Protsessual muddatlarni uzaytirishtartibiga muvofiq, Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan muddatlar faqatgina unda nazarda tutilgan hollardagina uzaytirilishi mumkin. Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksining 226-moddasida belgilangan ushlab turishning yetmish ikki soatlik muddati tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin. Jinoyat-protsessual kodeksining 245-moddasida belgilangan qamoqda saqlab turishning uch oylik muddatini: 5 oygacha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning; 7 oygacha – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlarining iltimosnomasiga binoan uzaytirish imkoni sud tomonidan ko‘rib chiqilib, bunda muddatni yana uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 351-moddasidagi dastlabki tergovning uch oylik muddati tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va unga tenglashtirilgan prokuror tomonidan besh oygacha uzaytirilishi mumkin. Keyinchalik dastlabki tergov muddati faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan yetti oygacha uzaytirilishi mumkin.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan muayyan harakatni bajarish uchun belgilangan muddat protsessning manfaatdor ishtirokchisi qilgan iltimosga binoan muddatni belgilagan surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan uzaytirilishi mumkin.
Protsessual muddatni tiklash asoslari va tartibiga muvofiq, uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash uchun asos bo‘lib, ish yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi xizmat qiladi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnomani qanoatlantirish yoki rad etish xususida qaror, sud esa ajrim chiqaradi. O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashning rad etilishi ustidan umumiy tartibda shikoyat qilinishi va protest bildirilishi mumkin.
Belgilangan muddat o‘tkazib yuborilgandan so‘ng shikoyat qilinganda ajrim yoki qarorning ijrosi manfaatdor protsess ishtirokchisining iltimosiga binoan, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi masala hal qilinguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin.