Bevosita talab – aniq, boshqacha talqinga oʻrin qoldirmaydigan ohangda bayon etiladi. Bilvosita talab – maslahat, iltimos, koʻrsatish, ma’qullash koʻrinishida bayon qilinadi. Talab ijobiy, salbiy yoki neytral (loqayd) munosabatni keltirib chiqarishi mumkin.
Saboq berish – bu tez sur’atlarda bajariladigan metod. Undan talab qilinayotgan sifatni qisqa muddatda yuqori darajada shakllantirishda foydalaniladi. Koʻp hollarda saboq berish og‘riqli jarayonlarga sabab boʻlib, norozilik keltirib chiqaradi. Eski maktablardagi jazo choralari, yaqin oʻtmishdagi harbiy kazarma tizimini bunga misol qilish mumkin.
Topshiriqlarmetodi yaxshi natija beradi. Ular yordamida oʻquvchilar ijobiy xulq-atvorga oʻrgatiladi. Topshiriq turli mavzuda boʻlishi mumkin: bemor oʻrtog‘idan xabar olish, bolalar bog‘chasi uchun oʻyinchoqlar tayyorlash, sinfni bayramona bezatish va hokazo Topshiriq natijasi albatta nazorat qilinishi lozim.
Tarbiyalanuvchi faoliyati va xulq-atvorini maxsus sharoitlarda tashkil etish qisqacha tarbiyalovchi vaziyatlar metodi deb ataladi. Vaziyat oʻylab topilgan boʻlmasligi kerak. Ular hayotni barcha qarama-qarshiliklari va muammolari bilan aks ettiradi. Tarbiyachi faqat vaziyat kelib chiqishi uchun sharoit yaratib beradi, vaziyat esa tabiiy boʻlishi kerak.
3. Rag‘batlantirish metodlari. Rag‘batlantirishning asosiy maqsadi ayrim harakatalarni tezlatish yoki toʻxtatishdan iborat. Qadimdan rag‘batlantirishning rag‘bat va jazo shakllari ma’lum.
Rag‘bat tarbiyalanuvchining ruhini koʻtaradi, g‘ayratini oshiradi, oʻz kuchiga ishonch uyg‘otadi, ma’naviy oziq beradi. Rag‘bat shakllari quyidagilardan iborat: ma’qullash, ishonch bildirish, maqtash, og‘zaki va yozma tashakkur, maqtov qog‘ozi bilan mukofotlash va boshqalar.
Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur rag‘batlantirish metodidan oʻta samarali foydalangan. Masalan, “...hukm chiqardimki, amirlardan qaysi biri g‘anim qoʻlidagi biror mamlakatni fath etib, dushman tasarrufidan ozod qilsa, shu mamlakatni uch yilga unga in’om tariqasida bersinlar.
Jazo tarbiyalanuvchilarda mavjud boʻlgan salbiy sifatlarni bartaraf etishga xizmat qiladigan va ulardan saqlaydigan metodlardan biridir. Jazo shakllari:
qoʻshimcha majburiyatlar yuklash;
ayrim huquqlarda cheklash yoki ulardan mahrum qilish;
salbiy axloqiy munosabatni bildirish, qoralash.
Maktablarda norozilik bildirish, ogohlantirish, majlisda muhokama qilish, huquq – tartibot organlari roʻyxatiga qoʻyish, oliy ta’lim muassasalarida talabalar safidan chiqarishgacha jazo shakllari mavjud. Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimida aniq natijani ta’minlaydigan samarali jazo metodlarining mavjud boʻlmaganligi oqibatida tartib – intizomning izdan chiqqanligi bugungi kunda ushbu sohada amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar uchun asosiy omil boʻldi.
Jazo metodining samaradorligini ta’minlovchi pedagogik sharoitlar:
Jamoa tomonidan belgilangan jazoning ta’siri kuchli boʻladi.
Jamoaviy jazoni qoʻllash (ya’ni bir kishi uchun butun jamoani jazolash) tavsiya etilmaydi.
