JINOYAT-PROTSESSUAL HUQUQINING NAZORAT FUNKSIYASI – bu prokuror va sud tomonidan jinoyat protsessi bosqichlarida qonuniylikka, protsess ishtirokchilarining huquq va manfaatlariga rioya etilishi ustidan amalga oshiriladigan faoliyat yo‘nalishidir. Hozirgi kunga kelib, “Xabeas korpus” instituti rivojlanishi munosabati bilan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga (2008-yil), lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qo‘llashga (2012-yil), murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yishga (2017-yil) sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazilishi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, uning daxlsizligini himoya qilishda prinsipial qadam bo‘ldi.
JINOYAT-PROTSESSUAL HUQUQINING ODIL SUDLOV FUNKSIYASI – bu sudning ish bo‘yicha to‘plangan barcha dalillarni tekshirish hamda aniq shaxsning aybdor yoki aybsizligi to‘g‘risida, shuningdek unga tayinlanadigan jazo to‘g‘risida qaror qabul qilishga qaratilgan faoliyati (jinoyat ishini mazmunan hal qilish funksiyasi). O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov funksiyasini amalga oshirishi mumkin bo‘lgan yagona organ bu sud hisoblanadi. Odil sudlov funksiyasini amalga oshirish tartibi ham kuchaymoqda.
JINOYAT-PROTSESSUAL HUQUQINING HIMOYA FUNKSIYASI – bu jinoyat protsessi subyektlarining ayblovni inkor etishga, shaxsning aybsizligini hamda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni aniqlashga qaratilgan faoliyati. Uni gumon qilinuvchi va ayblanuvchi (sudlanuvchi), ularning qonuniy vakillari, himoyachi va jamoat himoyachisi amalga oshiradi. Himoya funksiyasi quyidagilarda namoyon bo‘ladi: gumon va ayblov mohiyatiga nisbatan butunlay e’tiroz bildirish; gumon va ayblovning alohida bandlariga nisbatan e’tiroz bildirish; qilmish malakasini (kvalifikatsiyasini) rad qilish; himoya ostida bo‘lgan shaxsning qilmishiga boshqacha huquqiy baho berish; javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarga e’tibor qaratish; ayblov asoslangan dalillarning yetarli emasligini asoslash va b.