ALOHIDA TOIFADAGI JINOYAT ISHLARINI YURITISH – alohida kategoriyadagi jinoyat ishlarini dastlabki tergovda va sud jarayonida yuritishning maxsus tartibi. Bunga voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi to‘g‘risidagi ishlar; tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq ishlar; yarashuv to‘g‘risidagi ishlar; sudgacha bo‘lgan ish yurituvda amnistiya aktini qo‘llash bilan bog‘liq ishlar kiradi.
ALOHIDA FIKR – hay’atda ozchilik ovozga ega bo‘lgan sudyaning bevosita maslahatxonada yozma bayon qiladigan va ishga ilova qilinadigan fikri.
AMNISTIYA (yun. amnestia – kechirish, gunohidan o‘tish) – oliy davlat hokimiyati organining xususiy akti, ayrim shaxslarning jinoiy jazodan ozod qilish, jinoyat ishini bekor etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risidagi qarori. A. jinoyat va boshqa huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni jazodan to‘la yoki qisman ozod etish, tayinlangan jazo turini yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi insonparvarlikni namoyish qiluvchi farmoyishdir. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, A. akti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan qabul qilinadi.
APELLYATSIYA PROTESTI – jinoyat ishlari bo‘yicha qonuniy kuchga kirmagan hukm ustidan protest keltirishga tegishli prokurorlar vakolatli hisoblanadi. Ushbu protest sudning hukmi qonuniy, asosli va adolatli ekanligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
APELLYATSIYA SUDINING VAKOLATLARI – Sud ishni apellyatsiya tartibida ko‘rib, o‘zining ajrimi bilan:
1) birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirishga;
2) birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmi chiqarishga;
3) birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilish va ishni tugatishga;
4) birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgartirishga;
5) birinchi instansiya sudining hukmni bekor qilish va ushbu Kodeks 419-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha ishni qo‘shimcha tergov yuritish uchun yuborishga;
6) birinchi instansiya sudining hukmini yoki ajrimini bekor qilish va ishni yangitdan sudda ko‘rish uchun yuborishga haqli.