1) jinoyatlarni tez va to‘la ochishni taminlash – bu jinoyat ishini yurituvchi va jinoiy ta’qibni amalga oshiruvchi surishtiruv, dastlabki tergov va prokuratura organlari, shuningdek sudning sodir etilgan jinoyat holatiga oid Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan holatlarni aniqlashga qaratilgan asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Jinoyatlarni tez va to‘la ochishni taminlashda Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasiga muvofiq, ayblash va hukm qilish uchun asoslar – jinoyat obyekti; jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyati va miqdori, jabrlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar; sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek Jinoyat kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan boshqa holatlari; qilmish va ro‘y bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish; jinoyatning ushbu shaxs tomonidan sodir etilganligi; jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd bilan yoxud beparvolik yoki o‘z-o‘ziga ishonish oqibatida sodir etilganligi, jinoyatning sabablari va maqsadlari; ayblanuvchining, sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar aniqlanadi.
Har bir jinoyat u qanchalik yashirin sodir etilgan bo‘lmasin, tez va to‘la ochilishi lozim. Jinoyat-protsessual qonuniga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari doimo ziyraklik bilan jinoyat voqeasi holatlarini aniqlashi, ularni “izlar sovimay” ochishi, jinoyatning barcha ishtirokchilari, ayniqsa tashkilotchilari, dalolatchilari, bevosita ijrochilarini fosh etishi, jinoyat sodir etishga imkon bergan sabab, shart-sharoitlarni aniqlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Jinoyat qanchalik tez va to‘la ochilsa, inson, jamiyat va davlat manfaatlarini himoyalash vazifasi shunchalik samarali bajariladi.
Ishning barcha holatlarini aniqlash yuz bergan voqeani, haqiqatni aniqlashdan iborat. Bo‘lib o‘tgan holatlarga to‘g‘ri baho berish haqiqatning tub mazmunini bilishga imkon beradi. Haqiqatni bilmay jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini tatbiq etish va uning vazifalarini bajarishga erishib bo‘lmaydi. Shu bilan birgalikda, jinoyat hodisasi bo‘yicha haqiqatni aniqlashda Jinoyat-protsessual kodeksining
22-moddasiga binoan, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak.