Hujjatlarning rekvizitlari. Hujjatlar maxsus blankalarga xo‘jalik jarayonlarini aks ettirish orqali olinar ekan, xo‘jalik jarayonlari turliligi ular aks ettirilgan hujjatlarda rekvizitlar turlicha bo‘lishiga olib keladi. Hujjatlardagi rekvizitlar haqida so‘z yuritishdan oldin, blankalardagi rekvizitlarni bilib olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. CHunki ma’lumotlar har tomonlama talabga javob beruvchi blankalarda aks ettirilishi lozim:
— blankalarda Statistika Qo‘mitasi tomonidan belgilangan shakl kodi bo‘lishi;
— xo‘jalik jarayonini aks ettirish uchun maxsus qatorlar bo‘lishi;
— ma’sul xodimlar imzosi va muhr uchun o‘rin ajratilishi va hokazo.
Dastlabki hujjatlar huquqiy kuchga ega bo‘lishi uchun quyidagi majburiy rekvizitlarga ega bo‘lishi zarur:
— hujjat (shakl) nomi, shakl kodi;
— tuzilgan muddati;
— xo‘jalik jarayoning mazmuni;
— xo‘jalik jarayoni summasi (so‘zda va sonda);
— xo‘jalik jarayoni uchun mas’ul shaxslar nomi;
— hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga javobgar shaxs nomi va imzosi.
Buxgalteriya hujjatlarining tarkibiy tuzilishi va ularni rasmiylashtirish tartibi. Hujjatlarda albatta, ulardagi yozuvlar haqiqiyligini tasdiqlash huquqiga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lib, ularning soni, ro‘yxati korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Qimmatbaho va juda kamyob hisoblangan moddiy boyliklar berilishi rasmiylashtiriladigan hujjatlarga imzo chekish huquqiga ega shaxslar chegaralangan bo‘lishi kerak.
Hujjatlarda o‘chirib yozishlar bo‘lishi mumkin emas, zarurat tug‘ilib qolganda esa tuzatish imzo va so‘z bilan tasdiqlab qo‘yilishi shart. Hujjatlarda bo‘yab yozilishi, noaniq yozuvlar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Ayniqsa, kassa jarayonlari aks ettirilgan hujjatlarga tuzatishlar kiritish mumkin emas.
Hujjatlarning aylanishi va taqdim etish tartibi. Xo‘jalik jarayoni sodir etilganini isbotlovchi yoki jarayon sodir etilishiga asos bo‘luvchi hujjatlar bir necha mas’ul shaxslarda, bo‘limlarda, korxonalarda harakatda bo‘ladi va o‘z mo‘ljali bo‘yicha xizmat qilib bo‘lganidan so‘ng, belgilangan tartibda arxivga topshiriladi, ya’ni hujjat aylanishi sodir bo‘ladi. Demak, hujjatlarning aylanishi birlamchi hujjatlar tuzilib, ularni qayta ishlab va umumlashtirib, guruhlashdan so‘ng, arxivga topshirilgungacha bo‘lgan harakatidir.
Buxgalteriya hisobining har bir ob’ekti hujjatlari alohida aylanish tizimiga ega.