2-JAHON URUSHI DAVRIDAGI VAZIYAT
“O‘zbekiston matbuoti tarixi” (1925-1952 yillar) kitobi mualliflari Ikkinchi jahon urushi frontlarida o‘zbek tilida 13 ta front va 3 ta diviziya gazetalari chop etilganligini taʼkidlaydi.
.
Jumladan, 1-Boltiqbo‘yi frontida “Dushmanga qarshi olg‘a”, 2-Boltiqbo‘yi frontida “Suvorovchi”, 3-Boltiqbo‘yi frontida “Vatan uchun”, 1-Belorussiya frontida “Front haqiqati”, 3-Belorussiya frontida “Qizil askar haqiqati”, 1-Ukraina frontida “Vatan sharafi uchun”, “2-Ukraina frontida “Suvorov natiski”, 3-Ukraina frontida “Sovet jangchisi”, Bryansk frontida “G‘alaba sari olg‘a”, Uzoq Sharq frontida “Bong” singari gazetalar chop etilgan.
Urush yillarida Shuhrat, Mirzakalon Ismoiliy, Ilyos Muslim, Nazarmat, Adham Rahmat, Nazir Safarov, Ibrohim Rahim, Ziynat Fatxullin, Adham Hamdam, Sulton Jo‘ra, Abdunabi Alimuhamedov, Mahmud Murodov singari o‘zbek xalqining ko‘plab taniqli yozuvchi, shoir va jurnalistlari harbiy xizmatga safarbar etilib, front gazetalarida faoliyat yuritdi. Ular yurtdoshlarimizning janggohlardagi jasoratlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ular haqida maqola, sheʼr va ocherklar yozdi. Umuman, o‘zbek tilida chop etilgan front gazetalari o‘zbekistonlik jangchilarni ruhlantirib G‘alabaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, janglarda mardona kurashishga undagan.
– Tarixchilarimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi davrida chop etilgan o‘zbek tilidagi gazetalar yetarli darajada o‘rganilib, tadqiq etilmagan, – deydi Andijon davlat universiteti professori Rustambek Shamsutdinov. – To‘g‘ri, bu borada o‘tgan asrning 50-70-yillarida muayyan ishlar qilingan. Biroq, ular yetarli darajada emas edi. Ana shundan kelib chiqib, bu borada bir necha yil shogirdlarim bilan tadqiqotlar olib bordik. Moskva va sobiq Ittifoqning boshqa shaharlaridagi arxivlar, muzeylarda bo‘lib, Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan o‘zbekistonliklar va o‘zbek tilida chop etilgan front gazetalari haqida ko‘p maʼlumotlar, manbalar to‘pladik.
MIRKARIM MIRSOVUROV quyida 2-jahon urushi davridagi matbuot haqidagi fikrlarini tinglashimimiz mumkin.
Ana shu o‘rganishlar, tadqiqotlar bo‘yicha yig‘ilgan manbaalar asosida 2017 yilda “Akademnashr” nashriyotida mening muallifligimda “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” deb nomlangan uch jildlik kitob nashr etildi.
Tarixchi olim, professor R.Shamsutdinov rahbarligida “Meros” xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi jamoat fondi tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasi davlat kutubxonasida saqlanayotgan “Vatan uchun”, “Sovet jangchisi”, “Suvorovchi”, “Front haqiqati”, “Qizil askar haqiqati”, “Bong” , “Vatan sharafi uchun”, “Dushmanga qarshi olg‘a”, “Qizil Armiya” gazetalarining elektron nusxalari olib kelinib, o‘rganib chiqilgan. Saralanib, tartibga solindi. Qo‘shimcha manbaa va materiallar bilan to‘ldirilib, tayyorlangan materiallar “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” (Birinchi kitob) kitobidan o‘rin oldi.
Maʼlumki, urush yillarida chop etilgan o‘zbek tilidagi front gazetalari eski o‘zbek imlosida chop etilgan. Muallif gazeta maqolalarini krill imlosiga o‘zgartirib, o‘sha davr ruhi, mafkura va g‘oyasi aniq, ravshan bo‘lishini taʼminlash nuqtai nazaridan har bir maqolani asl holicha berishga harakat qildi.
– Kitobda o‘sha davrni ulug‘lovchi so‘z, ibora va atamalarni, o‘sha davr ruhini aks ettiruvchi g‘oya va mazmunni aslicha qoldirishni lozim topdik, – deydi professor R.Shamsutdinov. – Chunki, ularni tuzatish yoki o‘zgartirish tarixiy davr ruhini buzilishiga olib kelishi mumkinligi hisobga olindi. Ularni qandayligicha eʼtirof etish tarixiylik tamoyillariga to‘la mos keladi.
Ikkinchi jahon urushi frontlarida o‘zbek tilida chiqqan gazetalar front va front ortidagi O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini to‘laqonli yoritishda muhim manbadir. Umuman, front gazetalari chop etilgan har bir maqola, ocherk, xabar, suhbat, axborot, frontga yo‘llangan maktublar, jangchilarning ota-onasiga, turmush o‘rtog‘iga, farzandi, qavmu qarindoshiga yozgan xatlari, harbiy qo‘mondonlik va bo‘limlar tomonidan o‘zbekistonlik jangchilarga berilgan turli faxriy yorliq, mukofotlar, fotosuratlar O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixini, yurtdoshlarimizning urushdagi ishtiroki va G‘alabaga qo‘shgan hissasini to‘laqonli bilishda muhim manbaa bo‘lib xizmat qiladi.
Masalan, 3-Boltiqbo‘yi fronti “Vatan uchun” gazetasining 1942 yil 5 noyabrdagi sonida Andijon davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Asqad Muxtorning “Oktyabr sovg‘asi” deb nomlangan sheʼri chop etilgan.
Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbek tilida chop etilgan front gazetalarining har bir soni, har bir sahifasida o‘zbek o‘g‘lonlarini mardlik, jasoratga chorlovchi yuqoridagi kabi sheʼru maqolalar, ocherklar o‘rin olgan.
Ikkinchi jahon urushi davri xalqimiz tarixining o‘chmas sahifasidir. Biz bugungi avlod o‘sha davr manbalarini chuqur o‘rganish, o‘qish orqali millatimizning shonli tarixini qalbimizga muhrlab borishimiz lozim. Bu tariximizga, bugungi tinch-farovon hayotimizga tamal toshi qo‘ygan avlodlarimiz xotirasiga hurmatimiz namunasi bo‘ladi
2-jahon urushi yillari nashr etilgan o‘zbek tilidagi front gazetalari va jurnalistlar tarixidan.
Iste’fodagi polkovnikman.
1965 yilda, G‘alabaning 20 yilligi medali sohibi sifatida, bir qator harbiy jurnalistlar safida, Qurolli kuchlar rejasi asosida, maxsus safarda bo‘lganmiz. O‘shanda, 2-jahon urushida bedarak ketgan otamning akasi Mirtolip Mirsoliyev qabrini ham izladim, lekin, topa olmadim, U “Noma’lum jangchi”ligicha qoldi, jangohlarni boshidan kechirgan shahar, xutor va qishloqlardagi “Qardoshlar qabristonlari”ga, bugun muzeyga aylantirilgan kontslagerlarga gullar qo‘ydim.
Otam - tarix fani muallimi Mirsovur Mirsoliyevning ushbu yo‘llanmasi, hayotimda, 2-jahon urushi mavzusi bilan umrbod, yaqin va bevosita muloqotda bo‘lishimga asos soldi.
O‘sha safar chog‘ida, Kiyevdagi “Vatan urushi muzeyi”ga tashrif chog‘ida, hayotimda birinchi bor, front, partizan gazetalarini, jumladan, mayor Rustam Abduraxmonov mas’ul muharrir bo‘lgan “Vatan sharafi uchun” o‘zbek tilidagi front gazetasini uchratib, “Ziyomat Husanov barhayot” maqolasini, berilib, diqqat bilan o‘qiy boshladim:
- 228-gvardiyachi o‘qchi polki serjanti Ziyomat Husanov “pulemyot tili”ni puxta o‘rganib, “Kursk xalqasi” janglariga kirib borgan. 1942- yilda esa, Moskva ostonasidagi janglarda mardlik ko‘rsatgan. Og‘ir yarador bo‘lib, harbiy gospitallarda davolangan. Yana jangohga qaytgan. O‘zining pulemyot qismiga yetolmasdan, boshqa harbiy qism tarkibida “Kursk xalqasi” janglarida ishtirok etib, mardlik namunalarini ko‘rsatgan... Uning 45 marta dushman piyodasining hujumlarini daf qilgani, ko‘plab fashistlarni qirib tashlagani haqidagi 1943-yilning avgustidagi bir jang tafsiloti nihoyasida, jangchi Ziyomatning oxirgi granatani, yaradorligi sababli, uzoqqa ota olmay, o‘zi ham portlab ketgani hikoya qilinadi. Ushbu qahramonligi uchun Z.Husanovga (“o‘limidan so‘ng”) “Qahramon” unvoni berilgani ma’lum qilinadi va maqola jangchilarni bu o‘zbek xalqining botiri, alpomishidan o‘rnak olib, fashistlarni tezroq Ona tuprog‘imizdan quvib chiqarishga undaydi.
Ushbu safardan harbiy xizmat manzilimga qaytgach, uyga xat yozib, otamdan, ushbu hikoyat maktabdagi matematika muallimim haqidaligini, u o‘lmaganligini bilib oldim. O‘shanda,Z.Husanovni hushsiz holda, nemislar “olib ketishgan” ekan. Biroz vaqt o‘tib, ancha sog‘aygach, kontslagerdagi asirlar orasidagi 31 nafar hamyurtlar, buxorolik yashirin guruh rahbari Saylixon Fayziyev bilan maslahatni bir yerga qo‘yib, o‘zlarini qorovullayotgan fritslar guruhini daf etib, qurol-aslaha va oziq-ovqat zaxiralari bilan Yugoslav-Bolgar partizanlariga qo‘shilib oladilar, nemislarga qarshi, o‘sha xalqlarning milliy-ozodlik kurashi janglarida bevosita mardlik namunalarini ko‘rsatishadi. Og‘ir janglardan birida Ziyomat yarador bo‘ladi. Uni, Italiyaning Toronto shahridagi gospitalga samolyotda yetkazib, yotqizishadi. Qulog‘idan kirgan o‘q og‘zini teshib o‘tgan - jarohatni davolash jarayoni 1945- yilgacha davom etadi.
Ziyomat uyiga G‘alaba kunlari qaytadi.
ToshDUning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim, yoshlar yetakchisi sifatida, o‘qituvchilarim, olimlar Bahrom Rixsiyev, Irisali Toshaliyev va Tohir Pidayevlar rahbarligida, 2-jahon urushi yillaridagi harbiy front gazetalari xodimlari bo‘lishgan: domlalarim Rasul Muxammadiyev, To‘g‘on Ernazarov hamda yozuvchilar Adham Rahmat, Ziynat Fatxulin, Nazir Safarov, Nazarmat bilan, universitetda uchrashuv uyushtirdim. Uchrashuvdan so‘ng, fakultet dekani To‘g‘on Ernazarovning xonasida, muallimim Ziyomat Husanovning ayanchli taqdiri haqida: 1943-yildagi jasorati uni Qahramonga aylantirgan Oliy farmonning 1952-yilda bekor qilinganigacha so‘zlab, unga yordam barishlarini so‘radim.
