Borib ayting, ajal kelsin, olib jonimni ketmakka.
(erkin tarjima M.Q.)
Qur’oni Karim suralaridagi, hadislardagi ota-ona, farzandlarning ota-onalari oldidagi qarzlari haqidagi ibratlar barcha musulmonlarga farzandlarini oqibatli qilib tarbiyalashni farz qildi.
Movarounnahrda machitlar ochilib, imomlar o‘g‘il bolalar uchun maktablar tashkil qila boshladilar. Turk tili yangi so‘z – “maktab” (ar.yozuv o‘rgatiladigan joy) bilan boyidi. XII asrdan boshlab islom dini turkiy tillarda yozilgan she’rlarda – Ahmad YAssaviyning “Hikmat to‘plami, keyinchalik So‘fi Olloyorning ikki to‘plamida va boshqa to‘plamlarda ommalashtirila borildi.
VIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab madrasa va maktablarga dunyoviy bilimlar kirib kela boshladi. Bunga Qur’oni Karimning “Har bir musulmon va muslimaning ilm olishi farzdir” – degan oyati asos bo‘ldi. Buning natijasi o‘laroq Al Beruniy, Al Xorazmiy, Al Forobiy, Ibn Sino kabi allomalar qomusiy bilimlarning yuksak cho‘qqilarini egalladilar.
Tasavvuf tariqatlarida tarbiyachi va tarbiyalanuvchi munosabatlariga asoslanuvchi pir va shogirdlik munosabatlari rivojlanib, takomil kasb eta boshladi. Movarounnahr shaharlarida X asrdan boshlab yangi ma’naviy-amaliy harakat – javonmardlik (futuvvatchilik) harakati tarqaldi. Javonmardlar asosan oddiy xalq ichidan chiqqan pahlavonlar, qiziqchilar, hunarmandlar, sipohilar va boshqalardan tashkil topgan bo‘lib, ularning har birining jamoasi, pir, ustozi bo‘lgan. Oddiy yigit javonmardlik tariqatiga kirish uchun pirga qo‘l berib, ustozga sidqi dildan ahdu paymon qilib, mardlik belbog‘ini bog‘lamoqligi kerak bo‘lgan. Barcha javonmardlar bir-biriga aka-uka, birodar bo‘lishgan. Beg‘araz yaxshilik qilish, borini o‘zgalar bilan baham ko‘rish, muhtojlarga yordam berish, piru ustozlar nomusini pok tutish, ma’naviy va jismoniy etuklikka intilish, mard va oliyjanob bo‘lish, mol-dunyodan insonni ulug‘ tutish – har bir javonmard ana shu fazilatlarni o‘ziga odat qilib olgan edi. Javonmardlik tariqatining tarbiyaviy ta’limiy mohiyati nihoyatda chuqur va ko‘p qirralidir. Masalan, har bir javonmard ko‘zning, quloqning, tilning odoblarini, ularni nimalardan, qanday saqlash kerakligini bilgan: ota-ona, qarindoshlar, do‘stlar, oshnalar, qo‘shnilar, begonalar bilan odob shartlari nechtaligini (masalan, qo‘shnilar bilan muomala-munosabat odobi 14 ta) bilib, amal qilishi kerak bo‘lgan.
Javonmardlarga yo‘lda yurish, kiyim kiyish, salom berish va salomga javob berish, ta’ziyaga borish odoblari, kasb-hunar va savdo-tijorat odobi, maddohlik, g‘azalxonlik, dorifurushlik, kurash tushish, hammollik, dorbozlik, qo‘g‘irchoqbozlik, qilichbozlik, qassoblik kabi kasblarning xususiyatlari, bu kasblar egalari amal qilishi shart bo‘lgan amallar barcha tafsilotlari bilan uqtirilgan1. Ko‘rinib turganidek, ushbu tariqatning milliy tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir. CHunki sobiq sovet maktabi tarbiya tizimida o‘quvchilarga milliy turmushning muayyan vaziyatlarida o‘zlarini qanday tutishlari kerakligi, qanday harakatlarni qilmaslik kerakligi mavhum edi. Milliy tarbiya muayyan fazilatlarga tayanishi tufayli o‘quvchilarga yaxshi va yomon sifatlar haqida, ularning namoyon bo‘lishi haqida batafsil bilimlar berishga asoslanadi va bu orqali javonmardlik tariqatining eng yaxshi an’analarini tiklashga xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo XIV-XV asrlarga kelib Sohibqiron Amir Temurning vatanparvarona fidoyiligi tufayli mo‘g‘ullar istibdodidan qutuldi va mustaqil davlatga ega bo‘ldi. Natijada mamlakatning madaniy hayotida keskin yuksalish yuz berdi. Amir Temur – yirik davlat va siyosat arbobi, sarkarda, qonunshunos, iste’dodli me’mor, notiq, ruhshunos bo‘lish bilan birga Turkstonni jahonga mashhur qilgan milliy g‘ururli, so‘zi bilan ishi bir, vatanparvar inson – buyuk shaxs edi. Uning nomi bilan boshlangan “Temuriylar madaniyati” o‘ziga xos “Temuriylar tarbiyasi”ni yaratdi. Navoiy, Ulug‘bek, Bobur kabi ulug‘ zotlar va ana shu tarbiyaning natijasi – mevasi bo‘ldilar.
