1.2. Shoir ijodida an’ana va yangilik
Adabiyotga oshiqona she’rlar va ishqiy g`azallar bilan kirib kelgan shoir o`z hayoti davomida ko`plab asarlar yozdi. Bu asarlar janriga, mazmun-yo`nalishiga, maqsad- mohiyatiga ko`ra ham xilma-xil edi. Shoir badiiy ijodga badiiy lazzat oladigan bir go`zallik timsoli deb qaramaydi. Uni hayot va kurash uchun vosita deb biladi. Shuning uchun hajviyot shoir ijodidan keng o`rin oladi.
Shoir har qanday holda ham ro`yi-rost aytishni qo`ymaydi. Bu esa zamon amaldorlariga ko`p ham yoqavermasdi. “Shul jihatdin, - davom etadi shoir, barchalari Sidqiyg`a mumkin qadar kulfat bermoqg`a jozim erdilar. Sidqiy xalqni harchand maorif ishlarig`a qizdirub borsa ham, lokun ho`kuzning qulog`iga do`nbura va tanbur chertqondek bo`lub, oni so`zig`a biror kishi quloq osmag`ay erdilar…” (38,26)
Shu tufayli: falak tiyg`i sitam chekmish, hama fazl ahlini qirmish, jaholat ahlig`a fazl ahlining o`rnini topshurmish, falak bedodidin men nechun ming dodlar qilmay, ki mendek fazl elining shohini sahroda sindurmish” (26,67 )- deya xulosa qiladi.
Shoirning lirik she’rlari shuni ko`rsatadiki, u mumtoz adabiyotimizdagi hayotiy, insoniy muhabbat va odamiylik singari eng yaxshi an’analarni davom ettiradi. U buyuk Navoiyga alohida ixlos va muhabbat bilan qaraydi. Lekin 20-asrning shoiri bo`lganligidan unga demokratik ruh va ma’rifatparvarlik qarashlari har narsadan yaqin turadi. Bu hol uni Muqimiy va Furqat izidan borishga undaydi. Buni shoirning zohiran ijtimoiy hayot bilan kam aloqadordek tuyulgan, aslida turmush bilan teran bog`lanib ketgan an’anaviy lirik she’rlarida ham, oshkor e’tirof nishonasi- iqtibos va muxammaslarida ham ko`rish mumkin.
Sidqiy mumtoz poetikada, boy an’anaga ega she’riyatimizning sir-sinoatidan ham yaxshigina xabardor. U o`z “Tarjimayi holi”da she’r ilmi bilan maxsus shug`ullanganini ma’lum qilgan edi.
Jadid adabiyotida ko`plab ijodkorlar o`z ijodini dastlab ishqiy mavzudagi she’rlar yozish bilan boshlaydi. Xuddi shunday Sidqiy Xondayliqiyning ham dastlabki g`azallari ishqiy, oshiqona mavzuda bo`lgan. Ishqiy lirika esa g`azallarda o`z aksini topgan. Shunday g`azallarga e’tiborimizni qaratadigan bo`lsak, masalan:
Qayondin men o`ldim ango oshno,
Ki tarki vafo aylab, aylar jafo.
Qochar bizni ko`rg`onda ohu kabi,
Vale g`ayr ila birgadur doimo.
Asir aylabon qo`ydi g`am ilkida,
Jafo boridin qadim aylab duto (38,156).
G`azal 11 baytdan iborat. Dastlabki baytda lirik qahramon yorining jafosidan ozor chekayotganligini ma’lum qilib, oshiq bo`lganligidan afsuslanayotganligini aytadi. Va fikrini keyingi baytlarda to`ldirib, izohlab boradi. G`azal a-a, b-a, c-a… tarzida qofiyalangan. G`azalning so`nggi qismi, ya’ni maqtada shoir o`z taxallusini keltirib o`tgan:
Parilarning Sidqiy bo`lib chokari,
Qilur vasl uchun doim iltijo.
G`azal mavzusi va g`oyasiga ko`ra an’anaviy ishqiy mavzuda yozilgan. G`azal tiliga e’tibor beradigan bo`lsak, sodda va tushunarli.
Vatan nadir, tuqqan yerim, turg`on yerim,
O`sib-unib, o`ynab-kulib yurg`on yerim
Vatan menga haqiqatda qo`ndoq kabi,
Tarbiyaning negizini qo`yg`on yerim
Ot-eshakda o`rdan-qirdan bug`doy tashib,
Issiq kunda o`ng`ay, sozlik qo`rg`on yerim (38,89).