O‘sha kundan e’tiboran, harbiy front gazetalari mavzusi ilmiy yo‘nalishimga aylandi va ular yordamida, Moskvaga - Mukofotlar bo‘limiga, Z.Husanovning Nizomiy nomidagi TTPIdan armiya xizmatiga chaqirilgani uchun - O‘zbekiston Oliy Sovetiga, Bolgariya 2-jahon urushi partizanlar harakati qatnashchilari Qo‘mitasiga... xatlar yozdik, jo‘natdik. Ziyomat aka, ariza xati bilan, Moskvaga - SSSR Oliy Sovetiga, jumladan, uning raisi o‘rinbosari Yodgor Nasriddinova qabuliga ham borib keldi.
Ziyomat akaning taqdiridagi azobni yengillatish yo‘lida yana ko‘p harakatlarni amalga oshirdik, lekin ijobiy natija bo‘lavermadi. Otam maktab direktori Yo‘ldosh Nishonboyev va o‘qituvchi Sultonshiqovlarga bu dardni bayon qildi, ular sergaklanib, astoydil yordamga otlandilar - biz bilan birga,
SamDUda birga o‘qishgan, o‘sha davrda O‘zbekiston KP MKning 1-kotibi Sharof Rashidov qabulida bo‘ldilar, unga maqsadni to‘lig‘i bilan tushuntirib, javobini ham olib ulgurdilar - Sharof aka kimlar bilandir bog‘lanib, mavjud muammoni bayon etib, yordam so‘ragan. Adolat tarozisi harakatga kelib, oradan yana 1 yil o‘tgach, Ziyomat aka haqida badiiy, hujjatli filmlar olinishiga, kitob, ocherk va, maqolalar chop etilishiga, O‘zbekistonda, Ukrainada, Rossiyada, Bolgariyada, Yugoslaviyada izn berilgan edi
Haqiqat yuzaga chiqdi - Z.Husanovga Bolgariya Xalq Respublikasi yozuvchisi Yordan Milov o‘zining Ziyomat Husanov jasorati haqida ko‘p yillar avval, jangchilar suhbatlaridan ruhlanib yozgan “Sharq povestlari” kitobini, Z.Husanov bilan Yugoslav-Bolgar partizanlari otryadida birga xizmat-jang qilgan, Ziyomat yarador bo‘lganida, shaxsan samolyotga joylab, Italiyadaning Toronto shahridagi gospitalga jo‘natgan komandiri Boyan Mixnev Chobanov o‘z davlatining “Bolgariya partizanlar harakati qatnashchisi” medalini, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekov hamrohligida, O‘zbekiston yozuvchilari va men bilan birga, Ziyomat aka muallimlik qilayotgan qishlog‘imizdagi maktabga kelib, rahbarlar, keng jamoatchilik, ayniqsa, hamqishloqlar ishtirokida, tantanali topshirdilar, Sofiya shahridagi maktablardan biri, Ziyomat Husanov nomi bilan atalganini ma’lum qildilar.
Keyin, Bolgariya rahbariyati, Ziyomat akani Sofiya shahriga alohida taklif qilib, katta tantanalar uyushtirib, unga “Bolgariya Milliy Qahramoni” nishonini topshirdi. Nihoyat, 1968-yilning 23 fevralida, Z.Husanovning ko‘kragiga, tantanali ravishda “Qahramon” nishonini taqib qo‘yildi.Men esa, O‘zbekiston televideniyesi “Yoshlik” studiyasining harbiy-vatanparvarlik redaktsiyasi muharriri Ro‘zimat Madatov rahbarligida, “Mardlik-mangulik” ko‘rsatuvini: 1970-yil 6 may kuni - endi, haqiqiy “Qahramon” unvoni sohibi Ziyomat Husanov, “Suvorov natiski” front gazetasining mas’ul muharriri bo‘lgan, endi, professor To‘g‘on Ernazarov va harbiy jurnalist bo‘lishgan
Rasul Muhammadiy, Nazarmat, Nazir Safarov, Adham Rahmatlar ishtirokida, efirga uzatdik.
“Vatan sharafi uchun” front gazetasi muxbiri bo‘lgan Ziynat Fatxulin o‘sha teleko‘rsatuvda bevosita ishtirok etayotgan, uning maqolasi qahramoni, “Qahramon” unvoni sohibi, o‘qchi jangchi Bo‘taboy Sodiqov haqida material to‘plagani epizodini so‘zlabib, unga “Vatan sharafi uchun” front gazetasida o‘sha maqola chop etilgan gazetaning ushbu sonini hamda uning 2,5 ming o‘zbek jangchisi qatori qo‘l qo‘ygan “O‘zbek xalqiga o‘zbek jangchilarining javob Maktubi”ni Bo‘taboy akaga taqdim etgandi.
O‘shanda, Z.Fatxulin,1942-1946-yillarda chop etilgan “Vatan sharafi uchun” front gazetasida, To‘lagan Soatov, Ziya Aminovlar kabi jurnalist-muxbirlar ham ishlaganini aytgandi. O‘sha kuni, ushbu to‘g‘ri efirdagi teleko‘rsatuvdan so‘ng, “Qahramon”larimiz bilan birga, Toshkent bo‘ylab sayohat qilganmiz, A.Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yganmiz, A.Navoiy nomidagi kinoteatrida “Osvobojdeniye”filmini tomosha qilganmiz, Nizomiy nomidagi TDPIda “Ziyomat Husanov” stendini tantanali ochganmizda. unga oliygoh rahbari “Faxriy talaba” guvohnomasini taqdim etgandi.
