ILLYUSTRATSIYA namoyish metodiga chambarchas bog‘liq boʻlsa - da, didaktikada alohida oʻrganiladi. Illyustratsiya narsa, hodisalar va jarayonlarni ularning ramziy koʻrinishlari – chizma, port, rasm, fotosurat, yassi modellar va boshqalar yordamida koʻrsatishni taqozo etadi.
Namoyish va illyustratsiya metodlari oʻzaro bog‘liqlikda bir-birini toʻldirgan holda qoʻllaniladi. Agar hodisa va jarayonni oʻquvchi yaxlit holda qabul qilishi zarur boʻlsa namoyishdan foydalanish, agar hodisa mohiyati hamda uning unsurlari oʻrtasidagi bog‘lanishlarni anglash talab etilsa Illyustratsiyaga murojaat qilinadi.
Illyustratsiyaning samarasi koʻpincha oʻqituvchi tomonidan koʻrsatuv texnologiyasi qay darajada oʻzlashtirilganligiga bog‘liq boʻladi. Koʻrsatmalardan foydalanishning bilish jarayonidagi didaktik ahamiyati oʻrganilayotgan obyekt mohiyatini toʻlaqonli yorita olishi bilan belgilanadi. Aslida Illyustratsiyalar oldindan tayyorlanib, dars jarayonida zarur oʻrinlarda muayyan hajmda koʻrsatiladi, aks holda ular sonining oshib ketishi oʻquvchilarni hodisa mohiyatini anglashdan chalg‘itadi. Ayrim hollarda tarqatma materiallar (fotosurat, jadval, tabiiy obyektlar va boshqalar) yoki texnik vositalar xizmatidan foydalanishga toʻg‘ri keladi.
Ushbu metodlardan foydalanish zaruriyati koʻrsatmalilik tamoyiliga amal qilish maqsadga muvofiq ekanligida koʻrinadi. Inson miyasining 30 foiz hajmini koʻrishni, faqat 3 foizigina eshitishni ta’minlovchi neyronlar tashkil etadi. Pedagogik-psixologik yoʻnalishda olib borilgan tadqiqotlar natijalaridan ma’lum boʻladiki, shaxs tomonidan oʻzlashtirilayotgan bilimlarning 85 foizi koʻrish retseptorlari yordamida egallanadi.
AMALIY METODLAR oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilgan nazariy bilimlar yordamida ularda amaliy koʻnikma va malakalarni hosil qilishda alohida ahamiyat kasb etadi. Aynan amaliy faoliyat jarayonida nazariy bilimlar harakatdagi shaklga ega boʻladi.
MASHQ – aqliy yoki amaliy (jismoniy) harakatlarni bajarish koʻnikmalarini egallash yoʻlidagi koʻp marta takrorlanishlar boʻlib, mashqsiz koʻnikma hamda malakalarni shakllantirish mumkin emas. Mashqlar og‘zaki, yozma, grafikaviy (texnik jarayonlar mohiyatini ifodalash), ijtimoiy – foydali, jismoniy va boshqa turlarga boʻlinadi.