Bu davr pedagogik qarashlarida odil, ma’rifatparvar podshoh g‘oyasi etakchi o‘rinni egalladi, ya’ni aqlli va ma’rifatli hukmdorgina xalq hayotini tubdan ijobiy o‘zgartirishga qodirdir. Temuriylar davridagi singari madaniyatga havas qo‘ymoq - (Andalusiya ummaviylar davlatining porloq davri va Arabistondagi Abbosiylar hukumronlik zamonini istisno etganda) islom olamining boshqa bironta joyida sodir bo‘lmadi. SHarqning “Allonnos oli dina malxakum” (Xalq o‘z podshosining diniga ergashadi) qoidasi xotiraga olinganda, bu holning ajablanarli joyi qolmaydi. Temuriylar davrida barcha san’atlar qatori raqs san’ati ham kamol topdi. Bu esa milliy nafosat tarbiyasiga berilgan ahamiyat, homiylikning ko‘rsatgichidir. “Islom Osiyoning hozirgi ahvolidan xabardor kishilar uchun temuriylar davrida raqqoslar bo‘lgani tag‘in ham taajjublidir. Boburning bayoniga qaraganda, o‘sha zamonda raqqoslarning birinchisi saidlardan (payg‘ambar naslidan) bahr isimlik bir kishi bo‘lib, raqqoslik san’atidan g‘oyat mohir ekan. Uning shaxsan bir o‘zi bir necha raqslarni ijod etgan. Agar hozirgi bir musulmon boshiga katta salla o‘ragan birovning raqs etayotganini ko‘rsa, qanchalik dahshatga tushar edi”, - deb yozadi H.Vamberi2.
Temuriylar tarbiyasini olgan Mir Alisher Navoiyning buyuk dahosi uchun har bir mo‘‘min musulmon kishiga farz bo‘lgan fazilatlarga munosabatida ham namoyon bo‘ladi. Ulug‘ mutafakkir o‘z asarlari orqali ayrim zamondoshlariga xos bo‘lgan salbiy sifatlarni ham g‘oyat ta’sirli tasvirlab, undan qochishga, yaxshi sifatlarni egallashga undaydi. Alisher Navoiy o‘z ijodida munosabat bildirgan insoniy sifatlarni ikki guruhga – ijobiy va salbiy sifatlarga bo‘lish mumkin: ijobiy sifatlar – tavba, muruvvat, vafo, xayo, iymon, xilm (muloyim tabiatlilik), jon do‘sti bo‘la olish, sabrlilik, tavoze’, odob saqlash, hoksorlik, qanoat va boshqalar: salbiy sifatlar – xasislik, nokaslik, birovlarni kamsitish, engiltaklik, razillik, tamagirlik, takabburlik, nafs ketidan tushmoq, erkaklarning o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yasanishi, o‘ziga bino qo‘ymoq, shahvoniy nafsga berilmoq, xudbinlik, himmatsizlik, maqtanchoqlik, isrofgarchilik, chaqimchilik ikkiyuzlamachilik, tama, hasad, ichkilikbozlik, bangilik, nashavandlik, g‘iybatchilik, bachkanalik va h.k.3.
“Mahbub ul-qulub”da Navoiy tavoze’ – odob saqlash, xoskor bo‘lishlik tushunchasiga alohida o‘rin ajratadi. Tavoze’ yaxshilikning tarkibiy qismi va takabburlik, manmanlikning aksi bo‘lganligi tufayli Alisher Navoiy odamlarni tavozeli bo‘lishga chaqirib, unday kishiga xalq mehrining oshishi, do‘sti ko‘p bo‘lishini alohida ta’kidlaydi. Demak, xushtavoze’ kishi boshqa millatlar vikillari bilan ham o‘z munosabatlarini mehribonlik asosiga qurishi tufayli samimiy do‘st bo‘la oladi. Alisher Navoiy “hamma ta’limotlarda va hamma millat kishilari qoshida “yaxshilikka yaxshilikdan ziyoda mukofot yo‘qligi isbotlangan”4ligini XV asrdayoq e’tirof etdi. CHunki
Ko‘ngilni olsa malohat bila, tafovut yo‘q,
Xitoyi o‘lsinu, yo armani va yo xindu.
Navoiyning zamondoshi Jaloliddin Dovoniy (1427-1502) ning “Psixologiya haqida kitob”, “Bolalarni tarbiyalash usullari”, “Istaklar axloqi” asarlari ilmiy pedagogikaga samarali ta’sir ko‘rsatdi. Abdulla Avloniy, Abu Tohir Samarqandiylar pedagogik qarashlari Dovoniyning pedagogik qarashlari ta’sirida shakllandi. Dovoniy bola tarbiyasida o‘zidan oldingi qarashi- odamning taqdiri oldindan, “peshanasiga yozib qo‘yilgan, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi”, degan qarashga o‘zgartirish kiritdi. U bola tarbiyasida muhitning tutgan o‘rnini asoslab berib, bola fe’l-atvorini tarbiyaviy muhitni o‘zgartirish orqali o‘zgartirish mumkin, degan fikrni bildirdi. Xullas Jaloliddin Davoniy “bola qalbi go‘yoki toza paxta, unga tarbiya yordamida istalgan shaklni chizish mumkin”,-degan metodologik fikrni Jon Lokkdan qariyib 200 yil ilgari aytgan edi.