E’tiborlisi, 11635 nafar “Qahramon” unvoni sohiblari safida yuzga yaqin O‘zbek yurti vakillari ham borligi fahrlantiradi, albatta.
To‘g‘on Ernazarov mas’ul muharrir “Suvorov natiski” front gazetasini jangchilar “Suvorovchi” deb, sevib, erkalashai haqida, janglar bilan Vena, Budapesht shaharlarini ozod qilishda ishtirok etgan Yangiyo‘llik oddiy jangchi Pazliddin Zarbiyev, harbiy jurnalistlar To‘g‘on Ernazarov, Adham Rahmat, Nazarmat, Rasul Muhammadiy, Nazir Safarov, Ziynat Fatxulin ishtirok etgan uchrashuvda, sarg‘ayib ketgan fotolarni sharhlab, jangchilar davrasidagilar “Suvorovchi”ni dam olish chog‘ida, o‘qishayotganda, muxbiri olganini, ular gazeta sahifasidagi latifani hozirgina o‘qib, rosa kulishib, endi milliy askiyaga o‘tishayotgan payt ekanini, so‘zlab bergandi:
- Biz 2-Ukraina frontida xizmat qilardik, sog‘inch va sabrsizlik bilan uyimizga qaytishimizni kutayotgan g'alaba onlar edi. “Suvorov natiski” gazetadasigi T.Ernazar she’ri qattiq ta’sir qildi, menga. Sababi, urushga otlanarkanman, G‘iyosiddin va Bahriddin o‘g‘illarim, Zabira yorim Rahima chaqalog‘i qo‘lida, kuzatib qolishgandi. She’r, qulog‘im ostida, qizimning yangroq yig‘isi bo‘lib eshitildi. Sevinch yoshlarini to‘xtata olmay, “Chaqaloq yig‘isi” she’rini ko‘zimga surtdim, bag‘rimga bosdim, asrab qo‘ygandim, deya, avaylab, asrab kelgan ushbu gazetadagi she’rni o‘qishga tushgandi.
Pazliddin ota, o‘shanda, bizga, yana bir gazetani ko‘rsatdi - dastlabki jangga kirish oldidan o‘zbek jangchilariga tarqatilgan “Qizil O‘zbekiston”ning 1941-yil 22 iyun soni! Unda G‘.G‘ulom, Oybek, Uyg‘un, M.Shayxzoda, A.Umariy, Izzat Sulton, T.Jalolov, Yu.Latif, Bahrom Akbarov, Davron, Hasan Po‘lat, Temir Fattoh kabi xalq obro‘siga ega bo‘lgan o‘zbek yozuvchi, shoir va san’atkorlarining urushni la’natlab, g‘alabaga ishonch bilan yozgan “Ochiq xati”da, jumladan: “Bashariyat tarixida ko‘rilmagan hiyonat: ona Vatanimizga yirtqich, odamxo‘r Gitler va uning shaykasi banogoh hujum qildi. Bu jang nur bilan zulmat, adolat bilan zulmning...hayot-mamot olishuvi bo‘ladi. Biz - xalqlar do‘stimiz. Xalqlar abadiydir. Biz odamzod qalbining urmay qolishini emas, balki, xalqlar qalbining, doimo, urib turmog‘ini istaymiz. Lekin, xalqlarning mahv va barbodligini istagan Gitlerning qalbini parchalashga, odamzod tarixi meros qilgan, butun madaniyat hurmati bilan ham, qurol bilan ham, qalam bilan ham tayyormiz! Bizning xalqimiz, quturgan dushmanni o‘z tuprog‘ida yer bilan yakson qilgan ... sarkardalarning jangovar an’analarida parvarish topgan mardlar avlodidir... Bizning yaratgan tarix, hech shubhasiz, nafrat bilan Gitlerning go‘rini qaziydi...” - deyilgan. Noma jangchilarni botirlikka, dushmanni yengib,, ona Yurtiga qaytishga undagan.
Aytib o‘tish o‘rinli-ki, jangchilarni O‘zbekiston hayoti bilan tanishtirish,jangchilarning harbiy malakasini oshirish, harbiy tayyorgarlikda a’loga erishgan, jangda dushmanning adabini bergan o‘zbek jangchilari haqida so‘zlab, ularni g‘alabaga ilhomlash maqsadida, front ichida, o‘zbek tilida gazeta chiqarish haqidagi O‘zbekiston rahbariyatining taklifini VKP(b) MK 1942-yilda quvvatlaydi va turli millatlarning ona tillarida, jami 50 ta gazeta chiqarishga qaror qiladi. Jumladan, ularning 16 tasi o‘zbek, 5 tasi qozoq tilida edi. O‘sha yili, Moskvada chiqadigan 4 ta markaziy harbiy gazeta va 18 ta harbiy jurnaldan tashqari, harakatdagi Armiyada muntazam chiqadigan front, armiya, korpus, flot, diviziya, brigada, partizan va podpole gazetalari soni 800 ta, jami adadi 3 mln. nusxada bo‘lgan. Jangchilarni g‘alaba sari undab, ularda dushmanga nafrat sezgilarini mustahkamlash bo‘lgan vazifani, ushbu nashrlar, to‘laqonli bajarganini vaqt tasdiqladi.
