Oksidlanish-qaytarilish funksiyasi tirik organizmlarda sodir bo‘ladigan
kimyoviy moddalarning oksidlanishi va qaytarilishi jarayonlarida aks
etadi. Masalan, fotosintez jarayonida karbonat angidrid gazi uglevodgacha
qaytarilsa, nafas olish jarayonida esa uglevodlar karbonat angidrid va
suvgacha oksidlanadi. Xemosintezlovchi temir bakteriyalari faoliyatida temir
atomining oksidlanish darajasi o‘zgaradi. Oksidlanish-qaytarilish funksiyasi
tirik moddaga xos muhit yaratish funksiyasining bir ko‘rinishidir.
Transport funksiyasi moddalarning og‘irlik kuchiga qarshi va gorizontal
yo‘nalishda bir joydan boshqa joyga ko‘chishidir. Ma’lumki, sayyoramizda
moddalarning harakatini Yerning tortish kuchi belgilaydi. Anorganik moddalar
qiyalik bo‘ylab o‘z-o‘zidan yuqoridan pastga harakatlanadi. Daryolar,
muzliklar, qor ko‘chkilari shunday harakatlanadi. Tirik modda esa pastdan
yuqoriga, okeanlardan quruqlik tomonga harakatlana oladi. Faol harakat
tufayli tirik organizmlar ishtirokida turli moddalarning va atomlarning
migratsiyasi sodir bo‘ladi. Tirik modda yordamida kimyoviy moddalarning
migratsiyasini V.I. Vernadskiy atomlarning biogen migratsiyasi deb atagan.
Shunday qilib, tirik modda biosferadagi barcha jarayonlarda ishtirok
etadi, muhitni tubdan o‘zgartira oladi.
Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: tirik moddaning funk-
siyalari: energetik, gaz almashinuv, konsentratsiyalash, oksidlanish-qayta rilish,
muhit yaratish, destruktiv, transport.
Bilimlaringizni qo‘llang. 1. Biosferada tirik moddaning xususiyatlarini tushuntiring.
2. Tirik moddalarning biosferadagi funksiyalarini aytib bering.
3. Tirik moddaning energetik funksiyasi biosferadagi qanday jarayonlarda
namoyon bo‘ladi?
4. Tirik moddaning konsentratsiyalash funksiyasiga misollar keltiring.
5. Tirik moddaning destruktiv va muhit hosil qilish funksiyalari mohiyati nimada?