2.4. “Imomi A’zam” siymosi Sidqiy Xondayliqiy talqinida
Vasliy Samarqandiyning “Al kalom ul afham fi manoqib ul Imomi A’zam” kitobiga xattotlik qilgan Sidqiy keyinchalik o`zi ham maxsus bir asar hozirladi. “Imomi A’zam” haqidagi rivoyatlarni to`pladi, ularni qayta ishladi. Ta’bidan o`tkazdi. Bir epga tizib, nashr etdi. Bu asar shu kunga qadar qayta nashr bo`lmagan va ilmiy tahlil etilmagan.
“Tazkirayi Imomi A’zam” mumtoz adabiyotimizda ma’lum va mashhur bo`lgan nasriy qasidalardan tarkib topgan. Ularning markazida turuvchi Imomi A’zam (Buyuk Imom) martabasiga musharraf bo`lgan bu kishining asl ismi No`mon binni Sobit, kuniyasi Abu Hanifa. Ko`fa shahrida forsiynasab xonadonda dunyoga kelgan. Ko`fani arablar fath etganlarida bobosi asir olininib, bu yerga keltirilgan. No`monning otasi Sobit tug`ilgan paytda bu xonadon erkinlikka chiqqan edi.
Yozma manbalarda No`mon binni Sobitning dunyoga kelishi haqida talaygina rivoyatlar mavjud. Ularning ko`pchiligida Sobit ariqda oqib kelgan olmani tutib yegani, birovning haqi deb egasini rozi qilish uchun ariq yoqalab borib, bog`bonga uchragani va uning qizini nikohiga olgani hikoya qilinadi.
Bu rivoyat juz’iy farqlar bilan turli variantlarda uchraydi. Sidqiy variantida Abu Hanifaning otasi qashshoq bir dehqon tarzida tasvirlanadi. Abu Hanifa hayotini ilmiy tadqiq etgan manbalar Sobitning shoyi savdosi bilan shug`ullanganligidan guvohlik beradi. Bu faqat hayot haqiqati bilan badiiy haqiqat o`rtasidagi munosabatni belgilaydi. Badiiy haqiqat o`sha lavhada ilgari surilgan g`oyani dalillashga xizmat qildiriladi. Bu lavha Abu Hanifaning otasi va onasining topishuvi, o`zining dunyoga kelish voqeasi bilan bog`liq holda tasvirlangan.
Xullas, ushbu rivoyatlar turli mualliflar qalamida turlicha juz’iy farqlar bilan qayta yaratilgan edi. Sidqiy qalamida esa ular sayqal topdi.
“Tazkirayi Imomi A’zam” kitobi Imomi A’zam qissasidan tashqari “Qiyomatnoma”, “Ro`znomayi Muso alayhissalom”, “Me’rojnoma”, “Vasiyatnoma”, “Odob ul- muslimin”, “Yeru ko`k xalq bo`lg`oni”, “Xotin olmoqlik fazilati” va hokazo qismlardan iborat. Bu qismlarda ham din va payg`ambarlar hayotiga oid rivoyatlarga keng o`rin berilgan.
“Qiyomatnoma”da Rasululloh boshliq choryorlarning qiyomat kuni payg`ambar ummatlarining g`amida ko`rsatajak jonbozliklari tasvirlangan. Ular o`z halovatlaridan kechib, bor g`ayratlari bilan boshqalarning gunohlari uchun tortajak azoblarini yengillashtirish yo`lida harakat qiladilar. Ayniqsa, Rasulullohning, qizlari Fotimaning o`z shaxsiy alamlari bilan fig`on chekib otalari huzuriga borganida, butun ummat manfaati uchun bu ginalarni unutishi lozimligini darhol anglab yetishi nihoyatda ibratlidir. Rasulullohning bu qissada Xudoi taolloning do`sti va ummatlarini shafoat qiluvchi bor zot sifatida namoyon bo`ladilar.