Urush yillari, respublika matbuoti “O‘zbek xalqining jangchilariga ularning el-yurtlaridan Maktub”ni e’lon qildi. Ushbu mashhur Nomani, o‘zbek tilidagi front gazetalari birinchilardan bo‘lib o‘z sahifalarida chop etishdi.Uni o‘qir ekansiz, so‘z kabi qudratli qurolga tan bermay ilojingiz yo‘q, qalbingiz titraydi.
O‘zbek jangchilari o‘rtasida Hamid Olimjonning “Jangchi Tursun” balladasi mashhur bo‘lib ketishida ham front gazetalarining alohida o‘rni bor. Ularda, G‘ofur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Uyg‘un, Turob To‘la she’rlari bosilib turardi.
Ayniqsa, “G‘alaba uchun” gazetasi o‘z jangchi muxbirlarining ko‘pligi bilan ajralib turardi. Uning mas’ul muharriri Rasul Muhammadiyev pahlavon kelbat, baquvvat kishi - gazeta ishining zukko bilimdoni edi.Nazir Safarov mas’ul muharrirligidagi ”Sovet jangchisi” front gazetasini mayor S.Nuriddinov, kapitan F.Kamolov, katta leytenant A.Muhammadjonov, starshina Badalov - yetuk jurnalistlar chiqarishgan.
“Dushmanga qarshi, olg‘a!”, “Bong”, “Atakaga”, “Front haqiqati”, “Vatan urushi”, “G‘alaba sari, olg‘a!”, “Qizilaskar g‘alabasi uchun”, “Stalin bayrog‘i” nomlardagi o‘zbek tilidagi front gazetalari ham fashizmga qarshi hayot-mamot janggini ta’sirchan satrlarda aks ettirganlar.Ular haqidagi ma’lumotlarni, bugun, arxivlardangina topish mumkin
Yana bir front gazetasi “Qizilaskar haqiqati” 1944-yil 3 yanvardangina to‘liq o‘zbek tilida chiqarila boshlagan. Unga mas’ul muharrir etib Adham Rahmat tayinlangan. Mazkur nashrda Abdulla Sharofiddinov, Ibrohim Rahim, Nabi Jabborov, G‘ani Navro‘zboyev, Hamid Fayziy, Ma’ruf Hakim kabi jurnalistlar faoliyat ko‘rsatganlar. Ularning har biri, urush ko‘rgan jangchilar bo‘lib, bevosita jangohlardan maqolalar tayyorlashda tengsiz edilar. Ushbu gazetaning yana bir ustun jihati - unda O‘zbekistonga oid tarixiy maqolalarning berib borilgani.
“Qizilaskar haqiqati” gazetasining tashkil topishi va uning bosib o‘tgan yo‘li juda mashaqqatli va zafarli bo‘lganini, Toshkentning “Ishchilar shaharchasi” mavzesidagi xonadonida, ushbu nashrning mas’ul muharriri bo‘lgan Adham Rahmat so‘zlab bergandi.
- Redaktsiya Moskvaning Gertsen ko‘chasi, 7-uyda joylashgan bo‘lib, u bomba va minalar zarbidan lat yegan, 1942 yil qishi eshik qoqib kelayotgani bois havo sovuq, atrof nam, yog‘in ko‘p edi. Harflar Toshkentdan yetkazib kelingach, qog‘oz muammosi hal etildi. 3 ta harf teruvchi bilan ish boshladik Gazetaning 1-soni noyabrda-“Krasnogvardeyskaya pravda” gazetasining davomi - 303-soni bo‘lib, “Izvestiya”ning bosmaxonasida bosildi, 1944-yilning 3 yanvaridangina “Qizilaskar haqiqati”ning alohida va to‘liq o‘zbek tilidagi sonlari bosila boshlandi. 58-sonidan boshlab - gazeta, g‘alaba nashidasi bilan, ilgarilab borayotgan Armiyamiz bilan birga G‘arbiy front tarkibida yo‘l oldi. 8-sonidan boshlab gazetani Abdulla Sharofiddinov, keyinroq Ibrohim Rahim, Kaluga shahrida Nabi Jabborov va G‘ani Navro‘zboyev, Minskda Hamid Fayziy va Ma’ruf Hakim kabi jurnalistlar to‘ldirdilar.
Harbiy janglarda bevosita ishtirok etib, dushman bilan yuzma-yuz turib, jang qilib, chiniqqan bu jangchi muxbirlarga, endi, gazeta uchun material to‘plash, janggohlardan bevosita intervyu uyushtirib qaytish, uncha muammo tug‘dirmasdi;.
