1-mavzu. O‘zbek munshaoti tarixi. Tarixiy hujjat turlari reja
Shaxsiy ma’lumotnoma muassasalar tomonidan fuqarolarning turmushi, ish faoliyatidagi voqea-hodisalar va holatlarni tasdiqlab beradigan hamda talab qilinadigan joylarga ko‘rsatish uchun tayyorlanadigan rasmiy hujjatdir. Masalan, litsey yoki kollej o‘z o‘quvchisiga uning qayerda, qaysi yo‘nalishda, qachondan buyon o‘qishi haqida ma’lumotnoma beradi. Mahalla fuqarolar yig’ini fuqaroga qayerda yashashi, oilaviy ahvoli, oila a’zolarining soni haqida; tashkilot xodimning kim bo‘lib, qancha maosh olib ishlashi haqida ma’lumot berishi mumkin. Fuqarolik holatlariga dalolatnoma yozish bo‘limi(FHDYO–ZAGS) nikoh, o‘lim, tug’ilganlik haqida, notarial idora mulkni sotib olish yoki shartnomani qayd etish haqida ma’lumotnomalar beradi.
Bundan tashqari ichki ishlar va adliya idoralari ham fuqarolarga tasdiqlovchi, guvohlantiruvchi ma’lumotnomalar berishi mumkin.
Yuqoridagi ma’lumotnomalar zaruriy hisoblanadi. Lekin ayrim rasmiyatchilar keraksiz ma’lumotnomalarni talab qilishi ham mumkin. Masalan, ishga kiruvchida oily ma’lumot olganligi haqida diplomi bo‘la turib u o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamay, boshqa sohada ishlasa va bu haqda mehnat daftarchasida qayd etilgan bo‘lsa-da, o‘z sohasida ishlamaganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma so‘rashlari uchraydi. Yoki, guvohnomasi bo‘la turib, uning qayerda o‘qishi haqida guvohlantiruvchi ma’lumotnoma so‘rashlari mumkin. Vaholangki, ichki ishlar uchun guvohnoma guvohlantiruvchi ma’lumotnomaning o‘rnini bosadi. Bunday hollar bo‘lmasligi uchun kishi o‘ziga qachon, nima, qay yo‘sinda kerakligi va shaxsiy huquqlarini yaxshi bilishi kerak.
Shaxsiy ma’lumotnomalar o‘zining zaruriy qismlari jihatidan xizmat ma’lumotnomalariga o‘xshab ketadi. Chunki, u ham aksar hollarda xos ish qog’oziga yoki oldindan tayyorlangan bosma ish qog’ozi(blanka)ga yoziladi. Ushbu qog’ozlarda bir qancha zaruriy qismlar va takrorlanuvchi iboralar o‘z aksini topgan bo‘ladi. Shaxsiy ma’lumotnomalarda ular yo‘llangan idora yoki shaxs nomi bo‘lmaydi. Buning o‘rniga asosiy matndan so‘ng quyidagi tarzda yoziladi:“So‘ralgan joyga ko‘rsatish uchun berildi”, “Ish joyiga ko‘rsatish uchun berildi”, “Tibbiyot kollejiga ko‘rsatish uchun berildi ” va hakazo.