2.2 “Zarbulmasali Sidqiy” savol - javobga asoslangan asar
Insho san’atining go`zal namunalaridan bo`lgan “Zarbulmasali Sidqiy”ning muallif nusxasi O`zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik Instituti fondida saqlanadi. Oddiy maktab daftari varaqlariga, asosan, qizil va ba’zi yerlari qora siyoh bilan isloh qilingan arab-o`zbek yozuvida bitilgan. Asar besh yuzdan ortiq matal, maqol va xalq naqllariga qo`yilgan savol va ularga to`g`ri, kinoya hamda kesatiq ma’nolaridagi izoh yoki javoblardan iborat.
“Zarbulmasali Sidqiy” 1932- yilda yozilgan va shu vaqtgacha hech qayerda nashr qilinmagan, u haqda ma’lumot ham berilmagan.
Asar dastlab “Savol- javobli yuz so`z” nomi bilan yozila boshlangan. Muallif birinchi qismning musavvadasidayoq savol- javobni yuztaga yetkazib qo`yadi. Biroq boshqa bir daftarda ayni shu savol- javoblarning ko`pini she’riy parchalar bilan xulosalab , ularning miqdorini besh yuzdan oshirgan, bosh varaq hoshiyasiga “Zarbulmasali Sidqiy” deb yozib qo`ygan. Hozirda shulardan 268 tasi aniqlanib, jamlangan. 253 tasi esa noma’lum turibdi.
O`zbek adabiyoti tarixida “Zarbulmasal” yaratish an’anasi Muhammadsharif Gulxaniy, Nozil Xo`jandiy (1788- 1876), Sulaymonqul Rojiy (1871- 1924) kabilar ijodida kuzatiladi. Bu mualliflar o`z didaktik qarashlarini, davr ijtimoiy masalalariga munosabatlarini ifodalashda turli badiiy - estetik usullardan foydalanishgan. Gulxaniy xalq maqollari, hikmatli so`zlari, matal, masal rivoyatlarni yagona bir qissaga birlashtirib, nazm va nasr aralash yaxlit asar yaratgan bo`lsa, Rojiy ularning barchasini masnaviyga joylaydi. Sirojiddin Sidqiy “Zarbulmasal”i esa boshdan oxirigacha savol- javobga asoslanadi.
“Zarbulmasali Sidqiy” asarida ham ayollar taqdiri “tesha tegmagan” o`xshatishlar, kulgili kinoyalar, achchiq kesatiqlar ayanchli holatlar orqali bir qancha savol- javoblarda aks ettirilganki, har safar muallif fikrini hayot haqiqati sifatida ma’qullamay ilojimiz yo`q.
Jumladan:
Savol:- Yetilgan qiz nimaga o`xshaydur?
Javob:- Pishgan qovungakim, saqlab bo`lmaydur, qiz saqlaguncha tuz saqla.
Boyi yetgan qizni yozuvchi pishgan qovunga o`xshatyapti. Pishgan qovunni saqlab bo`lmaydi, achib qolishi mumkin. Xuddi shunday bo`yi yetgan qizni ham tengi chiqsa, tekinga ber, deganlaridek, uni ham ushlab turmaslik kerak, ya’ni o`z vaqtida egasiga topshirish kerak.Chirouli o`xshatish bilan hayot qonuni yzviy bog`langan.
Sidqiyning “Zarbulmasali” ni Gulxaniyning “Zarbulmasal”i bilan solishtirib ko`raylik: Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari katta hajmdagi masallardan iborat bo`lib, Yapaloqqush bilan Boyqushning qudachilik voqealarini ifoda etadi. Hajmning kattaligi povest yoki hikoya kabi, voqealarning bir-biriga bog`lanib borishi, shu voqealarga bog`lanib masallarning va maqollarning berilishi murakkab syujet chizig`i va kompozitsiyaga ega bo`lishi nuqtayi nazaridan ushbu asar boshqa yozuvchilarning masallaridan farq qiladi va ko`proq “Kalila va Dimna”ga yaqin turadi.
Ushbu asarda allegoric obrazlar realistic sahnalar, xarakterli portretlar (Yapaloqqush, Boyqush, Sho`ranul, Ko`rqush, Kordon va boshqalar), hajviy bo`yoqlar, falsafiy muhokamalar - bularning hammasi masalning eng muhim estetik fazilatidir.
