Pedagogika nazariyasi va tarixi


II BOB Ayniyning she’rga muhabbat va shoirlikka qiziqishi



Yüklə 59,98 Kb.
səhifə6/8
tarix05.05.2023
ölçüsü59,98 Kb.
#126382
1   2   3   4   5   6   7   8
QURBONOVA FARANGIZ KURS ISHI

II BOB Ayniyning she’rga muhabbat va shoirlikka qiziqishi.
2.1 Ayniyning umr, tafakkur va xotira kitobi
Ayniyning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatida she’rga muhabbat va shoirlikka qiziqish muhim o‘rin tutadi. U she’r, shoir va adabiyotga ixlosmand bir oilada tug‘ilgan. Adibning otasi o‘z davrining ochiq fikrli ancha haqgo‘y kishisi bo‘lishi bilan bir qatorda ilm va adabiyotning qadrini ham bilgan. U o‘z fikrlarining tasdiq va isboti uchun goh she’r, goh maqol va matallardan foydalangan.
“O‘n yoshimda maktabni tugatdim, – deb yozadi adib “Qisqacha tarjimai holim” asarida, – Biroq hali savodsiz edim, maktabda o‘qitganlarini o‘qiy olsam, avvaldan o‘zimga tanish bo‘lmagan boshqa narsalarni o‘qiy olmas edim.
Ammo she’rlarni sevar edim. Ularning mazmuniga yaxshi tushunmasam ham, ohangi meni zavqlantirardi. Ba’zi she’rlarni yodlashga tirishar edim. Sa’diy, Hofiz, Bedil, Soib, Navoiy va Fuzuliy kabi shoirlarni “vali”, yaratgan she’rlarini karomat deb hisoblar edim”.
Ayniy 14–15 yoshlaridan boshlab she’r yozish bilan jiddiy mashg‘ul bo‘la boshlaydi. Va dastlab Sifliy, Muhtojiy. Jununiy taxalluslari bilan she’rlar bitadi. “Esdaliklar”da bu taxalluslarning tanlanish sabablari va ulardan ko‘zlangan maqsadni sharhlar ekan, Ayniy, jumladan, shunday deydi: “Yoshligimda boshimga tushgan og‘ir turmush ta’sirida men asabiy bo‘lib qolgandim, tirikchilikdan ko‘p siqilardim. Ba’zan tanholik kechalari o‘tgan zamon shoirlarining marsiyanamo she’rlarini o‘qib, yuragimni bo‘shatish uchun yig‘lardim. Odamlar mening bu xususiyatimni payqab, qobil bola, ammo biroz devonaligi bor der edilar. Men ham elning shu fikriga moyil bo‘lib, devona ma’nosida “Jununiy” so‘zini taxallus qilishga qaror qildim”.
Umuman, Ayniy ilk mashqlaridan boshlaboq she’rning hayotiy asosga ega bo‘lishiga, nursiz, sharafsiz va bo‘g‘iq bir muhit qafasida siqilgan, azobu iztirobga mahkum etilgan shaxs kayfiyati va holatlarini aks ettirishga alohida e’tibor bergan. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, “Haqiqiy she’r o‘quvchi va eshituvchiga chuqur hayajon bag‘ishlamog‘i shart. Bunga erishmoq uchun esa shoir samimiyatga asoslanishi va o‘z shaxsiyatini o‘sha “aytgani”da zuhurlantira bilishi kerak”.