Ushbu g`azal 8 baytdan iborat. Vatanga muhabbat, ona-yurtni madh etuvchi ushbu g`azal a-a, b-a, c-a… tarzida qofiyalangan. Matladan keyingi baytlarning juft misralarida “yerim” so`zi takrorlanib radifli g`azalni hosil qilgan. G`azalda “Vatan” so`zi besh marta takrorlanib kelgan. Maqtada shoir o`z taxallusini keltirgan.
Sidqiy meni mehnatiki garchand ezar,
Qayga boray davr-u davron surg`on yerim.
G`azalda lug`attalab so`zlar mavjud emas.
Sidqiy ijodiga e’tibor qaratadigan bo`lsak, u zullisonayn ijodkordir. U turkiy tildagi g`azallar bilan bir qatorda forsiy tilda ham qalam tebratgan.
Biyo-biyoki sabo az murodi man che xabar,
Beguy har che biyovardi bosh chobuktar.
Fig`oni nolai man gardi osmon begirift,
Be intizori tu har shab na xo`fat to basahar.
Shuningdek, Sidqiy Xondayliqiy o`zigacha bo`lgan ijodkorlarning g`azallaridan ilhom olib, ularning bir nechasiga muxammaslar ham bog’lagan. Masalan, Muqimiyning 3 ta g`azaliga muxammas bitgan.
So`rmasa holim firoqida ado ham qilmasun
Man gadoni ul shah o`zga oshno ham qilmasun.
Begunohlar qatlig`a qoshlarni yo ham qilmasun,
Yer agar lutf aylamas jabr-u jafo ham qilmasun
Qilmas ersa manga, g`ayriga ham vafo qilmasun (37,69).
Muxammas a-a-a-a-a, b-b-b-b-a, c-c-c-c-a… tarzida qofiyalangan. Ushbu muxammas taxmis, ya’ni boshqa shoirga ergashib, izdoshlik, maslakdoshlik, uning g`azalidan ta’sirlanish, ilhomlanish, unda o`z fikr-kechinmalariga hamohanglik ko`rish asosida o`xshatma usulida yozilgan muxammasdir.
Shuningdek, Sidqiy Zavqiy Xoqandiy va Furqat g`azallariga ham muxammas bitgan. Bu ikkala ijodkor g`azallariga yozilgan muxammaslar turkiy tilda yaratilgan. Sidqiyning forsiy tilda yozilgan muxammasi mavjud bo`lib, u Jomiy g`azaliga bag`ishlangan.
Taraxxum kun xudovando, badin holi tabohiman,
Ba jo`rmu ma’siyat bigzasht doim solu muhi man.
Zi kirdoram bagardun bar shavad har lahza ohi man,
To`yi dar har du olam bandaparvar podshohi man,
Ba juz asti tu nabvad mehribontar uzrxohi man (37,58).
Sidqiyning zullisonayn ijodkor ekanligini yuqorida aytib o`tgan edik. Uning ijodiga e’tibor qaratadigan bo`lsak, ikki tilda yozilgan shir-u shakar mavjud.
Sanamo, bezan dardi oshti menga emdi tark e’tibon jafo,
Ki zi javrat omadaam, bejon, meni qildi, bas, g`azabing ado
Hama shab shavambo “lam Karin”, meni o`rtading dame kelmayin
Ki namerasad ba tu nolaam, meni ham rahm ham dam navo (37,95) .
Bizga ma’lumki, shir-u shakarda g`azal yoki she’r ikki tilda yoziladi. Ular yoki arabcha- o`zbekcha, yoki forscha – o`zbekcha bo`ladi. Quyida keltirilgan g`azal esa forscha – o`zbekcha tillarda yozilgan. G`azal hajmi 9 baytdan iborat bo`lib, an’anaviy qofiyalanish usulida yozilgan, ya’ni a-a, b-a, c-a… ushbu g`azalning ham maqtasida shoir o`z taxallusini keltirib o`tgan.
