«Ma’qullayman» «Tasdiqlayman» Ilmiy rahbar f f. doktori, O`zbek
Mavzuning o`rganilish tarixi. O`zbek mumtoz adabiyotimizda o`ziga xos uslubga, ijodiy yo`lga ega bo`lgan shoirlarimizdan biri Boborahim Mashrab o`z hayotini O`rta Osiyoning ko`p shahar va qishloqlarida qalandarona yashab o`tkazdi. Shoir faoliyatiga karomatpesha bir avliyo, darvesh, qalandar sifatida xalq katta ixlos va ehtirom bilan qaragan. Shuning uchun o`z zamonasidan boshlab, Mashrabning asarlari keng yoyilgan. U haqda ko`plab rivoyatlar yaratilgan. Majzub Namangoniyning "Tazkirat ul-avliyo", Isxoq Bog’istoniyning "Tazkirai qalandaron", Maleho Samarqandiyning "Muzakkiri ashob" kabi tazkiralarida Hakimxon To`raning "Muntaxab ut-tavorix", Mirzo Olimning "Ansab us-salotin" asarlarida hamShoirhaqida ayrim ma`lumotlar, mulohazalar uchrashini adabiyotshunos olima I.Adizova qayd qilib o`tadi. Mashrabning shaxs sifatidagi, ijodkor sifatidagi qiyofasi haqida mukammalroq tasavvur hosil qiluvchi manba bu- Pirmat Setoriy tomonidan tuzilgan "Qissai Mashrab"dir. U XX asr boshlariga qadar "Devona Mashrab", "Shox Mashrab”, "Eshon Mashrab", “Qissai Mashrab" kabi nomlar bilan juda ko`p nusxalarda kitobat qilingan. Mashrab ijodi, faoliyati bilan XIX asr oxiri - XX asr boshlarida rus sharqshunos olimlari qiziqa boshladilar.1889 yilda "Turkiston viloyatining gazetida" bir qator maqolalar e`lon qilindi. 1895 yilda N.I.Veselovskiyning "Vostochnie zametki" asarida ham Mashrab hurfikrlilik namunasi sifatida jiddiy o`rganishga loyiq ijodkor ekanligi e`tirof etiladi.1923 yil V.L.Vyatkin shoir haqida maqola e`lon qiladi. Unda Mashrabning xalq orasida mashhurligi, asarlari keng tarqalgani ta`kidlanadi. Shu maqolada ilk bor ikki Mashrab masalasi ko`tariladi. Boborahim Mashrabning hayot va ijod yo`li haqida ma`lumot beruvchi ilk tadqiqot Abdurauf Fitrat qalamiga mansubdir1.
Mumtoz adabiyot tadqiqotchisi sifatida Fitrat o`zbek mumtoz adabiyoti namunalarini tuzish va tartib berish jarayonida o`zbek adabiyotining turli davrlariga oid teran va jiddiy tadqiqotlar yaratdi. Bunda u Ahmad YAssaiviy, Alisher Navoiy, Bobur, Muhammad Solih, Bedil, Turdi, Mashrab va boshqa ko`pgina yirik shoirlar ijodini yangicha idrok etdi. O`zbek adabiyotini ijtimoiy taraqqiyot bosqichlari bo`yicha davrlashtirish Fitratning katta xizmatlaridan biridir.
Uning “Mashrab” deb nomlangan tadqiqoti 20-yillarning oxirida Mashrab shaxsi va ijodi haqida noto`g’ri tasavvurlar kengaygan bir paytda yaratildi. Asarning janrini belgilashda uning mohiyati va mundarijasi asos bo`la oladi. Mashrab ijodi, mavqei to`g’ri belgilab berilgan bu tadqiqotda shoirning tarjimai holi, hayoti va ijodi, asarlarining yaratilishi, mohiyatiga doir dalillarning umumlashtirilgan holda tadqiq etilishi uning tanqidiy-biografik ocherk janrida yaratilganligini ko`rsatadi.
Professor Fitrat asarlari o`zbek va sharq adabiyoti bilimdoni E.Bertel’s, V.Jirmunskiy, A.Klimovich asarlari bilan yonma-yon turadi, deb yozgan edi H.Boltaboev. Chindan-da, Fitratning Mashrabga oid tadqiqotiShoirhaqidagi jiddiy ilmiy ishlarning dastlabkilaridan edi. Rus olimi P.Vyatkinning "Farg’onalik mistik devona Mashrab" maqolasi Fitrat tadqiqotining yuzaga kelishiga turtki bo`lgan.
