Demokratik boshqaruv uslubi turli masalalarni va hamkorlikka oid takliflarni hal etishda yetarli darajada muhokamalarga, kelishuvlarga izn beradi. Jamoaning a’zolari qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishga keng tarzda jalb etiladi. Biroq, bunda murabbiy hech qachon “o‘z izmi”ni sportchilarga mutlaqo berib qo‘ymaydi. U o‘z qo‘l ostidagilarning shaxsiy munosabatlaridan ham yaxshi xabardor bo‘ladi. U guruhdagi barcha a’zolar bilan bir xil muomalada bo‘ladi. Ularning birortasini ham alohida ajratib yaxshi ko‘rmaydi yoki yomon ham ko‘rmaydi. Uning muloqotida tarbiyaviy axborot ustuvorlik qiladi. U asosan iltimos qilish, maslahat berish, yo‘l-yo‘riq ko'rsatish shaklida o‘z boshqaruvini amalga oshiradi. Gap ohangi asosan bir maromda, ba’zi hollarda esa hazil- mutoyiba va do‘stona muloqot turlaridan foydalanadi. A В C D
Demokrat murabbiy hamisha bosiq, vazmin, xushmuomala bo‘lganligi sababli qo‘l ostidagilari uning barcha talablarini bajonidil ado etadilar. Jamoa a’zolarining faoliyatini nazorat qilar ekan, bunday murabbiy o‘z e’tiborini mayda-chuyda tashvishlarga emas, balki, asosiy masalaga qaratishga intiladi. Bunday murabbiy kasbiy jihatdan ham, shaxs jihatidan ham o‘quvchilari ko‘z o‘ngida katta hurmat-e’tibor qozonadi. Demokrat murabbiyning shaxsiy fazilatlari quyidagilardan iborat: muvozanatlilik, aniq maqsadni belgilay olish, o‘ziga va boshqalarga nisbatan talabchanlik, rostgo‘ylik, xushmuomalalik.