Ijodkorlar ijod olamiga kirib kelganlaridan so`ng, dastlab ishqiy mavzuda g`azallar va she’rlar bitadilar. Keyinchalik ishqiy she’rlar o`z o`rnini ma’rifatparvarlik targ`iboti va boshqa ijtimoiy mavzularga bo`shatib beradi. Sidqiyda ham xuddi shunday. Uning she’rlariga e’tibor qaratadigan bo’lsak, ishqiy- oshiqona mavzuda yozilgan she’r va g`azallarga qaraganda erk va ozodlikka chorlovchi, zamona amaldorlarini fosh etuvchi, ilm olishga da’vat etuvchi she’rlar ko`pchilikni tashkil qiladi. Professor Begali Qosimov ta’biri bilan aytganda: “Ularning dastlabki she’rlari azaliy va abadiy mavzu bo`lgan muhabbat haqida visol quvonchlari va hijron iztiroblari haqida edi. Lekin ko`p o`tmay she’riyatga zamon sadolari kirib keldi (28,94). Shu mazmundagi she’rlarning bir guruhi ba’zi matbuot nashrlai munosabati bilan yozilgan she’rlardir. Bir qator ma’rifatparvar shoirlar o`z davri voqeliklariga befarq bo`lmagan holda davr adabiy muhiti va ijtimoiy hayotni muntazam kuzatib borgan hamda ularga o`z vaqtida munosabat bildirganlar. 1907- yildan Abdulla Avloniy va Munavvarqori Abdurashidxonovlar boshchiligida Toshkentda jadidlarning “Shuhrat” gazetasi chiqa boshlaydi. Bu gazeta eskilikka, haqsizlikka va zulm - zo`ravonlikka qarshi kurash boshladi. Avloniy ta’kidlaganidek, “bir yoqdan ilmiy islohot uchun mafkura hozirlag`on bo`lsa, ikkinchi yoqdin el orasida o`zgarish tuxmini sochdi” (28,94).
Xuddi shunday boshqa jadidlar singari Sidqiy ham erksizlikka, zulm-zo`ravonlikka qarshi ko`plab she’r va g`azallar bitgan. Quyida keltirilgan g`azal fikrimizga dalil bo`la oladi:
Zulm ahli, oh, bizni nokom ayladilar.
Bas yaxshi nomimizni badnom ayladilar.
Chun ro`zi ravshan erdi baxt ila toleimiz,
Ko`plab qaro bulutdek chun shom ayladilar.
Jadid she’riyatida ko`p bora qalamga olingan mavzulardan biri Birinchi jahon urushi va mardikorlikka olish voqealaridir. Turkistondagi jadidlar 1914- yilda boshlangan Birinchi jahon urushining tub mohiyatini anglab yetdilar. Jadid adabiyotida bu mavzu o`zining keng ifodasini topgan. Quyida keltirilgan Sidqiyning “Muhoraba”she’ri ham 1914- yilda boshlangan Birinchi jahon urushi haqida. Shoir uning oddiy xalq boshiga keltirgan fojealaridan so`z ochadi, ochlik va talonda qolgan mehnatkash yonida turib, “muhoraba” haybarakallachilikni qoralaydi:
Qildi zamona ahlini hayron muhoraba,
Har go`sha ichra ayladi giryon muhoraba.
Tang ayladi-yu, qildi bag`ir qon muhoraba,
Girmon qirulsun aylamay e’lon muhoraba
Bolqon ham o`lsun etmayin al’on muhoraba (37,96).
Shoir urush tufayli zamona ahlining turmushi og`irlashganini, yurtda qahatchilik va ocharchilik yuz berayotganini yozadi. Shuningdek, shoir she’rlarida tarixiy ma’lumotlarni ham keltirib o`tadi. Ya’ni, urushning boshida nemislar turganini va urushdan maqsad- muddao Bolqon yarim oroliga egalik qilish huquqini qo`lga kiritish ekanligini ma’lum qiladi.
Urush har kuni minglarcha tinch va osoyishta xonadonlar baxtiga chang solar, o`ziga tinimsiz qurbonlarni chorlar edi. Ko`p o`tmadi. Urush va uning oqibatlariga oid mulohazalar she’riyatga tobora ko`proq kirib kela boshladi. Tantanavor ohang bilan to`liq “vatanparast” she’rlar keskin kamaydi. Ularning o`rnini xalq boshiga tushgan fojealar tasviri egalladi. Shoirlarimiz urush va unga bo`lgan munosabatni qayta ko`rib chiqa boshladilar.
