Xom ashyoni yig’ish va uning sifati: Yig„ilgan, tozalangan va saralangan yong„oqlar 3-4 kun davomida quyoshda quritiladi. Buning uchun ular bir qatlam qilib yog„och tovoqlar ustiga yoyiladi, har kuni aralashtiriladi. Quritilgan yong„oqlar havo yaxshi aylanadigan quruq xonada, omborlarda qutilarda va dorixonalarda bankalarda yoki tunika idishlarda saqlanadi. Shirin bodom urug„lari yoqimli, shirin, moyli ta’mi bo„lib, hidga ega emas. Ular butun, singan joyi oq rangda, taxir mazasiz va hidsiz bo„lishi kerak. To„yingan sulfat kislota bilan aralashmadagi qizil rangi va urug„larini suv bilan maydalanganda benzaldegidning o„ziga xos hidiga ega achchiq bodom bo„lmasligi kerak. Kimyoviy tarkibi:Bodom urug„ining asosiy tarkibiy qismlari yog„li moy (24-69%) va xom protein (14,7-35,0%) bo„lib, urug„ massasining 80-90 foizini tashkil qiladi. Urug„ida yog„dan tashqari amigdalin glikozidi, gematin, B vitamini uchraydi. Bodom urug„ining oqsil tarkibi uchta tarkibdan iborat: albumin, globulinlar va glyuteolinlar. Bodom oqsillarida o„simlik oqsillarida mavjud bo„lgan barcha aminokislotalar mavjud. Tibbiyotda qo'llanilishi:Shirin bodom urug„i emulsiyasi va achchiq bodom urug„idan olingan achchiq bodom suvi oshqozon va ichakdagi og„riqlarga ishlatiladi. Bodom yog„i tashqi tomondan terini yumshatish uchun, ichga ichilganda yumshoq ich suruvchi sifatida ishlatiladi. Urug„ning kunjarasi (bodom kepagi) kosmetikada yuzning terisini yumshatish va tozalash vositasi sifatida ishlatiladi. Farmatsevtika amaliyotida bodom yog„i suyuq moylar uchun asos va emulgator sifatida ishlatiladi. Shirin bodomning mevalari xalq tabobatida gastrit, oshqozon va o„n ikki barmoqli ichak yaralarini davolashda keng qo„llaniladi. Bodom yong„og„ining qobig„idan gaz yutuvchi ko„mir tayyorlanadi. Achchiq bodom urug„lari zaharli hisoblanadi. Uning zaharli ta’siri tarkibidagi amigdalin glikozidiga bog„liq. Zaharlangan insonda ko„p so„lak oqishi, ko„ngil aynishi, qusish, bosh og„rig„i, nafas qisilishi, pulsning sekinlashishi, qorachiqning kengayishi, umumiy holsizlik, tortishish, og„ir holatlarda - o„lim bilan yakunlanadigan nafas to„xtashi kuzatiladi. Itsigak- Anabasis aphylla L.
(Ежовник безлистный) O„simlik tavsifi: Anabasis aphylla L. - Amaranthaceae oilasiga mansub sersuv yassilangan-sharsimon yarim buta, balandligi 25-70 sm. Ildizpoyasi qalin, qiyshaygan, yog„ochlashgan, undan kuchli o„q ildiz tizimi boshlanib, o„q ildizi tuproqqa yer osti suvlari joylashgan (5-20 m) chuqurlikka kirib boradi. Poyasi ko„p sonli, pastki qismida yog„ochlashgan, shoxlangan. Barglari deyarli rivojlanmagan, deyarli ko„rinmaydigan, xlorofili yo„q. Gullari mayda, ko„zga ko„rinmaydigan, ikki jinsli, yakka, gulyonbarglarga ega, zich boshoqsimon to„pgullarni hosil qiladi. Gulqo„rg„oni oddiy, odatda kosachasimon, 5 ta erkin bargchalardan iborat. Changchilari - 5 ta. Urug„chi yuqorigi bir chanoqli tugunchadan iborat, uchki zich boshoqsimon to„pgulda joylashgan. Mevalari ancha suvli, yumaloq, yon tomonlaridan yassilashgan, qanotli etli meva qobig„i bor.