Xonaning biron yerida yong’in chiqsa, o’sha yerdagi xabar beruvchi vositaga ta’sir qilib va elеktr tarmog’i bo’ylab buyruq beruvchi apparat (7) ga xabar keladi. Bu xabar ijro etuvchi mexanizm orqali ishlatib yuboruvchi uskuna (8) ga uzatiladi. O’z navbatida bu uskuna o’t tizimi (9) ni ishlatib yuboradi (shemada azot to’ldirilgan ballonlar ko’rsatilgan). Undagi o’t o’chiruvchi modda quvurlardan (6, 2) o’tib, o’t o’chirish kallaklari (3) ga yetib boradi. Yong’in haqida xabar beruvchi vosita (4) ishlagach, buyruq beruvchi apparat (7) yong’in haqida xabar beruvchi uskuna (11) ni ishlatib yuboradi. Muqim o’t o’chirish tizimini ishlatib yuborishni, yuqoridagidek avtomatik ravishda hamda qo’lda yurgizib yuborish boshqarmasi (10) orqali amalga oshirish mumkin. To’qimachilik korxonalarida aksariyat yuqorida zikr qilingan o’t o’chirish tizimi suv ta’minoti tarmoqlari bilan ulangan bo’ladi. Avtomatik o’t o’chirish tizimi xomashyo va tayyor mahsulot omborlari, yigiruv fabrikalarining saralash, chiqindilarni qayta ishlash, changli havoni tozalash xonalari, to’quv va pardozlash fabrikalarining mahsulot sifatini nazorat qilish sexlari va yonuvchi moddalar ko’p miqdorda to’planadigan sex yoki xonalariga o’rnatiladi. S prinkler uskunalariavtomatik o’t o’chirish vositalariga mansub bo’lib, unda xonaning shipiga suv yoki ko’pik harakatlanadigan quvurlar o’rnatiladi. Ularga ma’lum masofalarda shtutserlar yordamida sprinkler kallaklari o’rnatilgan. Har bir sprinkler kallagi 12 m2 yerga mo’ljallanadi. Oddiy xolatda kallaklarning suv yollari qopqoq bilan berk xolda turadi. Qopqoqni yengil eruvchan metalldan yasalgan qulf ushlab turadi. Sprinkler kallaklari shtutser yordamida shipdan o’tgan suv quvurlariga burab kirgiziladi (12.8 – rasm). Shtutserning teshigiga zanglamasligi uchun bronza xalqa burab kiritilgan. xalqa bilan shtutser orasiga o’rtasi teshik metall diafragma o’rnatilgan. Diafragmaning bu teshigi shisha sharcha (qopqoq) bilan berkitilgan. U esa uchta o’zaro yengil eruvchan metall bilan kavsharlab qo’yilgan mis plastinkalari yordamida ushlab turiladi. Yong’in chiqqanda, havo qizib sprinkler kallagiga yetib boradi va yengil eruvchan kavsharlagichga ta’sir qilib qulfni buzib yuboradi. Bosim ostidagi suvning qopqoqqa ta’siri natijasida u diafragmadan tushib ketadi va suvga yo’l ochiladi. Teshikdan urilib tushayotgan suv tarqatkichga urilib, 9 – 12 m2 ga yoyilib tushadi. Sprinkler qulflari 72, 93, 141, 182 °C da erib ketishga mo’ljallangan.