“Boburnoma” -yirik qomusiy asar. Tadqiqotimiz nuqtai-nazaridan bu asarni XVI asrda mavjud bo‘lgan milliy pedagogik madaniyatimizning ko‘zgusi deb atash mumkin. “Boburnoma”dagi personajlarga muallif tomonidan berilmish sifatlari o‘sha zamon turkiy tarbiyasidagi yutuq va kamchiliklarning ramziy hujjati, deya ularni qayd qildik: ijobiy sifatlar- pokiza e’tiqodlilik, ravon savodxonlik, saxovatlilik, xushxulqlik, shirinzabonlik, shujo’ va mardonalik, xushsuhbatlik, merganlik, odillik, hayolilik, shatranjni yaxshi o‘ynash, qush ilmini xub bilish, musiqiy ilmidin bohabarlik, saxiylik, siyoq ilmini qo‘b bilish, odmi va asillik, tolibi ilmlik, lug‘ati boylik, adolatpeshalik, xushta’blik, fazilatlilik, she’rxonlik, g‘ijjakni pokiza chalmoq, qilichga mardonalik, hikoyati shirinlik va h.k. Salbiy sifatlari- mushtazanlik, pursharo‘lik (g‘avg‘o chiqaruvchilik), emoqda betakalluflik, benmazalik, ro‘za tutmaslik, zolimlik, kofirvashlik, ichi torlik, kam hafsalalik, fitnachilik, baxillik, sovuq yuzlilik, qattiq so‘zlilik, o‘qimaganlik, omilik, ko‘p ichish, yuraksizlik, badqalolmlik, shurb(ichkilikbozlik)va zino bilan mashg‘ul bo‘lish, befahmlik, ayshga mashg‘ullik, padarkushlik, tanballik, kajhulqlik, berahmlik, sharirlik (odamlarga zarar etkazish), nozuk maraklik, uyda bemajlislik, besuhbatlik, va h.k 1.
XVII asrga kelib Markaziy Osiyoda davom etgan etnik, siyosiy jarayonlar ravshanlashib, o‘zbeklar- etnik, siyosiy guruhdan millatga aylana boshlagach, ularning o‘z hududi- bo‘lajak O‘zbekistonning taxminiy chegaralari ma’lum bo‘lib qolgan edi. Ana shu ijtimoiy, siyosiy belgilarni ilg‘agan holda shoir Turdi (Farog‘iy) “o‘zbek”, “O‘zbek o‘g‘li”, “O‘zbek yurti” istilohlarini qo‘llaydi va “O‘zbekiston” atamasini badiiy tasarufotga kiritadi. Bu o‘z navbatida milliy ongning shakllanishiga, milliy ong orqali milliy tarbiya tarixida katta ahamiyatga ega voqelik edi.CHunki Turdi ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy yangilik - tug‘ilib kelayotgan millatning hududiy birligini yaratishga, birlashuvga, mahalliychilikka, urug‘chilik qilib parchalanib ketmay, bir millat bo‘lib jipslashuvga chaqirar edi. Uning bu taraqqiyparvar chaqirig‘i “Nasabnoma”da (XVI-XVIIasrlar) qayd etilgan 92 o‘zbek qabilasi- Ming, YUz, Qirq, O‘ngajit, Nayman, Qipchoq, Arg‘in, Burloq, Busloq, CHekmarchin, Bo‘zay, Katay(Xitoy), Jit, Juyut, Saljovut, Mang‘it, Qang‘it, Oymavut, Ulaji, Gulegen, Qishliq, Tomo, Mechet, Kirderi, Ramadan, Juyrat, Bo‘zaji, Uysun, Tatar, Tilov, SHirin, Ag‘ir(Og‘iran), Buzan, Buzak, Barin(Bahrin), Mo‘g‘il, Nukus, Jaloyir, Saroy, O‘ng, Qo‘ng‘irot, Olchin, CHichiok, Qalmoq, oyrat, Qorluq, Turg‘avut, Qatag‘on, Kilechi, Kenagas, Buyraq, Qiyot, Qangli, Ujje, Buluji, Upulachi, Ѓulun, Boyovut, O‘tarchi, Arlot, Kerayit, O‘ngqut, Qachat, Merkat, Burkut, Quralash, Qarlon, O‘g‘lon, Kudey, Turkman, Do‘rmon, Tobin, Mo‘min, Aday, To‘qsoba, Qirg‘iz, Uyruji, Jo‘rg‘a, Batash, Qo‘ysin, Sulduz, Tumay, Qurlavut, Jilkash, YUgur, YObu, Mo‘ytan, Major, Kujalik, CHuran, CHurchut va o‘zbeklar kelmasdan avval Movarounanahrda yashab, so‘ng ularga aralashib ketgan Barlos, Qovchin kabi qabilalar vakillarida umum milliy ongning o‘sishiga, madaniy va siyosiy birlikning hosil qilinishiga turtki bo‘ldi. YA’ni “To‘qson ikki bovi o‘zbek yurti” bo‘lib tenglik qilish (Turdi); “Agar barlos, agar tarxon, agar arlat, agar sulduz” bo‘lsalar ham bir nazar bilan qarash, “na sud ondiki, agar u qo‘ng‘irotlig‘ yo qiyotlig‘dur”,- deya hammani o‘rtada ko‘rishlik kabi fikrlarning ko‘tarilib chiqishi (Munis) katta voqea bo‘ldi. Natijada o‘zbekona g‘urur, o‘zlikni anglash ma’naviyat va tarbiyada ham aks eta boshladi.