Ayniyning o‘zi ham she’riyatda xuddi shu usulda ish yuritgan va nasrda ham uni davom ettirgan. “Men o‘z umrimda ko‘plab kitob yozdim, – degan edi Ayniy, – bularning hammasi bir mavzuga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘z hayotim materiallari asosida yuzaga keldi”. Ayniyning realistligi, haqiqatga sodiqligi, xarakter yaratishda o‘ziga xoslikka erishish mahorati ham, avvalo, mana shunda. Shuning uchun adibning biror-bir asarini uning hayot tajribalari, adabiy shaxsiyati, voqelikka estetik munosabatidan ayri tarzda tasavvur etib bo‘lmaydi. Hatto, “Sudxo‘rning o‘limi” qissasidan ham yozuvchi obrazi muhim o‘rin egallagan. To‘g‘ri, Ayniy keyinchalik qattiq ishongan, qissa va romanlarida keng ko‘lamda tasvirlangan yoki ideallashtirilgan g‘oya va haqiqatlarga ishtiboh bilan qarash, ulardan ayrimlarini bugun bemalol inkor ham etish mumkin. Lekin mana shu joydayoq asosiy masalaga to‘qnash kelinadiki, bu ulug‘ adib ijodiyotining tarixiy-falsafiy qimmati va umuminsoniy mohiyatidir. Mana, “Qullar”ni olaylik. Oddiy mehnatkash xalqning qariyb bir asrlik mashaqqatli hayotidan hikoya qiluvchi bu romanda Oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan davr va sharoit tarixiy haqiqatlarga muvofiq manzaralarda ko‘rsatib berilgan.
Qariyb yuz ellik yildan ziyodroq muddat hukm yuritgan mang‘it amirlar saltanatining keyingi vakillari Buxoro xalqi uchun nima qildi? Ular bir-birlaridan qay jihat va qaysi xususiyatlari bilan farqlanganlar? Yoki farqlanmaganlar? Ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat nechun aynan o‘sha mang‘it amirlari davrida butunlay tanazzulga yuz tutdi? Zulm va zo‘ravonlik, tahqir va huquqsizlik qafasida yashagan omma adolat va ozodlik hislarini qandoq boy beradi? Qo‘rquv va mutelik tantana qilgan sharoitda ilm ahli va adabiyot vakillari qanday maydakashlik yoxud nayrangbozliklar bilan jon saqlashadi?
Bu va bunga o‘xshash o‘nlab savollarga Ayniy o‘zining qissa va romanlarida shunchalik aniq, shunchalik yorqin javob berganki, bundan ko‘z yumish ko‘rlik bilan barobardir. Ayniy qissalarida shaxs ongidagi o‘zgarish, alohida bir shaxsning hurlikka intilish, demakki, o‘zligini anglash jarayonini mohirlik bilan qanday badiiy talqin qilsa, shu g‘oyani romanlarida xilma-xil ijtimoiy guruhga mansub, turli nuqtai nazar va axloqiy-diniy tushunchalarga tayanib kun kechiruvchi xalq obrazi orqali ifodalashda yana ham yuqoriroq yutuqlarga erishgan. Ayniy yaratgan inqilobiy va inqilobchi qahramonlarga kelsak, balki ular o‘z umrlarini yashab bo‘lishgandir. Balki ularni yovuz va soxta bir mafkuraning qurbonlari deyish kerakdir. Nima bo‘lmasin va nima deyilmasin, buning uchun Ayniyni ayblash, zo‘ravon tuzum, beshafqat va murosasiz bir siyosat talablarini unutib aybni birgina yozuvchining o‘ziga to‘nkash g‘irt insofsizlik bo‘lurdi. Afsuski, matbuotda shunday urinishlar ham ko‘zga tashlandi. Boshqa biror bir narsa yozmasdan yolg‘iz “Esdaliklar”ini yozganda ham Ayniy Ayniy bo‘lib qolardi. Ma’lumki, “Esdaliklar” 1957 yili mashhur fransuz yozuvchisi Lui Aragon tahririda “Sharq” nomi bilan Fransiyada bosilib chiqqan. Undagi muxtasar ma’lumotnomada Ayniy Jek London, Kipling, Gorkiy, Knut Gamsun kabi jahon adabiyotining ulkan vakillari bilan bir safga qo‘yilgan.
“Esdaliklar” – Ayniyning umr, tafakkur va xotira kitobi. Uni taqdirlar qomusi desa ham aslo xato bo‘lmaydi. Bundoq qaraganda, ushbu asarda ham g‘am-g‘ussa, musibat, kulfat ko‘p, zulmat juda quyuq – go‘yo boshdan-oxir fojia tamoyili hokimlik qiladi. Uni mutolaa qilgan har bir o‘quvchi Ayniyni g‘irt fojianavis adib deb biladi. Va asarning ba’zi qismlari, “Nahotki, shu voqelar rost bo‘lsa? Nahotki, shunday bo‘lishi mumkin? Sovet davlati hadya etgan “baxt va ozodlik”ni sharaflash uchun o‘tmish davr suvrati atayin qora bo‘yoqlarda chizilmaganmi?” – degan savollar paydo qiladi.
“Esdaliklar” ayblashnimas, anglashni o‘rgatadi, tarixiy mushohadada biryoqlamalikka yon bermaslikka undaydi. “Esdaliklar” mohiyat e’tibori ila shunday bir qudratli kitobki, u bundan keyin ham millatni ichdan kemiradigan, xalqning yaxlit, qudratli xalq bo‘lishiga to‘siqlik qiladigan ijtimoiy, siyosiy, diniy va axloqiy illat hamda fojialarning tub ildizlariga diqqatni qaratishda davom etaveradi.
Shu ma’noda mana bir mulohaza. “Esdaliklar” dunyo yuzini ko‘rganda, Abdurauf Fitrat millatchi va xalq dushmani ayblovi bilan allaqachon qatl etilgandi. Shuning uchun Ayniy xotira kitobida unga o‘rin ajratmagan. Biroq men ko‘pincha ularni birgalikda tasavvur etishga urinaman.
Ayniyning “men”ligi Fitratniki bilan qiyoslaganda, sinish bo‘lmasa-da, unda egilish, jasoratsizlik deyilmasa hamki, ehtiyot va murosa seziladi. Ayniy domladagi o‘zini ayash, shubha-gumonga berilmaslik Fitratda yo‘q. “Olov bilan” o‘ynashishni esa u Ayniyga ravo ko‘rmaydi. Ilm va ijodda Ayniy o‘zini namoyon eta bilishiga Fitrat shubhalanmagan. Biroq mafkuraviy, ijtimoiy-siyosiy muammolarda ularning tushuncha va qarashlarida tafovutlar ham qalqib chiqqan. “Esdaliklar”da bitilmagan va bir umr Ayniy qalbini g‘ussalantirgan so‘zlar, bizningcha, Fitratga tegishlidir. Sho‘ro tuzumi va qattol siyosati Buxoroning bu ikki buyuk farzandini bir-biridan bir qadar sovitganiga qaramay, xiyonat va sotqinlik chohiga qulatolmagan. Xullas, Fitratni Ayniydan, Ayniyni Fitratdan axtargan odam Buxoro hasrati, Buxoro himmatini chuqurroq his etadi. Ayniyning so‘z ishlatmay so‘zlash, rang qo‘llamay suvrat yaratish salohiyati ham ana shunda.
Men o‘tgan yil qishda “Esdaliklar”ni yana qayta qo‘lga oldim: bu gal o‘qish oldingiga nisbatan sekin va ancha uzoq davom etdi. Va ikki narsa meni juda hayratlantirdi. Birinchisi – Ayniyni ilhomlantirgan milliy e’tiqod va ma’naviy g‘oyaning benihoya teranligi. Ikkinchisi – muallifning faqat va faqat Vijdon amri ila qalam yuritgani. Yana shuni aytmog‘im kerakki, ma’lum bir tayyorgarliksiz, ya’ni zulmat va jaholat, zulm va zo‘ravonliklar ila qurshalgan Buxoroning kamida yuz yillik tarixini zarur darajada o‘rganmay turib “Esdaliklar”ning ma’no-mohiyatini har jihatdan mukammal o‘zlashtirishga urinish uncha samara bermaydigan ishdir.
