Haminon- yo`ldosh; ofoq- dunyo; taab- mashaqqat; anoniyat- xudbinlik, manmanlik; samand- ot; tak-u toz- shitob bilan chopish; kilk- qalam.
Musaddasning so`nggi bandida ijodkorning “shevan” taxallusi keltirilgan.
Kilki Shevan bu qissalarda chunon,
Ko`rguzub sur’at ani yozdi ravon.
Shoirning ijtimoiy mavzuda yozilgan”Ibrat tilsimi’ degan she’ri ham bor.
Bo`lushib din yukida begona,
Kirmaduk biz tariyqi vijdona.
Solubon o`zni turfa farzona
Ta’n urarmiz ja’miyi adyona
Lek bormiz haqiqiy devona. (37,124).
Sidqiy Xondayliqiy pand- nasihat ruhida hikmatlar va ibratlar yozgan. Ularning aksariyati she’riy tarzda yozilgan. Shunday hikmatlardan birining nomi “Ayozning nazari hamisha choruqi birla po`stinida edi”.She’r masnaviyda yozilgan. Qofiyalanishi a-a, b-b, c-c…ushbu masnaviy ham hikoya tarzida boshlangan:
Bor edi maxsus Ayozning hujrasi,
Choruqi va po`tini anda edi.
Kiribon hujraga ohistag`ina,
Ko`z solurdi po`stini choruqina. (37,89).
Masnaviyda mehnat qilib kun kechirishga da’vat etiladi. Tekinxo`rlik va ta’magirlik qoralanadi:
Sidqiyo, hamchun Ayoz insof qil,
Ishlabon yeb xalqumingni sof qil.
Goh yog`lig` non-u kulcha istama,
Ya’ni tekin oshni qilcha istama.(37,84).
Mazmuni haqida qisqacha gapiradigan bo`lsak, bosh qahramon Ayoz ilgari kambag`al va nochor bo`lgan, uning po`stini va choruqidan boshqa hech narsasi bo`lmagan. Vaqtlar o`tib Olloh unga yaxshi kunlarni taqdir qilib boy bo`ladi. Shunda ham u eski choruq va po`stinida voz kechmaydi. Bu yerda bir o`zbek xalq maqolini keltirib o`tish mumkin: “Yangi do`stlarni ko`rganda eskilarini unutma”.
Keying misralarda shayxlar misolida jami amaldorlar, zolim, zulmkorlar qoralanadi.
Elni moli birla tug`yon aylag`ay,
O`zni obod, elni vayron aylag`ay.
Masnaviyda qo`llanilgan badiiy san’atlarga to`xtaladigan bo`lsak, talmeh san’atidan foydalanilgan, ya’ni she’rda o`tmishdagi mashhur zotlar va tarixiy shaxslar nomi keltirilgan.
Hech ikovingni unutmasmen dame,
Garchi Mahmud G`ozining men mahrami.
Tashbeh san’ati qo`llanilgan:
O`zgalarning ne’matini yeb oshmasa,
Sel yanglig` ko`b toshmasa
Sel suyi bermas eking`a foyda
Balki ekinni qurutqay joyida. (37,37).
Bu yerda o`xshatish vositasi “yanlig`” so`zidir. Tashbehning ham yetti turi bor. Ushbu misralarda tashbehi sarch- ochiq tashbeh qo`llanilgan.Yana keyingi misralarda ishtiqoq san’atini ko`ramiz:
Goh yog`lig` non-u kulcha istama,
Yani tekin oshni qilcha istama
“Kulcha” “qilcha” so’zlari bunga misol bo’la oladi.
Shuningdek, ushbu baytda epifora san’ati ham qo`llanilgan. Misralar oxirida aynan bir so`z takrorlanib kelgan. Shu bilan birga tanosib san’atidan ham foydalanilgan. “Non”, “kulcha” va “osh” ma’no jihatdan bir-biriga yaqin turuvchi so`zlar hisoblanadi. Shuningdek ikki o`rinda o`z taxallusini keltirib o`tgan:
Sidqiyo, ul selni tafsir bil,
Ya’ni ul selni zamona shayxi bil.
Bulardan tashqari bir nechta ibratlar yozgan. Aksariyatining sarlavhasi mavjud emas. Ibratlar ham she’riyda, ham nasriyda yozilgan. Ushbu sarlavhasiz ibratlar va hikmatlarning deyarli barchasida tashxis san’ati qo`llanilgan. Ya’ni har bir ibratda ikki va undan ortiq hayvon, parranda yoki qushlar orqali fikrini izohlaydi. Yuqorida aytib o`tdik ibratlar ham nasriy, ham she’riy tarzda yozilgan. Tashxis san’ati asosan, nasriy qismida keltirilgan.
Bir sichqon birla bir qurbaqa oshno bo`lub, kamoli muhabbatdin oyoqlarig`a if bog`lashib qo`ydilar. Quzg`un sichqonni olib qochqon, qurbaqa ham ifga osila jo`nadi. (38,190).
Ushbu masal ham she’riy ham nasriy tarzda yozilgan. Yozuvchi o`z fikrini she’riy qismda ochib berishga uringan. Unda “sichqon” va “qurbaqa” obrazlari ramz qilib olingan. Ya’ni sichqon bilan qurbaqa zamona shayxlariga ko`r-ko`rona ergashishga o`xshatilmoqda.