XVII asrda otashnafas shoir Boboraxim Mashrab ijodida ham “Na malak man, na farishta, men ham odam naslidin”,-deya e’lonni va “millat” istilohi paydo bo‘lganini ko‘ramiz:
Yo‘l-xatar, manzil –uzoq tushti, bu umrim kam mani,
Goh mo‘min, goh orif, goh tarsoman bukukn.
Hech bilmasman o‘zumni, qaysi millat xalqiman,
Goh vosil, goh mahjur, goh gumrohman bu kun.
XIX asr o‘rtalarida xalqimiz hayoti, fe’l-atvorini o‘rgangan motor olimi H.Vamberi o‘zbeklarning tarbiyadagi umumiylikning natijasi o‘laroq, fe’l-atvori bilan bir xilligini qayd etadi. O‘sha davrda o‘zbeklarning soni (Vamberining hisob-kitobiga ko‘ra) ikki millionga teng bo‘lgan. YA’ni Buxoro hukmronligida bir million, Xiva hukmronligida – 700 ming, Afg‘oniston hukumronligida – 200 ming bo‘lgan. XIX asr o‘zbeklari haqida olim shunday deydi: “Oltin o‘rdada “o‘zbek” degan nom ancha oldindan ma’lum bo‘lib, “Musulmoncha tarbiyalangan” degandek tushunilgan. YA’ni ular “shafќatsiz odatlardan bosh tortishib, o‘zbekxon muqaddaslashtirgan musulmon – Osiyo madaniyatiga yo‘l ochishgan: o‘troq va yarim o‘troq, asl dehqon; harbiy millat; savdoda og‘ir vazmin; sanoatda mo‘tadil; ochiq ko‘ngil, mard; jiddiy, haqiqiy turkiy himmatga ega; ma’yuslikgacha kam gap, og‘ir vazmin; sovuqqonlik odob-axloq namunasi hisoblanadi; bir gapni o‘ylab og‘zidan chiqarguncha bir qancha daqiqalar o‘tadi; o‘zbek o‘ylabroq gapirishga moyil, u buni tabiiy deb biladi; sadoqatli va dovyurak bo‘lib, to‘g‘ri gapiradigan, to‘g‘ri harakat qiladigan (Avestoni eslang. M.Q.) ko‘zga tik qaraydigan erkakni mukammallik namunasi deb biladi. Davlat himoyasini o‘z zimmasiga olgan, o‘zbeklarning oilvaviy munosabatlarini asl namuna hisoblasa bo‘ladi – ko‘p xotinlik faqat hukmronlarga xos; o‘rta yoshga borib qolgan farzandlar o‘z ota-onalariga juda hurmat va ehtiromli bo‘lishadi. O‘zi 30-40 yoshlarga borib qolgan o‘g‘il otasining bir qarashidayoq cho‘chib ketadi va hech qachon otasi bor paytda chilim chekmaydi, birinchi o‘tirmaydi va birinchi gapirmaydi; turkiy shevada gapiradilar; o‘zbeklar xudojo‘ydir va bolalardan qunt talab qilishadi; mug‘ombirlik kamdan-kam uchraydi; o‘zbeklar yaxshi musulmondirlar – shu jihatdan anatoliyalik turklarga o‘xshaydilar; ashula va musiqani jon dilidan sevishadi va h.k.1. Ushbu xolisona tavsifning o‘zi ham XIX asr o‘rtalariga kelib, milliy tarbiyaning maqsad va vazifalari, uslublari takomillasha borganligi tufayli o‘zbek milliy xarakteri – o‘zbekchilikning yanada muayyanlasha borganligini ko‘rsatadi.
Milliy tarbiya tizimining o‘tkir vositalaridan biri – har bir kishining o‘z ajdodlari tarixini bilishi lozimligi va shunga ilk yoshlardanoq bolalarning o‘rgatila borishi edi. “Turk va tojikda barcha odam farzandi ichinda rasm turar, etti otani sanad qilmoq. Turk xalqi aytur, etti orqadan beri temurchiman va yo ayturki, mening etti otam shu yurtda o‘tgandur” – deb yozadi “SHajari turk” muallifi Bohodirxon Abdulg‘ozixon (40,48). Xorazm tarixining 1644-1664 yillar sohibi bo‘lgan Abulg‘ozixon o‘zidan boshlab to Odam Safiullohgacha “otasini otasi faloncha”, -deya nomma-nom bayon qiladi. Bu misoldan ilgari ajdolarimiz etti ota naslini batafsil aytib bera olganliklari ayon bo‘ladi. Ajdodlar yodi har bir kishining o‘zligini anglatib, ajdodlar nomiga dog‘ tushiruvchi hatti-harakatlardan saqlab, yaxshilik oliyjanoblikka chorlab turgan.