Sidqiy yuqorida keltirilgan she’rida “sarson bo`lgan ahli vatan”, “xaloyiq” hasratidan so`z ochadi. Aynan shu davrda Birinchi jahon urushi haqida yozgan boshqa ijodkorlarning she’rlariga e’tibor bersak, masalan, Avloniy urush haqida shunday yozadi:
Ovrupoda o`t chiqdi raqobat asarindan,
Milyonlab ayrildi azamat jon- jigardin.
Inson na zamon al chekadir qon icharindan,
Ne vaqt o`sonur yer talashib jon chiqarindan.
Yer kurrasining mehvari chiqdi icharindan,
Ovrupo olovlandi bu yong`in safarindin. (37,168).
Shoir urushni qoralaydi. Uni insoniyatning ofati sifatida ko`rsatadi. O`sha davr sharoiti inobatga olinsa, shuning o`zi ham katta jasorat. Lekin muhimi shundaki, shoir birgina baholash bilan cheklanib qolayotgani yo`q. U urushni keltirib chiqargan sabablarni, uning mazmun- mohiyatini ham belgilashga intilmoqda. E’tibor bergan bo`lsangiz, shoir bu ”o`t” ning “raqobat” natijasida chiqqanligini “qon ichish” va “jon chekish” larning zamirida “yer talashish” turganiga diqqatingizni qaratmoqda. Bir so`z bilan aytganda, hodisaga realistik yondashilmoqda.
Bu o`zbek adabiyotida yagona ma’lumot emas. Anbar Otin “Urush” radifli g`azalida uning “boylik orttirmoq uchun chiqarilgan”ini aytib, insoniyatga qilingan xiyonat va jinoyat sifatida baholaydi.
She’riyatimizga urush mavzusining kirib kelishini qardosh tatar va ozarbayjon adabiyotlari bilan qiyoslash masalani ravshanroq tushunishga yordam beradi. Mashhur M.Qafuriy 1914- yilning oktabrida “Fitrat zamoni” degan she’r yozadi. Unda Allohga murojaat qilib, urush dahshatlaridan so`z ochgan. “Qiyomat” she’rida esa gapni “kuchlilar va kuchsizlar” ga buradi. Urushni xudoni kuchlilarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Mashhur ozarbayjon shoiri Muhammad Hodi “Insonlarin tarixiy fojeasi yohud alvohi intiboh” poemasida shunday satrlar bor:
Hayotin saslari qo`shimda har faryod shaklinda,
Bu insonlarki gardashdir va lekin yot shaklinda.
Qildi zamon ahlini hayron muhoraba,
Har go`sha ichra ayladi giryon muhoraba.
Tang ayladi-yu, qildi bag`ir qon muhoraba,
Girmon qirilsun, aylamay e’lon muhoraba.
Bolqon ham o`lsin, etmayin al’on muhoraba. (37,68).
Shoir urush tufayli zamona ahlining turmushi og`irlashganini, yurtda qahatchilik va boshqa salbiy oqibatlar kelib chiqayotganligini yozadi. Shuningdek, ushbu she`rda tarixiy ma’lumotlar ham keltirib o`tiladi.
“Muhoraba da’fi uchun munojot” deb nomlangan urush mavzusidagi ushbu she`r muxammasdir. 8 banddan iborat. 1- bandda “muhoraba” so`zi radif bo`lib kelgan. Va “hayron”, “giryon”, “qon”, “e’lon”, “a’lon” lar 1- bandda qofiyadosh so`zlar bo`lib kelgan. Qolgan bandlarning so`ngida “muhoraba” so`zi takrorlanib kelgan. Shuningdek, 3- bandda “rahm qil” so`zi radif bo`lib kelgan.
Yo rab, san elni so`z-u gudozig`a rahm qil,
Onlarni qilg`on ajzu niyozig`a rahm qil.
She’rda uchraydigan badiiy san’atlarga to`xtaladigan bo`lsak, birinchi bandda tajziya san’ati qo`llanilgan. Ya’ni misralardagi 1- bo`lak ham 2- bo`lak ham o`zaro qofiyalangan.
Girmon [qirilsun] aylamay [e’lon] muhoraba,
Bolqon ham [o`lsun] etmayin [a’lon] muhoraba.
2- bandda tanosib san’ati qo`llanilganiga guvoh bo`lamiz.
Uch yil erurki, ketti xaloyiqni rohati,
Hech bir kishini qolmadi bir dam farog`ati
Ham zuhd elini qolmadi lazzat-toati.
Ma’no jihatdan bir-biriga yaqin turuvchi uch so`z qo`llanilgan. “roha”, “farog`at”, “lazzat- toat”.
Yettinchi bandda epifora san’ati qo`llanilgan.
Yo rab, duoyi bandalaringni ijobat et,
Yo rab, alarg`a lutf-u inoyat, karomat et,
Yo rab, hamisha onlari sohib sharofat et.
Misralar boshida “yo rab’ so`zi takror holda qo`llangan.
Shoir ijodiga diqqat bilan e’tibor qaratadigan bo`lsak, she’riyatining salmoqli qismini hajviyot egallaydi. Hajviy asarlarining esa aksariyati voqeiy va deyarli barchasi poraxo`r qozilar, ta’magir va tovlamachi amaldorlar hamda riyokor ruhoniylar haqida.
Sidqiyning “muxammasi Shavkat Iskandariy bar g`azali Xislat eshon” nomli she’riga e’tibor qaratadigan bo`lsak,
Har damda ming balog`a bo`lg`on duchor kafshim,
Yuz joyidin yamalg`on chorukvor kafshim,
Kiymoqg`a tavba qildim emdi dubor kafshim
Erdi ayoqlarimg`a ko`b tangu tor kafshim
Siqti-yu qildi oxir yurmoqg`a zor kafshim. (37,16).
Hazil tarzida yozilgan ushbu muxammas 9 banddan iborat. qofiyalanishi a-a-a-a-a, b-b-b-b-a, … birinchi bandda ‘kafshim’ so`zi radif bo`lib kelgan. Keyingi bandlarning esa so`nggi misrasida takrorlanib kelgan. Birinchi bandda “duchor”, “choruqvor”, “dubor”, “tor” va “zor” so`zlari qofiyadosh bo`lib kelgan. 2- bandda “pudi”, “sudi”, “vujudi”, “namudi” so`zlari qofiyadosh so`zlardir. 3- bandda “qolim”, “vubolim”, “holim”, “ro`ymolim” so`zlari o`zaro qofiyalanib kelgan.
Muxammasning mazmuniga e’tibor qaratsak, ijodkor birgina “kavush” detali orqali davr, muhit va jamiyatning ahvolini yoritib bermoqda. Ya’ni zamona ahvoli, ularning yashashi, kun kechirishi birmuncha og`irligi haqida so`z bormoqda.
Bori mehnat ostida bir turfa nolon ko`samen,
Ham faqir-u notavon bebarg-u somon ko`samen.
Darbadar doim kezib, muhtoji bir non ko`samen,
Oh, soqol qadri o`tib, ko`nglimda armon ko`samen
Haftada oyinag`a boqqanda hayron ko`samen. (15,68).
Hajviyotlarning keyingilariga to`xtalsak, Sidqiyning bir hajviyoti “Muxammasi bar g`azali Muqimiy” deb nomlanadi. She’r 13 banddan iborat. 1- bandda “ko`samen” so`zi radif bo`lib kelgan. 1- bandda ‘nolon”, “somon”, “non”, “armon” so`zlari o`zaro qofiyalanib kelgan. 2- bandda “bir tuk bo`lmasa” so`zlari radif bo`lib kelgan.
Mazmuniga e’tibor qaratadigan bo`lsak, ushbu muxammas - she`rda ham zamona ahvolidan, turmushning og`irligidan shikoyat tarzida yozilgan. She’rdagi radifga e’tibor qaratsak, “ko`samen”- ko`sa so`zi soqol, mo`ylovi umuman o`smaydigan yoki juda kam o`sadigan erkaklarga nisbatan qo`llaniladi. Ijodkor bu bilan turmushning og`irligi shu darajaga yetib borgan ediki, hattoki, soqol- mo`ylov ham o`smay qoldi, demoqchi.
Muxammasning tiliga to`xtaladigan bo`lsak, she`rda quyidagi eskirgan- hozirda tushunarsiz so`zlar uchraydi:
Mahfil- yig`in, a’juba- ajoyib, farsuda- xorg`in, fartutlig`- qarigan, munkillagan, ko`tax- qisqa, javon- yigit, farshi sabza- o`t-o`lan, arsasig`a- sahn, aqrabo- yaqinlar, tabor- nasl-nasab, varzish-odat, faqr-u foqa- kambag`allik, ilhon- ashulalar, qiyl-u qolim- gap-so`z.