“Esdaliklar”da “Buxoro oliftalari” deb atalgan bo‘lim bor. Unda ust-boshi, fe’l-atvori, maqsad-muddaosi o‘ziga xos, muhtoj va himoyasiz bandalarga yordam berish niyati bilan yashaydgan mard, tanti insonlar jamoasi ta’riflangan. Ularning umumiy laqabi “olifta” bo‘lib, jur’at, marhamat, insonsevarlik layoqati va o‘zlariga o‘xshaganlardan o‘zishlariga qarab, ularga “nimtayyor”, “tayyor”, “mardi mardon” (mardlar mardi) unvoni berilar ekan. Adibning yozishicha, oliftalar “Sattor” kalimasi bilan qasam ichib, “falon ishni qilaman dedimi, boshi ketsa ham uni qilishi lozim edi. Agar qasamini buzsa, aytgan ishini qilmasa, “nomardlik” bilan mashhur bo‘lib, oliftalar orasidan haydalardi”. Buxoroning Morkush guzaridan chiqqan Muhammadiy maxdum degan kishi oliftalarning mardi maydoni maqomiga ko‘tarilgan. Biroq uning Barno tayyor otlig‘ g‘animi nomardlik, pastkashlik va hiyla bilan uni o‘ldirgan. Ortiqcha tafsilot va badiiy bezaklarsiz voqeani juda samimiy hikoya qilgan adib odamlarning marhumga munosabatini ham jonli aks ettiradi. Uning o‘zi ham fotihaga boradi va azaxonaga kelganlardan birining mana bu gaplarini naql qiladi:

– Muhammadiy maxdum mard odam edi. Mardlik ko‘yida odamlarga yaxshilik qilardi, foyda yetkazardi… Xudo rahmat qilsin, qiyomatda mardlar qatorida bosh ko‘tarsin…


Gap shundaki, Muhammadiy maxdumday buxorolik oliftalar fuqaro tinchligi, xavfsizligi, moddiy yo‘qsillik changalida azob chekmasligi uchun kuch-quvvati va himmatini ayamagan eski javonmardlar, ya’ni futuvvat ahliga izdosh, maslakdosh zotlar edi. Mardlik, jasorat, oliyjanoblik, mehr-shafqat va saxovat ular uchun go‘yo kasb, hunar va ixtisoslik bo‘lgan. Ularday nazari baland, ko‘zi to‘q, niyati xolis, so‘zi bilan amali bir, himmati oliy, elsevar odamlarni nainki Buxoro, hozir kurrai zaminni axtarib ham topolmaysiz. Mana sizga buxoroshunos Ayniy gumanizmi va karomati.
Ayniyning badiiy uslubi bilan ilmiy uslubi o‘rtasida qandaydir yaqinlik, umumiy bir o‘xshashlik bor. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning ilmiy asarlarida ham til jonli, yengil, ifoda ravon, boshni gangituvchi og‘ir yoki kitobiy jumlalarga duch kelinmaydi. Masalan, Siz “Mang‘it amirlari tarixi” kitobini o‘qidingiz deylik, ilmiy asar mutolaa qildingizmi yoki badiiy asarmi – buni uncha farqlamaysiz. Chunki Ayniy fakt va dalil tanlashdagina emas, talqin, tahlil va fikr-mulohaza ifodasida ham juda mohirdir. Ayniyning ayniyligi, xususan, uning bedilshunosligida yorqin aksini topgan. U madrasadayoq zukko bedilshunos sifatida shakllangan.
Ming to‘qqiz yuz o‘ninchi yili Ufada chop etiladigan “Sho‘ro” jurnalida “Mirzo Bedil haqinda” nomli bir maqola bosilib chiqadi. Jurnalda o‘sha muallifning Bedilga bag‘ishlangan yanada keng va kattaroq maqolasi bosilishi xususida xabar ham beriladi. Lekin Buxoroda Sadriddin Ayniy bilan madrasada birga o‘qigan Olimjon Idrisiy degan turkiyalik bu tadqiqotchi Bedilning tarjimai holini yoritishda xatoliklarga yo‘l qo‘yganligini anglaydi. Shundan so‘ng u Sadriddin Ayniydan yordam istab Istanbuldan Buxoroga maktub yo‘llaydi. Ayniy Olimjon Idrisiyning istagini ado aylab, Bedilning tarjimai holi, asarlari xususida ancha batafsil ma’lumot beruvchi bir maktub yozib Istanbulga jo‘natadi. Forsiyda bitilgan ushbu maktubni turkiyga tarjima qilib “Sho‘ro” jurnaliga yuborgan Idrisiy deydi: “6-adad “Sho‘ro”da Bedilning tarjimai holini muxtasar bir suratda yozg‘och, Buxorodagi sherigim Sadriddin Ayniy afandiga xat yozub, bu haqida mufassal ma’lumot so‘radim. 1911 sana 3 martda javob ham oldim esa-da bir cho‘q sabablarga ko‘ra bu vaqtga qadar tarjima etub yubora olmadim”.