O‘zbekona tarbiyaning turli qirralari ulkan adiblarimiz Abdulla Qodiriy, Oybek, Pirimqul Qodirov va boshqalarning tarixiy asarlarida muvaffaqiyatli aks ettirilgan. Abdulla Qodiriy tomonidan “O‘tgan kunlar”ning “o‘zbeklar turmushidan tarixiy rumon” deya aniqlashtirilishi ham adibning milliy zaminda qat’iy turgan yozuvchi ekanligining misolidir. Asarning milliy tarbiyaviy mohiyatini atoqli olim M.Qo‘shjanov shunday bayon qildi; “... A.Qodiriy o‘zbekni o‘zbekday ko‘rsatdi. Bir zum u yaratgan etakchi obrazlar – Otabek, Kumush, Anvar yoki Ra’no xarakterlari tasvirlangan muhitni o‘zgartirib, ularni boshqa nom bilan atab ko‘ring. Birinchidan, muhit yot bo‘lib, nomlari mos tushmaydi, Marg‘ilonni Sibir yoki Abdullani Ivan degandek; ikkinchidan, qanday muhitda ko‘rsatmang va qanday nom qo‘ymang, ular faqat SHarq, ya’ni o‘zbek farzandlari ekani ko‘rinib turadi” 1.
O‘zbek milliy tarbiya tarixi rivojlanishining XIX asriga kelib an’anaviy ravishda Ahmad YAssaviyning “CHorkitob”ini, Vafoiyning “Ravnaqul-Islom”ini, So‘fi Olloyorning “Haftiyak”ini va boshqalarni o‘rganib kelgan maktab ta’lim mazmuni Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Kitob-ul-aftol”, Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval”, Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq, Abduqodir SHakuriyning “Jome-ul hikoyat” va Rizouddin ibn Faxruddin, Faxru-l banot, Ali Nozimo va boshqa mutafakkirlarning asarlari kirib keldi. Bu maktablarga yangi, o‘z davrining tarbiyaviy ruhini kiritdi.
Turkiston maktablarining asosiy vazifasi milliy tarbiyaviy xususiyatga ega edi. YA’ni bolalarni Turkiston sharoitida, uyda, jamoat joylari, mahallada, qishloqda, axloq-odob, mushoratga o‘rgatish edi. SHu maqsadda maktablarda milliy diniy axloq qoidalari mashq qilinar, namoz o‘qish qoidalari o‘rgatilar edi. Hayit kunlari darslar to‘xtalib, o‘quvchilar bayramda qatnashishgan. Barcha maktablarda xushmuomalalik, xushtavozelik qoidalari maxsus o‘rgatilar edi. O‘quvchilarda e’tiqodni, iymonni shakllantirish uchun ularga jannat, do‘zax haqida, har bir yomonlikning bu dunyoda bo‘lmasa, u dunyoda albatta jazolanishi uqtirilgan.
Maktab muallimida uchta – uzunligi uch xil xivich bo‘lgan. Sovet pedagogika darsliklarida bu xivichlar asosan bolalarni urishga mo‘ljallangan qurol deya tavsiflanar edi. Biroq bu xivichlardan foydalanishdan asosiy maqsad boshqa bo‘lgan: maktablarda ta’lim individual (yakka yondashuv asosiga qurilgan. YA’ni sinf – maktabda necha bola o‘qishidan qat’iy nazar ularning har biri o‘z imkoniyatiga xos va mos - yakka dastur asosida o‘qitilgan, sinfdan-sinfga ko‘chirish, xamma uchun umumiy mavzu bo‘lmagan. Bu ta’limning “oz va soz”ligi – sifatini belgilagan. Muallim biror o‘quvchidan darsni so‘rasa u albatta o‘zi o‘rganayotgan dastur bo‘yicha javob bergan. Har bir o‘quvchining o‘z darsini baland ovoz bilan tayyorlashi, takrorlashi natijasida sinfda doimo shovqin hukm surgan. (Bu hatto uzoqdan ham eshitilib turgan). Natijada domla biror o‘quvchini chaqirib, undan darsni so‘rashi uchun qattiq qichqirib turishiga to‘g‘ri kelgan. Qichqirish o‘rniga domla uchta, turli uzunlikdagi xivichdan foydalangan: kalta xivich uchini birinchi, o‘rtacha uzunlikdagi xivichni uchinchi o‘rta qatordagi, uzun xivich uchini esa oxirgi qatorda o‘tirgan istalgan bolaga tekkizib, uni yoniga chorlagan.
To‘g‘ri maktablarda o‘quvchilarni tan jazosi bilan qo‘rqitish keng tarqalgan edi. Favqulodda hollardagina o‘quvchini xivich bilan urishgan. Muallim aybdor o‘quvchini ko‘pincha o‘zi jazolamagan. Bu ishni asosan boshqa o‘quvchilar bajarishgan. Oilada ham otalar bolalarini o‘z qo‘llari bilan urmaslikka harakat qilganlar. Bu kamdan kam uchrab turuvchi ko‘ngilsiz vazifani boylar xizmatkorlariga topshirganlar. Bolaning ko‘nglini sovutmaslik uning shaxsiyatiga hurmat bunga sabab bo‘lgan.
