2.4. Sinfdan tashqari o‘qish darslarida ertaklar orqali
mehnatsevarlikka o‘rgatish.
Xalq dahosi bilan yaratilgan ertaklar yosh avlodning tarbiyasiga kuchli
ta’sir qiladi va ma’naviy hissiyotni uyg‘otadi. Ertaklar insonni o‘z kuchi, o‘z
huquqi, o‘z ozodligini anglatishi, undagi mardlik va vatanga muhabbat tuyg‘ularini
uyg‘otishi bilan ham ma’naviy oziq berib kelgan.
Xalq ertaklari el-yurtni ko‘z qorachig‘iday avaylab-asraguvchi ajoyib
vatanparvar qahramonlarni ulug‘ladi; ayollarning haq-huquqini himoya qildi;
osmonda uchishni, oyga yetishni orzu qildi, „Oynayi jahon“lari orqali yer yuzida
bo‘layotgan voqealarni bilib turdi, uzoqni yaqin qildi; „Ochildasturxon“lari bilan
noz-u ne’matlar yaratdi; kishilar xarakteridagi yaramas odatlarni, noma’lum,
noma’qul hislatlarni tanqid ostiga oldi; mardlik, epchillik, dovyuraklik,
mehnatsevarlik, halollik, vafodorlik, to‘g‘rilik, saxiylik g‘oyalarini ilgari surdi,
ulug‘ladi.
Safarga otlangan botirning bir siqim tuproqni o‘zi bilan birga olib
ketganligini hikoya qiluvchi ertakni eslang. Ana shu bir siqim vatan tuprog‘i
o‘zgalar yurtida unga kuch-quvvat ato etadi, yaralanganda dardiga malham bo‘ladi,
maqsadga yetishida madad beradi. Ana shunday xalq prozasi — ertakda, ayniqsa,
romantik tasvir kuchli bo‘ladi. Unda qahramon jabr-jafo chekadi. Lekin oxiri
baxtiyor bo‘ladi, tengsiz jangda, kurashda g‘olib chiqadi.
„Zumrad va Qimmat“, „Oltin tarvuz“, „Dehqon bilan ayiq“, „Haqqush“
(tojik xalq ertagi), „Danak“ (qirg‘iz xalq ertagi), „Kuch va topqirlik“ (latish xalq
ertagi), „O‘tinchi yigit“, „Bo‘ri bilan echki“ singari ertaklar kichik maktab
yoshidagi bolalar sevib o‘qiydigan asarlardir.
Ertak
qahramonlari
mardligi,
jasurligi,
aqlliligi,
farosatliligi,
mehnatsevarligi bilan har doim har qanday vaziyatlarda omon qoladilar. „Zumrad
va Qimmat“ ertagidagi Zumrad xuddi shunday fazilatlarga ega obrazlardan biridir.
39
Zumrad xalq orzu qilgan, e’zozlagan qizlarning yorqin timsoli. Bugungi
qizaloqlar ertakdagi Zumraddan ibrat olishlari, unga o‘xshagan chiroyli, odobli,
muloyim, aqlli, mehnatsevar bo‘lishlari lozim. Qarang, yo‘lda lolalar, rangbarang
gullar uni ko‘rib boshlarini egib, salom berarkanlar. Zumrad maysalar ustida o‘tirib
dam olganida gullar uni olqishlar, bulbullar quvonib, qo‘shiqlar aytib berar
ekanlar.
Zumrad el sevadigan darajada chiroyli, odobli, muloyim, aqlli. Uni bir
ko‘rgan, bir suhbatlashgan kishi yana ko‘rsam, suhbatlashsam deb orzu qiladi.
Zumrad otasini, odamlarni yaxshi ko‘radi, hayvonlarni, tabiatni, maysa-yu o‘tloqni
sevadi, ularni avaylaydi. Hammasiga muloyim boqib, qo‘li bilan silab-siypalab
erkalaydi. Bundan gullar, o‘t-o‘lanlar, bulbullar quvonib, unga qo‘shiqlar aytib
berishadi.
Ammo shu gullar kampirning arzandasini sevmas, uni erkalamas ekanlar,
bu qiz gullarga ozor berar, ularni yulib tashlab, tepkilar ekan, lolalar, gullar
Qimmatning kelishini bilib qolsalar, qovoqlarini solib, yumilib qolarkanlar. Yovuz
kampir bundan g‘azablanar ekan va buni Zumraddan ko‘rar ekan.