Kitobning “Ro`znomai Muso alayhis-salom” qismi boshqa qissalardan alohida ajralib turadi. Unda hazrati Musoning Tur tog`ida Alloh visoliga vosil bo`lishi haqidagi mashhur voqea qalamga olingan. Xudoi taollo Muso alayhis-salomni Tur tog`iga chorlab uni qiziqtirgan savollarga javob beradi. Bu suhbat chog`ida ko`pgina diniy va dunyoviy masalalarga oydinlik kiritiladi. Ushbu qismni Xudoi taollo tomonidan Musogagina emas, balki hukmdorlarga, oddiy bandalarga berilgan “Yo`riqnoma” deb qabul qilish joiz. Suhbatda iymon va e’tiqod mustahkamligining asl mohiyati tamomila inson manfaatiga bo`ysundirilganligini ko`ramiz.
“Muso alayhis-salom aydi.
Bor xudoyo senga kim dushman turur?
Xudoi taollo aydi:
Ulki kishi aybini kishig`a aytqan.
Muso alayhis-salom aydi.
Qaysi bandang yaxshi turur?
Xudoi taollo aydi:
Ulki odamlarg`a foydasi yetg`ay (43,78).
Shu xilda davom etgan dialoglarda xudoga xush keladigan xislat egalari va uning e’tiboridan qolgan, doimiy la’natiga duchor bo`lgan bandalar muhokama etib boriladi.
Xudoning rahmatiga sazovorlar- o`limni ko`p yod etuvchilar, gunohini anglab tavba qilganlar, o`ziga qancha g`amxo`r bo`lsa, boshqalarga ham shunchalar g`amxo`r bo`lganlar, ilm egallab unga amal qilganlar, o`zgalar haqidan hazar qiluvchilar va hokazolar.
Asarning bu qismidagi har bir o`git o`zidan oldin va keyin yuzaga kelgan, hikmat janrida yaratilgan pand- nasihatlarga juda hamohangdir. Asrlar nasrda keng tarqalgan hikoyat janrida yaratilgan asarlarning asosida yotuvchi axloqiy xulosalar uchun ma’naviy zamin bo`lib xizmat qilgani yaqqol ko`zga tashlanadi.
Rasulullohning me’rojga chiqqan kechalari haqida rivoyatlar ko`pgina kitoblarda uchraydi. Sidqiy asarida ham “Me’rojnoma” nomi bilan ayni shu mavzudagi rivoyatlar berilgan. “Me’rojnoma” “Ro`znomayi Muso alayhis-salom” qissasini eslatadi. Faqat Muso Tur tog`iga, Muhammad esa Arshga chiqib Xudoi taollo bilan muloqotda bo`ladi, ruhiy olamni kezib, undagi payg`ambarlar va farishtalar bilan uchrashadi.
Rasuli Akram Muhammad alayhis-salomning me’rojga chiqish qissalari juda ko`p rivoyatlarda zikr qilingan bo`lsa-da, adib Sidqiy qalamida o`zgacha bir joziba kasb etgan.
“Vasiyatnoma”da Rasuli Akramning so`nggi kunlari bayon etiladi. Rasulullohning so`nggi kunlargacha o`z ummatlari tashvishi bilan bo`lganliklarini, mendan keyin ularning holi nima kechadi, degan xayol barcha narsadan ustun turganini hayajonsiz o`qib bo`lmaydi. Qissadagi tarixiylik bilan yonma-yon kelgan adabiylik o’ziga xos jilo bergan. Akkosha haqidagi rivoyat muhim o`rin tutadi. Rasululloh oxirgi damlarida:-“Kimning menda qasosi bo`lsa, talab qilib olsin”, - dedilar. Akkosha aydi:-“Falon g`azotda meni bir qamchi urib edilar. O`zlarining amrlaricha qasos tilarman”. Rasululloh rozi bo`ldilar. Sahobalar va farishtalar tug`yonga keladilar. … Akkosha qamchini tashlab, u kishining uchalaridagi muhri nubuvvatni tavof qiladilar. Akkoshaning asl maqsadi ham shu edi. Chunki bu muhrni tavof qilgan kishiga do`zax o`ti begona edi.
