KAZUS – shaxsning xohish–irodasidan qat’iy nazar, yuz beradigan va shu sababli muayyan sharoitda ko‘zda tutilishi mumkin bo‘lmagan voqea.
KASSATSIYA – qonuniy kuchga kiragan sud hukmi, ajrim va qarorlari qonuniyligi, asosligi va adolatliligini tekshirishiga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquq instituti. Kassatsiya fransuzcha so‘zdan olingan bo‘lib, “buzish” ma’nosini anglatadi. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari kassatsiya tartibida yuqori instansiyalarda qayta tekshiriladi. Shikoyat yoki protestda og‘irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo‘llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan boshqa o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoki ajrimini (qarorini), shuningdek sudning oqlov hukmini yoxud ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini (qarorini) kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqishga ular qonuniy kuchga kirganidan keyin bir yil mobaynidagina yo‘l qo‘yiladi.
KASSATSIYA INSTANSIYASI – kassatsiya tartibida birinchi instansiya sudlarining qonuniy kuchga kirgan hukmlari, ajrimlari va qarorlari ustidan kiritilgan shikoyat yoki protestlar yuzasidan jinoyat ishini ko‘rib chiquvchi sud.
KASSATSIYA INSTANSIYASI SUDINING AJRIMI – kassatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqaradi, mazkur ajrim sudyalarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va barcha sudyalar tomonidan imzolanadi. Ovoz berishda ozchilikni tashkil etgan sudya ajrimga imzo qo‘yib, o‘zining alohida fikrini yozma ravishda bayon qilishga haqlidir. Kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan nazorat tartibida shikoyat qilinishi va protest bildirilishi mumkin.