Bir kuni kampirning niyati buzilib, Zumraddan qutulmoqchi bo‘libdi,
cholni chaqirib olib, unga dag‘dag‘a qilibdi. „Qizingni o‘rmonga olib borib
adashtirib kelmasang, men sen bilan turmayman!“ debdi.
Chol Zumradni aldab, qorong‘i, qo‘rqinchli o‘rmonda adashtirib keladi.
O‘rmonda yolg‘iz zor qaqshab qolgan qizchaga gullar shu’la sochib, yo‘lini
nurafshon qilib turadi. Zumrad sehrgar huzuriga kirar ekan, unga egilib salom
beradi, boshidan kechirgan voqealarni bir-bir bayon qiladi.
Qushlarning Zumradni maqtab sayrashlari kampir qalbini shodlikka
to‘ldiradi. Zumrad mehnat bolasi. Mehnat qilgan elda aziz, deganlaridek, uning
yelib-yugurib ishlashi kampirga xush yoqadi. „Oppoq qizim, shirin qizim,
do‘mbog‘im, munchog‘ im!“ deya uni erkalaydi, peshanasidan o‘pib, sochini
silaydi.
Zumrad halol-pokligi, shirin so‘zligi, mehnatkashligi, kattani hurmat,
kichikni e’zozlashi bilan sehrgarning muhabbatini qozonadi. Shu sababli sehrgar
40
Zumradni tengsiz boylik bilan siylaydi, uni baxtiyor qiladi. Mehnatkash xalq o‘z
farzandlarini xuddi Zumrad kabi ishchan, mehribon, iboli, boy-badavlat bo‘lishini
orzu qilgan. Lekin Qimmat kabi erka, tanti, ishyoqmaslarni yomon ko‘rgan.
Qimmat obrazi dangasa, erkatoy, injiq, qo‘pol, toshbag‘ir ayrim farzandlarni
eslatadi. O‘zbek ertaklarida o‘zidan kattalarni hurmat qilish va keksalarni
e’zozlash, odamoxunlik va mehnatsevarlik, yaxshi xulq va odobni ulug‘lash asosiy
masalalardan hisoblanadi. Xo‘sh, Qimmatda yuqoridagi fazilatlardan qaysi biri
mavjud? Hech qaysisi yo‘q.
Mana, ota Qimmatni ham kimsasiz o‘rmonda adashtirib, tashlab ketdi.
Sehrgarnikida yashar ekan, unga onasi birorta ham shirin so‘z o‘rgatmaganligi,
mehnat qilishni bilmaganligi sababli kampirga qo‘pol-qo‘rs muomalada bo‘ladi.
Tekintomoqligi qattiq pand beradi. Sehrgar qizni sevmaydi, ertak ham aytib
bermaydi, kitob va qo‘g‘irchoqlar ham hadya qilmaydi.
Ertakdagi sehrgar kampir juda muloyim, mehribon. Mana, uning
Qimmatga murojaati:
— Tomdan o‘tin olib tush, qizim!
Qizning javobini eshiting:
— O‘zingiz olib tusha qoling, malayingiz yo‘q!
Bu tarbiyasizlik, odobsizlikdan boshqa narsa emas.
Xalq bunday o‘zboshimcha qizni ham, farzandiga to‘g‘ri tarbiya bera
olmagan onani ham yoqtirmaydi. Shuning uchun har ikkalasi o‘limga mahkum —
ajdar yutib yuboradi. Bu holga xalq aslo achinmaydi, aksincha to‘g‘ri bo‘libdi, deb
mamnun bo‘ladi.
Kitobxon bolalar ham hayotda Qimmat qiyofasiga tushib qolmaslik uchun
odobli, xushmuomala bo‘lishga, mehnatni sevishga, ko‘proq dars tayyorlashga,
kitob o‘qishga intilishga harakat qiladi. Qimmatning ishyoqmasligi, odobsizligi
uchun hamma yomon ko‘rishini eslang. Hatto uning yurish-turishi, xatti-harakati
sehrgar kampirga ham ma’qul bo‘lmaydi. Dangasaligi, kekkayganligi, qo‘rs-
qo‘polligi o‘zining boshiga yetadi.
|