Ushbu muxammas - she’ning uchinchi, to’rtinchi va o`ninchi bandlarida talmeh san’atidan foydalanilgan.
Saddi Iskandarda loy o`rnug`a mis quyg`an o`zim,
Yil surushturma, bilolmaysan o`zim ham shunchakim
Katta- katta mo`ysafidlarg`a padarxon ko`samen. (5,68).
Ushbu misralarda butun dunyoni zabt etgan sarkarda va tarixiy shaxs Iskandar Zulqarnayn obrazi keltirilgan.
Yosh gumon etmang ko`rub, aftim, soqolim yo`q uchun,
Mallaxondan qolgan eski talon ko`samen.
Mallaxon- 1858- 1862 yillarda Qo`qonda hukmronlik qilgan xon.
Qilmadi dahr eliding yo nasoro qavmidin,
Yo rabofiz yoki hinduyi majuso qavmidan,
Yoki ahli Ahrimandin, ya’ni gumro qavmidan,
Naylay erdim qilsa tarsou yaxudo qavmidin,
Shukurkim, Farg`ona xalqidin musulmon ko`samen. (15,69).
3- misrada Zardushtiylik dinining yovuzlik xudosi- Ahriman keltirilgan.
Keyingi hajviyotga e’tibor qaratsak, ushbu she`r ham muxammasda yozilgan.
Lazzat bag`ishlamoqda sharobi jinon qimiz,
Loyiq etarg`a kayf-u safo har zamon qimiz,
Ne xushki bo`lsangiz ichushib sargaron qimiz
Albatta no`sh aylangiz, ey doston qimiz.
Bo`lg`ay tamomi jismg`a ruhi ravon qimiz.
She’rning nomi “Muxammasi bar g`azali mullo Vasliy Afandi Samarqandiy Qo`shhavziy”. She’r 5 banddan iborat. Qofiyalanishi ham odatiy. 1- bandda “qimiz” so`zi radif bo`lib kelgan.va “jinon”, “zamon”, “sargaron”, “do`ston” va “ravon” lar qofiyadosh so`zlardir. 2- bandda esa “ziyon’, ‘javon’, ‘zabon’ va “bayon’ so`zlari qofiyadosh so`zlardir. She’r tiliga e’tibor qaratadigan bo`lsak, birgina salsabil- jannatdagi buloq nomidan boshqa eskirgan so`z mavjud emas. Bundan tashqari ayrim so`zlar hozirgi kunda iste’molda emas. Masalan, jinon, no`sh, farax va boshqalar. Mazmuniga e’tibor beradigan bo`lsak, she’r Umar Hayyomning ruboiylariga o`xshaydi. Ya’ni “may’ obrazi ramz qilib olingan. She’rda ‘may” madh etiladi. Aniqrog`i uni ichishga da’vat etiladi.
Emdi qimizni ichg`ali bas odat aylag`il,
Bilkim qimizcha hech sharob o`tmag`ay asil.
Ahli nazarg`a go`yo erur obi salsabil,
Har kim qimiz ichur- bo`ladur rangi qip-qizil,
Go`yo gulobi gulshani bog`i jinon qimiz. (38,158).
Shuningdek, ijodkorning “Bedona ishqi”, “Dar hajvi burga” , “Dar hajvi toy” va “Dar tazmini bar yakbayti majruhi O`shiy” she’rlari mavjud. Ular orasida “Bedana ishqi’ va “Dar hajvi toy” she’rlari muxammasdir. “Dar hajvi burga” esa musaddasdir. She’r yetti banddan iborat. Qofiyalanishi a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-a, … “o`ldi’ so`zi radif bo`lib kelgan.
Vodarig`o ajab zamona o`ldi,
Burgadin manga ko`b ziyon o`ldi.
Qon to`karda chu qahramon o`ldi,
Qutulish ilkidun gumon o`ldi
Boshga bitgan baloyi jon o`ldi,
Kim aning zulmi ko`b yamon o`ldi. (37,196).
She’rda “burga” obrazi detal qilib olingan. Unda “burga” orqali zamona ahvoli, uning turmush tarzi ko`rsatib berilmoqda. Aniqrog`i burga orqali zolim, zulmkor, shafqatsiz amaldorlar qoralanmoqda. Ular tufayli xalqqa hadsiz, hisobsiz jabr- zulm yetganligi ma’lum qilinmoqda.
Ikkinchi tomondan o`z ma’nosida oladigan bo`lsak, avvalgi paytlarda aholi qashshoqlikda yashagan, turmush sharoiti juda og`ir bo`lgan. Burga va boshqa qon so`ruvchi hashorotlar nam, zax joyda ko`payadi. Ya’ni o`sha davrlarda 98% aholi qashshoqlikda kun kechirganini inobatga oladigan bo`lsak, ularning uyida taxtadan pol bo`lmagan, nam va zax tuproq ustidan bo`yra tashlab istiqomat qilganlar. Ikkinchi bandga e’tibor beradigan bo`lsak, “burga” o`z ma’nosida qo`llanilgan.
It kabi kechalar kelur ishlab,
Birisi irg`ibon, birisi sakrab,
To men ushlay desam berur manga chab
Uxlamay qo`l yaqoda, deb yo rab. (24,113).
Shoir ijodining mavzular olamiga e’tibor beradigan bo`lsak, u ishqiy, ijtimoiy-siyosiy, hajviy va pand- nasihat mavzularida qalam tebratgan. Bular orasidan ijtimoiy she’rlarga to`xtaladigan bo`lsak, “Dar ta’rifi paxta” va “Ibrat tilsimi” she’rlari ijtimoiy mavzuda yozilgan. “Dar ta’rifi paxta” she’rining tahliliga e’tibor bersak, ushbu she’r musaddas hisoblanadi. Musaddas ikki xilda qofiyalanishi mumkin. Birinchisi, a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-a…ikkinchisi, a-a-a-a-a-a, ab-b-b-b-a-a… quyida keltirilgan musaddas ikkinchi xilda qofiyalangan.
Haq o`zi manga mehribon o`ldi,
Boshima lutfi soyabon o`ldi.
Toleyim yana haminon o`ldi,
Maqsadim gul qilib ayon o`ldi.
Kim bori hojatim ravon o`ldi. (24,70).
Musaddas hajmi nisbatan yirik - 15 banddan iborat. 1- bandda “o`ldi” so`zi radif bo`lib kelgan. Va “mehribon”, “soyabon”, “ham’inon”, “ayon”, “shodmon” va “ravon” so`zlari qofiyadoshlikni hosil qilgan bo`lsa, 2-bandda “talab”, “so`zlab”, “yo`qlab”, “lab” so`zlari qofiyadoshlikni hosil qilgan.
Man edim bir kun nishot talab,
Har tariqadin turur edim so`zlab.
3-bandda “ma’mur”, “erur”, “mashhur”, “masrur” so`zlari o`zaro qofiyalanib kelgan. Musaddas hikoya tarzida bayon qilingan
Ul dedi: ore fazli rab bo`lg`ay,
Qayda bir narsa betalab bo`lg`ay.
Men dedim: toki chekmas mehnat,
Kimsa topmast sharofat-u izzat. (21,57).
Musaddasning mazmuniga e’tibor qaratadigan bo`lsak, she’riy hikoyada tasvirlangan voqealarda yurtimizda chor hukumati hukmronlik qilayotgan davr edi. Tarixdan bizga ma’lumki, Turkistondan chor hukumati istagan narsani istaganicha tashib ketgan, ayniqsa, yurtimiz iqlimi paxta yetishtirish uchun qulay bo`lgan. Paxta esa dunyo bozorida qimmat narxlangan. Musaddasda Andijondan paxta tashib ketayotganlari va paxtani qayta ishlovchi zavodlar haqida gap boradi.
Paxta olmoqda kob tab bo`lg`ay,
Sa’yimiz, ya’ni ro`z-u shab bo`lg`ay.
Ushbu musaddasda ijodkor mustamlakachilarning adolatsizligini ham ochib beradi.
Xastadil turfa shodmon o`ldi,
Andijon chunki zarg`a kon o`ldi.
Ya’ni boylar, amaldorlar mahalliy aholi va oddiy xalq mehnatidan foydalanib, o`zini itdek quvgan. Mehnatiga yarasha haq to`lamagan. She’r tili odda va tushunarlidir.
Xastadil turfa shodmon o`ldi,
Andijon go`yiyo jinon o`ldi.
Hozirda iste’molda bo`lgan “bo`ldi” so`zi ijodkor she’rlarida “o`ldi’ tarzida qo`llanilgan. Ushbu musaddasda quyidagi tushunilishi qiyin bo`lgan so`zlar mavjud:
Dostları ilə paylaş: |