Gulxaniyning “Zarbulmasal” asaridagi kuchli badiiy usullardan biri shuki, unda har bir salbiy obraz bir-birini ayamasdan fosh qiladi. Masalchining xalq orasidan to`plagan “Zarbulmasal” ning asosiy qahramonlari qushlardir. Unda eng yirtqich qushlardan tortib, oddiy qushlargacha namoyon bo`ladi. Ba’zan yo`l-yo`lakay vahshiy hayvonlar (maymun, tulki), uy hayvonlaridan(tuya, bo`taloq, eshak), hashorotlardan (chayon) obrazlari ham asarda ko`zga tashlanadi.
Asarda tasvirlangan obrazlarning ko`pchiligi ular xoh hayvon bo`lsin, xoh inson- yaramas illatlar sifatida gavdalanadi. Masalning muhim xususiyatlaridan yana biri shundaki, satiric obrazlarning xarakteri, asosan, ularning o`zaro munosabatlari, suhbatlari davomida fosh bo`la boradi.
“Zarbulmasal” 400 ga yaqin maqol, kichik masallar va hikoyalardan tashqari uchta yirik masalni ham o`z ichiga oladi. Gulxaniy ushbu asarida qushlar obrazi orqali yuqori tabaqa vakili obrazini qattiq tanqid qiladi.
Asar tili anchagina murakkabdir. Shu bilan birga unda arabcha, forscha so`zlar, tojikcha iboralar va maqollar ham ko`pgina uchrab turadi.
Sidqiyning “Zarbulmasali Sidqiy” asari pand- nasihat ruhidagi, kishilarni faqatgina yaxshilikka da’vat etuvchi asardir. Sidqiyning ushbu asarining boshqa ijodkorlarning asaridan farqi shundaki, asar yaxlit syujetga ega emas, kattaroq hajmdagi hikoya yoki hikoya ichida hikoya kelmagan. Ijodkor bir fikr atrofida aylanmaydi.Asar savol- javob asosida yozilgan. Savol- javoblar ketma- ket kelganiga qaramay hammasining zamirida har xil fikr va xulosalar mavjud. Boshqa asarlarga o`xshash tomoni esa kishilarga faqatgina ma’naviy ozuqa berishga, ularni to`g`ri yo`lda yurishga undashga xizmat qiladi Unda yaxshi xislatlardan xayr- ehson, g`ayrat- shijoat haqida fikr boradi: Masalan, qanoat va sabr haqida:
Savol: - Ul nimadurkim qorin to`yg`azur?
Javob:- Qanoat. Qanoat qorin to`yg`azur,
Beqanoat yolg`iz otni so`yg`uzur (41,225).
Kishilardagi yaxshi fazilat - qanoat haqida so`z bormoqda. Kishi qanoatli bo`lsa, hech qachon hayotdan, taqdirdan, o`z turmushidan nolimaydi. Fikrni to`ldirgan ikki misrali she’rda ham qanoatli kishi hech narsasi bo`lmasa ham ochman, demaydi. Aksincha, qanoatsiz inson sabr qilmay, tirikchiligini o`tqazib turgan yolg`iz otini ham chiqarib sotadi, demoqchi.
Tejamkorlik, uddaburonlik, bilimlilik, yaxshi so`z, ozodalik va boshqa fazilatlar haqida savol- javoblarda o`xshatish asosida chiroyli ibratlar yozilgan.
Savol:- qo`li sust kosibdin kim yaxshi?
Javob:-oyog`i chaqqon gadoy
“Zarbulmasali Sidqiy”da kishilar hayotida uchraydigan quyidagi yomon illatlar haqida so`z boradi: dangasalik, sudxo`rlik, mumsiklik- xasislik, qo`pol so`zlash, hasad, g`arazli fikr, ta’magirlik, bilimsizlik, baxillik, shoshqalolik va boshqalar.Yomon illatlarni o`zida ifodalagan savol-javoblarga bir qator misol keltiramiz:
Savol:- burgaga achchiq qilib ko`rpaga o`t qo`ygan kimdur?
Javob:- tajribasiz nodon.
Shoshma har bir ishda, xo`b andisha qil,
Bo`lma yengil ne bo`lur ish oxiri.
Savol:- kimdurkim hamishaxo`rdur?
Javob:- ta’magir.
Savol:-Ul nimadur yuqoridan tubanga tortadur?
Javob:- bilimsizlik (41,229).
Sidqiy asosiy fikrini savol- javoblar orqali berishga harakat qiladi. Shuningdek, fikrini izohlash, to`ldirish, dalil keltirish maqsadida o`zbek xalq maqollaridan, o`zining hayotiy tajribasi asosida yozgan ibratli fikrlardan misollar keltiradi.
