Ko‘rish vositalari. Geodezik asboblarda mayda bo‘laklardan sanoq olish, uzoq nuqtalarga qarash uchun turlicha yasalgan ko‘rish qurollari ishlatiladi. Kurish vositalari lupa, mikroskop va ko‘rish trubalariga bo‘linadi. Hozirgi ko‘rish vositalari bir yoki bir necha musbat (11.11-shakl) va manfiy linzalarning turli vaziyatlarda o‘rnatilishi orqali yasaladi.
10.11-shakl. Narsaning tasviri trubalarda quyidagi uch nurning ikkisi orqali hosil bo‘ladi:
1) optikaviy o‘qqa parallel tushgan nur;
2) linza markazidan o‘tgan nur;
3) linza fokusidan o‘tgan nur.
Lupa. Lupa limb bo‘laklaridan sanoq olishda ishlatiladi va trubaga o‘rnatilgan bir yoki bir necha linzalar sistemasidan yasaladi (10.12-shakl). Lupaning bir linzalisi—oddiy, ko‘p linzalisi—murakkab lupa deyiladi. Lupa maxsus moslama yordamida verner bo‘laklaridan sanoq olishga moslanib, alidada doirasiga o‘rnatiladi.
10.12-shakl. Ko‘rish trubalari. Geodezik asboblar joyda turli masofadagi narsalarga ko‘rish trubalari orqali qaratiladi. Ko‘rish trubalari alidada doirasi ustidagi ikki taglikka (10.2-shakl, 7), o‘rnatilgan bo‘lib, gorizontal aa1 o‘q atrofida vertikal tekislikda aylanadi. Ko‘rish trubalarida narsa tasvirining ko‘rinish holatiga qarab, trubalar astronomik va er trubalariga bo‘linadi. Astronomik trubalar—qaralgan narsaning teskari tasvirini, er trubalari esa to‘g‘ri tasvirini hosil qiladi.
Astronomik truba. Eng oddiy astronomik truba Kepler trubasi bo‘lib, u 10.13-shaklda ko‘rsatilganidek ikki tomoni qabariq ob’ektiv L1 va okulyar L2 dan yasaladi. Bu linzalar katta va kichik silindrga o‘rnatiladi va ob’ektiv tirsagi 1 va okulyar tirsagi 2 deyiladi. Okulyar bir uchiga kichik diametrli trubka 3 o‘rnatilgan, bu trubkaga okulyar linzasi L2 mahkamlangan. Okulyar tirsagida to‘rtta vint 5 yordamida doiraviy diafragma (maxsus tusiq 4) o‘rnatilgan. Bu vintlar iplar to‘rining tuzatish vintlari deyiladi. Diafragma o‘rtasiga shisha plastinka joylanib unga ingichka ip kabi vertikal va gorizontal chiziqlar (10.13-shakl, b) tortilgan, bu chiziqlar iplar to‘ri deyiladi. Okulyar tirsagining ob’ektiv tirsagi ichida tishlar yordamida surilishini rostlash uchun maxsus vint 6 yasalgan, bu vint kremaler vint deb ataladi. Kremaler vint yordamida okulyar tirsagi ob’ektiv tirsagi ichida suriladi va bunda truba uzunligi o‘zgaradi.
Bunday ko‘rish trubasi tashqi fokuslanadigan truba deyiladi. Ob’ektiv linzasi chetiga tushgan nurlarni okulyar tomon o‘tkazmaslik uchun ob’ektivdan ich tomonda o‘rtasi ochiq doiraviy diafragma—tusiq 7 qo‘yilgan. To‘rdagi vertikal va o‘rtadagi gorizontal iplar kesishgan t nuqta to‘r markazi deyiladi. Ob’ektiv markazi 0 bilan to‘r markazi t ni tutashtiruvchi t0 chiziq ko‘rish o‘qi deb ataladi. Narsaga qaralganda joydagi nuqtaga to‘rning t nuqtasi to‘g‘rilanadi. Ob’ektiv markazi 0bilan okulyar markazi 01 ni tutashtiruvchi chiziq optik o‘q deb ataladi. Ob’ektiv va okulyar tirsaklarining (silindrlarning) o‘qlari bir chiziqda yotishi kerak bu chiziq trubaning geometrik o‘qi deyiladi. To‘g‘pi asbobda optik va geometrik o‘qlar bir chiziqda yotishi lozim.
10.13-shakl. a—tashqi fokuslanadigan (astronomik) ko‘rish trubasi; L1L2—ob’ektiv va okulyar linzalari, 1—ob’ektiv tirsagi, 2—okulyar tirsagi, 3—okulyar trubkachasi, 4—iplar to‘ri, 5—to‘rning tuzatgkich vinti, 6—kremaler vint, 7—diafragma. b—iplar to‘rining sxemasi; 2, 4—gorizontal tuzatkich vint, 7, 3—vertikal tuzatkich vint. To‘g‘ri tasvirli ko‘rish trubalari. Kuzatiladigan narsa tasvirini o‘zidek qilib ko‘rsatadigan truba er trubasi deyiladi. Bunday trubani dastavval mashhur olim—Galiley (1564—1642) ishlatgan, shunga ko‘ra u, ko‘proq Galiley trubasi ham deyiladi. Galiley trubasi uzun bo‘lgandagina narsa tasvirining kattalashuvi ortadi, lekin ravshanligi kamayadi. SHunga ko‘ra, geodezik ishlarda teskari tasvir beruvchi astronomik trubalar ishlatiladi. Lekin keyingi davrda qurilish ishlarida bajariladigan ba’zi geodezik ishlarni amalga oshirishda to‘g‘ri tasvir beruvchi trubalarning afzalligi sezildi. SHunga ko‘ra, ba’zi geodezik asboblar ko‘rish trubalari to‘g‘ri tasvir beradigan qilib chiqarilmoqda. Optika texnikasining o‘sishi bilan ko‘rish trubalarida bir necha musbat va manfiy linzalar sistemasi shunday o‘rnatiladiki, ravshanlik kamaymaydi va truba uzunligi ham oshmay, to‘g‘ri tasvir olinadi. Masalan, T15K, KB1 asboblarning trubalari to‘g‘ri tasvir beradi.