Keys bayoni 1. Zamonaviy Yevropada yagona kasbiy ta’lim makonini yaratish zamonaviy oʻqitishning eng muhim talabi deya e’tirof etildi. Ana shu maqsadda Bolonya jarayoni tashkil etili. Bu jarayon yagona Yevropa oliy ta’limi makonini yaratish maqsadida Yevropa mamlakatlari oliy ta’lim tizimining bir-biriga yaqinlashishi va oʻzaro uyg‘unlashuvini ta’minlovchi jarayon sanaladi. 1999 yilning 19 iyunida Yevropaning 29 mamlakati vakillari ishtirokida Bolonya deklaratsiyasi imzolandi. Unga koʻra keng koʻlamda talabalar almashinuvini qoʻllab-quvvatlash uchun Yevropa sinov birliklari (kredit) tizimi (YESBT) joriy etildi. “Kredit” atamasi (YESTS-credit) – “sinovdan oʻtdi” ma’nosini anglatib, talabaning oʻquv yurtida ma’lum bir kurs (modul)ni muvaffaqiyatli yakunlaganligi toʻg‘risida ma’lumot beradi.
Keys savoli: kredit (sinov birligi) nima anglatadi: ma’lum oʻquv fani (moduli)ni oʻzlashtirish va sinovlarni birinchi, ikkinchi yoki uchinchi urinishda topshirish mumkinliginimi yoki ma’lum oʻquv fanini talabaga yuklatiladigan yuklanma hajmi (mehnat sarfi)dan kelib chiqqan holda modul (blok – qism) holda oʻzlashtirish va har bir modul (qism) oʻzlashtirilgandan soʻng sinovdan oʻtish zarurliginimi?
Oʻqituvchining javobi. Kredit ma’lum oʻquv fani (moduli)ni oʻzlashtirish va sinovlarni birinchi, ikkinchi yoki uchinchi urinishda topshirishni anglatmaydi. Aksincha, kredit har bir oʻquv fanining umumiy hajmi, amaliy mashg‘ulotlar va mustaqil ta’lim uchun ajratilgan soatlar (nazariy mashg‘ulotlarga nisbatan amaliy mashg‘ulot va mustaqil ta’lim soatlarining koʻpligi), bir soʻz bilan aytganda, talabaning mehnat sarfidan kelib chiqib ajratiladi. Kredit – oʻquv fanini oʻzlashtirish va sinovlarni topshirish uchun birinchi, ikkinchi yoki uchinchi urinish emas. Balki bir oʻquv fani uchun ajratilgan umumiy soatni bir necha modul (blok – qism)ga ajratgan holda oʻzlashtirish va sinov topshirib borish deganidir.
Keys bayoni 2. Zamonaviy sharoitda ta’lim tizimida vebinar texnologiyalar tobora keng qoʻllanilmoqda. “Vebinar texnologiyalar” tushunchasi ingliz tilidan tarjima qilinganda (“webinar” – web-based seminar) web-texnologiyalari va an’anaviy ta’limning oʻzaro birligi asosida tashkil etiladigan seminarni anglatadi. Biroq, keng ma’noda web-texnologiyalari yordamida tashkil etiladigan nafaqat seminarni, balki turli onlayn tadbirlar (seminar, konferensiya, bahs-munozara, uchrashuv, taqdimot, ayrim holatlarda trening, turli hodisalar boʻyicha tarmoq translyatsiyalari (kompyuter yoki Internet tarmog‘ida namoyish etiladigan lavhalar)ni yoritishga ham xizmat qiladi. Ushbu texnologiyalarni oʻzlashtirish orqali pedagoglar interfaol oʻquv mashg‘ulotlarini tashkil etish imkoniyatiga ega boʻladi. Talabalar uchun esa bu texnologiyalar vaqtni va boshqa resurslarni tejash imkoniyatini yaratadi. Chunki ushbu interfaol ta’lim jarayoni bilan qulay vaqt va qulay joyda tanishish imkoniyati mavjud. Bu esa pedagoglardan vebinar texnologiyalar asosidagi mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish uchun muayyan koʻnikmalarga ega boʻlish, bir qator shart va qoidalarga rioya etish talab qilinadi.