“Sho‘ro” jurnalining 1912 yil ikkinchi sonida Idrisiyning maqolasi emas, balki uning tarjimasidagi Ayniyning o‘sha maktubi maqola shaklida bosilib chiqadi. Va ushbu maktub-maqola keyinchalik tojik olimlari M.Shukurov, Jo‘ra Boqizoda tomonidan ikki tilda e’lon qilingandir.
Asosiy narsa shundaki, Ayniy Istanbulga yo‘llagan maktubida Mirzo Bedil tarjimai holi, muhiti, falsafasi, uslubi xususida aytilishi zarur bo‘lgan barcha muhim gaplarni bayon etgan. Shuningdek, hijriy 1199 yili Bombayda chiqqan va 12 qismdantarkib topgan Bedil “Kulliyoti”dagi asarlarning hajmini ham birma-bir qayd qilib o‘tgan.
Bizning nazarimizda, “Sho‘ro” jurnalida bosilgan Ayniyning mana bu fikrlari uning Bedil shaxsiyatiga ehtiromini anglash va izohlashga yaqindan yordam beradi: “Mirzo Bedil boy qalb sohibi, olijanob bir zot bo‘lib, ag‘niyo va umaro eshigiga hech yaqinlashmas, bil’aks ular Mirzoning huzuriga kelurlar va uni ta’zimu takrim etardilar”.
Nufuz va iqtidor sohibi amaldorlardan birisi Mirzoga bir maktub yuborib, uyiga da’vat etgani zamon u:
Dunyo agar dihand, naxezam zi joi xesh,
Man bastaam hinoi qanoat ba poi xesh,
Mazmuni: “Agar menga dunyo qadar molu mulk bersalar ham, o‘rnimdan qimirlamayman, chunki men oyog‘imga qanoat hinosini bog‘ladim, shuning uchun to‘ralarga va boylarga xushomad etuvchi ehtiyojim yo‘q”, – bayti bilan javob qaytaradi. Agar ana shu nuqtai nazardan Ayniyning ijodkorlik e’tiqodi va shaxsiyatiga baho beriladigan bo‘lsa, uning Buxoro amiri Ahadxon tuzog‘iga tushmaslik uchun dadil yo‘l izlashlari Bedil saboqlariga sodiqlik ekanligini ham e’tirof etish kerak bo‘ladi.
Mirzo Bedil kulliyotini qayta-qayta varaqlash, faylasuf shoirning inson taqdiri, umr mazmuni, tiriklik va o‘lim tortishuvlari, olam, odam va Olloh birligiga doir fikrlarini takror-takror muhokama va mushohadadan o‘tkazish Ayniyning maroqli mashg‘ulotlaridan bo‘lgan. Hatto u hayotining ancha og‘ir va qiynoqli fursatlarida Bedil she’rlarini o‘qib yupangan, o‘zicha ulardan tasalli topgan. Ayniy o‘sha vaqtlar dunyo ishlaridan bezgan kishilar tilida doston bo‘lib yurgan Bedilning quyidagi bayti ko‘ngliga tasalli bag‘ishlaganligini e’tirof etgan:
Zindagi bar gardan aftodast, Bedil, chora chist?
Shod boyad zistan, noshod boyad zistan.
Mazmuni: “Tiriklik tushdi boshga, Bedil, endi ne chora? Shod bo‘lsang ham, noshod bo‘lsang ham yashash kerak, albatta”.

Yüklə 59,98 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin