi daho san’atkorlarning asarlaridan saboq olmay turib uzoqqa borish mumkin emasligini bilish va tan olish jihatidan ham ahamiyatli.
Dostları ilə paylaş: |