- Odatda, barcha milliy front gazetalari har sonining 1-betidagi doimiy rubrikasida “Sovinformbyuro”ning “Armiyamiz kundalik tezkor ma’lumotlari”ni, Oliy Bosh Qo‘mondonning buyruqlarini bosardi. Masalan, 1945-yil martdagi, mana bu tezkor ma’lumotda, frontlardagi ahvol, undagi harakat bayon etilgan, tepasida esa: “Jangchi! Dushman yerida ekaningni esdan chiqarmay, hushyorligingni yana ham oshirishing kerak! - shiori. Agar joy yetsa, ushbu betdan:”Frontimiz qahramonlari” rubrikasi materiallari ham joy olardi. Bu holatdan, ko‘proq hamyurt jangchimiz jasorati, “Qahramon” unvoni yo ordenlar bilan taqdirlanganda unumli foydalanilardi;
1944-yil may sonida serjant Azim Rustamovga bir jangda 17 fashistni o‘ldirib, 6 tasini asir olgani uchun “Qizil Yulduz” ordeni berilgani qisqa bayon qilinib, fotosi ham bosilgan, iyun sonida ko‘p yaradorlarni va komandirlarni qutqargan oddiy jangchi Qoratoy Maqsudovning suvrati ostida uning “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlangani ma’lum qilingan;
- “Qahramon” unvoni sardorlari-o‘zbek jangchilari haqida kattaroq xabar fotosi bilan, albatta, 1-betda bosilardi. Mana, misol: o‘zbek jangchisi To‘xtasin Boboyev suvrati ostidagi xabarda qayd qilinishicha, Qo‘qondagi “O‘zbekiston” tikuv ustaxonasi ishchisi - Ona uni frontga jo‘natayotib:
- Qahramon bo‘lib qayt! - degan. Xizmati davomida, o‘g‘il Onasi nasihatini bajargani: T.Boboyev 1942 yilning oktyabridagi jangda 2 ta fashistni o‘ldirgani va 1 ta (navbatdagi jang taktikasida asqotgan axborot mavjud) til”ni tutib keltirgani uchun “Jasorati uchun” medali bilan;
keyingi janglardan birida razvedkada sherigi bilan birga 20 ta gitlerchini qirib tashlagani va 4 tasini asirga olgani uchun “Vatan urushi” ordeni, razvedkada 4 ta fashistni o‘ldirib 1 tasini asir olgani uchun “Shuhrat ”ordeni; tarkibida u ham bor razvedkachilar guruhi Dnepr daryosini birinchilardan bo‘lib kechib o‘tib, dushmanni ularning transheyalaridan quvib chiqargani va 20 tasini yer tishlatib, 2 ta pulemyot raschyotini yakson qilib, asosiy kuchlarimizga atakaga yo‘l ochib berishgani uchun “Qahramon” unvoniga sazovar bo‘lgani hikoya qilingan;
1944-yilning 22 iyunidagi sonda, urush boshlanganining 3 yilligiga bag‘ishlangan maxsus “Yubiley son” bo‘lib chiqqan edi”, - deb, o‘zbek va qozoq minomyotchilari Hakim Eshjonov va Mirgali Tungatovlar fotosi, suvratning tagida esa, ularning jangdagi jasorati hikoya qilingan lavhani ko‘rsatdi. Adib yana ko‘rsatgan gazetaning o‘sha yil 14 iyun sonidan o‘rin olgan “Matrosov izidan” ocherki “Qahramon” nishoni sohibi Toshtemir Rustamovga bag‘ishlangan ekan.
- O‘zbek jangchilarini, O‘zbekiston bilan bog‘liq materiallar o‘ta qiziqtirgani bois, front gazetalarida “O‘zTAG xabarlari”ni bosib turishni ham yo‘lga qo‘ygandik. Mana, qarang: “Qizilaskar haqiqati”ning 1945-yil mart sonlarida Hamza nomli teatr jamoasiga Lenin ordeni, artistlardan Mannon Uyg‘ur, Abror Hidoyatov va Sora Eshonto‘rayevalarga yuksak unvonlar berilgani, “Poxol va somondan qog‘oz” xabarida, Samarqand, Jizzax va Qo‘qonda ushbu xom ashyodan qog‘oz ishlab chiqaruvchi sexlar tashkil etilayotgani, “Muzika lektoriysi ochildi” lavhasida Toshkent konservatoriyasi faoliyati haqida ma’lumotlar bosilgan.
- 1942-yilning noyabr sonlarida Toshkent to‘qimachilik kombinati, “Selmash” zavodi, Chirchiq ximiya kombinati, Ohangaron ko‘mir koni ochilgani, Katta Farg‘ona kanali qurilishi haqidagi xabarlar nihoyasida: “Jangchilar, ko‘p qiyinchiliklar bilan qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni asrangiz, nemis bosqinchilarini ona-Vatandan tezroq quvib chiqaringiz!” - deb hitob berganmiz.
1945-yil sonlarida O‘zbekiston san’at ustalarining frontlardagi gastrollari haqidagi xabar va suvratlar o‘zbek jangchilarini sog‘inch bilan kutishga, uylariga tezroq yetib borish hayollariga undagandi. “Muqanna”, “Temur Malik”, “Samarqand” kabi tarixiy maqolalar ham bosilganda, hamyurt jangchilarimiz, xuddi bir bor O‘zbekistonga borib kelganday hissiyotga ega bo‘lishardi, Vataniga muhabbati yanada oshardi.
Umuman, ushbu o‘zbek tilidagi front nashrlari, ona Vatan ruhini o‘zbek jangchilariga yetkazishda, asosiy ahamiyat kasb etgan. Masalan, 1942 yilning 25 oktyabrida “Qizil O‘zbekiston”, keyin “Pravda” gazetalari bosgan tarixiy “O‘zbek xalqining jangchilariga ularning El-yurtlaridan Maktub”ni, 3 noyabrda, “Qizilaskar haqiqati”, birinchilardan bo‘lib, chop etgandi. Unda, qisman:
“Nuri-diydalarimiz, jigar-poralarimiz! Bu Xatni sizlarga, Vatan yozadi. Bu Xatning tagiga butun o‘zbek xalqi qo‘l qo‘ygandir... Aziz jigargo‘shalarimiz! Vatanning har bir qism tuprog‘i biz uchun tabarruk ekan, uning nemis fashistlari itvachchalari oyog‘i ostida murdor bo‘lishiga beparvo qarab turgan ko‘zlar ko‘r bo‘lishga, beparvo eshitib turgan quloqlar esa, kar bo‘lishga loyiqdir! ...Agar siz, dushmanni tezroq tor-mor keltirmasangiz, kallakesar nemislar, mo‘ysafid ota-bobolarimizning mutabar soqollaridan ushlab, ularni xo‘rlashi, aniq gap. Onalarimizning oq sochlaridan ushlab, ularning yerda toptalishini tomosha qilishga rozi bo‘lgan o‘g‘ilning ko‘zi ko‘r bo‘lishga loyiqdir! Ozodlik gulini bir iskab olgan kishi, uni umrbod unutmas. Yuz yil umr ko‘rgan kundan, bir kun erkin yashashga ulgurgan kishi baxtiyor va bearmondir ...Ana shunga yarasha urushingiz! “Yigit kishining uyalgani-o‘lgani”, - deganlar ota-bobolarimiz. O‘zbek xalqining nomiga isnod keltiruvchi ish qilmangiz. Bolalik chog‘laringizda, onalaringiz sizga “Alla” o‘qib tanitgan, qadimgi pahlavonlar: Almomishlar, Rustamlar, Ravshanbeklar, Avazbeklar sizga yor va madadkor bo‘lsin... Aqli shoshgan, o‘zini yo‘qotgan, dovdirab qolgan kishilarga sizning safingizda o‘rin bo‘lmasin...