Savol:- ul kimdurkim yegani o`ziga haromdur
Javob:- sudxo`r,
Sudxo`rning noni, oshi o`ziga haromdur
Bo`lsin haromu totmasin uyida osh tuzin.
Yozuvchi sudxo`r va baxil insonlarning yegani o`ziga harom, demoqchi. Kishining yegani qachon harom bo`ladi? Qachonki, u mehnat qilib, peshona teri bilan topmasa, yegani halol luqma hisoblanmaydi. Sudxo`rlar ham xuddi shunday, birov mehnat qilib topgan pulga osongina sherik bo`ladi. Qur’oni Karimda ham sudxo`rlik gunoh ekanligi aytib o`tilgan.
Savol- javoblarga e’tibor qaratadigan bo`lsak, ularda, asosan, hayot haqiqatlari haqida so`z boradi.
Savol:-so`ralmaydurg`on kasal nimadur?
Javob:- ko`z og`rig`i, tish og`rig`i.
Chindan ham boshqa kasalliklarga e’tibor beradigan bo`lsak, ilgaridan o`z belgisini namoyish qiladi. Yani, kasallikni yashirsang isitmasi oshkor qiladi. Lekin tish og`rig`i bilan, ko`z og`rig`i kutilmaganda, hech qanday belgisiz boshaladi.
Sidqiy, bir o`rinda fikrini izohlash maqsadida Yassaviyning hikmatidan ham misol keltiradi:
Savol:- yomon yo`ldoshdan zerikkan kishi, uning jo`nab ketishida nima deydi?
Javob:- shul ketganingcha kelma. Yo`ling`g`a jo`va bitsun.
Yomondan qoch, yomondan qoch, yomondan,
Qutulg`aysen necha turli ziyondan.
Adibning savol- javoblarida chiroyli o`xshatishlar ko`plab uchraydi.
Savol:- ul nimadurkim, bir terining ichida necha semirib ozadur?
Javob:- Qo`y. Shu xil oilaviy ish. Goh boru, gohi yo`q. Sidqiy jahonning g`amiga doim g`ussa aralashur.
Savol:- ul kimdurkim, ko`zi yorishmaydur, yoqasi oqarmaydur?
Javob:- qarzi ko`b kishikim, mushukdin qo`rqg`on sichqon kibi uy chuquridin chiqa olmaydur (41,232).
Yozuvchi qarzi ko`p kishini sichqonga o`xshatiyapti. Uyimdan chiqsam mushuk yeb qo`yishi mumkin, deb uyidan ham chiqmaydi, deyiliyapti.Haqiqatdan ham qarzi ko`p bo`lgan inson ko`cha- ko`yda emin- erkin yura olmaydi.Qarzdor kishining na yegan- ichganida halovat bor, na o`tirgan- turganida.
Shuningdek, Sidqiy savol- javoblaridagi fikrlariga masnaviyda izoh beradi.
Savol:- ul nimadurki, ajali yetsa arobaning yo`liga tushadur?
Javob:-ilon
Kuni bitgan odam harchand yursun ehtiyot aylab,
Qazo haydovchisi aylantirib tiqg`ay chuqur sori(42,87).
Avvalambor, hech kim ajali yetganini bilmaydi, lekin bilgan taqdirda ham o`zini har qancha ehtiyot qilmasin, baribir ajal farishtasi o`z ishini qilmay qo`ymaydi.
Sidqiy fikrini izohlash maqsadida, to`rt misra she’rlar ham keltiradi.
Savol:- tengsiz xazina nimadur?
Javob:- tejalgan ro`zg`or
Oningla oila ahvoli ne bo`lg`ay, fikr qil,
O`z yerig`a sarf bo`lsa, oni derlar iqtisod.
Sidqiyo, ro`zg`or ishida o`rta yo`lg`a qo`y qadam,
Sen bir ish qilg`ilkim, o`lsun bul ish o`z tengingga yod.
Bu savol- javob orqali Sidqiy kishilarni tejamkorlikka da’vat etmoqda. Tejamkorlik bo`lgan xonadonni tengsiz xazinaga o`xshatmoqda. Tejamkorlik bo`lmagan xonadonda, daromad har qancha ko`p bo`lsa ham, baraka bo`lmaydi.
Xulosa qilib aytganda, Sidqiyning ushbu asari kishilarni to`grilikka, halollikka, tejamkorlikka, har bir ishni o`z vaqtida halol va aniq bajarishga, hamda boshqa yaxshi fazilatlarni egallashga undaydi.
Dostları ilə paylaş: |