Markaziy Osiyo xonliklarida o‘g‘il bolalarning boshlang‘ich diniy ta’lim olishlari majburiy bo‘lgan1. Alloh Kalomi - Qur’oni Karimni o‘qitgani uchun pul olish shariat tomonidan taqiqlangan. Demak, ta’lim bepul bo‘lib, har payshanba kuni non, hayit kunlari sovg‘a-salomdan iborat bo‘lgan.
SHahar maktablari ba’zida 20-30 boladan, qishloq maktablari esa 10-15 boladan iborat bo‘lgan. Biroq Tukiston maktablarining sobiq o‘quvchilari maktablarda o‘quvchilar sonining ko‘p bo‘lganligini ko‘rsatuvchi dalillarni keltiradilar. Masalan, S.Ayniy o‘zining o‘quvchi-shogirdlik davrini eslab “. . . Bu vaqtda u maktabxonada qancha bola o‘qigani esimda yo‘q. Faqat shuni eslaymanki, u vaqtda uch yuz uylik qishlog‘imizning to‘rt yashardan o‘n ikki yasharga qadar bo‘lgan barcha bolalari shu maktabning shogirdi hisoblanardi”,-deb yozadi “Eski maktab”da. Turkiston maktablari tarixini qayta o‘rganish shunday natijalarni berdiki, XIX asrda nafaqat maktablar balki maktablarning ham soni ko‘p bo‘lganligini, sobiq sovet pedagogika tarixida bu masalaga bir yoqlama yondashilganligini ko‘rsatadi. Masalan, sobiq O‘zbekiston SSR iqtisod instituti tomonidan 1950 yili chop etilgan “O‘zbekiston: iqtisodiy jug‘rofiy xarakteristika” kitobining 79-betida “1914-yili O‘zbekiston territoriyasida 160 ta rus maktabi, bir necha o‘nta musulmon maktabi bo‘lib, ular ham diniy maktablar edi”,-deyiladi. Biroq, musulmon maktablarining nazoratchisi I.F.Nalivkin 90-yillar boshida shaxsan o‘tkazgan hisob-kitoblaridan kelib chiqib, butunlay boshqa ma’lumotni bergan: “Musulmon maktablarining soni kishida vahima uyg‘otadi - rasmiy ro‘yxatlarda-500 ta, aslida esa taxminan-1000 ta”2.
Machit va machit qoshidagi maktablar erkaklar uchun xizmat qilar edi. Markaziy Osiyo shaharlari va qishloqlarida otin bibilarning qizlarga ta’lim va tarbiya berishga mo‘ljallangan maktablari faoliyat ko‘rsatar edi. XX asr boshlariga kelib, diniy matnlarni o‘qish bilan bir qatorda qizlarga ibratli axloqiy hikoyalar, qissaxonlik, uy ichida xotin-qizlarning vazifalari, ya’ni odob-axloq, mushorat usullari, poklik, bichish-tikish, ovqat tayyorlash, tabobatdan xabardor bo‘lish, mehmon kutish kabi bir qancha zaruriy me’yorlarni o‘rganishga bag‘ishlangan adabiyotlardan ham foydalanilgan.
Azaldan o‘zbek qizlari tarbiyasi bilan onalar shug‘ullanishgan. Farg‘onada bundan bir asr ilgari o‘zbek qizlari tarbiyasi qanday namoyon bo‘lganligi haqida qiziqarli xotiralar bor. “O‘zbek qizlari ilk yoshlardan boshlaboq o‘z hatti-xarakatlaridan xabardor, o‘z-o‘zini nazorat qila boshlaydi. Garchi u tez, elib-yugurishni istasada, diniy adablilik unga shaxdam qadam tashlash, qo‘llarini siltab yurishga yo‘l qo‘ymaydi... Ana shu sipoyilik, vazminlik belgilari uning axloqiy “Men”ining namoyon bo‘lishida ham ko‘rinib turadi. Ko‘pchilik qizlarda o‘z tassurotlarini nafislab va qosh harakatlari orqali bildirish ba’zi hollarda yuksak mukammallik darajasiga ko‘tarilgan” (I.S.Nalivkin). O‘zbek oilalarida qizlarni milliy tarbiyalashning namunaviy misollari sifatida Abdulla Qodiriy tavsifidagi Kumush va Ra’nolarni keltirishning o‘zi kifoya.
O‘zbek xalqi uzoq tarixi davomida ko‘plab marosimlar yaratib, ularni milliy odob va muomalaning umumlashgan me’yor va tamoyillari sifatida avloddan-avlodga etkazib, jamoatchilik fikri bilan qo‘riqlab, takomillashtirib keldi. Sunnat, nikoh to‘ylari, hashar, motam marosimlari va boshqa ma’rakalar bolalarda vatanparvarlik, milliy odob, vijdoniylik, elsevarlik fazilatlarining shakllanishiga, chiniqtirilishiga kuchli vositalar bo‘lib xizmat qildi.