O‘zbek xalqining sharafli farzandlari Qo‘chqor Turdiyev, Sirojiddin Valiyev, Muhammad Ibrohimov, ... Zeboxon G‘aniyeva va boshqalardan o‘rnak olingiz!” - deb 2 mln 412 ming nafar o‘zbek Eli ahli - yurtdoshlar qo‘l qo‘yib, xitob qilishgan.
“G‘alaba uchun” gazetasini boshqargan Rasul Muhammadiyev eslagandi:
- O‘zbek tilida nashr etilayotgan barcha - 16 ta front gazetalarining 1943 yil mart sonida Yo‘ldosh Oxunboboyevning “O‘zbek jangchilariga Maktubi” bosildi. Unda qisman, shunday misralar bor:
“Jonajon farzandlar! O‘zbek xalqi o‘z Maktubida: ”Har birimiz 2-3 kishining ishini qilamiz!” - deb sizlarni ishontirgan edik. Xalqimiz va’dasini sharaf bilan bajarmoqda. Biz, ilgari: “Bir qadam orqaga qaytish yo‘q!” - deb aytgan edik. Hozir ham sizlarga: “Faqat olg‘a, faqat G‘arbga boringiz!” - deymiz. Qal’alarimizning darvozasidan o‘g‘ri bosib kirdi, uning qochishiga yo‘l qo‘ymangiz. Darvozani mahkam solingiz! Dushmanni qurshab olib, omon bermay qirib tashlangiz. Sizlar Vatan urushidan g‘olib bo‘lib, qahramonlar bo‘lib, eson-omon qaytib kelinglar!” yetib borgan va ularni yanada shiddatliroq kurashga chorlagan edi. Front gazetalarida, ayniqsa, Men rahbar nashrda, satira janri ham shakllanib borardi. Jangchilardan tez-tez, o‘zlari to‘qigan latifalar kelib turardi. Ularni chop etganimizdan so‘ng, o‘zbeklarning milliy askiyasi bilan qo‘shilib, frontlarning okoplarida baralla yangrardi, jangchilarning qisqa muddatli hordiqlarida, ko‘maklashardi.
Ushbu “G‘alaba uchun” front gazetasi eng ko‘p jangchi muxbirlarga egaligi bilan alohida ajralib turarkan. Uning rahbari Rasul aka Muxammadiyev jamoat ichida chaqqon, gazeta ishida bilimdon, jismonan devsifat, baquvvat inson bo‘lib, nashr faoliyatini jangchilar orasida, ular doirasida muhokamaga qo‘yar, jamlangan fikr-mulohazalarni hisobga olib, keyingi - yangi sonini chiqarishga ruxsat berar ekan.
Uni, yaxshi askiyachi sifatida ham, tanisharkan. Bu esa, u borgan har bir davrada, o‘zbek jangchilari bilan erkin suhbat qurishga, ular oldida turgan vazifalarni erkinroq tushuntirishga yordam berarkan. Ushbu redaktsiya tayyorlagan jangchi agitatorlar va muxbirlar, o‘z bilimlarining chuqurligi bilan, boshqa gazetalardan ajralib turarkan.
Front gazetalarida Maqsud Shayxzoda, Uyg‘un, Turob To‘la, G‘afur G‘ulom kabi taniqli adiblarning she’rlari qatorida, o‘zimning “Onamning aytganlari”, “O‘g‘limning javobi”, ”Yovni qir!”, ”Bobolar madadkor”, ” Farg‘ona”, ”Mardlik -merosdir”, ”Gitlerning motam qo‘shig‘i”, ”Otda”, ”Avtomatchilar qo‘shig‘i”, “Sog‘inish soatlarida”, ”Shinel”, ”Chapak chaling, yaproqlar”, “Okop qo‘shiqlari” kabi she’rlari ham bosilib turardi, jangchilar esa, ularni mehr bilan qabul qilib, o‘qir va ko‘pincha yod olardi.
“Sovet jangchisi” front gazetasi rahbari, yozuvchi Nazir Safarov ta’kidlashicha, fashistlarning Vatanimizga hiyonotkorona hujumi kunidanoq, o‘zbek yozuvchilari ham mudofaaga otlandilar. O‘tkir so‘zlari, nayza kabi, darhol, dushmanga qarshi qaratildi. Ruboiy, qo‘shiq, ballada, poema, pesa va barcha publitsistik ijod namunalari bosqinchilarga qarshi so‘nggi nafasgacha jang qilishga, xalqimzning g‘alabaga ishonchini mustahkamlashga qaratilgan edi. Ularning asarlari juda tez okop va blindajlarga-jangchilarimizga, asosan, front gazetalari bilan birga, ular orqali yetib borar edi.