Shuningdek, pand-nasihatlarning she’riy qismida irsoli masal keltirilgan.
Oqibat, alqov gadolik aylagay,
Mehnat etgan podsholik aylagay.
Bu maqolda kishilar mehnatsevarlikka da’vat etilmoqda. Ya’ni kimki, mehnatsevar bo`lsa, hech qachon xor bo`lmaydi, birovga qaram bo`lmaydi. “Podsholik aylagay” so`zidan ham maqsad mehnatkash inson o`ziga xon, o`ziga bek bo`ladi.
Kishining dastori katta bo`lg`on birlan odam bo`lmas, chunki yog` qovoqning ham kallasi kattadir.
Ya’ni, tashqi ko`rinish aldamchi bo`ladi. Kishilarga hech qachon tashqi qiyofasiga qarab muomalada bo`lmaslik kerak. Surati go`zal bo`lgani bilan siyrati juda xunuk bo`lishi mumkin. Chin go`zallik qalb go`zalligi sanaladi.
Eshakka atlas yopsang ham eshakdur.
Eshakmunchog` dur bo`lmaydi.
Nayshakar nayshakardur, qamish baland bo`lsa ham qamishdurur. (37,167).
Ushbu ibratlarda tashqi ko`rinish aldamchi bo`lishi, shkl va mazmun doim ham mutanosib bo`lavermasligi haqida so`z bormoqda.
Ibratlarning nasriy qismida turli hayvonlar va qushlar majoziy obraz sifatida keltirilgan. Ular quyidagilar:
Sichqon- qurbaqa, bulbul- chumoli, bo`yog`li- qarchig`ay, kabutar- tovuq, chumchuq- laylak, bo`ri- qo`y.
Ibratlarda asosan, shayxlarning ta’magirligi, tekinxo`ligi va ochko`zligi qoralanadi. Shuningdek ibratlar orqali kishilarni mehnat qilib kun kechirishga, yalqov bo`lmaslikka undaydi.
Barcha yalqovlarni odam demagil,
Emdi onlarg`a qo`shulmasdin chekil.
Bo`lma yalqovlarg`a hargiz oshno,
Oshino bo`l, ya’ni zahmatkash birla.
Bu misralarda yalqovlarni odam sirasiga kiritmaydi va ularga qo’shilmaslikni ta’kidlab, zahmatkash insonlarni ulug’laydi.
Katta dastoring agarchi savlating,
Makr-u afsun birla bo`lg`ay davlating.
Bo`lmag`il ul oriyat mag`rur sen,
Aldabon yesang misoli bo`risen.
Boshqalarga nafi tegadiganlarni qo`yga o`xshatadi. Ta’magirlar, tekinxo`rlar bo`riga o`xshatiladi. Tabiatdan bizga ma’lum tog`li hududlarda, yaylovlarda odamlar suruv- suruv qo`y boqadi. Ana shunday paytlarda bo`rilar tayyorga ayyor bo`lib qorong`uda kelib qo`ylarni bo`g`izlab ketadi. Tekinxo`r deyilishining sababi shunda. Hayotda ham ta’magirlarlar hech qanday mehnat, mashaqqatsiz kishilarni mol-u mulkiga sherik bo`ladi.
Endi qo`y obraziga to`xtaladigan bo`lsak, qo`yni insonlar daromad maqsadida boqadi. Semirganda uning go`shti pul, terisi pul va hokazo. Qo`y hech qachon kishilarning mulkiga tajovuz qilmaydi. Egasi nima bersa, shuni yeydi.
Bo`rilikni tashla bo`lma behunar,
Qo`y kibi bo`l, manfaatlik bo`lma shar.
Qo`yni har a’zosida bor foyida,
Junlari aziz bo`lg`ay har joyda. (37,64).
Quyidagi chiroyli o`xshatishga e’tibor qarating:
Chirog`ni shamol o`chirur, shayxlarni, olimlarni ta’ma birla sham o`chirur.
Sidqiyning ibratli so`zlariga e’tibor beradigan bo`lsak, ularda asosan, shayxlarning ta’magirligi qoralanadi.
Quyida keltirilgan qisqa hikoyaga e’tiborni qaratamiz. Unda sichqon obrazi orqali qanoatsizlikka urg’u berilgan.
Bir sichqon bir baqqolning do`konida yurur erdi va shirinliklardan yer edi. Baqqol ham bunga parvo qilmas edi. Bir kuni sichqon baqqolning hamyonidagi oqchasini o`g`irladi. Baqqol uni xonasin qazib oqchasin topti. Sichqonni mushugig`a berdi, toki jazosin chekti (32,72).
Ushbu misralarga e’tibor qaratadigan bo`lsak, shayxlar ilonga o`xshatilmoqda
Bo`lmag`il har bir yilonning yemushi,
Ya’ni ul shayxi zamonning yemushi
Bo`lg`uncha ahli ta’maning sarvari,
Yaxshi bo`lsang faqr elin hidmatkori (37,87).
Demak, yuksak axloq mezonlar va ilm- ma’rifatga da’vat Sidqiyning she’riyati, nasriy hikmat va ibratlarining mohiyatini ifodalab beruvchi kalit hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |