Taraqqiyotning o`zbek modeli - jamiyatning tadrijiy rivojlanish kontseptsiyasi sifatida. Ijtimoiy rivojlanishning o`zbek modeli insoniyatning rivojlanish borasidagi ilg’or tajribasiga, milliy davlatchilik tajribalarimizga va xalqimiz mentalitetiga tayanadi.
Ijtimoiy rivojlanish borasida xalqlar odatda ikki yo`ldan — inqilobiy va tadrijiy yo`ldan borgan. Insoniyat tajribasi ijtimoiy rivojlanishning keskin inqilobiy o`zgarishlar yo`li nomaqbul va yaroqsiz ekanini, jamiyatning tadrijiy (evalyutsion) taraqqiyoti barqaror — tabiiy rivojlanish yo`li ekanini ko`rsatdi.
O`zbek modelning asosiy tamoyillari quydagilardir:
- iqtisodning siyosatdan ustuvorligi;
- davlatning bosh islohotchi ekanligi;
- qonun ustuvorligi;
- kuchli ijtimoiy himoyalash;
- bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich, tadrijiy yo`l bilan o`tish.
O`zbek modelining o`ziga xos xususiyatlari davlatchilik asoslarining, milliy qadriyatlarning qayta tiklanishi, o`zlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, milliy mentalitetimizga xos xususiyatlarining tiklanishi va rivojlanishi, demokratik qadriyatlarning rivojlantirilishi va inson huquqlarining kafolatlanishi va boshqalarda o`z ifodasini topmoqda.
Jamiyat va oila.Jamiyat va oila mohiyatan bir-biri bilan uzviy bog’liq. Oilada jamiyatning tub mohiyati o`z aksini topadi. Shu ma`noda, oilani kichik jamiyat deyish mumkin. Har bir jamiyat a`zosi oila bag’rida voyaga etadi, ijtimoiy munosabatlarni o`zlashtiradi va insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga, mehnatga tayyorlash oilaning muqaddas vazifasidir. Oilani mustahkamlash jamiyat barqarorligi va qudratining muhim shartidir. Shu boisdan ham davlat oilani o`z himoyasiga oladi.
Mustaqillik yillarida o`zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimiz xususiyatlariga mos bo`lgan yangi alifboga o`tish uning mavqeini oshirish va yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa, o`z navbatida, ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta`sir ko`rsatdi.