Hamkorlikda individ hamma tomonlarni qoniqtiradigan yechimni izlashda faol ishtirok etadi, shu bilan birga, o‘z manfaatini ham nazarda tutadi. Ochiqcha fikr almashinadi, umumiy qaror qabul qilishda ham-maning fikri inobatga olinadi. Mazkur shakl uzoq vaqtni va barcha to-monlar ishtirokini taqozo etadi. Agar muxoliflarning vaqti va muam-moning yechimi ular uchun ahamiyatli bo‘lsa, unda yuzaga kelgan ma-salalar, tushunmovchiliklar har tomonlama muhokama qilinadi va bar-cha ishtirokchilarning manfaatlari hisobga olinadi.
Murosa harakatlar chekinishlari hisobiga yechimlarni izlashga, har ikki tomonni qoniqtiradigan oraliq qarorni ishlab chiqishga qara-tilgan. Bunday holatda tomonlar yutqazmaydi va yutmaydi ham. Mu-xoliflar bir xil imkoniyatga, bir-birini inkor qiluvchi manfaatga ega bo‘l-ganda va ularning boshqa yechim izlashga vaqti bo‘lmay, oraliq qaror ma’lum vaqtda qoniqtirganda, bunday usulni ishlatish mumkin.
Raqobat va hamkorlikda konfrontatsiya qaror ishlab chiqish uchun asosiy shart bo‘lib qoladi. Nizoni hal qilish uni yuzaga keltirgan sabab-larning bartaraf etilishini nazarda tutishini e’tiborga olsak, unda faqat hamkorlik usuli mazkur masalani to‘laligicha hal qiladi. Bosh tortish va moslashishda nizoning hal qilinishi kechiktiriladi. Bunday holatda nizo yashirin shaklda kechadi. Murosa nizoni faqat qisman bartaraf qilishi mumkin, chunki o‘zaro chekinish uchun juda katta imkon qoladi, nizo sabablari esa to‘liq bartaraf etilmaydi.
Ba’zi holatlarda kelishish, bosh tortish va hatto murosadan ko‘ra nazorat qilish va oqilona chegaralar doirasida konfrontatsiya nizoni yechilishi nuqtayi nazaridan samaraliroq hisoblanadi. Shu bilan birga, bunda g‘alabaning ahamiyati haqida gap boradi va bu ikkkinchi to-monning mag‘lubiyatini bildiradi. Bu konfrontatsiyani boshqarishdagi murakkab masalalar hisoblanadi. E’tiborlisi, mag‘lubiyat yangi nizoga asos bo‘lmasligi va kengayib ketmasligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Agar nizo ishtirokchilarining kuchlari taxminan teng bo‘lsa, unda nizo juda keskin ko‘rinishda kechishi mumkin. Yuqorida qayd etil-ganidek, mutaxassislar nizo ishtirokchilari harakatining bir necha strategiyalarini farqlashadi. Masalan, ishtirokchilar nizoni hal qilishga uncha qiziqishmasa, ammo o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lishga urinsalar, unda nizodan bosh tortish usulini qo‘llash mumkin. Agar nizo xolisona bo‘lsa, unda bosh tortish strategiyasi ishtirokchilarni, shu jumladan, tashkilotni mag‘lubiyatga olib keladi.
Manfaatdor muxolifning mavqei baland bo‘lsa, unda u nizodan g‘alaba bilan chiqib ketish uchun kuch ishlatadi. Bunday strategiya qo‘llanilganda noqonuniy usullar, ya’ni kuch ishlatish, qo‘rqitish kabilar ro‘y beradi. Bir muxolifning mag‘lubiyati boshqa muxolifga, demak, butun tashkilotga aniq g‘alaba keltirmaydi.
Agar muxoliflarning mavqei teng bo‘lsa ular nizoni hal qilishda bir xil strategiyani qo‘llashi mumkin. Bunday sharoitda murosa, ya’ni kelishish strategiyasiga suyanish mumkin. Uning doirasida yutuq va zararlar teng taqsimlanadi. Ba’zida mavqe har xil, ammo nizoning yechimidan manfaatdor bo‘lgan muxoliflar murosaga kelishga intiladi. Bu esa ularga kuch va vaqtni saqlab qolishga imkon beradi. Nizoni batamom hal qilish strategiyasi mukammaldir. Bunda nizoning sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish ixtiyoriy hamkorlik doirasida amalga oshiriladi. Bu strategiya tomonlar uchun ma’qul bo‘ladi. Chunki, u muxoliflarni sheriklarga aylantiradi, nizo keltirib chiqargan muammo hamkorlikda bartaraf etiladi. Shuningdek, tomonlar olgan foyda boshqa strategiyalarni qo‘llash orqali olingan foydadan ancha barakali bo‘ladi. Bu strategiya asosida nizoga oddiy voqelik sifatida munosabat bildiriladi.