Jazolash toʻg‘risida qaror qabul qilindimi – aybdor jazolanishi kerak.
Oʻquvchi uchun tushunarli boʻlgan va adolatli ekanligi tan olingan jazoning ta’siri samaralidir.
Jazo choralarini qoʻllashda tarbiyalanuvchilar kamsitilmasligi lozim.
Faoliyatni va xulq-atvorni shakllantirishning subyektiv – progmatik metodi tarbiyalanuvchilarga beodoblik, tartib – intizomga rioya qilmaslik, jamoat tartibini buzish shaxs uchun ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan zararlidir degan qoidaga asoslanadi.
Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi bolalikning ilk davridanoq beshafqat raqobat muhitida kurashga jalb etadi va hayotga jiddiy tayyorgarlik koʻrishga majbur qiladi. Rivojlangan mamlakatlarda maktab tarbiyasi utilitar (tor amaliy natijaga, moddiy manfaatga qaratilgan) mazmun kasb etishi va oʻquv yurtini tamomlagandan keyin ish topish, yashash uchun tegishli sharoitlarga ega boʻlishdan iborat bosh maqsadga qaratilgani bejiz emas (mazkur yondashuv (subyektiv – progmatik) bugungi kunda Oʻzbekistondagi yoshlar tarbiyasida ham yetakchi oʻringa chiqmoqda).
Pedagoglar murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan tarbiyaviy maqsadda foydalanadilar. Ular yaxshi maktab tarbiyasini kishining kelajakdagi ijtimoiy-iqtisodiy mavqei bilan bog‘laydilar. Ular axloqsiz, bilimsiz odamlar yaxshi lavozimlarni egallashda kam imkoniyatlarga ega boʻlishi, ish haqi kam va nufuzi past boʻlgan ishlarga qabul qilinishi, ishsizlar safini birinchilardan boʻlib toʻldirishini aniq misollar bilan asoslaydilar.
Oila – er-xotinlik ittifoqiga, qarindoshlik aloqalariga, umumiy xo‘jalik yuritadigan er va xotin, ota-ona va bolalar, aka-uka va opa-singillar va boshqa qarindoshlar o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadigan kichik ijtimoiy guruh, jamiyatning asosi, davlat qudratining manbai. Oilaning hayoti moddiy (biologik, xo‘jalik) va ma’naviy (axloqiy, huquqiy, psixologik) jarayonlar bilan xarakterlanadi.
Oila-tarixiy kategoriya. Uning shakllari va funksiyalari mavjud ijtimoiy munosabatlar xarakteriga, shuningdek jamiyatning madaniy taraqqiyoti darajasiga bog‘liq.
Tarbiya toʻg‘risidagi fikrlarimizni quyidagi soʻzlar bilan yakunlamoqchimiz: ta’lim-tarbiya shaxsning shakllanishida asosiy omil hisoblanadi. Lekin, alohida olganda tarbiya jarayoni ta’limga nisbatan bir necha bor murakkabdir Bu jarayonni oʻrganish va samarali amalga oshirish pedagogdan kuchli iroda va chuqur pedagogik-psixologik bilimlarni talab qiladi. Ammo, har bir boʻlajak oʻqituvchi birinchi navbatda tarbiyaning nazariy asoslarini mukammal bilishi zarur. Oila–ijtimoiy institutlarning eng qadimgisidir. Insoniyat boshidan kechirgan tarixiy davrlarning qanchalik xilma-xil va murakkab boʻlishiga qaramay, ayniqsa, XXI asrda roʻy berayotgan buyuk oʻzgarishlar va islohotlarga dosh bera olgan ushbu maskan oʻz tizimi, tarkibi va jamiyat oldida turgan majburiyatlarini bajarishi nuqtayi nazaridan sog‘-omon saqlanib qolgan fuqarolik jamiyatining eng katta tuzilmasidir.