Bilimdon sharqshunos olim ishida asosiy e`tiborni shoir shaxsiyatini aniqlashga, bir qancha manbalarga tayanib Boborahim Mashrab tarjimai holini ilk marta ilmiy asosda tiklab berishga muvaffaq bo`lgan.Shu asnoda,u qalandarlik maslagi va uning mohiyatini ham oydinlashtirib bergan. Mashrabning tarixiy shaxs ekanligini isbot qilib,1657 yilda Andijonda tug’ilgan, deya joyni bir qadar noaniqroq belgilagan bo`lsa-da, har qalay adabiyotimiz tarixida Mashrab ijodi mavqeini to`g’ri belgilab bera oldi.Bu haqiqatni ham bir necha o`n yillar davom etib kelgan bahs-munozaralarning yakuniy xulosalari ham tasdiqlaydi.
Shoir hayoti, ijodi borasida o`zbek adabiyotshunos olimlarimizdan Izzat Sulton, V.Zohidov, I.Mo`minov, G’afur G’ulom, A.Hayitmetov, A.Abdug’afurov, E.Shodiev, V.Abdullaev kabi olimlar ham bir qancha maqoallar e`lon qilishgan. Ularda Mashrab shaxsi, ijodi bilan bog’liq turli masalalar yoritib berilgan. Mashrabshunosligmizni kuzatib, uzoq yillar siyosiy mustamlaka ta`sirida shoir ijodi soxta talqinlarga duchor etilganining guvohi bo`lamiz. Mashrab ijodidagi ilohiy muhabbat dunyoviy muhabbat sifatida talqin etiladi. U dinni rad etuvchi-ateist, deya baholanadi. Shoir she`riyatidagi jo`shqin isyon ham sinflar manfaati bilan 6og’lab izohlanadi. Ammo, mustaqilligimizning benazir sharofati bilan Boborahim Mashrab ijodi o`zining xolis bahosini ola boshladi. Olimlarimiz uning asarlariga teranroq nazar tashlamoqdalar. Jumladan, I.Hakkulovning "Haqiqat yo`l tutay desang..."1, N.Komilovning "Kamoli nuri rahmatman”2 maqolalarini, N.Jumaxo`janing "Milliy istiqlol mafkurasi va adabiy meros" nomli doktorlik dissertatsiyasidagi Mashrabga oid ma`lumotlarni aytish mumkin. Ular shoir dunyoqarashi, falsafasini atroflicha yoritishga harakat kilishgan.M. Hoshimxonovning “Mashrabi mo``tabar o`zum” monografiyasida shoirning hayot va ijod yo`li haqida fikr yuritiladi, g’azallarining falsafiy mohiyati, undagi majoziy ma`no- Ishqi ilohiy haqidagi g’oyalar tadqiq qilinadi3. Mashrab hayoti va ijodini o`rganish borasida matnshunoslik yo`nalishida ham ancha ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 1958 yil birinchi bor P.Shamsiev va A. Hayitmetovlar tomonidan Mashrabning "Tanlangan asarlar"i nashr etildi. Bu asar 1960 yilda qayta nashr etildi. 1963 va 1971 yillarda A.Abdug’afurov Mashrab asarlarining to`laroq nashrini yaratdi. 1979 yilda V.Rahmonov tomonidan yana mukammalrok nashr tayyorlandi. Unga yozilgan "So`z boshi" ham ma`lumotlarining yangiligi,shoir asarlariga chuqurrq yondashilganligi bilan katta ilmiy qimmatga ega. Mashrab asarlarining so`nggi nashri 1990 yil samarqandlik adabiyot muallimi Jaloliddin Yusupov tomonidan amalga oshirildi. Bu haqda G’aybulloh as-Salom yozadilar:”1990 yilda shoirning to`rt yuz sahifalik “Mehribonim qaydasan” degan kattakon kitobi bosilib chiqqan edi. Sakson ming nusxa sal fursatda tarqalib ketdi. Mazkur aylanmani nozikta`b, ash`orfahm, bilimdon shogirdim, xatirchilik Jaloliddin Yusufiy nashrga tayyorlagan. Imkon darajasida qiyosiy-tanqidiy matn tuzgan, lug’at va chuqur bir maqola, sharh, eski o`zbek yozuvchidan namunalar ilova qilgan edi. Bu nashr iqtidorli olim, zahmatkash hattotning yigirma yillik tinimsiz ilmiy-ijodiy mehtai mahsulining yakuni bo`ldi”. Kitobda keltirilgan "So`ngso`z"da ushbu nashrning oldingilaridan tafovutlari, afzalliklari batafsil sharhlab berilgan. Mashrab hayoti va ijodiga oid muammolarga birlamchi manbalar vositasida aniqliklar kiritilgan. Mashrabning taxalluslari, “Mabdai nur”, “Kimyo” asarlarining muallifligi, O`rta Osiyo va boshqa Sharq mamlakatlarida Mashrab taxallusi bilan ijod etgan shoirlar borasida yangi xulosalar bayon qilingan. Shoir tarjimai holining yagona manbai “Devoni Mashrab”, “Qissai Mashrab”, “Shoh Mashrab” kabi nomlar bilan mashhur va ma’lum bo’lgan xalq kitobidir. Hozirgacha mashrabshunoslar shu kitobga tayanadilar. Bundan tashqari J.Yusupov 2006 yilda yana ir “Devon”ni nashr ettirdi. Qo`lyozma va bosma manbalardan jamlab nashrga tayyorlagan, tadqiq etgan va lug’atlar va izohlar muallifi sifatida J.Yusupovning xizmatlari katta ekanligini ta`kidlash o`tish lozim. Biz ana shu manbaga tayanib ish ko`ramiz.
