Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzish tamoyillari Iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni doimiy ravishda modernizatsiyalash va texnologik jihatdan yangilab borish iqtisodiyotni isloh etishning strategik vazifalaridir. Bu strategik vazifalarni amalga oshirishda shuba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari bo’lgan xo’jalik yurituvchi su’yektlar tomonidan buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar asosida umumlashtirishni yo’lga qo’yish va ularni to’g’ri tashkil etish hamda qoida va tamoyillarga muvofiq tuzishga to’g’ri keladi.
Bu esa ko’p jihatdan shuba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari bo’lgan xo’jalik yurituvchi su’yektlarda quyi tashkilot va korxonalarning buxgalteriya hisobi va hisobotini to’g’ri tashkil qilish va yuritishga, ularning ma’lumotlarini belgilangan tartib va bosqichlar asosida to’g’ri hisobga olish hamda ularni to’g’ri umumlashtirishni optimal variantda tashkil etishga bog’liqdir. Buni shunday izohlash mumkinki, ushbu tizimda milliy standartlarning amaliyotga kiritilishi tegishli korxonalarda bu turdagi hisobot shakllarini tuzishning yangicha tartibini belgilab bermoqda. Aynan mana shu o’zgarishlar koorporativ va transmilliy korxonalarda moliyaviy hisobot tuzish borasida ham yangicha hisob yuritish tartibi yuzaga kelganligi bilan izohlanadi.
Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot tuzish tamoyillari quyidagi qoidalarga asoslanadi: - ikki yoqlamali yozuv asosida yuritilgan hisob ma’lumotlarini konsolidaitsyalashgan moliyaviy hisobotda aks ettirish; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni uzluksizligini ta’minlash; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda hisob ob’yektlarini pul(so’m)da baholanishi; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot ma’lumotlarini aniqligi; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda hisoblash tamoyili; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda oldindan ko’ra bilish; konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda mazmunning shakldan ustunligi; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda ko’rsatkichlarning jipslanuvchanligi; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotning betarafligi; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda daromadlarning to’g’ri aks ettirilganligi; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda xarajatlarning to’g’ri ifodalanganligi; - konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot ko’rsatkichlarining haqiqiy baholanishi. Ushbu qoidalar doirasida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzish tashkil etiladi va amalga oshiriladi. Hisob tamoyillari va standartlari konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot tuzishda asos bo’lish bilan birgalikda, Respublikada konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotning yagonaligini ta’minlanishiga xizmat qiladi.