Oila– jamiyatning ajralmas boʻlagi. Biror bir xalq, millat yoki jamiyat yoʻqki, u oʻzining rivojlanish tarixida va taraqqiyot istiqbolini belgilashda oila va uning atrofidagi muammolarni, qadriyatlarni inobatga olmagan boʻlsa. Har qanday istiqbol oilaning manfaatlaridan ayro tasavvur qilinmaydi. Zero, har bir inson uchun oila – bu umrning boshlanishi, barcha narsalarning muqaddimasidir.Qolaversa, har bir inson oʻz baxti va saodatini eng avvalo oilasi bilan bog‘laydi, ya’ni, oʻz uyida, oilasida baxtli boʻlgan insongina oʻzini toʻlaqonli baxtiyor his etadi.
Ma’lumki, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor boʻlsa, farzand deb atalmish ulug‘ va bebaho ne’mat bor. Har qaysi Ota-ona jondan aziz farzandining baxtini, kamolini oʻylab, hamisha ezgu orzu – umidlar bilan yashaydi, oʻz dilbandining sog‘lom va baquvvat, barkamol inson boʻlib ulg‘ayishini istaydi. Mustaqil va yangicha fikrlaydigan, zamon talablariga javob beradigan, ma’naviy boy, Vataniga sodiq va fidoyi, axloqan yetuk, intellektual rivojlangan, chuqur bilimli, har tomonlama kamol topgan shaxs ham, avvalo, sog‘lom turmush tarzi qaror topgan oilada shakllanadi. Bu oʻrinda ilgari surilayotgan pedagogik g‘oyaning tub mohiyati oila tarbiyasini toʻg‘ri yoʻlga qoʻyish, mustahkamlash va yanada chuqurlashtirish bilan bog‘liqdir. Komil insonni voyaga yetkazishda oila va jamiyatning oʻrni uni tarbiyadagi uzviylik, uzluksizlik asosida amalga oshishi bu yaxlit bir qonuniy jarayondir. Oila pedagogikasi jamiyatning shaxs tarbiyasiga doir muhim davlat siyosatidagi ustuvor vazifalarini mukammal bajarishida xizmat qiladi, ta’lim – tarbiyaga doir bilimlarni mushtarak holda jamlab farzand tarbiyasiga doir tartib, odob – axloq qoidalarini sinovdan oʻtkazuvchi va amalga tatbiq qiluvchi ota-onaning faoliyatidir. Umuman olganda, oila va uning mohiyati, har tomonlama ravnaqi va jipsligini ta’minlash shart-sharoitlari, oila tarbiyasi milliy iftixor, jamiyat negizi ekani, oila kamolotini ta’minlash singari muammolarni tadqiq etish hamda ularni xalqqa sodda va tushunarli tarzda yetkazish shu kunning dolzarb vazifasidir.
Huquqiy jihatdan kafolatlangan oila oʻz burchlarini ham unutmasligi lozim. Shulardan eng asosiysi, oilani yaxshi oila qilib koʻrsatuvchi fazilatlardan biri – farzandlarni oila qurishga tayyorlashdir. Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash – oilalarning mustahkamligini ta’minlashning muhim shartidir. Oila poydevorining mustahkamligi – jamiyat poydevori va binosini puxta qilib qurishni ta’minlashning asosiy shartidir, uning moddiy va ma’naviy barkamolligi esa davlat va jamiyat farovonligi va barqarorligining negizidir. Zero, “oila farovonligi milliy farovonlik asosidir”26.
Birinchidan, Vatanimiz mustaqilligining qisqa davri ichida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, fuqarolarning huquqiy ma’rifatini oshirish, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, uy mehnati va madaniy – maishiy turmush sharoitini yaxshilash, oilaning ma’naviy–axloqiy asoslarini takomillashtirish, koʻp bolali, kam ta’minlangan nochor oilalarni, nogironlarni, qarovchisiz keksalar, yolg‘izlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, oilada ma’naviy va jismoniy barkamol shaxsni shakllantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.