Ma’raka-marosimlarning milliy tarbiyaviy imkoniyatlari ularda qatnashuvchilarning turli yoshdagi ijtimoiy, kasbiy guruhlardan tashkil topishi: muloqotlardagi ixtiyoriylik (bir-biriga bevosita bog‘liq emaslik); erkinlik; yoshi ulug‘, muhtaram kishilarga nisbatan hurmatning yaqqol namoyon bo‘lib turishi; muloqot mavzularining rang-barangligi; marosimlarning shaxs xulq-atvorining ommaviy nazoratchisi sifatidagi xususiyatlarida namoyon bo‘ladi. Bu xususiyatlar yoshlarning yoshi ulug‘ kishilar bilan ma’nan birligini - milliy g‘ururini mustahkamlaydi, o‘z turar joyi, mahallasi, qishlog‘idagi kishilar to‘g‘risidagi tasavvurlarini kengaytiradi, tevarak atrofdagi muhitga diqqat bilan qarash malakalarini tarbiyalaydi, avlodlar orasida an’nalarning uzviyligini tashkil etuvchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, milliy ma’naviy madaniyat ko‘rsatkichlaridan biri - motam marosimlari to shu paytgacha “reaksion diniy marosim” degan dahriy munosabat tufayli tarbiyachilar nazaridan chetda qolib keldi. O‘lim -haq, motam marosimi obektiv voqelik ekan, ularga munosabat o‘zgartirilishi kerak. CHunki,
Ey do‘st, ibrat oluvchi ko‘z bo‘lsa senda,
Qo‘shni o‘limi yorqin misol-ku bunda.
Husayn Voiz Koshifiy
Motam marosimlari qatnashayotgan barcha kishilarga ota-ona, qavmu qarindoshlar qadriga vaqtni o‘tkazmasdan, o‘z vaqtida etish kerakligiga, ularni ranjitmaslikka, qariganda tayanch bo‘lishga, o‘zining va birovlar umrining qadriga etishga undovchi vositaligini, o‘rnakligini tan olmoq kerak. Qolaversa, o‘smirlar marosimlarda qatnashib, ta’ziyaga borishning milliy odobi: kam gapirish: ortiqcha faryod qilmaslik: bema’ni gaplar gapirmaslik: motam egasiga sabru qanoat tilash: qo‘lidan kelguncha yordam berish; ibrat olishni kuzatadilar, o‘rganadilar.
Milliy tarbiya jarayonini “yashash darsi” tushunchasiga qiyoslash mumkin. Ana shu yashash darsidan “a’lo” baho olish uchun inson bobolar hikmatlarini, xalq maqollarining mazmunini chuqur anglashi kerak bo‘lgan. Bobolar hikmatini shoir E.Vohidov “Insofli odam behosdan toyib ketsa, biror tayoq suqib, ey yo‘lovchi, ehtiyot bo‘l, bu erda chuqur bor, ko‘zingga qara” deb qilgan ishora-tayoqchaga: boshqalarni o‘ylab ochilgan buloq, ekilgan daraxtga: o‘zlaridan keyin keluvchilar ham imonli, ilm-ma’rifatli bo‘lsinlar deb ellar, yurtlar o‘rtasida yaxshi bordi keldilar bo‘lsin deb solingan masjid, madrasa, yo‘l, ko‘prik, karvonsaroylarga o‘xshatadi. O‘zbekman degan har bir insonning o‘z yurti kechmishini va hozirini mukammal bilmog‘ini, o‘z ona tilisining zargari - gapirishini istaydi1, deydi o‘zining “Hikmatnoma” 1990 ga yozgan so‘z boshisida. Darhaqiqat, o‘zbek xalqining asrlar davomida “yashash darsi” dan to‘plangan boy tajribasi ko‘plab maqollarda o‘z aksini topgan. “Har gulning o‘z isi bor, har elning o‘z tusi bor” deganlaridek, maqollarimiz xalqimizning tumushi, urf-odatlari, an’analari va eng muhimi - o‘zbek bolasining qanday kishi bo‘lishi va qanday bo‘lmasligi kerakligi haqida ibrat va o‘rnaklar jamlangan ma’naviy, madaniy merosdir.
XIX asrning ikinchi yarmidan o‘zbek xalqi milliy madaniyati, ma’naviyati taraqqiyotida mustamlakalik davri boshlandi. CHor Russiyasi o‘zining mustamlakachilik siyosatida Turkistonni nafaqat siyosiy, iqtisodiy, balki ma’naviy mustamlakaga aylantirishning rejasiga ega edi. Buni ularning o‘zlari ham yashirmas edilar. Bu haqda M.A. Muropiev 1882 yil 30 avgust kuni Toshkent o‘qituvchilar seminariyasidagi yig‘ilishida “ ... musulmonlarimiz maorifining asosida ularni ruslashtirish... islomni buzish ... umuman diniy jihatlarni buzish... yotmog‘i lozim2 degan bo‘lsa; Turkiston general gubernatori I.A.Kuropatkin esa kundaliklarida; “Biz 50 yil tub-joy aholini taraqqiyotdan chetda... tutdik”,-deb qayd etgan edi.
