HARBIY XIZMATCHINING XULQ-ATVORI USTIDAN QO‘MONDONLIK KUZATUVI – ayblanayotgan muddatli harbiy xizmatchi yoki o‘quv yig‘iniga chaqirilgan harbiy xizmatga majbur shaxs surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bo‘yicha harbiy qism, qo‘shilma, harbiy muassasa, harbiy o‘quv yurti qo‘mondonligining kuzatuviga berilishi mumkin. Qo‘mondonlik kuzatuvi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan va ayblanuvchining munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta’minlaydigan choralarni ko‘rishdan iborat.
HODISA SODIR BO‘LGAN JOYNI KO‘ZDAN KECHIRISH – aynan ana shu joyda jinoyat sodir etilganligi yoki uning izlari borligi haqida ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladigan ko‘zdan kechirish tergov harakatining bir turi.
HUDUDIY TERGOVGA TEGISHLILIK – dastlabki tergovning jinoyat qayerda sodir etilgan bo‘lsa, jinoyat ishi o‘sha tuman (shahar)da yuritilishi.
HUKM – birinchi instansiya yoki apellyatsiya instansiya sudining sudlanuvchining aybdorligi yoki aybsizligi, unga nisbatan jazo tayinlash yoki uni jazodan ozod qilish haqidagi qaroridir.
HUKMNI BEKOR QILISH YOKI O‘ZGARTIRISH ASOSLARI– apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida hukmni bekor qilish yoki o‘zgartirish mumkin bo‘lib, ushbu harakatlar uchun asoslar quyidagilardir: sud tergovining to‘liq emasligi yoki bir yoqlama olib borilganligi; hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi; Jinoyat-protsessual kodeksi normalarining jiddiy buzilganligi; Jinoyat kodeksi normalarining noto‘g‘ri qo‘llanilganligi; jazoning adolatsizligi.
HUKMNI IJRO ETISH – hukm ustidan apellyatsiya shikoyati berish va protest bildirish muddati o‘tishi bilan qonuniy kuchga kirgandan so‘ng amalga oshiriladigan va uni qabul qilgan sud zimmasiga yuklatiladigan harakat.