Ko`rinyaptiki, muallif xalq rivoyatlariga tayangan holda tartibu qonunlar oldida shohu gado teng bo`lmog`i lozimligini muhim va dolzarb g`oya sifatida ilgari surmoqda.
“Tazkirayi Imomi A’zam” kitobida “Er birla xotunlar bayonida” qissasi ham keltirilgan. Qissada Qur’oni Karimdan suralar keltirilgan. Masalan, “Onhazrat buruydilarki, xotin olmoq barokatdur, farzand topmoq rahmatdur. Bas, ani ikrom qilmoq ibodatdur.
Payg`ambar va avliyolarning fikridan dalil sifatida foydalanilgan: Abdulla ibn Abbos onhazratdin naql qilurki, onhazrat aydilar: -agar odamg`a sajda qilmoq lozim bo`lsa, buyurur erdim, toki xotinlar erlarig`a sajda qilsunlar.
Payg`ambarimiz (s.a.v) huzurlariga ushbu masala yuzasidan kelgan kishilar suhbatidan keltirilgan:
Yo Rasululloh menda erimning na haqi bordur?
Aydilar;
Agar eringning badanidan qon oqsa, tiling birla yalaysen, ming haqidin biri ham ado bo`lmas. Va yana har xotunki, erining rizoligi birla o`lsa, ani o`rni behishtda bo`lg`ay.
Payg`ambarimiz(s.a.v) ning o`z qizlari Fotima r.a ga musulmon ayol o`z eriga qanday muomalada bo`lmog`i kerakligi haqidagi maslahatlari keltirilgan:
Yo Fotima, har xotunki, erini aziz tutsa, har kunda yuz qator hidmat buyursa ham bajo bo`lg`ay.
Yo Fotima, har xotunki, charx yigirib eriga egin qilib bersa, xudoi taollo ul xotinga uchmoxni ro`zi qilur. Yana nomayi amoliga ming yaxshilik yozar, ming yomonlikni o`chirur. Yetmish qat xulla kiydirur.
Yo Fotima, har xotunki, tandir boshida o`ltirib, eriga non pishirib bersa, xudoi taollo ul xotung`a bir qul ozod qilg`onlik savobini berur ((35,189).
“Tazkirayi Imomi A’zam” kitobida Imomi A’zam qissasi mavjudligi haqida yuqorida ta’kidlab o`tgan edik. Qissaning boshida Muhammad payg`ambarimiz vafotlaridan yuz yil o`tib No`mon bin Sobit ismli buyuk zot dunyoga kelishi bashorat qilinadi. Qissada payg`ambarimiz (s.a.v) Abdulla Ansoriyga bir xurmo beradilar va buni umrlarining so`nggida Anas ibn Molikka berishlarini aytadilar. Vaqtlar o`tib No`monning otasi Sobitni ilm o`rgatish maqsadida o`g`lini Anas ibn Molik huzuriga olib keladi. Anas ibn Molik bir ko`rishdayoq bolani taniydilar va unga omonatlarini topshiradilar.
Qissada Imomi A’zam deb ul zotga dastlab Payg`ambarimiz murojaat qilganliklari keltiriladi. Qissada Imomi A’zamning Xorun ar- Rashid bilan bo`lgan suhbatlari ham keltirilgan: Xorun ar- Rashidning bir savoliga uning to`rt yuz ulamosi ham javob topa olmaydi. Imomi A’zam darrov bu masalaning yechimini topadilar.
Shuningdek, Olloh taollo Imomi A’zamga ilm avvali va oxirini berganligi va Muhammad (s.a.v) boshqa biror zotga bu kishidek ilmli ummatni bermaganligi haqida aytilgan.
Xulosa qiladigan bo`lsak, Sidqiy Xondayliqiy Imom A`zam siymosi orqali insonni komil inson darajasiga ko`tarilib, jamiyatning rivojlanishida o`z hissasini qo`shishi lozimligini uqtirib o`tadi.
Dostları ilə paylaş: |