Milliy-madaniy, siyosiy, iqtisodiy, pedagogik turg‘unlik o‘zbek millati hayotida nimalarda aks etdi? Eng avvalo milliy o‘zlikni anglashning, milliy tashabbuskorlikning, millatdagi yaratuvchilik quvvatning ancha so‘ndirilganligida, ilm-fan jabhalarida orqada qolish, xabarsizlikda (Fitrat) namoyon bo‘ldi. Bu haqda Ishoqxon Junaydulxoja o‘g‘li Ibrat (1862-1937) shunday yozgan edi: “... Ilmiya to‘g‘risida biz xalqda chandoni ahamiyati yo‘q, tanazzulda turur, bo‘lak firqalarni ilmdan topgan daraja va madaniyatlarini ko‘rib turub hech harakat qilmaydurlar. Ilmni asosi maishat ekanini tahiq ila bilganlari yo‘q! Bu sababdin omillari ko‘b, ishlarida ahamiyati yo‘q, tavakkul ila qorinlari to‘q!... Avlodlari o‘yin-kulgiga mashg‘ul bo‘lib, umrni arzon o‘yunga safr etub, bovujudi bu mamlakatga joidor, musofir bo‘lmasalar ham musofirlaridan maishatda noqisdurlar. Va aksar aholisi qarz balosiga mubtalodurlar. SHoyad mundin buyon saodat va fazilat qadrin bilsalar!”3. Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, Qobul, Jidda, Bombay, Kalkutta shaharlarida bo‘lib va yashab, arab, Fors, ingliz, xind, urdu tillarini bilgan Ibrat mavjud ahvolni tuzatish maqsadida To‘raqo‘rg‘onda yangicha usulda 1907 yilda maktab, bosmoxona ochgan edi. Arab, fors, xind, turk, o‘zbek va rus so‘zlaridan tarkib topgan “Lug‘at sitta alsina” (Olti tilli lug‘at Toshkent, 1907) tuzgan. Lotin, yunon, slavyan, xitoy, xind, arab yozuvlarining kelib chiqishi haqida “Jome’ ul hattut”, “Tarixiy farg‘ona” (1916), “Tarixiy madaniyat” (1925) kabi ilmiy asarlarini chop etdi. Ibrat – o‘lkamiz tarixida yorqin iz qoldirgan milliy-ozodlik, zamonaviylikni shior qilib olgan jadidchilar vakili edi.
Milliy yangilanish, zamonaviylashish g‘oyasi Turkistonda XIX asr oxirida milliy-ma’rifiy kurash shaklida namoyon bo‘ldi. Bu harakatning maqsadi “YAngi usulda ta’lim va tarbiyani Ovrupo sivilizatsiyasiga moslashtirish emas, balki Ovrupo sivilizatsiyasini o‘rganib, uni milliy madaniyatga xizmat ettirish”ning bir ifodasi edi. Turkistonlik jadidchilarning maktabga munosabati qo‘yidagicha edi: Jadidchilar Turkiston istiqlolining ma’rifiy shartini avvalo yosh avlodni zamonning Ovrupo ilmlari darajasida o‘qitish bilan va milliy tarbiyalashni uyg‘unlashtirishda deb bildilar. Ana shu maqsadda Farg‘ona vodiysida, Samarqand, Buxoro shaharlarida Usul-i Jadid maktablari ochildi. Bu haqda: “Ma’rifatchilar o‘zlikni anglashni milliy tarbiyada juda yuqori o‘ringa qo‘yadilar. “O‘z millati, o‘z vatani, o‘z davlati - mana shular shaxsni shaxs qiladi, shaxsni mana shu millatning bir orif parchasiga aylantiradi. Va mana shular millatga-millat unvonini beradi”,-deydi keyinchalik bu haqda zamondoshimiz Ibrohim Ѓafurov1.
Biroq Turkistonda jadidchilikka barham berildi. Bunga sabab bir tomondan, ularning maqsadini to‘g‘ri tushuna olmagan Buxoro amiri, ikkinchi tomondan, jadidchilardan inqilobiy harakat deya cho‘chigan Rusiya amaldorlari bo‘lsalar, uchinchidan, jadidchilikni Islomga dushman bir harakat deb tushungan, uning asl mohiyatini anglashni istamagan mutaasib dindorlar edi. Mutaasib ruhoniylar yoshlarni milliy-zamonaviy tarbiya yo‘li bilan mustamlakachilikdan ozod qilish maqsadiga intilgan jadidchilar - Mulla Nafas, Zinhoriy, Avliyoquli, Miskin, Ibrat, Muqimiy, Furqat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Zohiriy, Tavallo, Zavqiy, CHo‘lpon, Avaz O‘tar o‘g‘li, Avloniy, Hamza, Ayniy, Qodiriy va boshqa ma’rifatparvarlarni kofir deb e’lon qildilar. Bu haqda Fitrat: “... YO rabbiy, qo‘ldan ketgan madaniyatimizni tiklashga harakat qilgan zahotimiz ulamolarimiz “kofir bo‘lding” deb, bizni yo‘q qilish payiga tushadilar”,- degan edi2. Vaholanki, jadidchilar - o‘zbek milliy madaniyati, ta’lim-tarbiyani rivojlantirishning yo‘lida zahmat chekkan va
Dostları ilə paylaş: |