Adabiyotshunos olim A.Abdug`afurov Mashrab hayotini chuqur o’rgandi, tadqiq etdi va adabiyot muxlislariga tanishtirdi. U Mashrab tarjimai holi, ijodini tiklashdek og`ir va mas’uliyatli ishni aniqlashga kirishgan olimlardan biri hisoblanadi.
Mustaqillik sharofati bilan ko’p mutafakkrlarimiz va adiblarimizning hayoti, ijodi har tomonlama o’rganilib aniq faktlar asosida tadqiqotlar olib borildi. Shunday ezgu ishlar sirasiga Boborahim Mashrab hayoti va ijodi kiradi. Adibning ma’naviy merosi qayta o’rganilib “Devon” shakliga chop ettirganligi fikrimizning dalilidir.
O`zbek olimlaridan G’.Karimov, V.Abdullaev, M.Zokirov, A.Hayitmetov, I.Haqqul va boshqalar ilmiy tadqiqotlarida o`zlarining mulohazalarini bildirishgan. Ayniqsa, M.Zokirovning “Mashrab” deb nomlangan yirik tadqiqotida shoirning hayot va ijod yo`liga e’tibor qaratilganligi haqida mufassal ma’lumotlar beriladi. Boborahim Mashrabning bizgacha she’rlaridan tashqari "Mabdai nur" va "Kimyo" asarlari ham yetib kelgan. Boborahim Mashrabning lirikasi maxsus o’zi hayot bo’lgan chog`ida devon tarzida tartib berilmagan. Uning merosi bizga "Qissai Mashrab"ning ko’plab nusxalari orqali yetib kelgan. U Rindiy, Umam, Mahdiy, Chinda va Mashrab taxalluslari bilan she’rlar yozgan. Lekin mustaqillik sharofati bilan adabiyotshunoslarimiz, shoir ijodini chuqqur o’rganib uni devonini tartib berdilar. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, shoir adabiy merosini o’rganishga mashrabshunos olim Jaloliddin Yusufiyning xizmati benihoyat kattadir. U mustaqillik yillarida Boborahim Mashrab ijodini o’rganib tadqiqotlar olib bordi. Shu inson xizmati orqali o`quvchilar shoirning mukammal “Devon”i bilan tanishish baxtiga muyassar bo`ldilar2. Bizning bitiruv malakaviy ishimizning asosiy manbasi ham shudir.
Boborahim Mashrab ijodi mustazodlarining g’oyaviy-badiiy tahlili tadqiqotchilarning diqqat markazida bo`lgan, ammo alohida tadqiqot ob`ekti bo`lgan emas. Bu borada taniqli qomusiy olim Fitratning “Mashrab” nomli yirik hajmli tadqiqoti muhim ahamiyat kasb etadi. Unda olim Mashrabning tarjimai holi, asarlari, u mansub bo`lgan tariqat haqida birinchi marta keng va batafsil, qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Ko`rinadiki, Mashrab hayoti va ijodi borasida ancha tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Ammo biz hali shoir shaxsini, dunyoqarashiyu falsafasini, asarlari mohiyatini to`laligicha o`rganganimiz yo`q. Bu borada hali echimini kutayotgan muammolar juda ko`p. Jumladan, Mashrab mustazodlarining g’oyaviy-badiiy tahlili haqida ham shu fikrni aytish mumkin.