Jangchilarimizni botirlikka da’vat etib, dushmanga g‘azabini oshirishga xizmat qilar edi. Bunga yorqin misol: Hamid Olimjonning “Qo‘lingga qurol ol!”, “G‘alaba qo‘shig‘i”, “Shinel” she’rlari. Xalqi kabi, jangchilari ham sevgan bu shoirning “Jangchi Tursun” balladasining o‘zbek jangchilari o‘rtasida mashhur bo‘lib ketishiga, ayni, o‘zbek tilidagi front gazetalari, ayniqsa, “Sovet jangchisi” gazetasi sabab bo‘lgan. “Sovet jangchisi”gazetasida mayor S.Nuriddinov, kapitan F.Kamolov, katta leytenant A.Muhammadjonov, starshina Badalovlar ishlashgan.
Uning 1-sonidagi “Farg‘ona jangchilari” maqolasi, bosqinchilarga qarshi kurashda o‘zbek jangchilarinineg jasorati pafos bilan kuylanganligi bilan ajralib turadi.
Bugungacha, Adham Rahmat domlaning oilasida to‘liq saqlangan “Qizilaskar haqiqati” gazetasining xodimi A.Sharofuddinov material to‘plash uchun jangning oldingi chizig‘iga borganda, dushman o‘qidan halok bo‘lgan.
Jalolxon Azizxonov, u og‘ir yarador bo‘lganidan so‘ng Meli Jo‘ra, keyin, ”Qizil Armiya” front gazetasi mas’ul muharriri bo‘lgan, yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy bilan uchrashish nasib etmadi. 21-asr boshlaridagina, yozuvchi Tohir Malikning “Ozod inson haqida qo‘shiq”, Shodmon Otabekning “Mirzakalon Ismoiliy saboqlari” kitoblari hamda ustozning nabiralari bilan uchrashuvlar orqali ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Mazkur front gazetasi, o‘zbek jangchilari orasida, o‘zining tezkorligi bilan ajralib turgan ekan, “O‘zbek xalqining jangchilariga ularning El-yurtlaridan Maktub” hamda “O‘zbek jangchilarining o‘zbek xalqiga javob Maktubi”ni o‘zbek jangchilariga tezroq yetkazgani uchun hamda ulardan jangchilarni tarbiyalash ishida samarali foydalangani uchun, Mirzakalon (M.Kalon) va Meli Jo‘ra shaxsan marshal Jukovdan “Rahmatnoma” olganini, faxrlanib so‘zlab yurarkan, farzandlariga.
Insoniyat tarixidagi ushbu ulkan muhorabada - jang maydonlarida, millatimizning jasur farzandlari qatori Saidg‘ani Valiyev, Abdulla Sharofiddinov, Abidjon Abdurahmonov, Rahimjon G‘ofurov, Hasan Izzatiy, Safar Orzumetov, Sulton Jo‘ra, Burxon Tursunov, Ne’mat Abdullayev, Zifa Shamsutdinova kabi jurnalistlar va front gazetalari xodimlari ham mardona halok bo‘lganlar.
Rustam Abdurahmonov, To‘g‘on Ernazarov, Nazir Safarov, Ziynat Fatxulin, Mirzakalon Ismoiliy, Adham Hamdam, Ibrohim Rahim, Rasul Muhamadiy, Nazarmat, Hamid Fayziy, Ma’ruf Qoriyev, Ma’ruf Hakim, Nabi Jabborov, G‘ani Navro‘zboyev, Adham Rahmat, Jalolxon Azizxonov, Nabi Yusufiy, Mumtoz Muhamedov,
Meli Jo‘ra, To‘lagan Soatov, Sharif Bo‘lat, Faxri Kamol, Malla Abdullayev, Ilyos Muslim, Fayzulla Nurillayev, Lutfulla Hamroyev, Solih Abdukarimov, Abdurahmon Urazov, Zikrilla Umrzoqov, Yo‘lchi Bilolov kabi adib va jurnalist-mohir qalamkashlar G‘alabani omonlikda qarshiladilar. Bugun bu insonlarning ham ko‘pchiligi oramizda yo‘q. Ular qalamiga mansub yoxud ular haqidagi maqolalarning har biri, bugun, suronli yillar tarixining bir qismiga aylangan. Ha, o‘zbek qalamkashlari jangchilarni fashizmga qarshi qahramonona kurashga undab, so‘z kabi ulug‘ qurol bilan ularga yelkadosh bo‘ldilar. Bugun, unchalik ham xotirimizga kelavermaydigan, tarixga aylangan o‘zbek tilidagi front gazetalari, 2-jahon urushi jarayonida, o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalarini sharaf bilan uddaladilar. O‘tganlarning, ustoz qalamkashlarning ruhlari shod bo‘lsin! Men esa, ustoz harbiy jurnalistlarning o‘zlaridan, yarim asr muqaddam, bevosita suhbatlar taassurotlarnning ayrimlariga izn berdim.. Zero, ushbularni aytish menga vazifa edi, - deb fahmladim.
.
XULOSA
2-jahon urushi davrida o‘zbek matbuotida talaygina asarlar,ocherklar,maqolalar va yana boshqa ko‘plab turli xildagi nashrlar chiqarilganini esga oldik va bilib ham oldik.Ziyomat Husanovning fashistlar orasidagi jasorati haqida ham ozmuncha bo‘lsada U insonning kim ekanligi haqida biroz ma'lumotga ega bo‘ldik.
Sa`dullayev Zafarbek Jurnalistika tarixi fanidan yozgan referati.
Foydalanilgan adabiyotlar :
-ziyouz.com sayti
-wikipedia.org sayti
Dostları ilə paylaş: |